So’nggi yangiliklar

02:40УЕФА Суперкубоги. "Реал Мадрид" - "Аталанта" 2:0, Беллингемдан заргарона ассист Мбаппедан гол  0 01:50"Реал Мадрид" – Европа Суперкубоги соҳиби! Мбаппе илк ўйинидаёқ гол урди ва соврин ютди  24 01:15Саудия Суперкубоги. "Ал Тавун" - "Ал Насср" 0:2, Роналдудан ажойиб узатмалар ва гол  0 00:30"Манчестер Юнайтед" Бруну Фернандеш билан шартномани узайтирди  0 23:46"Ал Насср" Саудия Арабистони Суперкубоги финалига йўл олди. Роналду янги мавсумдаги илк голини урди  1 23:30Карло Анчелотти: "Ёзги таътилим расво бўлди"  2 23:10УЕФА Суперкубоги. "Реал Мадрид" – "Аталанта". Бошланғич таркиблар аниқ!  20 22:40ПСЖ деярли 60 млн евролик трансферни амалга оширмоқда  1 22:08Анвар Бердиев: "Ютишимиз ҳам, ютқазишимиз ҳам мумкин эди"  3 21:52Ҳаким Фузайлов: "Бугун икки очко йўқотдик"  1 21:30Сильванус Нимели расман янги клубга ўтди  0 21:10"Футбол олами". "Насаф" "Пахтакор"ни ОКМК "Навбаҳор"ни мағлуб этди — Суперлиганинг 15-тури ҳақида барчаси  1 20:59Про-лига. "Хоразм" - "Шўртан" учрашувида ғолиб аниқланмади  1 20:4235 ёшли хавбек "Барса"га ўтиши мумкин?!  7 20:10"Рома" Шомуродовнинг рақобатчисини бошқа клубга юбормоқда  7

PFL matbuot xizmatlariga xayfsan elon qildi, komissarlarga-chi? Yangiliklar

PFL matbuot xizmatlariga xayfsan elon qildi, komissarlarga-chi?

PFL qoshida komissarlik tizimi ish boshlanganiga mana bu mavsum 3 yil bo'ldi.

Keling, OCHL komissari nima ish qilishi haqida qisqacha yozib o'tamiz.

- Uchrashuvga 2 kun avval tashrif buyurib, stadionni obdon tekshirish;

- O'yinning professional holatda o'tishini taminlash;

- OAV va klub o'rtasida barcha media tadbirlarni tashkil etish. O'yinoldi va o'yindan keyingi matbuot anjumani, mikst zonada futbolchilarning qoidaga rioya qilib o'tishi, futbolchilar maydonga chiqib kelganidan keyin ularning jamoaviy suratga tushishini yo'lga qo'yish; 

- Stadion atrofida “jiletka”siz faoliyat olib borayotgan FOTO va TV xodimlarini tartibga solish va begona kishilardan stadionni "tozalash";

- Media tribunada faqat va faqat OAV xodimlari bo'lishini taminlash;

- Ikki jamoa azolarining o'z vaqtida stadionga etib kelishidan tortib, bekamu ko'st ketishigacha bo'lgan bosqichni nazorat qilish;

- Uchrashuv yakuniga etganidan so'ng rasmiy protokolni to'ldirish hamda uni OFKga taqdim etish;

- Uchrashuv DVD diskini olish va OFK arxiviga topshirish.

Bu borada ularga hududdan tayinlangan “LMO” (mahalliy media tashkilotchisi) yaqindan yordam beradi. Aynan u uchrashuv tugaganidan keyin komissarga hisobot beradi. Aks holda komissarning bir o'zi barcha ishlarga ulgurmaydi.

Bu mening bilganlarim. Yana ularning zimmasiga bir “dunyo” ish kiradi. Buning uchun OFK ularning har bir kuni uchun bor-yo'g'i 200 dollardan haq to'laydi. Jami 800 AQSH dollarigacha ishlaydigan komissar bu pulni shunaqangi halollab oladiki, komissar bilan yuradigan jamoa vakilining oyog'ida mador qolmaydi. O'zim ishlaganman, bilaman va osmondan olmayapman. PFL talab qilayotgan suratlarga OFK tomonidan nazar tashlaymiz. OFK o'z hamkorlari bilan bitta uchrashuvning surati uchun 400 AQSH dollari miqdorida haq to'laydi va o'sha muxbir klub strukturasida ishlamaydi. “LMO” esa bepul ishlaydi. Bu bilan OCHL matbuot kotibiga deyarli ish qoldirmaydi. OCHL reglamentiga ko'ra, matbuot kotibi zaxira o'rindig'ida o'tirishi kerak. Uning ishi faqat o'z sayti uchun ishlash va futbolchilariga to'g'ri yo'nalish berish. OFK talabida ishlashga harakat qilayotgan PFLning matbuot kotiblari oldiga qo'yayotgan talabi OCHLdan kelib chiqsak, to'g'ri emas!

Yana bir malumot. OFK sayti uchun matbuot anjumanlari, miks zona va o'yin sharhini yozib berishi uchun haq to'laydi. Bitta matbuot anjumani - 50 AQSH dollari. U ham betaraf kishi bo'lishi kerak. CHunki klubga yon bosib ketishi kerak emas. 

Uchrashuv protokolini nima uchun matbuot kotibi PFLga yuborishi kerak? Unda komissar va nazoratchi nima qiladi? Nazoratchining ishi hakamlarning ish faoliyatini tekshirib, uchrashuv yakuniga etganidan so'ng uchrashuvdagi vaziyatlar raqamlarini telefon orqali PFLdagi navbatchiga etkazish. Nahotki, ikki jamoa tarkibidagi 22 + 6 nafar futbolchini ortiqcha 0.04 cent ketkazib aytish qiyin bo'lsa? Mayli bu mashaqqatli ish deylik, o'yin tugaganidan keyin hech qanday ishi qolmagan ishni nima uchun o'sha kuni ishi boshidan oshib toshib yotgan matbuot kotibiga yuklash kerak. Komissar-chi?

Fotosuratlarni talab qilish ham ortiqcha. Bugunda Toshkentdagi deyarli barcha klublarni biz suratlar bilan taminlaymiz. Sababi ularda fotomuxbirlik uchun na texnika, na shtat mavjud emas. Malumot uchun matbuot kotiblarining ichida 500 ming so'm maosh olib, klubning asosiy ishini qiladiganlar to'lib yotibdi. 

“CA” tanlovi asosida matbuot kotiblari bilan ishlashni boshladik. Siz o'ylamang, ular bitta televizor uchun shuncha jon kuydirishyapti deb. Biz ular bilan axborot almashamiz. Ular saytimizning arxividan foydalanishadi, fotosuratlarni taqdim etamiz, prevyular tayyorlashda yordam beramiz. O'z-o'zidan ikki tashkilot o'rtasida manfaat bor. 

Agar yil boshida PFL mazkur masalalar bo'yicha tegishli tizimni ishlab chiqqan holda matbuot kotiblariga seminar o'tkazganida boshqa gap edi. Masalan, reglamentda shu ish qilinmasa mana buncha jarima bo'ladi. Safarga bormagan matbuot kotibiga mana bunday jarima qo'llash haqida biron gap yo'q. U 100 so'm bo'lishi ham, 1 million bo'lishi ham mumkin. 

OCHLda o'yinga ikki kun qolganida kelgan komissar, o'yinga bir kun qolganida uchrashuvi bo'lib o'tadigan stadionda repeticiya o'tkazadi. Uchrashuvga 5 soat qolganida stadionda bo'ladi. Bizda esa aksincha, uchrashuvga bir soat qolganida stadionda ko'rinish beradigan komissarlarning aksariyati VIPda o'tirib ketish bilan cheklanadi. Buning uchun haq olyapsiz, balki kuniga 200 AQSH dollari emasdir, ammo 90 daqiqa futbol tomosha qilish uchun ancha ko'p, agar birorta ish qilmayotganingizni hisobga olsa.

Toshkentni chetga surib turamiz... Yuqorida bejizga komissar mehmonlardan xabar oladi deb qayd etmadim. Bizda viloyatlarga tashrif buyuradigan komissarlar mehmondan emas, mezbon komissardan xabar oladi, xabar olmay ko'ring-chi... "Zayavka" payti yugur-yuguringiz oshib ketadi. 

Maydonning holatini kim tekshiradi? Jamoalar o'rtasida muammo yo'qmi? O'yinda kim qanday futbolkada maydonga chiqadi? Maydon hududidagi ortiqcha odamlar shu qadar ko'pki, xuddi PFL qoyillatib rasmiylarga “jiletka” chiqarib qo'ygandek uni xodimlardan talab qiladi. OCHLda ishtirok etadiganlar, OCHL liboslarini taqdim etadi. Qolgan 12ta jamoa-chi? 1-liga-chi? "Nakitka kiyib ol" - deyish bilan ish bitmaydi. "Nakitka" hech qachon "jiletka" bo'la olmaydi. Biz sizlarga basketbol to'pida futbol o'ynang demayapmiz-ku? SHu o'rinda hakamlarga ham murojaat qilsak. Jiletka kiydirishdan avval, PFLdan qiziqib ko'ring: u bormi yoki yo'q?

Eng qizig'i birinchi turda bo'ldi. CHempionat bayrog'ini ko'taramiz deyishdi. CHempionat bayrog'i bormi aslida? O'zbekiston Respublikasining bayrog'i bilan chempionat bayrog'ini almashtirmang. SHunda savol berdim, agar 2015 yilning so'nggi turida tushirilmagan bo'lsa, qanday qilib tushmagan narsani, yangi mavsumda ko'tarasan deb. Komissarlardan biri, "Logichno!" deydi. O'yinga tashrif buyurayotgan kishi nima ish qilishini bilishi kerakmi?

Bugun PFL matbuot xizmati vakillarining aksari Toshkentdagi o'yinlarda komissarlik qilishyapti. Sport bo'limidagilar esa viloyatlarga chiqadi. Natijada PFL sayti egasiz qolib ketyapti. Takidlab o'tganimdek, Toshkentda biroz ish yaxshi. Lekin bironta matbuot kotibi o'yinlarni OCHLdagidek o'tkazishga harakat qilmaydi. CHunki talab qilinmaydi. "Bunyodkor" imkon qadar harakat qilyapti. Lekin komissar o'yinni tugatib yoki bir piyola choyga, yoki uyiga shoshilayotgan payt mikst zona va matbuot anjumanini boshqarish ularning zimmasidan soqit bo'ladi. 

Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro va vodiy klublariga boradigan bazi komissarlarning ustidan shunaqangi kulishadiki, er yorilib erga kirib ketish kerak, bunday kulgiga qolgandan.  To'g'ridan – to'g'ri kulgi bo'lmaydi. Keyin vaqt o'tib hangomalarni eshitaverasiz. Bittasi poezdga arang chiqib olgan holatlar ham bo'lgan. Tag'in matbuot kotibi aybdormish. Xonada o'tirib olib ish buyurish bilan hech qachon professional bo'lib qolmaymiz. Buning uchun avval PFLning o'zi ishlab ko'rsatib berishi kerak. Saytini, o'z yuzini, xodimlarini, barcha – barcha bo'limlari bilan o'rnak bo'lishi kerak. 

Stiv Jobsning bir gapi bor. "Biznesda rahmdillik ketmaydi, ularga ishonib sen ketib qolishing mumkin". Agar Farhod Magometov Stiv Jobs kabi fikrlamasa, uning ketishini istaydiganlar soni ortsa ortadiki, kamaymaydi. PFL direktori sifatida uzoq va professional tarzda ishlashni istayotgan mutaxassis, avvalo o'z qo'li ostidagilarni tartibga chaqirishi kerak. Lekin 9-mavsumdan beri o'zini o'nglab ololmagan "Musobaqalar o'tkazish" bo'limi vakillariga allaqachon chiqish eshiklarini ko'rsatadigan vaqt kelgan. 

Komissarlikka esa haqiqatdan ham o'z kasbini TUSHUNADIGAN kishilarni qo'yish kerak. Bu borada bugunda, Rizaev, Rajabov va Inoyatovning ishini yuqori baholash mumkin. Qolganlarning birontasini shu kungacha matbuot anjumani, mikst zona yoki maydonga tushib darvoza to'rlari-yu, boshqalarni tekshirganini ko'rmadik. Masalan, PFL direktori Farhod Magometov shu lavozimi bilan stadionga tushib futbolchilarga umumiy suratga tushishini aytishi yoki matbuot anjumani xonasida OAV vakillari bilan uni o'tishini taminlashini tasavvur ham qila olmayman. Xuddi Infantino yoki SHayx Salmon egallab turgan mansabi bilan bu ishlarni qilayotgandek. Komissarlik shunchaki pul olish emas, PFL o'yinlarining professional o'tishini taminlash degani.

Nima uchun uchrashuv komissarlari o'rinbosarlar o'yiniga tashrif buyurmaydi? Aslida katta ish o'yin oldidan bo'ladi. Aynan shu kuni ishlar rejalanishi va uchrashuvning yaxshi o'tishi borasida fikr almashinishi kerak.

Valeriy Lyotkin sport bo'limidagi yagona, rosmana ishlashi mumkin bo'lgan mutaxassis sanaladi. Ammo undan komissar sifatida foydalanish to'g'ri emas. Bugungi kunda sog'lig'i jihatidan ham u bunday ishni bajarishga tayyor emas. Frolov va CHernikovni bironta o'yinda ko'rmadimki, pastga tushib, komissarning vazifasini bajarganini. O'yindan keyingi miks zona va matbuot anjumanlarida ham ularni ko'rmaysiz. Uchrashuv boshlanishi oldidan ikki jamoaning suratga tushishini taminlash ham komissar ishi. Lekin bizda jamoalar irm qilib suratga tushmaydi. Xuddiki rasmga tushsa g'alaba qozona olmaydi. Aynan shuning uchun suratga tushmaydigan jamoalar ko'p. "O'yindan keyin tushamiz"! O'yindan keyin mag'lub bo'lgan jamoaning stadionda suratga tushishini tasavvur qiling.

OFKning birorta xodimi komissar sifatida uchrashuvlarda ishtirok etmaydi. Ular turli davlatlardan bo'ladi. Hattoki, ularning ichida polkovnigi ham bor. Ular uchun muhimi professional ish. Maslahatim, komissarlikka viloyat futbol federaciyalaridan mutaxassislar tayinlansin. Ular ham viloyat kezib ish o'rganish bilan birga, o'z ishlarini qunt bilan o'qib imtihondan o'tsinlar. 9 yil davomida o'zgarmagan PFL hodimi ertaga ham o'zgarib qolmaydi. Har qanday istedodli mutaxassis 6 yil ichida ko'rina boshlaydi. Mana bugun shu ishni qilmasak, har bir o'tayotgan yil, bizni bir yilga kechiktiraveradi.

Aslida elektron tizim yaratish orqali bu ishlarni matbuot kotiblariga emas, komissarlarga yuklash kerak. “LMO”ni tashkil etish ham aslida qiyin emas. Yuqorida viloyat futbol federaciyalariga to'xtalib o'tdim. 2011 yil chiqqan qarorga ko'ra har bir viloyat futbol federaciyalarida matbuot kotiblari uchun shtat ajratilgan. Hozirda uchta viloyatdagina matbuot xizmati tashkil etilgan. Ana shu kishilardan foydalanish kerak. 

Endi PFL saytidagi xayfsanga kelsak. Matbuot kotibi komissar olib bermaydigan, uchrashuv hakami bilan ketib qoladigan rasmiy protokol ketidan yugursinmi? Matbuot anjumanini o'tkazsinmi? Sayti uchun ishlasinmi yoki stadionda rasm olsinmi? Matbuot kotibi deganda, klublar va PFL hamma narsani bajaruvchi kishi sifatida qaraydilar. Qulchilik zamonida ham bunday bo'lmagan bo'lsa kerak. Bundan boshqa misol topa olmadim. O'z – o'zidan matbuot xizmatida bir kishi ishlaydigan klublardan PFL surat talab qila olmaydi. Avval bu borada PFL klub rahbarlari bilan tegishli ishlarni olib borishi kerak.

"Paxtakor", "Bunyodkor", "Nasaf" va "Lokomotiv" matbuot xizmatlarida ikki nafardan mutaxassis faoliyat olib boradi. Ularga biroz oson deylik. Lekin qolganlar nima qilsin? Yuqorida sanab o'tilgan ishlardan tashqari, klubni licenziyalash, futbolchilarni "zayavkadan" o'tkazish, horijlik futbolchining migraciya ishlari bilan shug'ullanish, o'yinni tashkil etish, chipta chiqarish, ularning barchasi ularning zimmasiga qolib ketayotganini bilib turib bunday munosabat bildirish adolatsizlik!

Boshqa bo'lim vakillaridan farqli ravishda, aynan matbuot kotiblari klub uchun jon kuydiradigan kadr hisoblanadi. Bir-ikki klubni inobatga olmasangiz, qolganlarida mukofot puli yo'q, maosh o'z vaqtida emas. Klubdagi eng so'nggi ishchi. Agar ketsa, uning o'rnini osonlikcha almashtirib oladilar. Juda qiyin ularga. Jamoa g'alaba qozonganida, birorta klubni ko'rmadimki, shunda sening ham hissang bo'ldi degan. 2008 yillarda "Bunyodkor"da bo'lgandi. Lekin unga ham ancha yillar o'tdi. Hatto jamoaning avtobusiga irm qilib chiqarmaydigan murabbiylar bor. Nima matbuot kotibi o'yinga borgunicha o'sha avtobus ichida raqibga omad tilab ketarmidi? 

Qisqasi shuki, PFL avvalo o'zini o'nglab olishi kerak! Yaqinda futbol ichidagilardan biri, men tanqidlarim orqali PFLga ko'z tikayotganimni aytdi. Markazga ham, PFLga ham men hali yoshlik qilaman! Mening rejalarim umuman boshqa. Yuqoridagi kamchiliklarni bayon qilishim sababi unga ko'z tikish emas, kamchilikni bartaraf etish. Sababi men sanab o'tgan kamchiliklarning bartaraf etilishi, saytimizning sifatini oshigiga sabab bo'ladi. Bundan biz ham manfaatdormiz. Oddiy misol, jurnalistlarni stadionga kirib ish faoliyatini olib borishi hamon o'sha-o'sha, og'ir mashaqqat. Asabingiz buzilib o'yinga kirib borasiz, ishlagingiz kelmaydi. PFL beyjigining nufuzi yo'q. OCHL akkreditaciyasi bilan biror erga kira olmang-chi, o'sha stadionni OFK shunday jazolaydiki, keyingi safar o'zlari kutib olishadi. Sababi OCHL o'z mavqei va obro'si uchun ham kurashyapti. Dastavval OCHL tuzilganida unga past nazar bilan qaralgan edi. Endi unda qatnashish uchun ballarimizni hisoblab yuribmiz. PFL ham shunday bo'lsinki, undan tushib ketgan klub achinsin, unga chiqish uchun esa haqiqiy jang bo'lsin.

Nodirxo'ja Yuldashev

P.S: Sayt ravnaqi yo'lida haqoratli "koment" qoldirmasligingizni so'raymiz. Erkin va ko'rganlaringiz asosida erkin fikrga marhamat!

Reyting: +26   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика