Ro'ziqul Berdiev: "Evropadan taklif qilgan hujumchimiz so'ragan maoshni bizda butun bir jamoa ham olmaydi"
16 mar 2016 15:46
Yangiliklar
Ro'ziqul Berdiev: "Evropadan taklif qilgan hujumchimiz so'ragan maoshni bizda butun bir jamoa ham olmaydi"
To'g'risi, "Nasaf" ustozi Ro'ziqul Berdiev bilan suhbatni ancha oldin uyushtirmoqchi bo'lgandim. Bu ishni "ajdarlar"ning OCHL doirasidagi 1-tur uchrashuvi "Al Ahli" - "Nasaf" uchrashuvi oldidan tashkil etishni rejalashtirgandim. Ammo qahramonimizning bazi ishlarga ulgurmay qolishi mumkinligi va jamoa to'g'ri Qarshidan Jiddaga yo'l olishi bois bu suhbat biroz cho'zilib ketdi. Jamoa yurtimizga qaytib kelganidan so'ng esa tezda yana OCHL va Oliy liga o'yinlariga taraddud ko'ra boshladi va ijodiy jamoamiz OCHL 2-tur doirasidagi "Nasaf" - "Al Ahli" uchrashuviga borishimizni hisobga olib, intervyuni "SHo'rtan"ga qarshi bellashuv oldidan tashkil etishni kelishib olgandik. Unga qadar bazi berilishi kerak bo'lgan savollar "eskirdi", qo'shimchasiga esa o'zi shundoq ham tarkib borasida muammolar girdobida qolgan Berdievga ayrim savollarni bermaslikka qaror qildim. "Nasaf"ning so'nggi yillardagi qo'lga kiritib kelayotgan yutuqlarida aynan ushbu mutaxassisning mehnati juda katta. Demak uyushtirilgan suhbatni o'qib chiqishingiz mumkin.
- Yangi mavsum oldidan "Nasaf" rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdimi? Rahbariyat bilan uchrashuvda qaysi masalalar ko'tarildi va jamoa oldiga qayday vazifalar qo'yildi?
- Jamoamiz rahbariyat bilan uchrashdi va oldimizga har doimgidek yuqori o'rinlar kurashish vazifasi qo'yildi. O'tgan yilgi natijalarimizni yaxshilashimiz kerak. Yuqori o'rin deganda albatta chempionlik nazarda tutilmoqda. Klub prezidenti bilan bo'lgan uchrashuvda Odil SHukurovich Temirov "Nasaf" jamoasi chempionlik uchun tayyor ekanini va buning harakat qilish zarurligini bildirdi.
- Selekciya ishlari haqida ko'p gapirildi. Sizga yoqqan hujumchilarni olishga sharoit to'g'ri kelmagani va boshqalar bilan kelisha olinmagani aytildi. Murabbiy sifatida qo'l ostingizdagi mavjud tarkibdan qoniqish xosil qildingizmi? Aytmoqchimanki, agarda jamoa OCHLda yoki chempionatda muvaffaqiyatsiz qatnashsa bu bahona bo'lmaydimi?
- Yo'q, bu bahona bo'la olmaydi. Selekciya ishlarimiz balki ko'ngildagidek bormagandir. CHunki qo'l ostimizda ko'plab yaxshi ijrochilarni qo'rishni istagandik. Ammo ayrim sabablarga ko'ra, ularni tarkibga jalb eta olmadik. Hozirgi mavjud futbolchilar va o'rinbosarlar tarkibidan asosiy jamoaga qo'shilgan iqtidorli futbolchilar orqali kamchiliklarni to'ldirishga harakat qildik.
- Lekin qiziq, nahotki butun bir transfer oynasi vaqtida hujumchi topishni imkoni bo'lmadimi? Bu endi birinchisi emas, o'tgan yili ham xuddi shu xatolar takrorlangandi...
- Bu haqida juda ko'p gapirildi. Bu kabi savollarga javob berishdan to'g'risi charchadim. Biz jurnalistlar, muxlislar nazarda tutayotgan mahoratli legioner hujumchini jalb eta olmaymiz. CHunki bunga imkoniyatimiz etmaydi. Evropadan bir hujumchini taklif etgandik. Ammo u so'ragan maoshni butun bir jamoamiz olmaydi. SHaroitimiz yaxshi saviyadagi hujumchini tarkibga jalb etishga yo'l qo'ymaydi. Maxalliy futbolchilarga keladigan bo'lsak, biz bir qator hujumchilarimizga taklif bilan chiqqandik. Ammo ayrim sabablarga ko'ra, ular bizdan ko'ra boshqa jamoa libosini kiyishni maqul topishdi. Bu narsa ikki uch yildan buyon davom etib kelmoqda. Tarkibni sezilarli darajada kuchaytira olmayotgan bo'lsakda, yuqori natijalar uchun kurashishda davom etyapmiz va bu yo'ldan qaytmaymiz. Murabbiy sifatida ko'zlangan maqsadga erisha olmasam, ertaga ishdan ketib qolishim meni cho'chitmaydi. Bunga tayyorman. Men yoshlar bilan bo'lsa ham oldimizga qo'yilgan vazifalar va maqsadlar uchun kurashaman. Qo'l ostimdagi mavjud futbolchilar bilan maksimum natijaga harakat qilaman. Jamoa natija ko'rsatmaganda murabbiyni istefoga chiqarish bu eng oson ish. Masalan bu meni o'ylantirmaydi. Agarda men bundan havotir olganimda, hech qachon yoshlarga imkon bermagan bo'lardim. Selekciya yaxshi ishlamadi, kerakli futbolchilarni olinmadi deyilmoqda. Ammo men ko'zlangan natijani qayd eta olmasam, rahbariyatning har qanday qaroriga tayyorman. "Nasaf" jamoasining o'z siyosati bor. Biz futbol maktabimizdan chiqayotgan yoshlarga katta etibor bermog'imiz lozim. Va shu qatorda yuqori o'rinlar uchun kurashni ham davom ettiramiz. Bizning erishayotgan yutuqlarimiz bazi bir kamchiliklarni yopib ketmoqda. Lekin bir kun kelib shu narsa yana muammoga aylanishi mumkin. Ammo bundan qo'rqish kerak emas. Men klub siyosatini hurmat qilaman va rahbariyatni hozirgi yaratib berayotgan mavjud sharoitidan ham qoniqyapman. Nima bo'lgan taqdirda ham yuqori o'rinlar uchun kurashamiz. Agarda natija bo'lmasa, unda bunga murabbiy javob beradi. Men buni tushunib turibman.
- "Nasaf" OCHL startini yomon boshlamadi. Saudiya Arabistoni jamoasidan ikki o'yinda uch ochko olishni uddasidan chiqildi. Lekin oldinda yana to'rtta o'yin kutib turibdi. Ikkinchi turdan so'ng "Al Jayish" yo'qotishlarsiz ketmoqda va guruhda yakka peshqadam. Keyingi ikkita o'yinni aynan shu jamoaga qarshi o'tkazasizlar. "Nasaf" guruh peshqadamidan ikki o'yindan 6 ochko olishga qodirmi?
- Albatta bu juda og'ir masala. "Al Jayish"ning ikkita o'yinda BAAning grand klubi "Al Ayn"dan 6 ochko olishi ularning qanday kuchga ega ekanligini ko'rsatib turibdi. Quradan so'ng guruhimizdagi eng yuqori baho aynan "Al Ayn"ga berilayotgandi. "Al Jayish" esa ushbu jamoani ikkala bahsda ham mag'lubiyatga uchratishni uddasidan chiqdi. Biz o'z o'yinlarimiz orqali shuni ko'rsatmoqdamizki, har qanday jamoa bilan o'ynashga qodirmiz. SHu uchun qatarliklarga qarshi har ikkala uchrashuvda ijobiy natijaga erishish uchun harakat qilamiz. Oldimizda turgan "Al Jayish"ga qarshi ikkita bellashuv yakunda hal qiluvchi rolni o'ynashi mumkin. Buni to'g'ri tushunib turibmiz.
- O'tgan mavsumda "Nasaf" aksariyat gollarni standart vaziyatlardan kiritdi. Artur Gevorkyanning individual mahorati ko'p hollarda qo'l keldi. "Nasaf"da o'yinni tashkil etishda, maydonda futbolchilarda o'zaro hamjihatlikda o'ynashda ijodkorlik kamayib ketganiga qanday qaraysiz va bu nima bilan bog'liq?
- Hozirgi zamonaviy futbolda standart vaziyatlariga ko'proq etibor qaratiladi. CHunki barcha jamoalar himoyalanishni yaxshi o'rganib olishgan. O'tgan yilgi mavsumda biz asosiy etiborimizni standart vaziyatlariga qaratgandik va bu narsa qaysidir manoda samara berdi. Futboda nafaqat jamoaviy o'yin yoki standart vaziyatlari muhim. Futbolchilarning individual mahorati ham juda kerakli va asosiy jihat. Bazi uchrashuvlarda birgina futbolchining individual mahorati evaziga ham kerakli natijani qo'lga kiritsa bo'ladi. Futbolda barcha narsa bir-biriga chambarchas bog'liq. Bu yilgi o'yinlarimizda ijodkorlik, jamoaviy o'yin yana qaytayotganiga kelsak, bu hali bizning eng yuqori cho'qqi emas. O'yindan-o'yinga yanada yaxshi va sifatli futbol namoyish etib boramiz.
- "Arsenal" va "Nasaf" jamoasining bir o'xshashligi bor. Gap nima haqida ketayotganini payqadingizmi?
- Jamoaviy o'yindir balki. "Arsenal" ancha yillardan buyon bir xil uslubda futbol o'ynab keladi. Ularda bir Arsen Venger juda ko'p yillardan beri ishlab keladi va Vengerning falsafasi ochiq va chiroyli futbol namoyish etish. Balki shu uchun bizning jamoani "Arsenal"ga o'xshatish mumkindir.
- Bu gapingizga ham qo'shilsa bo'ladi. Ammo asosiy o'xshashlik bu emas. Angliyaning "Arsenal" jamoasi deyarli har yili premer ligada to'rtinchi o'rinni egallaydi. Bu jamoa juda zo'r o'ynab turib ham keyinchalik yana eski o'rniga qaytib tushib ketaveradi. "Nasaf"ni ham bu jamoaga o'xshatsa bo'ladi. "Nasaf" O'zbekistonda uchinchi o'rinni doimo o'ziniki qilib olaveradi. "Arsenal" kabi eng yaxshi o'ynab yurgan mavsumida ham yakunda odatiy o'rniga tushib ketadi. "Nasaf"dagi futbolchilik davringizda ham jamoaning eng maksimum natijasi bronza medallarini qo'lga kiritish bo'lgan. Bu nima bilan bog'liq deb o'ylaysiz?
- Bunga asosiy sabalardan biri - bizdan yuqori o'rinlarni egallagan jamoalarning bizdan kuchliligidir. Yoki bir necha yillardan buyon yuqori o'rinlar uchun kurasha oladigan barqaror jamoa bo'la olmayotgandirmiz. Jamoamizga yuqori saviyadagi futbolchilarning yo'qligi ham bunga sabablardan biri bo'lishi mumkin. SHu boisdan biz chempionatda faqat yakunda bronza medallariga ega chiqamiz. Meni o'ylashimcha, 2-3 o'rinlarni qo'lga kiritish ham yomon natija emas. Bu jihatdan "Arsenal"ga o'xshashligimiz bor ekan. Lekin murabbiy sifatida shuni aytaman, Arsen Vengerning o'yin falsafasi va uning olib borayotgan ishi bizga ham yoqadi. "Arsenal" haqiqatda juda chiroyli, mazmunli va ochiq futbol namoyish etadi. Lekin hozirda "Nasaf" nafaqat ochiq futbol o'ynashga, balki himoyaviy va kerak bo'lsa yopiq futbol o'ynashni ham o'rganishimiz kerak. CHunki OCHLda yuqori darajadagi jamoalarga qarshi turli xil taktikalarda futbol o'ynash lozim. OCHL doirasida biz himoyaviy, yopiq futbol o'ynashga majburmiz. Futbolda faqat ochiq futbol o'ynab natijaga erishish qiyin.
- "Nasaf"dek jamoa uchun doimo bronza medallariga ega chiqish stabillikmi yoki muvaffaqiyatsizlikmi?
- Bir qarashda biz bir joyda turib qolgandekmiz. Bu natijani barqarorlik yoki jamoa bir joyda turib qolgan va o'smayapti degan fikrga borish ham mumkin. Lekin yana bir tarafi borki, biz oxirgi yillarda O'zbekiston kubogi va superkubogida zafar quchdik, OCHLda muntazam ishtirok etmoqdamiz. Bu natijalar klub siyosati to'g'ri olib borilayotganidan ham dalolat beradi.
- Arsen Vengerning ish uslubi yoqishini aytib o'tdingiz. Murabbiylik ishingizda uning qo'llanmalaridan foydalanasizmi?
- Aynan uning qo'llanmalari menda yo'q. Lekin ish uslubini diqqat bilan kuzatib boraman. Jamoa to'p bilan qanday harakatlanmoqda, to'psiz nima qilmoqda, bularga etibor beraman. Uning ishlaridan o'zimga kerakli jihatlarini olib borishga intilaman. Lekin aynan Vengerning qo'llanmalari menda yo'q. Birga ishlagan ko'plab yuqori saviyadagi murabbiylardan nimanidirni o'rganishga harakat qilganman.
- Kelajakda evropaning grand jamoalari murabbiylaridan ish o'rganish, mashg'ulotlarni qanday tartibda olib borishini kuzatish istagi yoki rejasi bormi?
- Albatta bu kabi istak bor. Agarda murabbiylar o'sishni istasa, unda ko'proq ish o'rganib, izlanishi lozim. Hozirgi paytda zamonaviy futbol bir joyda turgani yo'q. Yildan-yilga mashg'ulotlar dasturi o'zgarib bormoqda. Bu kabi narsalar juda ham muhim. Evropa futbolini yaqindan bilish va o'rganish niyatim bor.
- Ro'ziqul Berdievning murabbiylik faoliyatidagi eng katta orzusi nima?
- Mening orzuim "Nasaf" bilan erishilmagan yutuqlarni qo'lga kiritish. Yuqori natijalar erishish. CHempionlikgi qo'lga kiritishni orzu qilaman.
- Sizga o'zbek klublari orasidan jiddiy takliflar bo'lganmi?
- Yo'q. O'zbek jamoalaridan hali hech bir klub menga jiddiy taklif bilan chiqqani yo'q. Eronning "Traktorsozi" jamoasining qiziqishlari haqida matbuotda yozishgandi. Buni barcha biladi. Ammo o'shanda ham ular jiddiy taklif bilan menga murojaat etishgani yo'q.
- "Nasaf" jamoasidagi eng o'jar futbolchi kim?
- Maydonda eng o'jar futbolchi - Bahrom Abduraximov. Maydondan tashqarida esa bizda o'jar futbolchi yo'q. Ularning hammasi o'zini yaxshi tutishadi. Maydonda esa eng o'jari Bahrom Abduraximov bo'lsa kerak.
- Siz uchun oliy ligadagi eng principial raqib qaysi jamoa?
- Yuqori o'rin uchun kurashadigan barcha jamoalar men uchun principial raqib desa ham bo'ladi. Alohida bir jamoani biz uchun principial raqib demagan bo'lardim.
- Noodatiy savol: Sizga uchta variant taqdim etaman. O'shalardan birini tanlashiz kerak bo'ladi. Vadim Abramov, Mirjalol Qosimov va Samvel Babayan. Ro'ziqul Berdiev bu mutaxassislarning qaysi biridan kuchliroq deb biladi o'zini?
- Har uchchala murabbiy ham mendan ko'ra tajribali hisoblanadi. SHu bois hech biridan o'zimni kuchliroq deb bilmayman. CHunki ularga nisbatan men kamroq tajribaga egaman.
- Jahon futbolida kimga ishqibozlik qilasiz?
- Aynan bir jamoaga muxlislik qilaman deb ayta olmayman. Menga Gvardiola, Mourino va Arsen Vengerning ish olib borishi menga juda qiziq. Ularning ish uslublarini kuzatib boraman. Murabbiylarning qanday ish olib borishiga etibor qarataman.
- Bobir Abdixoliqov mavsum startida porlab chiqdi. Bu topilmangiz haqida nimalar deya olasiz?
- Bobir Abdixoliqov OCHL doirasida ikkita gol urdi. Lekin bu bilan u katta futbolchi bo'lib qoldi degani emas. U etuk futbolchi bo'lib etishishi uchun juda ko'p mehnat qilishi kerak. Ham jismonan, ham aqlan o'sib borishi lozim. Mehnatdan qochmasligi lozim. Unda yaxshi, yuqori saviyadagi futbolchi bo'lib etishish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bobirni biz akademiyada o'qib yurgan paytidan buyon kuzatib kelamiz. O'rinbosarlar tarkibidagi ko'plab o'yinlarini ham kuzatib borganman. Unda golni sezish qobiliyati mavjud. Hozir unda juda ham katta ishtiyoq bor SHuning hisobida ayni paytda u yorqin o'ynamoqda. Biz unga ruhiy tarafdan yaxshi tayyorlanishga yordam beramiz. Ikkita gol bilan cheklanib qolmasligi kerak. Uzoq mehnat qilib, o'z ustida ko'proq ishlasa, o'zining insoniylik fazilatlarini ham o'stirib borsa, men o'ylaymanki, Bobir kelajakda juda yaxshi futbolchi bo'ladi.
- Abdixoliqovdan tashqari Berdievning yana yangi topilmalari bormi?
- Biz 8 nafar yosh iqtidor egalarini asosiy tarkibga jalb etganmiz. Balki ular ichidan kashfiyot yoki topilmalari bo'lar, ammo shuni ishontirib aytamanki, biz ularning barchasiga imkoniyat beramiz. Qolgani esa ularning o'zlariga bog'liq.
- "Nasaf" sizning qo'l ostingizda yaxshi natijalarga erishmoqda. Jamoada g'oliblik ruhi paydo bo'lgan. Bu muvaffaqiyatingizning siri nimada?
- Bu to'g'risida ko'p ishlayapmiz. Bu ruhiyat bilan bog'liq. Futbolchilarning o'z kuchlariga bo'lgan ishonchni oshirmoqdamiz. Bu borada katta ishlar olib borilmoqda. Albatta, jismoniy, taktik va texnik jihatdan ham ularning saviyasini oshirib borishimiz lozim. Bu ustida ko'p ishlayapmiz. Jamoaning hozirgi yutuqlari bilan cheklanib qolmasligimiz zarur. Yanada yuqori marralarni ko'zlab, oldinga intilmog'imiz kerak. Bu uchun esa qo'limizdan kelgan yordamni ayamaymiz. Bizda jamoa ancha inoq. Hamma gap ahillikda. Jamoamiz bir maqsadda birlasha oladi. Bizda muhit ajoyib. SHuningdek, futbolchilarimizning saviyasi ham muvaffaqiyatlarimizning garovi. Men bir narsaga alohida etibor qarataman, jamoadagi har bir futbolchi yoki ishchi o'z ishiga chin yurakdan yondoshishi kerak.
- O'tgan mavsumda "Nasaf" jamoasidagi eng yaxshi futbolchi kim bo'ldi deb o'ylaysiz?
- Jamoamiz sardori Artur Gevorkyan futbolchilarni o'z ortidan etaklay oldi va bir qator juda muhim gollarni kiritdi. Lekin bu bilan Arturni eng yaxshi demayman. Bizda jamoaviy o'yin yo'lga qo'yilgan. Aniq bir futbolchini ajratib ko'rsatmagan bo'lardim. Barcha futbolchilar jamoaning yutug'iga o'zining munosib hissasini qo'shdi. Artur Gevorkyanni juda muhim gollarni urdi dedim, shuningdek, darvozabonimiz Eldorbek Suyunov juda yaxshi o'ynadi va yutuqlarimizga katta hissa qo'shdi. Yana himoyachilarimiz juda yaxshi harakat qilishdi, markaziya yarim himoyachilarimiz ishonchni oqlashdi. Erkin Boydullaev, Odil Hamrobekov juda ham katta ko'lamdagi ishlarni amalga oshirishdi. O'tgan yili jamoamiz to'purari Ilhom SHomurodov nafaqat gollari, balki boshqa qora mehnatlari bilan ham jamoamizga foyda keltirdi. "Nasaf"ning barcha futbolchilarini yutuqlarimizga munosib hissa qo'shdi deb ayta olaman.
- Sizning murabbiylik faoliyatingizdagi birinchi ustozingiz kim?
- Men dastlabki murabbiylik faoliyatimni Viktor Kumikov oldida boshlaganman. O'shanda Kumikovga yordamchi murabbiy bo'lgandim. 2008 yilda men "Nasaf" safida hali to'p tepib yurganimda Viktor Kumikov kelib, o'ynaysanmi yoki murabbiy bo'lasanmi deganida murabbiylikni tanlagandim. Aynan bu sohadagi birinchi qadamimni Kumikov oldida qo'yganman.
- Ro'ziqul Berdievning ramziy terma jamoasini tuzib bersangiz. O'zingiz bilan o'ynashini istagan eng yaxshi yana 10 nafar futbolchini tanlaysiz...
- Buni juda uzoq o'ylash kerak shekilli. Darvozada - Ignatiy Nesterov. Markaziy himoyada Andrey Fyodorov va Davron Fayziev. O'ng qanotda Fevzi Davletov, chap qanotda Nikolay SHirshov. O'rtada Mirjalol Qosimov, men, No'mon Hasanov. Hujumchi ortida Odil Ahmedov, Hujumdagi tandem esa Zafar Xolmurodov va Anvar Berdiev.
SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.
Fikrlar