So’nggi yangiliklar

11:11Ўзбекистон кубоги. "Бунёдкор" - "Пахтакор" 0:1  0 10:46"Манчестер Сити" "Реал" футболчисига 150 миллион евро таклиф қилди  3 10:18Эрик тен Хаг АПЛнинг 1-тури олдидан: "Биз тайёр эмасмиз, аммо..."  7 09:47Миср терма жамоаси ҳимоячиси наркотик таъсирида полициячини автомобилда уриб, ўлдирди  5 09:19Футзал. Бугун терма жамоамиз амалдаги жаҳон чемпионларига қарши баҳс олиб боради  2 08:51"Аякс" ва "Панатинаикос" пеналтилар сериясида берилган зарбалар сони бўйича еврокубоклар рекордини ўрнатди  2 08:20Тошкент дербисида "Пахтакор" "Бунёдкор"ни Ўзбекистон кубогидан чиқариб юборган баҳсдан ГАЛEРEЯ  2 07:52Суперлига. Бугун мусобақа етакчилари меҳмонда ҳаракат қилишади  8 01:00ЛаЛига старт олди! Мавсумнинг илк ўйинида ғолиб аниқланмади  13 00:46Ўзбекистон футзал термаси Анголани мағлуб қилди  3 00:25Денис Коростиченко: "Футболчилар фақатгина ўзини намойиш этиш учун эмас, балки жамоа учун ва "Олимпик" номи учун курашишмоқда"  2 00:10Иван Бошкович: "90 дақиқа ўйинни назорат қилишнинг иложи йўқ. Мақсадимиз ҳар бир рақибни мағлубиятга учратиш"  10 23:57Максим Шацких: "Ҳар икки кунда футбол ўйнаяпмиз"   15 23:10Айбек Нурбаев: "Ўз хатоларимиз эвазига мағлуб бўлдик"   2 23:05Баҳром Ҳайдаров: "Мағлубиятда дарвозабонни айбламаган бўлардим"  2

Rustam Abdullaev: “Neftchi”ni kuchli uchtalikka qaytarish ustivor vazifamizdir” Yangiliklar

Rustam Abdullaev: “Neftchi”ni kuchli uchtalikka qaytarish ustivor vazifamizdir”

Kuni kecha “Futbol Ekspress” gazetasining navbatdagi sonida “Neftchi” PFKning raisi Rustam Abdullaevning intervyusi chop etildi.

Marhamat, klub rahbari bilan bo'lib o'tgan  suhbatni o'qib chiqishingiz mumkin.

– Rustam Rahmonovich, yaqinda “Neftchi”ning murabbiylar shtabida ish boshlagandingiz. Ammo tez orada voqealar rivoji shu qadar o'zgarib ketdiki, yakunda klub raisi lavozimiga tayinlandingiz…


– Bilasizmi, bunday bo'lishini o'zim ham kutmagandim. Balki omadim chopgandir, balki ilgari “Lokomotiv”da ham rahbar lavozimida ishlaganim sababli menga ishonch bildirishgandir.

– Vaziyat bunday tus olishiga hamda lavozimni egallashga tayyormidingiz?

– Bu narsani o'ylamagandim ham, kutmagandim ham. Tayyor yoki tayyor emasmidingiz degan gapingizga kelsak, boya aytdim, “Lokomotiv”da ham deyarli shunday lavozimda faoliyat olib borganim uchun bu yo'nalishda ishlashni ham bilaman. Men hech qachon ishdan qochmayman. Menda ham “Neftchi” klubini kuchaytirish uchun istiqbolli rejalar bor. Rosti, mening niyatlari katta. Nafaqat “Neftchi”ning kuchli jamoaga aylanishini, balki o'zbek futbolining yanada rivojlanishini, qolaversa milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga chiqishini istaymiz va bu kunlarni ko'rish hammamizga nasib qilsin! Terma jamoamiz safiga ilgari “Neftchi”dan ko'plab o'yinchilar jalb etilgan va ularning bosh jamoamizga hissalari tekkan. SHu sababli “Neftchi”dan yana terma jamoalarimizga munosib kadrlarni etishtirib chiqarishni ham oldimizga vazifa qilib qo'yganmiz. Umuman olganda, “Neftchi”ning shon-shuhratini qayta tiklash uchun qo'limdan kelganicha o'z hissamni qo'shishga harakat qilaman.

– Klub boshqaruv tizimida yuz bergan o'zgarishdan keyin muxlislarni bundan keyin nima bo'larkin, degan savol o'ylantiryapti. Yangi rahbar tayinlangach, “Neftchi”ning yangi qiyofasi qanday ko'rinishda bo'ladi?


– Men sizni tushundim. Avvalambor, Andrey Fyodorov bilan bolaligimizdan yaxshi tanishmiz. Sobiq Ittifoq davrida turli musobaqalarda birga qatnashardik. Qo'qonning “Avtomobilist” jamoasida ham birga o'ynaganmiz. Fyodorov bilan ushbu “Neftchi” klubida ham samarali faoliyat olib borganimiz yodimda. Qolaversa, milliy terma jamoada ham to'p surganmiz. Xullas, Andrey Vitalevich bilan yaqin do'stmiz. Mendan qanday yordam kerak bo'lsa, hammasini bajarishga tayyorman. Muhimi, birgalashib hamjihatlikda ish olib boramiz. Andrey Fyodorov ko'p yil Rossiyada ishlagani uchun oxirgi paytlarda o'zimizdagi futbolchilarning imkoniyatlarini yaxshi chamalay olmagani ham sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. Lekin u juda yaxshi mutaxassis. Murabbiyning kelajagi porloq ekanligiga shubham yo'q. Ishonasizmi, ertalabdan kechgacha futbol bilan yashaydi. Doim uning xonasiga kirsam ish ustida ko'raman. U albatta hali o'z so'zini aytishiga ishonaman.



– Sizningcha, “Neftchi”ning mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlashining sababi nimalardan iborat?


– Jamoa yaxshi, yomon emas. Nazarimda, mag'lubiyatlar tufayli o'yinchilar ruhiy tushkunlikka tushib qolishgan. O'zlariga bo'lgan ishonch etishmayapti. Lekin yana yutadigan bo'lishsa, albatta o'zlariga kelishadi va avvalgidek ishonchlarni oqlashadi deb o'ylayman.

– “Neftchi” klubining raisi sifatidagi dastlabki ishingizni nimadan boshladingiz?

– Nimadan boshlayman? Asosiy maqsadimiz nima? Albatta, har bir o'yinda g'alaba qozonish. Ishimizni mana shunday kerakli ishlardan boshladik. Yigitlar bilan gaplashyapmiz va ularni ruhlantiryapmiz. Eskitdan Farg'ona futboli kuchli bo'lib kelgan. O'z vaqtida oliy ligada bu viloyatdan uchta jamoa ham qatnashgan. Aslida hozir ham yomon emas. SHunchaki, ayni paytdagi holat bir sinov va undan o'tib olish kerak.

– Klubga kelguningizga qadar qaerda edingiz?

– Futbolga bor mehrini berib ishlagan odam yana qaerda ishlay oladi? Menimcha, hech qaerda ishlay olmasa kerak. Futbol yoshligimdan mening sevimli ishim bo'lgan. O'zimni qanday qilib professional futbolchiga aylanib qolganimni sezmay qolganman. Futbolchilikni tugatganimdan keyin ham bundan boshqa ish qila olganim yo'q. To'g'ri, bir-ikki marta biznes sohasida o'zimni sinab ko'rmoqchi ham bo'lgandim. Ammo bu men uchun emas ekan. Joyim futbolda ekanligini tushunib etganman. Men hamma narsamga faqat futbol orqali erishganman. O'zimni boshqa sohada tasavvur ham qila olmayman. O'g'lim ham ota kasbidan bordi va menga o'xshashni istagani uchun futbolchi bo'ldi. Lekin futbol o'ynash oson emas. Har kuni ishlab, zo'r ekanligini isbotlashi kerak. To'g'risi, futbolda xalqni bilan aldab bo'lmaydi.

– SHuningdek, sizning oxirgi paytlardagi faoliyatingiz Farg'ona futboli bilan bog'liq bo'lyapti. CHunki so'nggi ish joyingiz “Qo'qon-1912” klubi edi. Malumki, qo'qonliklarni birinchi ligadan oliy ligaga olib chiqdingiz va jamoani raqobatbardosh darajada shakllantira olgandingiz. U erdan qanday xotiralar qolgan?


– Qo'qon – bu mening tug'ilib o'sgan shahrim. Ota-onam shu erda. Agarda “Qo'qon-1912”da ishlab yaxshi iz qoldirgan bo'lsam, o'zimni baxtli hisoblayman. Lekin u erdan ketishimda qandaydir tushunmovchiliklar bo'lgan. Hamma ham maydonga faqat yutaman deb tushadi. Ammo “So'g'diyona”ga o'z maydonimizda mag'lubiyatga uchraganimizdan keyin darg'azab bo'lib ketgandim. Ayni shunday vaziyatda siz meni “ushladingiz”. O'shanda o'yinni sotish uchun menga kimlardir aloqaga chiqqan deb aytgan gaplarim aslida bo'lmagandi. Men shunchaki, o'sha vaziyatda asablarimni jilovlay olmay gapirib yuborgandim. Ishonch bilan ayta olamanki, men bilan hech qachon bunday ishlar sodir bo'lmagan. SHunchaki, o'sha mag'ubiyatimiz menga alam qilgani uchun o'zim bilmagan holda aytgandim. Lekin jizzaxliklarga haqqoniy ravishda yutqazgandik. SHunchaki, o'shanda kimdir o'yinni sotdi degan gaplari menga og'ir botgandi. Bizning futbolimizda bunday narsalar bo'lmagan va bo'lmaydi ham. Bunday narsalar Italiya, Turkiya kabi chempionatlarda bo'lgan va hatto “Yuventus” “V” seriyaga tushirib yuborilgandi. Men shularni o'ylab, aynan ularni nazarda tutib gapirib yuborgandim. Bizda esa bunday narsalar mavjud emas, men noto'g'ri gapirganman. Siz bilan oldingi suhbatda menga kimlardir aloqaga chiqqandi deb aytgan gaplarim uchun uzr so'rayman. Bu narsa sodir bo'lmagandi. SHunchaki, o'shanda extiroslarimni jilovlay olmay aytib yuborgandim. Bu mening xatoim bo'lgan va boshqa narsani, yani, boshqa chempionatlardagi holatlarni o'ylab gapirgandim. Ayrim kimsalarni baqirganlaridan keyin asabim buzilib ketgandi va fikrlarim ham chalkashib ketgan. Bu mening xatoim edi, yana bir bor uzr so'rayman!

– Endi “Neftchi” klubi raisi lavozimini egalladingiz. Siz uchun murabbiylik bilan rahbarlik ishining qanday farqlari bor? Qaysi biri masuliyatliroq?

– Menimcha, murabbiylik ishi og'irroq. Nimagaki, 90 daqiqa davomida ichingizdan nimalar o'tganini bilmay qolasiz. Rahbarning ishi tashkiliy ishlar bilan shug'ullanish, jamoaga sharoitlarni yaratib berish, vaqtida ish haqini to'lash, vahokazo. Baribir men ham natijaga javobgarman. CHunki har kuni bosh murabbiy bilan muloqotda bo'lamiz, birga fikr yuritamiz. Murabbiyga chindan ham qiyin. Agar jamoasi yutayotgan bo'lsa o'yin tezroq tugashini istaydi-yu, ammo vaqt to'xtab qolganga o'xshaydi. Agar yutqazayotgan bo'lsa o'sha vaqt tez o'tib ketadi. Lekin o'zimiz shu yo'lni tanlaganmiz. Futbolda asabbuzarliklar bo'ladi. Agar ishsiz qolsak, yana futbolni sog'inaveramiz. Sog'lom muhitdagi raqobatni qumsayveramiz. SHuning uchun futbol ajoyib sport turi!

– Endi sizning raisligingiz ostida birinchi davradan keyin qanday islohotlarni ko'rishimiz mumkin?


– Hozirgi holatda ichki imkoniyatimizdan kengroq foydalanib birinchi davra oxirigacha yaxshiroq natijalar ko'rsatishga urinib ko'ramiz. Biz faqat oldinga qadam bosamiz. Jamoani kuchaytirish ishlarini olib boramiz. Baribir bizning asosiy niyatimiz “Neftchi”ni yana kuchli uchtalikka qaytarishdir. Menga ishonib shu lavozimni topshirishdi. Zimmamda qanday masuliyat turganligini yaxshi bilaman. Agarda o'ylagan niyatlarimizni amalga oshira olsak, o'zimni baxtli inson deb hisoblayman.

– Klub raisi bo'lganingizdan keyin Vadim Abramovning “Neftchi”da ish boshlashi mumkinligi borasida ham gap-so'zlar tarqaldi. Ushbu vaziyatga ham oydinlik kiritib o'tsangiz.


– Bu haqida birinchi marta eshitib turibman. Menimcha, bu oddiy mish-mishlar bo'lsa kerak. Andrey Fyodorovga viloyat rahbarlari ishonishadi. Yana bir bor qaytaraman: u yaxshi mutaxassis. Andrey Vitalevich hali oxirgi so'zini aytgani yo'q. Lekin men rahbar etib tayinlangan bo'lsam-da, bu doim o'z xonamda kursida o'tirib ish qilaman degani emas. Mashg'ulotlar vaqtida Fyodorovga formamni kiyib yordam berishda davom etaman. Bosh murabbiyning yonida yuraman. Birga maslahatlashib ishlaymiz. Mashg'ulotlarda kerak bo'lsa fishkalarni u yoqdan, bu yoqqa olib, xullas Fyodorovga yordam beraman.



– Tushundim sizni. Endi aytingchi, bunday o'zgarishlardan so'ng klubning oldiga qo'yilgan vazifa o'zgarmaydimi?

– Eng birinchi vazifa – bu jamoani kuchaytirish va g'alabalar qozonish.

– SHu o'rinda farg'onalik ishqibozlarga aytadigan gapingiz bormi?


– Farg'onaning muxlislari doim katta futbolni, g'alabalarni ko'rib o'rganib qolishgan. Hayotda hamma narsa bo'ladi. Har doim ham barqarorlikni bir tekisda ushlab turish qiyin. Baribir ishonamanki, Farg'onaga yana katta futbol qaytib keladi. “Neftchi” avvaligdek CHempionlar ligasida ishtirok etadi. CHunki rahbarlar juda katta etibor qaratishyapti. Bu esa juda muhim narsa. SHularni hisobga olgan holda ikki barobar kuch bilan ishlaymiz. Farg'onalik ishqibozlarga katta bayramni qaytarishga harakat qilamiz. Faqat sabr kerak! Har qanday holatda ham oxirigacha muxlislar bilan birga bo'lishimiz kerak. Ularning qo'llab-quvvatlashlari biz uchun hamma vaqt muhim.

– Lekin oxirgi o'yinlarda “Neftchi”ning stadionida ishqibozlar keskin darajada kamayib ketyapti. Bu narsa sizni havotirga solyaptimi?

– Avvalambor, bunday bo'lishida ayb o'zimizda. Agar yutib tursak, ular albatta stadionga kelishadi. SHaxsiy fikrimcha, har bir ishqiboz stadionga qaysidir o'yinchini ko'rish uchun ham keladi. CHunki muxlisning yoqtirgan futbolchisi bo'ladi. Balki qaysidir o'yinchini ko'rish uchun 500 ta, yana birini tomosha qilishga 1000 ta muxlis kelishi mumkin. Yoki jamoani ko'rish va ishqibozlik qilish uchun kelishadi. Biz har bir narsani hisobga olyapmiz va ularni yana stadionga qaytarish yo'llarini qidiryapmiz. Albatta muxlislar yana stadionga qaytishadi.

– Bu fikrlaringizga qo'shimcha qilib aytsam, balki Akmal Xolmatovning qaytishi ham ishqibozlarni yana stadionga qaytarish ko'zda tutilganmi?

– Xolmatov “Neftchi” uchun juda katta mehnat qilgan, uni hurmat qilamiz. Uning qaytishi biz uchun muhim. Xolmatov orqali o'yinimiz ham, muhit ham yanada yaxshilanadi. Masalan, yosh o'yinchining yonida tajribali futbolchi bo'lmasa, unda u kimdan o'rganadi? Yosh yigitlar ko'pincha katta, ko'pni ko'rgan futbolchilarga qarab nimanidir o'rganishadi.

– Xolmatovni qachon maydonda ko'ramiz?

– Deyarli jamoamiz bilan birga. Ro'yxatdan o'tkazib olsak, o'zimiz ham uning tezroq maydonga tushishini xohlaymiz. O'zimizga qolsa, Akmalni ertagayoq o'ynatamiz. Ammo qonun-qoidalar bor, ularga rioya qilishimiz kerak.

– Endi “Neftchi”ni oldingidek mavqeiga qaytarish ko'p jihatdan sizga ham bog'liq. Ammo bu og'ir mashaqqat. Yuriy Sarkisyan ketganidan keyin klubda ko'p o'zgarishlar bo'lyapti va bu hol davom etyapti. Rahbariyatda ham, murabbiylarda ham. Hozir esa hamma narsa o'zingizga bog'liq…


– Futbol shunday o'yinki, yaxshi jamoa tuzishga va chempion bo'lishga yillar kerak bo'ladi. Har bir jamoada past-balandliklar bo'ladi. Nimagadir birdaniga erishish mumkin emas. Faqat vaqt hamda sabr kerak. Futbolda xohlaymizmi-yo'qmi, vaqt zarur.

 

FIRDAVSXON suhbatlashdi.

“Futbol Ekspress” gazetasi.

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика