Ro'zimboy Ahmedov: "Dinamo"ning Superligaga chiqishiga yordam berishni istayman"
08 avg 2021 10:57
Yangiliklar
Ro'zimboy Ahmedov: "Dinamo"ning Superligaga chiqishiga yordam berishni istayman"
Ushbu uchrashuvda yozgi transferlar oynasi vaqtida tarkibga qo'shilgan Ro'zimboy Ahmedovning yagona goli "Dinamo"ga kichik 1:0 hisobidagi g'alabani taqdim qildi. Biz mazkur bellashuvdan so'ng xorazmlik hujumchini suhbatga chorladik.
- Dastlab "SHo'rtan" bilan kechgan qiyin o'yin haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...
- Avvalo g'alaba bilan barcha muxlislarni tabriklayman. Og'ir o'yin o'tkazishimiz oldindan malum edi. Tanaffusdan so'ng rasmiy uchrashuvlarga birdaniga kirishib ketish qiyin. Boz ustiga "SHo'rtan" butunlay yangilangan jamoa. Ularning bizga qarshi qanday tarkibda tushishi va o'ynashi qiziq bo'ldi, deya olaman.
- G'uzorliklar tarkibi tajribaga ega bo'lmagan yoshlardan iborat. Futbolchilarning aksariyati katta futbolda endi debyut qilmoqda. "Dinamo"da esa tarkib borasida ustunlik bor edi. SHunday ekan jamoa azolari oson g'alabani o'ylab maydonga tushmadimikin?
- Murabbiyimiz o'yindan keyingi matbuot anjumanida aytganlaridek bu yil Pro ligada oson mag'lub bo'ladigan jamoa yo'q. SHu bois bizda bunday fikr bo'lmadi. O'yinga jiddiy yondoshdik. Lekin yosh jamoaga qarshi to'p tepish qiziqarli kechishini taxmin qilganimiz rost. Murabbiyimiz ilk daqiqalardan hujumkor futbol ko'rsatishimizni aytgandi. Vazifamiz yaratilgan vaziyatlardan foydalanib, darvozamiz oldida raqibga imkoniyat bermaslik edi.
- Uchrashuvning 17:30 da yani noqulay vaqtga qo'yilgani futbolchilarning erkin harakat qilishiga to'sqinlik qilmadimi? Bunday sharoitda o'yinchidan ikki hissa ko'p kuch sarflash talab qilinadi...
- Albatta uchrashuvning 17:30da boshlanishi o'yin tempiga tasir o'tkazmasdan qolmadi. Menimcha ikki jamoa ham qiynaldi. Hech kimga oson bo'lgani yo'q.
- "Xorazm"da yaxshi sport formasiga kirib borayotgan, yana gollar urishni boshlagan edingiz. Qiziq mana shunday pallada jamoani o'zgartirishingizni sababi nimada?
- Buning hech qanday muhim biror bir sababi yo'q. Bilasiz "Dinamo"ning oldiga Superligaga chiqish vazifasi qo'yilgan. Mana shu maqsad yo'lida qo'limdan kelgancha yordam berishimni so'rashdi. "Xorazm" klubi rahbariyati bilan kelishgan holda "Dinamo"ga o'tdim. Albatta ular ham meni qo'llab-quvvatlashdi.
- "Xorazm"ning muxlislari jamoani Superligada ko'rishni istashadi. Klubda bu borada qanday harakatlar ketyapti? Elitaga chiqishga qay darajada tayyor?
- Hozircha aniq Superligaga chiqish vazifasi qo'yilmagan. Lekin bugungi kunda shunga tayyorgarlik jarayoni ketmoqda. Urganchdagi asosiy o'yingohimiz tayyor bo'lib qoldi. Fikrimcha, shundan keyin Superligaga chiqish maqsad qilib belgilansa kerak.
- Orada malum vaqt katta futboldan uzoqda yurdingiz. Ko'pchilik sizni futbolni tugatdi, degan fikrga bordi...
- O'tgan mavsumda ikkita jarrohlik amaliyotini o'tkazdim. Jarohat futbolning bir qismi. Qachon va qay paytda olishingizni bilmaysiz. Xudoga shukur hozirda ancha yaxshiman. Sport formamni tiklab oldim.
- SHu kungacha Superliganing ko'p jamoalarida to'p tepdingiz. Futbolchilarning ko'p jamoa almashtirishiga nima sabab bo'lishi mumkin? Klublarimiz bir mavsumda bir necha bor murabbiy o'zgartiradi. U mutaxassis esa boshqa futbolchilarni olib keladi...
- To'g'risi o'zim ham tushunmayman. Futbolchilarni jamoasini ko'p o'zgartirishi murabbiy o'zgarishi bilan bog'liq bo'lsa kerak, deb o'ylayman. Gohida murabbiylar futbolchining harkatlaridan qoniqish hosil qilmaydi. SHuningdek klublarimizda rahbariyat ko'p o'zgaradi. Istaysizmi yoki yo'qmi bu o'yinchiga o'z tasirini o'tkazadi. Ustiga ustak klublar bir yildan oshiq shartnoma taklif qilishmaydi. Ertaga nima bo'lishini bilishmaydi. Bir yillik shartnomalar tuzishning sababi shunda, deya olaman.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar