So’nggi yangiliklar

21:35"Леганес" — "Реал". Беллингем, Винисиус, Гюлер ва Мбаппе асосий таркибда  8 21:22"Наполи" — "Рома". Таркиблар маълум  1 21:15АПЛ. "Саутгемптон" ва "Ливерпуль" ўртасидаги ўйинда 5та гол урилди  28 21:13 Элит Чемпионлар лигаси. "Пахтакор" бош мураббийи Максим Шацких ва ўйинчиси Ҳожиакбар Алижонов "Истиқлол"га қарши ўйин олдидан нималар деди?  1 20:31"Ипсвич Таун" — "Манчестер Юнайтед". Бруно, Рэшфорд ва Каземиро асосий таркибда  5 20:09Перес Винисиусга мурожаат қилди  7 19:45Кетма-кет иккинчи йил чемпион бўлган Бобир Абдихолиқов билан интервью   2 19:37Суперлига. "Сўғдиёна" – "Локомотив" 2:0. Highlights  0 19:36Суперлигани қайси клуб тарк этади? Кумуш медал кимга насиб қилади? 26-тур интригалари  6 19:18Суперлига-2025. Қайси жамоалар қолади, қайсилари кетади?  6 18:25Суперлига. «Сўғдиёна» «Локомотив»ни қийинчиликсиз мағлуб этди ва учинчи ўринга кўтарилиб олди  11 18:16Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" "Қосимпошо" билан дуранг ўйнади, Турғунбоев бир бўлим ҳаракат қилди  2 18:04Февзи Давлетов: "Ўйинни тўлиқлигича назорат қилдик, фақатгина гол етмади"  4 17:28Холанд "Манчестер Сити" бўйича қарор қабул қилди  1 16:53Суперлига. «Металлург» мавсумдаги иккинчи ғалабасини қўлга киритиб, элитада қолиш имкониятини сақлаб қолди  11

RAVSHAN ERMATOV BILAN SO'NGGI BIR YIL HAQIDA BATAFSIL Yangiliklar

RAVSHAN ERMATOV BILAN SO'NGGI BIR YIL HAQIDA BATAFSIL

Ko'pchilik muxlislarning talab va istaklarini inobatga olgan holda O'zbekiston futbol associaciyasining so'nggi bir yilda amalga oshirgan ishlari bilan yaqindan tanishish uchun mikrofonimizni O'FA birinchi Vice-prezidenti Ravshan Sayfiddinovichga tutdik.

Suhbat uzoq davom etdi. Intervyu o'z ichiga klublarni xususiylashtirish, og'riqli nuqtamiz bo'lgan bolalar futboli, kerak bo'lmagan natijalar yo'lida nosog'lom raqobatni hosil qilish, MTJ va hakamlik kabi katta mavzularni o'z ichiga oldi.


– Dastavval qilinayotgan ishlar xaqida qisqacha gapirib bersangiz?

– Darhaqiqat, futbol rivojida mukammal tizim o'rnatish muhim ahamiyat kasb etadi. 2019 yil 4 dekabr kuni muhtaram Prezidentimizning 5887-sonli “O'zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish” haqidagi farmoni elon qilindi. SHunindek, futbolni rivojlantirishning 2030 yilgacha koncepciyasi va yo'l xaritasi tasdiqlab olindi. Ushbu farmonda futbolning barcha yo'nalishlari bo'yicha rivojlantirish aniq vazifalari va maqsadlari ko'rsatib o'tilgan. 

Ayniqsa, bolalar futbolini tizimli rivojlantirish vazifasi ustuvor  belgilangan bo'lib, unga endi har qachongidan ko'ra etibor yuqori bo'ladi. SHunga asosan biz eng avval ishni bolalar futbolini rivojlantirish tizimini to'g'ri yo'lga qo'yishdan boshladik. O'FA va hududiy futbol associaciyalar bilan birgalikda ishchi guruh tuzilib Respublikamizning barcha hududlaridagi futbol sekciyasi bor sport maktablarini tanqidiy o'rganib tahlil qildik. Bironta hudud qolib ketmadi. Achchiq bo'lsa ham to'g'risini aytishimiz kerak, yillar mobaynida chekka nuqtalardagi futbol maktablarining aksariyati etiborsiz, qarovsiz va egasi yo'qdek holatga kelib qolgan.

Tahlil shuni ko'rsatdiki, Respublikamizdagi aksar maydonlari va maydonchalari tamirtalab ahvolga kelib qolgan. Asosiy ishlarimizdan biri sifatli futbol infrastrukturasini yaratib olish. Axir maydon bo'lmasa, biz qaerda bolalarni futbol o'ynashga o'rgatamiz?

Undan tashqari inventarlar eskirib qolgan, ekipirovka va to'plar sifati juda past. Buni o'zimiz ko'rib o'rgandik. Mashg'ulot o'tkazish uchun yo'q deganda ikki futbolchiga bitta to'p to'g'ri kelish kerak bo'lsa, hozirgi kunda o'rtacha 9 nafar bolaga bitta to'p to'g'ri kelyapti. Bazi joylarda esa butun bir jamoada bir dona to'p bor, xolos. O'rganishlar shuni ko'rsatdiki, turli xil sekciyalarimizda 8252ta to'p etishmas ekan.

Yana bir muammolardan biri, aksariyat bolalar murabbiylarining o'z ustilarida ishlamayotgani, bilimi bugungi kun futboli talabiga javob bermasligi ham ayni haqiqat. Bunday holatda futbolni qanday o'stiramiz? Bu kabi muammolarni hozir ko'tarmasak va ularning echimini topmasak, futbolimiz rivojlanmaydi. SHuning uchun sport vazirligi bilan birgalikda yuqorida ko'rsatilgan muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Bular - futbol maydonlarini reja bo'yicha yilma-yil rekonstrukciya qilish, inventar, ekipirovka va futbol to'plarini xarid qilish jarayonida asosiy etiborni sifatga qaratish, murabbiylar malakasini oshirish uchun OFK va FIFA standartlaridagi yuzga yaqin o'quv seminarlarini hududlarning o'zida tashkil etish. So'nggi bir yil ichida 66ta turli toifadagi seminarlarni tashkil qildik, unda 1331 nafar soha vakillari tahsil oldilar.

Hududlarda va umumxalq maktablarida ham bolalar futbol musobaqalarini tizimli yo'lga qo'yish ham bizning asosiy maqsadlarimizdan biri. Albatta, bu ishlar futboldagi eng og'ir, ko'zga ko'rinmaydigan va natijasi bir necha yildan keyin keladigan mashaqqatli ish. Ammo pastga tushib shug'ullanmasak “ertangi kun” xaqida gapirishdan mantiq yo'q.

Afsuski, pandemiya tufayli bu rejalarni to'liq amalga oshira olmayapmiz. Lekin ishonch bilan ayta olamanki, Xudo xohlasa vaqti kelib sifatli va barqaror natija beradigan bolalar futbolini rivojlantirish tizimini yo'lga qo'yamiz. 



 – Yomon tomoni shundaki, Respublikada faoliyat olib borayotgan 26ta futbol internatini to'g'rilash o'rniga, u erda mutaxassis yo'q deb yopib yuborishdi. Undan tashqari yana 15ta Olimpiya zaxiralari kollejlaridan futbol bo'limlari yo'q bo'lib ketdi. Aslida, ularni yo'q qilish emas, sifatini oshirish talab qilingan edi.

– Yomon deb o'tiraversak, yomon bo'lib ketaveradi. Bizning vazifamiz esa yomonni yaxshi qilish. SHuning uchun sport vazirimizning futbolni qo'llab-quvvatlashlari natijasida bugun Respublikadagi barcha Olimpiya zaxiralari kollejlariga futbolni qaytardik. Bu yana 15ta akademiya paydo bo'ldi degani. Yana hududlardagi futbol akademiyalari Oliy mahorat maktabiga o'zgartirildi va 5 yil ichida 30taga olib chiqish maqsadi qo'yildi. Buning uchun avvalo joylardagi aholi soniga etibor qaratiladi. Masalan, vodiy ancha zich hisoblanadi, u erdagi aholi sonidan kelib chiqadigan bo'lsak, 3ta mahorat maktabi juda kamlik qiladi. Maktablarni ochish mumkin, lekin u erga malakali mutaxassislarni saralab qo'yish asosiy muammomiz. Hozir O'FA va hududiy associaciyalar mazkur masala bo'yicha katta ish olib boryapti. 


–Respublika Olimpiya zaxiralari sport kolleji bu mamlakatning yuzi edi. Odil Ahmedov, Aleksandr Geynrix, Server Jeparov, hozirgi Oston O'runov aynan shu erdan chiqqan yulduzlar.

– Albatta, bizning yoshligimizda ko'pgina futbolchilar orzusi mazkur internatga kirish bo'lar edi, o'zim ham internatda o'qiganman. ROZSKni ochish orqali o'smirlar va yoshlar terma jamoalarimizni yanada sifatli ko'rinishga olib kelamiz. SHu kungacha nima uchun aksar akademiya va internatlarda ish sifat ko'zga ko'rinmagan? Buning asosiy katta sababi xududlarda musobaqalarning kamligi. Endi esa vaziyat boshqacha bo'ladi. Hozirgi kunda 5ta toifadagi professional musobaqa tizimi yo'lga qo'yilgan. Afsuski, karantin bois ularni o'tkaza olmay turibmiz, vaziyat engillashi bilan rejalashtirilgan musobaqalar o'z iziga tushib ketadi. Musobaqalarimiz ikki turda ko'rinish olgan. Biri uy-safar tizimi bo'lsa, ikkinchisi markazlashgan holda. Lekin bularning barchasi 7-8 oy davom etadi. Bolalar o'zlarini professional tarzda tutishga aynan shu ligalarda o'rganadilar va murabbiylar o'rtasida boshlanadigan sog'lom raqobat ham o'sishga olib keladi.


– Lekin BO'SMlardagi murabbiylarning maoshi bugungi iqtisodiyotga mos emas...

– Bu gapga qo'shilaman, lekin 2019 yil 14 noyabrda Vazirlar mahkamasi tomonidan chiqqan qarorga ko'ra, 2020 yildan boshlab murabbiylarning maoshlari 1.35 barobarga oshdi. Sport vazirligi mutaxassislari tomonidan tuzilgan ishchi guruh murabbiylarni rag'batlantirish tizimini takomillashtirish ustida ish olib boryapti. Bu borada ham murabbiylarga yana qulaylik yaratish ustida ishlayapmiz. Albatta, murabbiylar munosib maosh olsa, ish sifatini talab qilsak to'g'ri bo'ladi. Lekin kasbga bo'lgan fidoyilik haqida ham unutmasligimiz kerak.


– Ommaviy futbolni ham yo'qotib qo'ygandekmiz.

– Futbol faqat professionallar uchun bo'lishi kerak emas. Oldinlari har bir tashkilotning o'z jamoasi bo'lar edi. Ular o'rtasida musobaqalar tashkil qilingan. Hozir musobaqa bo'lmaganidan keyin tabiiyki jamoalar ham yo'q bo'lib ketdi. SHuning uchun biz avval musobaqalar tizimini yaratib olishimiz kerak. Bu borada mahallalar o'rtasida chempionatlarni yo'lga qo'ydik, “CHarm to'p” yana katta sahnaga qaytdi. Bolalar o'rtasida “Mahallaga mahalla” musobaqasini tashkil qilganimiz ham, yoshlar orasida quvonch bilan qabul qilindi. Tabiiyki, bu ham futbolni ommaviylashishi yo'lida tashlangan bir qadam bo'ldi. Turli vazirlik idoralari o'rtasida musobaqa yo'lga qo'yildi. Har bir viloyat associaciyalari uchun ommaviy futbolga masul xodim tayinladik. Yurtboshimiz aytayotganlaridek, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilamiz. Lekin bir narsani aytib o'tish kerak, hech bo'lmasa shu ommaviy futbolda natija uchun o'ynamaylik. SHunchaki futbol o'ynab rohat olaylik. 


– Futbol uchun ikkita narsa muhim, to'p va maydon. Nima uchun davlat maktablarining to'plari juda sifatsiz, buni qachondir nazoratga olish kerak-ku?

– Bu nafaqat futbolda, balki sportning boshqa turlarining ham og'riqli nuqtasi edi. CHunki xarid qilinayotgan sport anjomlarining sifatini biladigan, aynan o'sha sport turi mutaxassislari bilan bamaslahat amalga oshirilmas edi. Har bir sport turining anjomlarini sotib olish jarayonida o'sha sport turi mutaxassisining ishtiroki bu kabi masalalarga echim bo'ladi. Asosiysi, bularning barchasi uchun etarli mablag' bor. Bundan oqilona foydalanish kerak, xolos.


– Nima uchun murabbiylar uchun o'zbek tilida qo'llanmalar yo'q?

– Hozir O'FA murabbiylar uchun sovg'a tayyorlagan. Tez kunda 300ga yaqin sahifani o'z ichiga olgan zamonaviy qo'llanmani nashrga beramiz. Afsuski, bu ish shu paytgacha amalga oshirilmagan. Hozirgi kunda hamma murabbiylar ham rus tilini bilmaydi. Hamma ham internetdan qo'llanmani qidira olmaydi. O'zbekistonda yashaganimizdan keyin o'zbekcha qo'llanmamiz bo'lishi kerak. 


– Murabbiylarni qaerdan topamiz?

– O'rganishlar shuni ko'rsatdiki, Respublika bo'ylab sport maktablarida 561 nafar bolalar murabbiylari etishmovchiligi bor. Bu jiddiy muammo. SHuning uchun O'FA qoshida mutaxassislarni tayyorlash maktabini ochdik. Bu maktab yillar davomida shakllanib, Respublika bo'ylab ko'plab o'z yo'nalishiga ko'ra mutaxassislarni etkazib berishi kerak. U erdagi asosiy etibor murabbiylarning malakasiga qaratiladi. Hozir murabbiylarni o'qitish bo'yicha o'zgartirish kiritdik. So'nggi yillarda "S" licenziyasini olish uchun barcha o'qishlar Toshkentda bo'lib o'tayotgandi. Agar yotoq va eb-ichish sharoitini qila olmasa, viloyatdagilar kela olmagan holatlari juda ko'p bo'lgan. Qanchadan-qancha murabbiylarning ishidan ko'ngli qolib ketdi.

Nima uchun bizdan mutaxassis borib u erda kurs tashkil qilib kelish mumkin bo'lgan bir paytda 20-30 nafar murabbiyni ovora qilib, ortiqcha sarf-xarajatga qo'yib Toshkentga majburiy olib kelishimiz kerak? Buning oqibatida juda ko'p murabbiylar o'z vaqtida o'qiy olmadilar va ish bilan taminlanmadi. Mana shu masalaga bugun ijobiy nuqta qo'ydik. Endi har bir viloyatda o'quv kurslari tashkil qilinadi. Bundan keyin instruktorlar viloyat markazlarida kurslarni tashkil qilishadi.

Yana bir tashkillashtirishimiz kerak bo'lgan ishlardan biri BO'SMlarda faoliyat olib borayotgan murabbiylarni Hududiy boshqarma va associaciyalar bilan hamkorlikda "S" licenziyasiga bosqichma-bosqich, bepul o'qitib, soha bo'yicha malakasini, zamonaviy talablarga mos ravishda oshirib borish. 

Undan tashqari markaz selekcioner, menejer, tahlilchi, hakam, psixolog, marketolog, instruktorlarni ham tayyorlaydi. Bu oson bo'lmaydi. CHunki bizda avvalo mutaxassislarni tayyorlash bo'yicha mutaxassislar etishmovchiligi bor. SHuning uchun pandemiya yakuniga etishi bilan FIFA, OFK va UEFAdagi hamkasblarimiz bilan tuzgan kelishuvimiz asosida mutaxassislar jalb qilinadi. Rejamizga ko'ra, sentyabrda ikki oy muddatga UEFAdan tajribali texnik direktori kelishi kerak edi. Bu borada evropaliklar bilan aloqani ushlayapmiz. Aynan shu mutaxassis hozir O'FAda bo'sh o'rin bo'lib turgan texnik direktor lavozimi uchun O'zbekistondagi eng yaxshi kadrlar o'rtasida tanlov o'tkazib beradi va biz katta ishchi guruhni tuzib olamiz. Texnik direktorning vazifasi juda katta. Butun dunyoda associaciyalar falsafasini texnik direktor aniqlab beradi. Bizning ham shu yo'lni tanlaydigan paytimiz keldi.


– Eng katta muammolardan yana biri hududiy associaciyalarning moliyaviy holati achinarli holatda ekanligi edi. Bilishimizcha, rahbariyat say harakatlari bilan hududlarni moliyalashtirish boshlanibdi?

– Bu muammoning echimini izlab va uni bartaraf etish yo'lida O'FA qoshida hududiy associaciyalar bilan ishlaydigan bo'lim tashkil qildik. U erga futbol ichida ko'p yillardan beri mehnat qilib kelayotgan Baxtiyor SHirinov rahbar etib tayinlandi. PF-5887dagi eng katta band sifatida hududiy associaciyalarni rivojlantirish va moliyalashtirish bo'yicha aniq chora-tadibirlar belgilab qo'yilgani bo'ldi. Bu borada shubhasiz davlatimiz rahbaridan minnatdor bo'lishimiz kerak. Hududiy associaciyalar moliyasini hal qilmagunimizcha biz hech qachon chekka joylarda sifatli ish olib bora olmas edik. O'FA tomonidan namunaviy 12 kishidan iborat shtat shakllantirildi. Bugungi kunda 14ta associaciyaning 10tasi to'liq moliyalashtirildi. Qolganlari ham tez kunlarda o'z pullariga ega bo'ladilar. Mazkur farmon bizga hududlarni yaxshi mutaxassislar bilan taminlashda zamin yaratdi. Namanganda SHuhrat Mirxoldirshoev, Farg'onada Nosir Otaqo'ziev, Toshkent viloyatida Asqar Jadigerov, Sirdaryoda Rustam Qodirov, Surxondaryoda Sanjar SHomurodov kabi o'z paytida yaxshi saviyada futbol o'ynagan mutaxassislarni rahbar etib tayinladik. 

Yaqinda mutaxassislar kurslarida ularning bari menejerlik faoliyati bo'yicha o'z bilimlarini oshirib boradilar. O'zbek futbolida tajribali va malakali menejerlarga katta ehtiyoj mavjud. Masalan, bugun O'zbekistonda Bahrom Davlatovdek malakali futbol menejerlari etishib chiqmayapti. Aynan shuning uchun futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida asosiy yo'nalishlardan biri etib menejerlarni tayyorlashni belgilab qo'ydik. Biz istardikki, har bir viloyatda kamida 5-6 nafardan mana shunday mutaxassis bo'lsa. 


– Bolalar futboliga qaytib yoshni kichraytirish masalasiga to'xtalsak. Meksika qahramonlaridan hozir hech kim MTJda yo'q?

– Og'riqlik va yillar mobaynida ildiz otib ketgan masalani ko'tardingiz. Aynan shu masalani echish orqali futbolni yana bir qadam oldinga yurgazmoqchimiz. Hozir Respublikamiz bo'yicha o'tkaziladigan har qanday professional ligagacha bo'lgan musobaqalardagi futbolchilarni tekshirib olamiz. BO'SMlardan tortib oliy mahorat maktablarigacha. SHaxsiy klub va o'rinbosarlar ligasigacha. Agar yoshini kichraytirgan o'yinchini topsak, marhamat, kuchi etsa o'z yoshida to'p tepaversin. Bu ishlar avvallari ham bo'lgan, terma jamoani kuchaytirish uchun qilingan ish. Lekin hozir unday emas. Siz aytgan Meksika qahramonlari bugun 26ga "to'lganlar". Ayni futbol o'ynaydigan payti. Sardor Sobirxo'jaevdan boshqa kimni ko'rsata olasiz biron klubning asosiy tarkibida o'ynayotgan? Aslida ularning aksariyati bugun MTJ asosiy tarkibida bo'lishlari kerak edi. Soxta obro' va natijaga erishaman degan ish endi O'FAda bo'lmaydi. SHuning uchun endi O'FA o'smirlar o'rtasidagi natijani kun tartibidan oladi. Mayli, biz hozir o'smirlar o'rtasida jahon chempionatiga chiqmaylik. Lekin, o'smirlar o'rtasida to'g'ri ishlasak, yoshlar va Olimpiya terma jamoalarining natijalari o'zi tabiiy yo'l bilan keladi. Yaponiya va Janubiy Koreya shu ishni to'g'ri yo'lga qo'ya oldi-ku, ular ham biz kabi Osiyo vakili. Biz Adliya vazirligi vakillari bilan birgalikda futbolimizdagi bu kabi salbiy holatlarga qarshi kurashishni davom ettiramiz.


– Eshitishimizcha, Server Jeparov boshqaruvidagi O'zbekiston o'smirlar terma jamoasida ham bunday o'yinchilar topilgan?

– Hozircha 5 nafar yoshi katta futbolchi aniqlandi. Biz hozirdanoq bulardan voz kechdik. 2006 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoamiz o'z yoshida Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri bo'lishiga ishonaman. Bu borada yaxshi gaplarni ham aytib o'tish kerak. Oldinlari terma jamoa "Bunyodkor" va "Paxtakor" klublari negizida tashkil qilayotgan edi. O'rganib chiqqanimizda 2006 yildan keyingi avlod vakillari o'rtasida raqobat juda kuchli ekan. Toshkentning o'zida "Paxtakor", "Bunyodkor" va "Lokomotiv"dan tashqari "Odil Ahmedov FA", "Spartak", Toshkent oliy mahorat maktabi. Vodiydan Namangan va Andijon akademiyalarida yaxshi o'yinchilar ko'p. Qashqadaryoda "Nasaf" akademiyasi yaxshi futbolchilarga ega. Sirdaryo va Jizzaxda ham yaxshi saviyali futbolchilar tarbiya topyapti. Bu terma jamoa toza yoshda ham sifatli o'yin ko'rsatishiga ishonishimiz mumkin. Mana, SHomurodov Surxondaryoning bitta chekkasidan chiqdi-ku? Agar shu ishlarni to'g'ri tashkillashtirib olsak, menimcha Germaniyaga o'xshab o'yinchilarimizga terma jamoa etishmay qoladi. 

Yana bir malumot, biz yagona elektron bazani yaratdik. Hozir u erga PFL klublarining barchasi ro'yxati kiritildi. Endi hududiy associaciyalar bilan hamkorlikda navbatni ikkinchi liga va bolalar futboliga beramiz. Agar bizning qo'limizda yagona baza shakllansa, nafaqat yosh bo'yicha malumotlar, balki qaerda qanday o'yinchilarimiz borligini ham bilib olish imkoniyatiga ega bo'lamiz. O'z navbatida bu tizim turli yoshdagi terma jamoamiz bosh murabbiylari uchun qo'llanma sifatida ishlatiladi.


– Lekin shuncha ish qilinsa-yu, klublar yoshlarga imkoniyat bermasa ham foydasi bo'lmaydi?

– SHuning uchun o'rinbosarlar ligasi uchun 18 yoshli 2 nafar futbolchini tushirishni majburiy qildik. Oston O'runov va Jasur Jaloliddinov misolida ko'rdik, o'ynasa bo'ladi. Oldinlari qarang, qanchadan qancha yoshlar klublarning asosiy tarkibida to'p tepardi. Hozir unday emas. Yoshlar chiqqani bilan asosiy tarkibga qo'ymasak, ertaga ularning ruhi tushib, o'ziga bo'lgan ishonchi yo'qoladi. Nima uchun O'zbekistonni, Osiyoning Serbiyasi yoki Braziliyasiga aylantirmasligimiz kerak? Dunyoda transfer narxlari oshsa oshmoqda-ki, aslo tushmayapti. Birgina Neymar sabab o'rtamiyona futbolchilar narxi 50-60 mln.ga chiqib ketdi. Biz 2-3 mln.lik futbolchilarni tarbiyalay olmaymizmi? Tarbiyalaymiz, faqat klublar qo'rqmasdan yoshlarga imkoniyat bersa. Keyin transfer qilib katta mablag' ishlasin. Bu avvalo davlatimizga valyuta kirib kelishiga olib keladi va futbol rivojiga ham katta hissa qo'shadi. Eng avvalo bundan klublarning o'zi manfaat ko'radi va rivojlanishiga turtki bo'ladi.



– Agar barchasi Siz aytgandek bo'lsa, unda selekciyani kuchaytirish kerak. Lekin na O'FA, na klublar selekciya bilan maqtana olmaydi. Buni tan olishimiz kerak!

– To'g'ri, yo'q deya olmayman. Ammo buning echimi ham PF-5887 farmonda ham ko'rsatib o'tilgan. Endi har bir viloyat associaciyasida selekcioner murabbiy faoliyat olib boradi. Undan tashqari oliy mahorat maktablarida 3 nafardan selekcioner uchun shtat ochildi. Avvallari maktablar o'rtasida maxsus musobaqalar bo'lardi. O'zimiz ham o'ynaganmiz. Maktablar ligasini tomosha qilish uchun BO'SM yoki futbol klublaridan murabbiylar kelib kuzatardi va iqtidorli bolalarni saralab o'z maktablariga joylashardi. 2020 yilning mart oyida ana shu tizimni tiklagan holda maktablar ligasiga start berdik. Unda 7-12 yoshli futbolchilar to'p tepadi. Afsuski, birinchi bosqichda deyarli hech bir BO'SMdan va bazi bir klublardan musobaqalarga selekcioner kelmadi. Mana bizning fojeamiz qaerda? Ishga bo'lgan munosabat tushib ketgan. Hududingda musobaqa bo'lyapti. U erda 500ga yaqin bola ishtirok etyapti, nahotki bir-ikki kun vaqtini ajrata olmaydi. Axir bu sening noning, ertangi kuning-ku, to'g'rimi? SHuning uchun endi har bir mahorat maktablari selekcionerlari va tuman BO'SM murabbiylarini, o'z hududlaridagi maktablar ligasiga masul qilib qo'yamiz va majburiyat yuklaymiz.


– Keyingi Olimpiya terma jamoasining taqdiri qanday bo'ladi?

– Bu 2001 va undan keyingi yilda tug'ilgan futbolchilar o'rtasida shakllanadigan terma jamoa. Biz 2020 yilgi Osiyo chempionati o'yinlarida qatnashgan terma jamoalarni o'rganib chiqdik. Masalan, Avstraliya negizini 1997 yilda tug'ilgan futbolchilar emas, 1998 va 1999 yillarda tavallud topgan futbolchilar tashkil qilgan. Demak, biz oldingi paytlarda bo'lgani kabi Olimpiya yoshi ekan deb faqat 23 yoshga to'lgan futbolchilarga emas, 20-23 yoshgacha bo'lgan avlodga katta etibor qaratishimiz kerak. SHuning uchun 2024 yilgi Olimpiadaga tayyorgarlikni birinchi marotaba 4 yil oldin boshladik. 2001 yillardan tashqari 2002 va 2003 yil terma jamoalarga ham adohida etibor qaratishni boshladik. Balki 2001 yilda yo'q futbolchi, hozir biz ko'rmayotgan 2003 yillar ichida bordir. Bu yangilik bo'ladi va ishonaman, o'z mevasini beradi. SHuning uchun bu yil 2003 yillar terma jamoasiga asos solishni rejalashtirganmiz.


– Nima uchun bizda terma jamoalar o'rtasida bog'liqlik yo'q. Hamma murabbiy o'z bilganicha ishlaydi. Yagona qolip mavjud emas?

–    Ayni paytda 2001, 2004 va 2006 yillar terma jamoalari mavjud. 2002larimiz 2001lar qatorida yurishini hisobga olsak, biz yana 2003, 2005, 2007 va 2008 terma jamolarini ham shakllantirishni reja qilganmiz. SHuning uchun har bir 4 yillik terma jamoani bitta loyiha qilib olyapmiz. 2001 va 2004 murabbiylari o'zaro bahamjihat bo'lishlari kerak, huddi shunday 2005-2008 yillar. Eng muhimi biz bu yoshda natijaga yopishib olishimiz kerakmas, biz uchun asosiy maqsad MTJga yaxshi futbolchilarni etkazib berish. O'zbek futbolining muxlislarga yoqadigan o'z uslubi bor. Bu ishlarni qilishdan maqsad, turli yoshlar terma jamoalarini shu uslubga moslashtirib borish. SHu ishni amalga oshirib olsak, MTJ bosh murbbiyi har bir keladigan yosh futbolchiga boshqatdan MTJ falsafasini tushuntirib o'tirmaydi. 

Bir marotaba adashib JCHga chiqishimiz mumkin, lekin doimiy ravishda ishtirok etish uchun mazkur tizimni yo'lga qo'yib olishimiz zarur. Buning uchun viloyatlarga katta etibor berishimiz shart. Har bir viloyat Toshkentdan kam bo'lmagan o'z birinchiligiga ega bo'lishi kerak, shunda maqsadimizga etishamiz.


– Ikki yil avval muxlislar kuchli terma jamoalarga qarshi o'rtoqlik o'yinlariga o'rganib qolgan edilar. Hozir shu narsa ko'rinmayapti?

– To'g'ri, muxlislarimiz Urugvay, Marokash yoki Senegal kabi terma jamoalarga qarshi doimiy ravishda o'ynashni istaydilar. 2018 yil shunday yil ediki, JCH arafasida mundial ishtirokchilari yaxshi tayyorlanish uchun turli saviyadagi raqiblar bilan o'ynashlari kerak edi. Bu har to'rt yilda kuzatiladigan holat. O'zbekiston bundan foydalanib qoldi. Mening bilishimcha, undan avvalgi JCH yillarida ham terma jamoamizga ko'plab yaxshi jamoalardan takliflar kelgan. Ammo har doim ham murabbiylarimiz rozi bo'lmagan. Bunday imkoniyat bizda yana 2022 yil bo'ladi. Lekin keling, yaxshi niyat qilaylik, biz ham JCH ishtirokchisi sifatida bu o'yinlarda o'ynaylik. Joriy yilga kelsak, pandemiya tufayli hech kim o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazayotgani yo'q. Mana, yaqinda Toshkentda terma jamoamizni 3 sentyabr kuni Tojikiston, ettinchida Eron MTJlariga qarshi qiziqarli o'yinlar kutib turibdi.


– Terma jamoalarning sifatli tayyorgarlik jarayonini qanday yo'lga qo'yamiz?

– Barcha yoshdagi terma jamoalarimiz uchun bazaga ega bo'lish muhim ahamiyat kasb etadi. Hozir biz CHig'atoy bilan cheklanyapmiz, bu etarli emas. Toshkent viloyatining Yangibozor tumanida zamonaviy loyihaga qo'l urganmiz. Nasib, futbolni rivojlantirish hukumat darajasiga chiqqanidan to'g'ri foydalanib, terma jamoalar uchun Evropa saviyasidagi bazaga ega bo'lamiz. O'zini hurmat qiladigan har qanday associaciyaning shaxsiy bazasi bo'lishi kerak. 

Bundan tashqari endi futbolga ilmiy yondashadigan payt keldi. Bu borada zamonaviy texnologiyalar o'rni katta. Texnologiyasiz jahon futboli o'z rivojlanishini tasavvur qila olmaydi. Agar bizda kerakli zamonaviy sport texnologiyalari bo'lmasa, bosh murabbiy, futbolchining fiziologik holatini, mashg'ulotdagi yuklamalar paytidagi holatini qaerdan biladi? Agar futbolchining yuragida toliqish alomati bo'lsa, o'z-o'zidan tiklanish muddati cho'zilib ketadi va shu jarayonni ushbu uskuna aniq ko'rsatib beradi. Tabiiyki murabbiyda bunday malumot bo'lganidan keyin futbolchiga dam beradi va futbolchi tiklanish mashg'ulotlari bilan band bo'ladi. Evropaga ancha yillar avval kirib kelgan “Polar” va “Katapult” tizimlari orqali u erda futbolning rivojlanishiga ilmiy yondasha boshlandi va ular zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanib oldinga katta qadam tashlashdi. Biz ham ilk marotaba shu tizimni olib keldik va turli yoshdagi terma jamoalarimizda qo'llay boshladik.



– Bugungi asosiy tanqid O'FAda mutaxassislarning etishmasligi borasida bo'lyapti.

– Men bu fikrga to'liq qo'shilmagan bo'lardim, hozir O'FAda o'zi futboldan chiqqan futbolni tushunadigan, ishlashga ishtiyoqi baland yosh mutaxassislar ish boshlaganlar, faqat ularga tajriba to'plashi uchun ozgina vaqt kerak. Futbol shunaqa o'yinki, 100 xil odamdan, 100 xil fikr chiqishi mumkin. Hammani fikrini hurmat qilgan holda, hozir shakllantirayotgan jamoamizga ishonaman. Bu jamoa o'z vazifalarini sidqidildan halol bajaryapti. Ular ham hammangiz kabi terma jamoamizni JCHda ko'rish yo'lida harakat qilyaptilar. Yana bir bor qaytarib o'taman, bu yosh jamoamiz hali Sizlarni xursand qiladi.

Ancha yillar O'FAda ishlagan mutaxassislarimizning aksari chet elda bo'lsa, yana ayrimlari klublarda faoliyat olib borishni maqul ko'ryaptilar. Hozir mutaxassislar maktabini ochdik, endi bor etiborni nafaqat futbolchilar, balki mutaxassislarni ham tayyorlashga qaratamiz. Bu haqda yuqorida batafsil aytib o'tdim. 2021 yilda Evropadan hududiy federaciyalar ishini to'g'ri yo'lga qo'yish bo'yicha boshqaruvchi olib kelishni ham o'ylab turibmiz. SHu kungacha O'FAga biz bilan suhbatlashishni istab kelgan xar bir mutaxassis fikrini eshitdik. Bizga yaxshi takliflar bilan murojaat qilishsa, albatta o'rganib chiqamiz. Amaliyotga tadbiq etamiz. Quvonarlisi bugungi kunda muxlislar orasidan ham foydali fikr va takliflar chiqyapti. 


– Aziz Haydarov bugun terma jamoalar bo'limida faoliyat boshlagan, bu qanday tanlov edi?

– U o'smirlar terma jamoasidan tortib, yoshlar, OTJ va MTJgacha o'ynagan futbolchi. Har bir terma jamoani o'ziga yarasha yutuq va kamchiliklarini biladi. Terma jamoada ham yillar mobaynida faoliyat olib bordi. Uzoq yillar xorijda to'p tepdi. Ko'p yosh futbolchilar unga xavas bilan qarashadi va hurmat qilishadi, shuning uchun biz Azizga imkoniyat berdik. Ishonamizki, terma jamoalar bo'limi o'z oldiga qo'yilgan vazifalarni to'liq va sifatli bajaradi.


– Bu yil 4ta suniy maydon qurib berildi. Respublikaning barcha hududlariga shunday sharoit yaratib bersa bo'ladimi?

– 2020 yil yakunlariga ko'ra Nukus, Buxoro, Namangan va Toshkent shahrida bittadan standart suniy maydon qurib berildi. Yana 10ta hududimiz qoldi. Kelayotgan 3 yil ichida qolgan viloyatlarni standart suniy maydonlar bilan taminlashni rejalashtirganmiz.


– Nima ish qilinsa, futbol rivojlandi deb aytishimiz mumkin?

– Qachonki, Evropa klublari to'g'ridan-to'g'ri o'zbek futbol klubilaridan kamida 3-4 mln. AQSH dollariga futbolchi harid qilsa, qachonki JCHga doimiy chiqsak. Qachon Superliga klublarining ichida 2-3 nafar 18-21 yoshli futbolchilar asosiy tarkibda o'ynasalar. CHempionlik uchun 5-6ta jamoa raqobat olib borsa. Superliga va PRO Liga jamoalari o'rtasidagi tafovvut katta bo'lmasa. Bolalar futbolida o'rnatilayotgan tizim natija bersa, mana shu rivojlanish bo'lsa kerak.


– Futbolning asosiy bo'g'iniga aylanib borayotgan marketing tizimi bo'yicha nima ishlar qilindi?

– “Lagarde Sport” kompaniyasiga O'FAning barcha televizion huquqlarini 2025 yilgacha berib yuborilgan bo'lgan. Huquqshunoslarimiz yordamida bu ishni o'rganib televizion huquqlarni yana O'FAga qaytarib oldik. Endi futbol uchrashuvlarining TV va internatdagi translyaciyalaridan daromad olish imkoniga egamiz. Undan tashqari O'FA va PFL tomonidan ham marketing yo'lida bir qancha ishlar qilinyapti. Deyarli har bir musobaqamizga titul homiylar qiziqishni boshladilar. “Sport TV” bilan hamkorlikda keng ko'lamdagi ishlar yo'lga qo'yilyapti. Agar futbolimiz va milliy chempionatimiz sifatini oshirsak, unda yirik televizion kompaniyalar o'zbek futboliga qiziqish bildiradilar va bu o'z navbatida futbolimizga katta daromad olib keladi. 


– 2030 yilga kelib klublar xususiylashtirilishi kerak. Bu qo'limizdan keladigan vazifami? Xususiylashtirish jarayoni qanday kechadi?

– Albatta, klublarni shaxsiy investorlarga sotish uchun avvalambor klublarning jozibadorligini oshirishimiz kerak. Yani, har bitta klub zamonaviy professional klub tizimida nimaga ega bo'lishi kerak bo'lsa, shu narsaga ega bo'lishi kerak. Bu - klubning o'z stadioni, zamonaviy o'quv-mashg'ulot bazasi, bolalar futbol akademiyasi, shakllangan tizimi va yaxshi saviyadagi mutaxassislari. 

Bu yo'nalishda ishni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O'FA va PFL mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruhini tuzib olish bilan boshladik. Ishchi guruh Davlat aktivlari bo'lgan klublarni bugungi kundagi faoliyati, umumiy holati, infrastrukturasini o'rganishni boshladi va xatlov o'tkazdi. O'rganib chiqilgan natijalar shuni ko'rsatdiki, aksar jamoalar bugungi kun bilan yashashi, ertangi kun loyihalarni amalga oshirmay, yil o'tsin qabilida ishlangani ko'rinib qoldi va shaxsiy investorlarni qiziqtira olmaydigan holatda ekanligi aniqlandi. SHundan kelib chiqib, har bir klubga o'z holatidan kelib chiqqan holda individual yondashib uch yil ichida professional klub tizimida bo'lishi kerak bo'lgan, loyihalarani amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab olindi.

Klublarimizning jozibadorligini oshirish orqaligina xususiy investorlarni jalb qilish mumkin. Bu ish klublarga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag' asosida amalga oshiriladi. 2021 yilgi mavsumdan Superliga klublari yagona moliya tizimi asosida o'z mablag'lariga ega bo'ladilar va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda O'FA bajaralishi kerak bo'lgan ishlar ustidan nazorat olib boradi. Bunday vaziyatda “Nasaf”, “Mashal”, “SHo'rtan” va “Bunyodkor” jamoalarida keyingi yilda katta ustunlik bor, sababi bu klublarning infrastrukturasi boshqa klublarga qaraganda ancha rivojlangan. “Paxtakor”, “Qo'qon-1912” va “Andijon” klublari xususiy maqomga ega.  


– Og'riqli savol! Nima uchun aksar o'yinlardagi hakamlar Toshkentdan?

– Og'riqli emas, kerakli savol bo'ldi, rahmat! 90-yillarda har bir viloyatning o'z 2-ligasi bo'lardi va u shunchaki o'tmasdi. Oz bo'lsa-da, bolalar o'rtasida ligalar bo'lardi. Respublika musobaqalari ko'pincha viloyatlarda o'tardi. Bu mahalliy hakamlarning o'sishiga sabab bo'lgan. Hakam ham yosh futbolchi kabi mahalliy ligalarda elakdan o'tadi va tajriba orttiradi. Biz ham faoliyatimizni birdaniga oliy ligada boshlamaganmiz. Birinchi o'yinlarimni bolalar ligasida o'tkazganman. Sekin-sekin 2-ligaga, u erda 1-liga. SHunday qilib oliy ligaga chiqib borganman. Oliy ligagacha bo'lgan ligalarda asosan mahalliy hakamlar ishlaydi. Agar Xorazmda yaxshi 2-liga bo'lmasa, Buxoroda bolalar ligasi bo'lmasa, yosh hakam qaerda toblanadi? Oxirgi yillarda shunday bo'ldiki, hakamlikka chin dildan qiziqqan bolalar Toshkentga ko'chib kela boshlashdi, chunki bu erda nima ko'p, musobaqa ko'p. Biz hududlarda hakamlarni ko'paytirishimiz uchun hududdagi futbol musobaqalarini tiklab olishimiz kerak. Bu yilgi statistikaga qarasangiz, viloyatdan juda ko'p yosh hakamlarni o'qitib, sekinlik bilan bo'lsa-da ularga imkoniyat yarata boshladik. Biz o'ylagan tizim ish bersa, yaqin 2-3 yil ichida viloyatlik hakamlar ko'payadi. Hozir Toshkent shahar futbol Associaciyasi bilan hamkorlikda viloyatlik hakamlarni ham Toshkent shahar chempionatlariga tayinlash bo'yicha kelishib oldik. Endi istagan viloyat vakili Toshkent shahrida faoliyat olib borishi mumkin. 

Birinchi marotaba FIFA qonun-qoidalari o'zbek tiliga o'girildi. Bunga sabab aksariyat yoshlarimiz bugungi kunda avvalgi rus tilidagi qo'llanmalarni yaxshi tushunmay, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o'ta olmay qolishdi. SHuning uchun mutaxassislardan tashkil topgan ishchi guruh tuzib, futbol qonun qoidalarini o'zbek tiliga o'girib foydalanishga topshirdik. Undan tashqari men 25-30 yosh oralig'idagi futbolchilarimizni professional faoliyatlari ko'ngildagidek kechmayotgan bo'lsa, hakamlikka o'tishlarini tavsiya qilardim. Bu o'z navbatida ularning futboldagi ikkinchi hayotlarini boshlashiga sabab bo'lardi. Aslida mahoratli hakamni tayyorlash uchun 6-7 yil vaqt kerak bo'ladi, professional futbolchi misolida, futbolni yaxshi tushunishi va uning jismoniy holatini yaxshiligidan kelib chiqib,  bu ishni 2-3 yilda amalga oshirsa bo'ladi.


– VAR tizimini qachon ko'ramiz?

–VAR bugungi kunda jahonda zamonaviy futbol talabiga aylanib ulgurdi. Hakamlar ham inson, ular ham adashishi mumkin. VAR esa hakamlar uchun katta yordamchi bo'la oladi, maydonda ko'ra olmagan vaziyatni  ikkinchi marotaba monitordan ko'rib, yakunda to'g'ri va adolatli qaror chiqarish imkoniyatini yaratadi. Agar O'zbekiston FIFA va OFK tasnifidagi katta musobaqalarga mezbonlik qilishni istasa, albatta VAR tizimini olib kirishimiz kerak. Bu borada keng ko'lamdagi ishlar boshlab yuborilgan. 2021 yilning markaziy o'yinlarida VAR tizimidan foydalanish ustida ishlayapmiz. Lekin birgina texnikani sotib olish bilan tizimni ishga tushirib yuborib bo'lmaydi. Maxsus 9 oy davom etadigan kursda qatnashib, tegishli ruxsatnomani qo'lga kiritish kerak. Hozir mana shu bosqichdan o'tyapmiz. 


– Muxlislarni qiziqtirayotgan savol Osiyo Kubogi – 2027 bo'yicha imkoniyatimiz qanday?

– Bu borada imkoniyatimiz bor deb hisoblayman. SHahsan futbolimiz rahbari ham bu loyihani amalga oshirishda bizni qo'llab-quvvatlayaptilar. SHuning uchun ham yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionatini yaxshi saviyada o'tkazishimiz kerak. Agar musobaqa mezboniga aylanadigan bo'lsak, o'zbek futboli bir qadam oldinga tashlagan bo'lardi. Futbol va boshqa infrastrukturalarni rivojlantirib olamiz. O'zbekiston haqida butun dunyo biladi. O'zbek futbol muxlislariga katta futbol bayrami bo'ladi. Turizm sohasida ham katta foyda bo'ladi. Janubiy Koreya va Yaponiyaning bugungi muvaffaqiyatida JCH-2002 katta rol o'ynagan. Ular bu narsaga 90-yillardan tayyorgarlik ko'ra boshladilar. Tabiiyki o'z maydoningda bo'lib o'tadigan musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko'riladi. 



– Yaqinda, FIFA va OFK rahbariyati bilan onlayn muloqot bo'lib o'tdi. Qanday masalalar ko'tarildi?

–  Abdusalom Abdumavlonovich bilan FIFA Prezidenti Janni Infantino va OFK rahbari SHayx Salmon o'rtasida foydali va konstruktiv muloqot bo'lib o'tdi. Bizni xursand qilgani, Infantino janoblari pandemiyadan keyin O'zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanligini aytib o'tgani bo'ldi. Ikki rahbar ham O'zbekistondagi tizimli qarorning chiqqani va bu erda bolalar futboliga etibor qaratila boshlanganidan xursandligini takidlab o'tdi. Suhbat chog'ida FIFA va OFKga O'zbekiston milliy terma jamoasi uchun zamonaviy baza loyihalashtirganligi malum qilindi. Yuqori turuvchi bu ikki tashkilot bazaning yanada zamonaviy qurilishida o'z ko'maklarini berishlarini takidlab o'tdilar. Undan tashqari pandemiya davrida qilingan ishlar bo'yicha hisobot berildi. FIFA prezidenti milliy associaciyalarga 1,5 mln. AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam ko'rsatishini takidlab o'tdi. FIFA va OFK tomonidan ajratiladigan har qanday mablag' aniq bir maqsadda yo'naltiriladi. 


– Nihoyat Siz bilan uzoq kutgan intervyu amalga oshganidan xursandmiz, kelajakdagi ishlaringizga omad tilaymiz!

– Sizlarga ham rahmat, aslida muloqotdan qochmayman. Har bir inson uchun ochiqman. Lekin qilinayotgan ishlarimizni har kuni chiqib aytib borish, o'zimga maqtanayotgandek tuyuladi. Kamtarlik va samimiylik xususiyatini yo'qotmagan insonlarni hurmat qilaman. O'zimdan ham shu narsani talab qilaman. Bu qoidaga hakamlik faoliyatim davomida ham amal qilganman. Hayotim mashg'ulot bilan o'tgan, gap bilan emas. Mehnat bilan muvaffaqiyat qozonish sirini bilaman. Bu qoidaga hakamlik faoliyatim davomida ham amal qilganman. O'zim mehnat qilishga o'rganganman, ko'p gapirishdan ko'ra ko'p ishlashni afzal bilaman. Men istardimki, bizning gapimiz bu amalda bajarayotgan vazifalarimiz bo'lishi kerak. So'nggi so'z o'rnida barchangizga sihat va salomatlik tilayman. 


Suhbatni amalga oshirishda yaqindan yordam bergani uchun O'FA matbuot xizmatiga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.


Reyting: -8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика