So’nggi yangiliklar

09:05Гвардиола кечаги мағлубиятдан сўнг нималар деди?  0 08:36Sofascore. Кечаги учрашувда Аббосбек Файзуллаевнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  1 08:06Саудия Арабистон чемпионати. «Ал Ҳилол» мавсумдаги илк мағлубиятини қабул қилди  0 07:38Суперлига. Бугун 25-тур якунланади  0 04:12"Андижон" ўз уйида "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этган ўйиндан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 04:07Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлган ўйиндан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 02:57Ла Лига. "Барселона" "Сельта"га қарши ўйинда сўнгги дақиқаларда иккита гол ўтказиб, ғалабани қўлдан чиқарди  105 02:06"Челси" 100 миллионлик форвардни харид қилмоқчи?!  2 00:29А Серия. "Милан" ва "Ювентус" ўртасидаги ўйин нурсиз дуранг билан якунланди  9 00:26АПЛ. "Манчестер Сити" ўз уйида "Тоттенхэм"га йирик ҳисобда таслим бўлди  31 23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  8 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  2 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  10 22:06Бундеслига. "Байер" 0:2ни 5:2 қилди, "Боруссия Дортмунд"дан жавобсиз 4та тўп, "Хоффенхайм" — "Лейпциг" ўйинида 7та гол  0

Ravshan Ermatov: JCHga borish oson bo'lmaydi Yangiliklar

Ravshan Ermatov: JCHga borish oson bo'lmaydi

O'zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov shu yilning 26-31 may kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo'lib o'tgan FIFA hakamlarining seminarida qatnashdi.
Ushbu seminarda 2014 yili Braziliyada bo'lib o'tadigan futbol bo'yicha jahon chempionati bahslarida hakamlik qilishga nomzod bo'lgan jami 52 nafar referi etdi. Biz safar taassurotlari yuzasidan Ermatovdan eksklyuziv intervyu oldik. 

- Ravshan aka, suhbatimiz avvalida Rio-de-Janeyro shahrida JCH-2014 final bosqichi o'yinlarini boshqarishga nomzod hakamlar uchun o'tkazilgan seminar yakunlari haqida malumot bersangiz? Avvalgi yillar bilan taqqoslaganda, hakamlar uchun qo'yilayotgan talablar qanchalik o'zgargan?


- Hech ikkilanishsiz aytishim mumkinki, hakamlar uchun qo'yilayotgan talab hamda belgilangan normativlar ikki barobarga qiyinlashgan. Ayniqsa, JCH-2014 final bosqichi o'yinlarini boshqarishga nomzod bo'lgan elit referilar uchun qo'yiladigan talablar yanada kuchaygan. Bunga butun dunyoda futbolning yildan-yilga tezlashib borayotgani sabab bo'lyapti. Malumki, UEFA bayrog'i ostida o'tkaziladigan barcha nufuzdagi musobaqalarda darvozalar ortida ham hakamlar harakat qiladi. Lekin FIFA bu yo'ldan bormoqchi emas, ular UEFAning bu qarorini qo'llab-quvvatlamayaptilar. Buning o'rniga maydonda harakat qiladigan uch nafar hakamga jiddiy talab qo'yishni maqsad qilgan. Futbol tezlashayotgan ekan, demak biz hakamlardan jismoniy tayyorgarlikni yanada oshirish, o'z ustimizda hozirgiga nisbatan kamida ikki barobar ko'proq ishlash talab qilinadi.

Rioda bo'lib o'tgan navbatdagi seminar va testlarda aynan shu narsalarga etibor qaratildi. Braziliyaga Toshkent - Moskva - Frankfurt aviayo'nalishi orqali 30 soat deganda etib bordim. Bu bir sutkadan oshiq vaqt degani. Boz ustiga Toshkent bilan Rio-de-Janeyro o'rtasida 8 soatlik vaqt tafovuti bor. Seminarning ilk kuni Dinamic Yo-Yo Test deb nomlangan maxsus test topshirdik. Bu nomzod hakamlar uchun qo'yilgan birinchi va eng asosiy talab edi. Bu imtihondan o'ta olmagan hakamlar JCHga borish haqida o'ylamasalar ham bo'ladi. Ular mundialga borishmaydi. 

Jismoniy tayyorgarlikka yo'naltirilgan bu testni uncha-buncha futbolchilar ham topshira olishmaydi. Bundan ko'rinib turibdiki, hakamlar futbolchilardan ham tez yugurishlari shart. Qarshi hujumlar hamda standart vaziyatlar amalga oshirilgan chog'da ayrim hakamlar voqealar rivojidan uzoqroqda qolib ketishyapti yoki ko'rmay qolishyapti. UEFAda bunday holat ro'y berganda, darvozalar ortidagi hakamlar yordamga keladi. FIFA talabiga ko'ra, bu vazifani bosh va qanot hakamlari o'z zimmalariga olishlari kerak.


- Jismoniy tayyorgarlikka yo'naltirilgan bu test o'z ichiga qanday normativlarni olishi ko'pchilikni qiziqtirishi tabiiy...


- Dastlab, 20 metr masofaga tezlikda yugurgan holda borib qaytiladi. Bu jarayon tinmasdan rosa 52 marta qaytariladi. Umumiy 2 kilometrdan ko'proq masofani belgilangan vaqtda bosib o'tishingiz shart. Oraliq tanaffus, yani nafas rostlash uzog'i bilan 5 soniya bo'lish kerak. Vaqt nazoratiga jiddiy etibor qaratiladi. Ikkinchi talab: bahsli vaziyatlarni o'z ichiga oluvchi 20ta videorolik namoyish etiladi. Bu o'yin jarayonlari so'nggi ikki oy ichida asosan Evropa va Osiyo qitasida o'tkazilgan turli nufuzli musobaqalar doirasidagi uchrashuvlardan saralab olingan. Bu bahsli vaziyatlarda qanday qaror qabul qilish kerak? degan savolga to'g'ri javob berishingiz lozim. 20ta vaziyatdan kamida 15tasiga chiqargan qaroringiz to'g'ri bo'lsa, bu test sinovidan o'tgan xisoblanasiz. Aks holda... 

Uchinchi sinov: 15 daqiqa ichida futbol qonun-qoidalari haqidagi 20ta savolga ingliz tilida yozma javob berishingiz kerak. Bu har bir savolga 45 soniya vaqt ajratiladi, deganidir. Keyin nazariyadan ham imtihon topshirdik. Eng so'nggi sinov, tabir joiz bo'lsa, imtihonlarning eng qiyini dunyoning eng ko'zga ko'ringan referilarini ham shoshirib qo'ydi. Unda hakam maydon markazidagi aylana chiziq ichida turib, har ikki jarima maydonchalari ichida ro'y berayotgan holatlarga baho berishi kerak. Jarima maydonchasi ichiga to'p standart vaziyatdan uzatilishi bilan hakam maydon markazida egallab turgan joyidan o'sha tomonga qarab yuguradi. Va mana shu yuugurib ketayotgan vaqtida jarima maydonchasida qanday vaziyat ro'y berganligi to'g'risida qaror chiqarishi lozim. Qoida qaysi jamoa futbolchisi tomonidan buzildi, sariq yoki qizil kartochkaga tortadigan vaziyatmi, mug'ombirlik ishlatildimi... shularni aniqlab berishi kerak. Bir soniya ham dam olmasdan yana maydon markaziga qaytiladi va qarama-qarshi jarima maydonchasidagi holat bo'yicha xuddi shu ko'rinishda fikrini bildiradi. Bu ketma-ketlik to'xtamasdan 10 marotaba davom etadi. Tasavvur qilyapsizmi, hakamlar uchun talablar qanchalik jiddiylashib ketganligini.

Mana shu yuqorida men sanab o'tgan testlardan muvaffaqiyatli o'tganlargina JCH-2014 o'yinlarini boshqarish uchun munosib nomzod bo'la oladi. Hali Braziliyaga borish haqida gap bo'layotgani yo'q. Bunday imtihonlar yana o'tkaziladi. Bu galgi sinov imtihonlaridan so'ng, aynan Braziliyada 15-30 iyun kunlari o'tkaziladigan Konfederaciyalar Kubogi hamda 21 iyun kuni Turkiyada start oladigan yoshlar (U-20) o'rtasidagi jahon chempionatiga boradigan hakamlar saralab olindi.


- Osiyolik hakamlar testlardan muvaffaqiyatli o'tishdimi?

- Qitadoshlarimizdan saudiyalik Halil al Gamdi hamda BAAlik Badvavi avvalroq mashg'ulotlarda olgan jarohati sabab Braziliyaga borishmadi. Yakunda men va yaponiyalik Yuichi Nishimura Konfederaciyalar Kubogida ishlaydigan bo'ldik. Eronlik Alirizo Fag'oni, bahraynlik Navaf SHukrulla hamda avstraliyalik Benjamin Uilyams Turkiyaga yo'l olishadi. Nomlari tilga olingan bu hakamlar doimiy nazoratda bo'lishadi.

- Seminar davomida evropalik hakamlar bilan ham suhbatda bo'ldingizmi?


- Albatta. Har kuni barcha qita hakamlari o'rtasida turli mavzuda suhbatlar bo'ldi. Qiziqarli va bahslarga boy suhbatlar debatlarga aylanib ketdi. Bazan muloqotlarimiz 5-6 soatgacha davom etdi. Ochig'i, ayrim mavzularda evropalik hakamlarning boshqa qita referilaridan fikrlari biroz farqlandi. Masalan, Janubiy Amerika va qisman evropalik hakamlar futbolchilarga nisbatan qattiqroq usulda o'ynash uchun imkon berishadi. Yani har bir vaziyat uchun hushtak chalaverishmaydi.

- Braziliyaga safaringiz chog'ida JCH-2014ga olib borilayotgan tayyorgarliklar, qurilayotgan stadion va inshootlar bilan tanishish imkoni bo'ldimi?

- Bunga deyarli vaqt bo'lmadi. CHunki biz faqat Rioda bo'ldik. Boshqa shtatlarga bormadik. Lekin katta futbol forumiga olib borilayotgan tayyorgarlik ruhiyati shundoqqina ko'rinib turibdi. Biz barcha test sinovlarini mashhur futbolchi va ayni paytda murabbiylik qilayotgan Zikoga qarashli futbol markazida olib bordik. Futbol ishqibozlarining yodida bo'lsa kerak, Ziko malum vaqt Bunyodkor jamoasida ham faoliyat olib borgandi. Markaz barchada juda iliq taassurot qoldirdi. Jami 5ta futbol maydoni bor ekan. Trenajyor zali, basseyn, xullas, barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

- Kelasi yili JCH-2014 ham aynan shu oyda o'tkaziladi. SHundan kelib chiqib, yilning bu vaqtida Braziliyada qanday ob-havo bo'lar ekan?

- Atlantika okeani Rio-de-Janeyro qirg'oqlarini yuvib turadi. Tabiiyki, namgarchilik yuqori bo'ladi. Ayni kunlarda 27-28 daraja issiq. O'ylashimcha, bu futbol o'ynash uchun xalal bermaydi.

- Endigi rejalar qanday?

- Birinchi liga doirasidagi Paxtakor-2-Bunyodkor-2 jamoalari o'rtasidagi kichik poytaxt derbisini boshqardim. Paxtakor markaziy stadionida kechgan uchrashuvda menga Abduhamidullo Rasulov hamda qirg'izistonlik Bahodir Qo'chqorovlar yordam berishdi. Bu trio birgalikda 7 iyun kuni Braziliyaga Konfederaciyalar Kubogida hakamlik qilish uchun jo'nab ketamiz. O'rtada Buxoro shahrida o'tkaziladigan Respublika talaba yoshlarining Universida-2013 sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etishim kerak. Keyingi iyul-avgust oylarida xalqaro musobaqalar yo'q. Milliy chempionatimiz va kubok o'yinlarida hakamlik qilaman. Sentyabr oyidan OCHL hamda Osiyo Kubogi-2015 saralash o'yinlari davom ettiriladi.

- Ravshan aka, 11 iyun kuni milliy terma jamoamizni Seul shahrida hayot-mamot uchrashuvi kutib turibdi. Janubiy Koreyaga qarshi kechadigan o'yinda terma jamoamizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?


- Mana, kecha guruhdagi raqiblarimiz o'zaro bahslashdi. Livan o'z maydonida Koreyadan ikki ochko tortib olishning uddasidan chiqdi. Hatto, g'alaba qozonishi ham mumkin edi. Mezbonlar qo'shib berilgan ettinchi daqiqada o'z darvozalaridan to'p o'tkazib yuborishdi. Afsuski, barchamizning diqqat etiborimiz qaratilgan Doxadagi uchrashuvda Qatar Eronga yutkazib qo'ydi. SHu natija biroz ko'nglimizni hijil qildi. Eng muhimi, hali barchasi o'z qo'limizda. Koreya bilan kamida durang o'ynab, 18 iyun kuni Toshkentda Qatarni mag'lubiyatga uchratsak, bizning ko'chalarda ham bayram boshlanadi.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика