Rashid G'ofurov: “Yo'qotishlar o'rnini munosib ravishda to'ldirmoqchimiz”
09 jan 2016 16:20
Yangiliklar
Rashid G'ofurov: “Yo'qotishlar o'rnini munosib ravishda to'ldirmoqchimiz”
- Rashid aka, bungacha sizni “Bunyodkor” jamoasida faoliyat yuritib kelayotganingizni bilardik. Aytishlaricha ayollar jamoasida ishlayotgandingiz ekan. SHu rostmi?
- Bunga biroz aniqlik kiritib o'tishni istardim. Yani men ayollar jamoasida rasmiyatchilik uchungina murabbiy edim. CHunki amalda ishlayotgan murabbiyning tegishli licenziyasi yo'q edi. Menda esa “A” licenziyasi mavjudligi bois, ularga ham qarashib turardim. Aslida “Bunyodkor”da men selekciya ishlari bo'yicha shug'ullanib keldim. Akademiya jamoasiga va yoshlar klubiga munosib bo'lgan futbolchilarni topish asosiy vazifamga kirardi.
- Aksariyat futbolchilar butsalarini mixga ilgach, murabbiylikni bolalar futbolidan boshlaydi. Ayrimlari esa to'g'ridan-to'g'ri birinchi liga yoki elita klublarida faoliyat yuritib ketadi. Siz bilan birinchi xolatni ko'rish mumkin. Aytingchi bolalar futbolida ishlab, murabbiylikda nimalarni o'zingizga kashf etdingiz?
- Murabbiylikni bosqichma-bosqich bosib o'tishga qaror qilib, ilk bor o'zimni bolalar futboliga bahshida qildim. Maktabda ham o'qishni eng avvalo alifbedan boshlanadiku. Men ham shunday qildim. Futbolchilikni yakunlagach, “Bunyodkor”ning o'zida qolib ishlash taklifi tushdi. Akademiyada turli yoshdagi guruhlarni shug'ullantirdim. Bugungi kunda mamlakatimizning taniqli murabbiylari bo'lgan Rauf Inileev va Viktor Jalilov ham eng avvalo bu sohada dastlab bolalar futbolidan qadam tashlaganini aytish lozim. Albatta bolalar futboli bilan professional futbol o'rtasidagi farq sezilarli. Endilikda men uchun murabbiy sifatida haqiqiy sinovlar boshlanmoqda deyish mumkin.
- “Navbahor”ga kelishingiz qay tariqa amalga oshdi?
- Bilasizmi o'zim namanganlik bo'lganim uchun ham “Navbahor”ga bosh murabbiy sifatida kelishim bu yil emas, bir necha yil oldin gap-so'z bo'lgandi. Ammo bu narsa joriy yilga kelib amalga oshdi. Nasib ekan, endilikda qadrdon jamoamni murabbiy sifatida boshqaradigan bo'ldim. Albatta klub mutasaddilarining taklifi va ularning ishonchi menga kuch bag'ishladi. SHu bois ikkilanib o'tirmasdan taklifni qabul qildim.
- Har qanday murabbiy uchun debyut mavsumning boshlanishi katta hayajon ostida kechadi. Sizda ham qandaydir havotir bo'layotgan ersa kerak?
- “Navbahor” boshqaruvini qo'lga olganimdan so'ng har kim turlicha fikr bildirmoqda. Kimdir qiyin bo'lishini aytsa, yana ayrimlar ishlab ketishimga ishonch bildirmoqda. Bilaman vodiy klublarida ishlash oson emas. Bosim kuchli bo'ladi, har tomonlama. Ayniqsa “Navbahor”da. Buni sizga futbolchilik faoliyatimdan kelib chiqib aytyapman. Lekin qachonlardir murabbiy sifatida ham ish boshlashim kerak-ku. 40 yoshga qarab ketyapmiz. Qachongacha tajribam etmaydi deb ikkilanamiz. Bu ham bir omad deb bilaman. Kimdadir “Pro” licenziyasi bor lekin unga ish yo'q. Umid qilamanki murabbiy sifatida ham bor bilim mahoratimni ishga solib, rahbariyatning ishonchini oqlashga xarakat qilaman.
- Bolalar futbolidan katta futbolga o'tgach, qiyinchiliklarga duch kelmayapsizmi?
- Menimcha har qanday ishning boshlanishi qiyin kechadi. Boz ustiga bolalar futbolidan professional futbolga o'tdim. O'yinchilar bilan turlicha gaplashish lozim bo'ladi.
- Lekin bu borada sizda etarlicha tajriba bor. Sababi ilgari o'zingiz ham futbol o'ynaganingiz bugungi kunda qo'l kelishi turgan gap. Fikrimizga qo'shilsangiz kerak?
- Albatta. “Navbahor”da o'ynab yurgan paytlarimda o'rinbosarlar tarkibida xarakat qilgan yigitlarning ko'pchiligi bugungi kunda asosiy tarkib azolari sanalishadi. Ularning ko'pchiligini yaxshi taniyman. SHu bois bu borada ortiqcha muammoga duch kelinmayapti.
- Klubda ishni eng avvalo nimadan boshladingiz?
- Birinchi etibor bergan jihatimiz mahalliy futbolchilarni qanday bo'lmasin jamoada ushlab qolish bo'ldi. Bu bilan asosiy tarkib o'zagini saqlab qolgan bo'lamiz degan to'xtamga keldik. O'ylaymanki bunga erishmoqdamiz.
- Tayyorgarlik rejasi aniq bo'lsa kerak?
- 14 yanvarga qadar Namanganda bo'lamiz. So'ngra yig'inimiz Toshkentga ko'chadi. Poytaxtda “Bunyodkor” stadioniga yaqin joyda qadar ko'targan mehmonxonada istiqomat qilib, mashg'ulotlarni “Bunyodkor” akademiyasining mashg'ulot maydonida o'tkazishni rejalashtirganmiz. 29 yanvar kuni yana Namanganga qaytib kelamiz va Farg'onada o'tkaziladigan hokim kubogi turnirida ishtirok etamiz. So'ngra yana poytaxtda shug'ullaniladi.
- Hokim kubogida asosiy tarkib bilan ishtirok etasizlarmi?
- Ha, asosiy tarkib bilan borishni o'ylab turibmiz. Menimcha bu o'zimiz uchun ham foydali bo'ladi. Keyin PFL Kubogida ham ishtirok etishni ko'zlagandik. Ammo Farg'onadagi turnirdan so'ng zudlik bilan PFL kubogi turniriga ulgurish kerak bo'ladi. SHu bois bu hozircha o'ylantirib turibdi.
- Yangi mavsumga tayyorgarlik xorijda ham o'tkaziladimi?
- CHetga chiqishni ham o'ylab turibmiz. Lekin bu hozircha rasman aniq bo'lib ulgurmadi. Fevralda BAAga borib kelishimiz ham mumkin.
- O'tgan yilgi tarkibning etakchilari klubni tark etmoqda. Bu sizni tashvishga solmayaptimi?
- Yo'q, unchalik emas. Boshqa viloyatlik bo'lgan o'yinchilarni majburlab olib qolishni istamadik. Agarda ularning o'zlarida ishtiyoq bo'lganida boshqa gap edi. Maqsadimiz ko'proq namanganlik futbolchilarni olib qolish. O'ylaymanki yo'qotishlar o'rnini munosib ravishda to'ldirmoqchimiz. Birgina yo'qotish deb namanganlik Azim Ahmedovning “Paxtakor”ga o'tib ketganini aytish mumkin.
- Ko'proq qaysi poziciyalarni kuchaytirish haqida o'ylamoqdasiz?
- Har bir chiziqda raqobat bo'lgani zarar qilmaydi. Ko'z ostimizga olib qo'ygan futbolchilar bor. Ular 15 yanvardan Toshkentda boshlanadigan yig'inimizda safimizga kelib qo'shiladi.
- Sir bo'lmasa aynan qaysi futbolchilarni kelishi kutilmoqda?
- “Bunyodkor”dan Xayrulla Karimov keladi. Bilasiz u bilan ilgari “Navbahor” va “Mashal”da birga o'ynaganman. Bosh murabbiylikka kelganimdan so'ng do'stim menga yaqindan yordam berishini istadi. Bundan xursand bo'ldim faqat. Karimovdek himoyachi bizga juda kerak. O'ylaymanki uning yordami katta bo'ladi. SHuningdek “Neftchi”dagi yana bir namanganlik himoyachi Jahongir Mehmonov bilan ham muzokara o'tkazdik. Ayni damda farg'onaliklar yig'inida bo'lib turgan Ilhom Boydadaevni ham ortga qaytarmoqchimiz. U bilan gaplashdik. Yaqin orada bu futbolchilar bizga aniq javob aytadi. Ulardan tashqari yana bir nechta o'yinchilar bilan muzokara olib borilmoqda. Agarda o'zimiz istagan yigitlarni jamoaga olib kelsak, hammasi yaxshi bo'ladi. SHu bois qanchalik yo'qotish bo'lmasin, bu tomondan biroz hotirjamman.
- Legionerlar xizmatidan ham foydalansizmi?
- Albatta. Uchta xorijlik futbolchining kelishi kutilmoqda. Ularning bittasi ishqibozlarimizga yaxshi malum. Faqat meni hozir to'g'ri tushuning hozircha ularning nomlarini oshkor etmoqchi emasman. Oldin ihtiyorimizga kelsin, so'ngra aytsam bo'ladi.
- Yuqorida aytib o'tgan futbolchilaringiz va legionerlarni jamoaga olib kelish uchun yaxshigina moliya kerak bo'ladi. Rahbariyat sizni bu tomondan qo'llab-quvvatlashiga qanchalik ishonyapsiz?
- Bu gaplarni sizga shunchaki aytib qo'yayotganim yo'q. Oldin rahbarlar bilan bu haqda gaplashdik. Ular yordam berishini takidladi. SHuning uchun ishonch bilan aytdim. Viloyatimiz hokimi futbolga juda qiziqadi. SHaxsan o'zlari jamoaga har jihatdan katta ko'mak bermoqda.
- Klubdagi sharoitlar sizni qoniqtiryaptimi?
- Yomon emas. 2-3 yildan buyon bitkazilmay kelayotgan qarorgohimiz viloyatimiz hokimining qaroriga binoan zudlik bilan bitkazilmoqda. SHu kunlarda jihozlanib, foydalanishga tayyor qilinadi. Toshkentda yig'in o'tkazib qaytganimizdan so'ng ushbu bazamizda istiqomat qilamiz. Avtobus masalasi ham ko'rib chiqilgan. Joriy mavsum yangi zamonaviy avtobus ham harid qilinadigan bo'lmoqda. Bugun (suhbat 8 yanvar kuni bo'lib o'tgan) Toshkentdan yangi to'plar olib kelindi. Demak, ijobiy tomonga o'zgarish bor.
- Murabbiylar shtabi tasdiqlandimi?
- Yo'q, hozircha bu borada aniq to'xtamga kelinmadi.
- Amet Memetning “Navbahor”ga qaytishi kutilayotgan edi. Bu masala nima bo'ldi?
- Darhaqiqat, Amet Abdullaevichga taklif bilan chiqqanimiz rost. Lekin bilasizmi Memet ayni damda uyiga ketgan. Qrimda uning otasi bor. Otasining sog'ligi yaxshi emasligi bois, biroz ushlanib qoldi. SHu bois u bilan hamkorlik qilmaydigan bo'ldik. Agarda u kishini kelishini kutadigan bo'lsak vaqtdan yutqazib qo'yishimizni tushunib etdik. SHuning uchun boshqa mutaxassis bilan aloqaga chiqdik.
- Qiziq, bu kim bo'lishi mumkin?
- Mikola SHevchenko. Yaqinda bu mutaxassis “Metallurg” bilan xayrlashgandi. Uni jamoaga jismoniy tayyorgarlik bo'yicha taklif etdik. Lekin jamoaga kelmadi hali. Oldin kelsin, bafurja gaplashaylik.
- SHuningdek sizga SHuhrat Mirxoldirshaevning yordam berayotganini ko'rmoqdamiz?
- Ha, SHuhratni o'zim chaqirdim. Mirxoldirshaevdek talantli hujumchilar bugungi kunda juda kam. Unda golni oldindan his qilish qobilyati yuqori bo'lgan. Bejizga to'purar sifatida tanilmagan. Uning bugungi kunda yosh hujumchilarimizga tajribasi juda kerakligini bilib, murabbiy sifatida taklif etdik. Bu bilan o'zimizning mahalliy murabbiylar shtabini tashkil etishga etibor qaratdik. “Nasaf” misolida olib qaraydigan bo'lsak, Ro'ziqul Berdiev ham ilgari o'zi bilan birga o'ynaganlarni bugungi kunda yordamchi etib tayinlagan. Yordamchilarni tanlashda ham adashmaslik juda muhim. CHunki fikrlaringiz bir joydan chiqmasa ishda unum bo'lmaydi.
- Bundan tashqari Mustafo Bayramov bilan SHerzod Jo'raevni ham ko'rish mumkin. Ular bu yil ham yoshlar jamoasini boshqaradimi?
- Yuqorida aytib o'tganimdek, murabbiylar shtabini hali beri tasdiqlab olganimiz yo'q. Bugungi kunda yoshlar jamoamiz bilan yig'inni Durbek Umaraliev o'tkazmoqda. Bayramov bilan Jo'raev bungacha ham jamoada faoliyat yuritib kelishayotgandi. Ularning kelgusi taqdiri haqida bir narsa deyish qiyin. Hammasini vaqt ko'rsatadi.
- Darvozabonlar bilan ishlovchi murabbiyni ham o'zingiz taklif etsangiz kerak?
- Bu masala bizni hozir ko'p ham o'ylantirmayapti. Oldin asosiy murabbiylarni aniqlab olaylik. Keyin darvozabonlar murabbiyini topish muammo bo'lmaydi.
- Murabbiylar shtabida yana qanday o'zgarishlar bo'lishi mumkin?
- SHifokor, massajchi va mamurlarni nazarda tutayotgan bo'lsangiz, ularning o'rniga ham ishlashni istayotganlar talaygina topiladi. Lekin men birdaniga o'zgarishlarga qo'l urmoqchi emasman. Hozir sizga ularni ham yangilaymiz deb, ularda havotir solish ham noto'g'ri. Hammasi ish jarayonida bilinadi.
- SHu kungacha tarkibga yangi kelib qo'shilgan futbolchilarning qaysilari bilan shartnoma imzolandi?
- Hozircha hech qaysi o'yinchi bilan bitim tuzmadik. Kimlarning qolishi borasida ham aniq bir to'xtamga kelinmadi. Bugungi kunda yig'inimizda ko'plab yoshlar ishtirok etmoqda. Ularning qolish-qolmasligi avvalo o'zlariga bog'liq.
- Murabbiylik falsafangiz qanday?
- Eng avvalo jamoada tartib intizom bo'lishini istayman. Oiladami yoki birorta korxona bo'ladimi, birinchi o'rinda tartib bo'lmog'i lozim. Aks xolda maqsadga erishib bo'lmaydi. Men ham “Navbahor”da tartibli jamoa shakllantirishni rejalashtirganman. Yulduz darajasidagi o'yinchi bo'lsin, intizomga amal qilmasa, jiddiy chora ko'ramiz. SHuningdek hujumkor futbol tarafdoriman.
- Ochig'ini aytganda, bugungi kunda futbolimizda tanish-bilishchilik avjiga chiqdi. Bu ayniqsa vodiy klublarida juda ko'p yuz bermoqda. Sizning “Navbahor”da mahalliy murabbiy ekanligingizni inobatga olib aytadigan bo'lsak, tabiiyki tanishlaringizdan iltimoslar yoki yuqoridan qo'ng'iroqlar bo'lishi extimoli katta. SHunday xollarda vaziyatdan qanday chiqib ketmoqchisiz?
- Klub boshqaruviga kelishimdan oldin viloyatimiz hokimi bilan suhbatlashganimda, ushbu masalani ham ochiq aytgandim. Murabbiy sifatida tanish-bilishchilik qilish menga to'g'ri kelmasligini bildirganimda, fikrimni qo'llab-quvvatladi va shu kabi xolat yuz bersa bemalol u kishini nomidan rad etishimni bildirdi. Futbolimizdagi illatlardan biri ham shudir aslida. SHaxsan men bunga yo'l qo'ymayman. Haqiqatdan ham munosibligini isbotlasin marhamat jamoada olib qolamiz. Lekin majburiy ravishda yurishiga qarshiman. Futbolni xalqni oldida o'ynaydi. Ishqibozlarni aldab bo'lmaydi. Bu zavod korxona emas, birorta o'ziga yarasha ish topib beramiz degani. Lekin eshigimiz har qanday futbolchi uchun doimo ochiq. Ishonaman Namanganda iqtidorli yigitlar ko'p. Ularni yuzaga chiqarish uchun endilikda astoydil ishlash niyatidamiz.
- Ukangiz Mirzohid G'ofurovni ham olib kelasizmi? Ishqibozlar orasida shunaqa gap-so'zlar yuribdi?
- Ha, o'zimga ham muxlislar Mirzohidni qaytarishimni so'rab murojaat qilyapti. Rahbariyat ham buni istamoqda. Lekin men bunga jiddiy qaramadim. Agarda ukam “Navbahor”ga kelsa ishonamanki bemalol o'ynab ketadi va jamoaga yorami tegishiga shubham yo'q. Lekin kimlardir Rashid tezda ukasini ham olib kelibdi deb, ortiqcha gap-so'z qilishini istamadim. Oldin jamoa o'zagini tashkil etib olaylik. Keyin bu haqda o'ylab ko'ramiz.
- Yoshlar jamoasiga ham etibor qaratasizmi yoki birinchi yil asosiy tarkibni nazorat qilasizmi?
- Yo'q. Niyatim yoshlar jamoamizga ham sharoitlarni yaratib, ularga keng imkoniyat berishdir. Klub rahbariyati bilan uchrashganimda aytdimki, asosiy tarkib azolari bilan bir qatorda yoshlarni ham bir xil qilib, sport kiyimlari bilan taminlaymiz. Negaki “Navbahor”ning ertangi kuni bo'lmish yoshlar stadionga kirib kelayotganida, faxr va qandaydir ishonch bilan kirsin. Yoshlar jamoamiz ham huddi asosiy kabi bitta dastur bo'yicha ish olib boradi. Ularni ham emoq va yotoq bilan taminlashni o'ylab turibmiz. Asta-sekin hammasi iziga tushib borishiga umid qilaman. Zero yoshlarimiz – kelajagimizdir.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi.
Fikrlar