Ravshan Haydarov: “Har bir jamoaning o'z tarixi bor”
31 may 2015 15:16
Yangiliklar


Ravshan Haydarov: “Har bir jamoaning o'z tarixi bor”
Gondurasga qarshi o'yindan oldingi matbuot anjumanida O'zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov hamda terma jamoa hujumchisi Zabihillo O'rinboevlar ishtirok etishdi. O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi so'z boshida musobaqaning barcha ishtirokchilarini Jahon chempionati starti bilan tabrikladi.
“Barchani katta futbol bayrami bilan tabriklayman. Bunday yirik turnirda ishtirok etayotganimizdan biz ham xursandmiz. Barcha o'yinlar shiddatli va kurashlarga boy tarzda o'tadi deb o'ylayman. Biz ham o'z navbatida bor kuchimizni namoyish etib, bizni qo'llab-quvvatlab turgan muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz”, - dedi Haydarov.
"O'zbek futboli so'nggi yillarda muxlislar kutganidek o'yin namoyish qilmayotgan bo'lishi mumkin. Ammo, bunday holat uchrab turadi. Futbol bir tekisda o'tmaydi. Ayni damda bizga katta umid bildirilayotganini bilamiz. Buni futbolchilar ham his qilib turishibdi. Biz musobaqaga etarlicha tayorgarlik ko'rdik va ayni damga kelib musobaqaga tayyor holatdamiz deb ayta olaman. Albatta, bosim bo'lishi tabiiy. Biz Jahon chempionati kabi katta musobaqada yurtimiz shanini munosib himoya qilishimizni his qilgan holda maydonga tushamiz”, - deya qo'shimcha qildi terma jamoa bosh murabbiyi.
Terma jamoa bosh murabbiyi futbolchilar 2013 yili Turkiyada bo'lib o'tgan Jahon chempionatiga kuchli sakkizlikka kira olgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasining natijasini kamida takrorlashga, nasib qilsa uni yangilashga harakat qilishlarini takidladi. “Yoshlar terma jamoalarimiz nafaqat Turkiyada, balki Meksikada bo'lib o'tgan mundialda ham yaxshi natija ko'rsata olishgan edi. Biz ham o'z navbatida shunday natijani takrorlashga, nasib qilsa uni yangilashga harakat qilamiz. Har bir jamoaning o'z tarixi bor. Bu Jahon chempionati bizning tariximizga aylanishi mumkin. Ertangi o'yindagi raqibimiz Gonduras yoshlar terma jamoasiga qarshi avval o'ynaganmiz. Tarkibimizdagi futbolchilardan ayrimlari ularni yaxshi bilishadi.
"Yangi Zelandiyaga ertaroq keldik, boisi bu erdagi iqlim sharoitiga, vaqt orasidagi tafovutga ko'nikish lozim. Hozirga kelib biz buni uddaladik deb o'ylayman. Velingtondagi yig'in biz uchun juda foydali bo'ldi. U erdagi yig'in davomida Panama bilan o'rtoqlik o'yinida maydonga tushdik va bu uchrashuv biz uchun juda foydali bo'ldi deb ayta olaman. Ayni paytda rejaga ko'ra tayyorgarlik olib borilmoqda. Futbolchilar ham yaxshi formada”, deydi Haydarov.
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi hujumchisi Zabihillo O'rinboev uchun yoshlar toifasidagi Jahon chempionati bahslaridagi uning faoliyatidagi uchinchisidir. Bungacha, hujumchi Meksikadagi o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatida hamda 2013 yili Turkiyada bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan. Terma jamoa hujumchisi barcha futbolchilar kabi mazkur musobaqa startini intizorlik bilan kutayotganini aytib o'tdi.
“Bizni juda ilik qutib olishgani uchun rahmat. Men ham, futbolchilar ham Jahon chempionatidagi ishtirokimizni anchadan beri kutmoqdamiz. To'g'ri, avval ham Jahon chempionatlarida ishtirok etganman. Ammo ularda o'zimdan kattalar safida o'ynagan edim. Bu esa mening chempionatim deya olaman, boisi bu erda o'z yosh toifamdagi Jahon chempionatida o'ynayman. Yurtimizga yorug' yuz bilan qaytishni maqsad qilganmiz”, dedi O'rinboev

Fikrlar