Pep Gvardiola va rafiqasining muhabbat tarixi
28 avg 2019 16:50
Yangiliklar
Pep Gvardiola va rafiqasining muhabbat tarixi
Gvardiola deyarli butun dunyoni ko'rdi: Ispaniya, Italiya, Qatar va Meksikada o'ynadi, Ispaniya, Germaniya hamda Angliya klublarida murabbiylik qildi. 2012 yil Nyu-Yorkga biroz hordiq chiqarish uchun jo'nab ketdi.
Bilasizmi, hayotining har bir muhim pallasida Gvardiolaning yonida bir ayol unga hamrohlik qilib kelmoqda – turmush o'rtog'i Kristina Serra. Hozirda ularning 3 nafar farzandi bor.
18 yil avval Pep ayoli bilan butikda tanishgan. U tufayli zamonaviy erkakga aylandi
Gvardiola, "Barselona"dagi murabbiylik faoliyatini boshlashidan avval, Kristina bilan tanishgan. 18 yoshli Pep "Anonio Miro" brendining fotosessiyasi uchun "Serra Claret" butikiga borgan. Kassada esa Kristina ishlardi. Bu magazin qizning oilasiga tegishli edi: o'tgan asr 30 yillarda uning bobosi va buvisi to'qimachilik kompaniyasi, keyin esa Manresada hashamatli magazin ochgandilar. Butikda chiroyli va sifatli brend kiyimlari bor.
Hozirda Kristina singlisi Judit bilan Barselona va Manresadagi "Serra Claret" magazinlarini boshqaradi. Kristinaning butiklarida qimmatbaho brend kiyimlari sotiladi: Dsquared, John Richmond, Philipp Plein, Herno. "Serra Claret" magazini "Barselona" o'yinchilari orasida ham anchagina mashhur: Messi, Xavi, Inesta Luis Enrike shular jumlasidandir.
Kristina turmush o'rtog'ining kiyinish uslubiga katta tasir ko'rsatgan. Bugungi kunda Pep muntazam ravishda eng zamonaviy erkaklar reytingidan o'rin egallaydi: Britaniyaning "Esquire" nashrining haftalik tanlovida kataloniyalikning suratini Bred Pitt va Jared Leto bilan birga chop etgan, "The Telegraph" 2017 yil dunyoning eng zamonaviy erkaklari top-10ligiga murabbiyni ham qo'shgandi (reytingga Rayan Gosling, Tom Xardi va Bredli Kuper ham kiritilgan), "Men’s Health" esa 2017 yil "Man Siti" bosh murabbiyini futbol olamidagi eng chiroyli kiyinadigan erkak deb etirof etgan. Britaniyaning "GQ" jurnali Pep nega bunchalik zamonaviy ekanini tushuntirishga harakat qilgan. Buning siri quyidagicha: murabbiy o'z gavdasiga mos kiyim tanlay oladi, yorqin ranglar kiyishdan qochmaydi va kejual-uslubidagi liboslarni bir-biriga moslashtira oladi.
Gvardiolaning ayoli uning uslubiga tasir ko'rsatganining isbotini ko'rish uchun "Serra Claret"ning instagram sahifasiga boqish kifoya. Noyabrda Kristina ijtimoiy tarmoqqa erining kulrang kardigan kiygan suratini joyladi va "Herno"ni belgilab, "Serra Claret" shu brend kiyimlarini sotayotganini malum qildi.
Yana bir misol: Kristina erining suratini ijtimoiy tarmoqqa joylaydi, aksessuarga urg'u beradi va Italiya brendi "Avant Toi"ni rasmga belgilab qo'yadi:
Pepning "Rick Owens" krossovkasini kiygan holdagi rasmi ham "Serra Claret"ning akkauntiga joylangan:
Gvardiolaning ayoli – qahramon. Turmush o'rtog'i bilan Italiya, Meksika, Qatar va Nyu-Yorkga birga borgan
Kristina — iloji boricha omma etiboriga tushishdan qochadi: umuman intervyu bermaydi va etibor markazida bo'lishni yoqtirmaydi. Ammo bazida tadbirlarga birga borib turadilar. SHuningdek, Kristina farzandlari – Marius (2001), Mari (2003) va Valentina (2008) bilan bahslarga ham borib turadi. Pep "Bavariya"da ishlagan yillari ular birga Oktoberfest (Myunxenda har yili bo'lib o'tadigan festival)ga borishgan.
Ularning shaxsiy hayoti haqida bizga ko'p narsa malum emas, ammo "El Confidential" yaqinda Pepning oilasi bilan bog'liq kichik-surishtiruv o'tkazdi. Material asosida - murabbiy atrofidagilar, oilaviy do'stlari va jurnalistlar bilan suhbat uyushtirildi va quyidagilarni aniqlashga muvaffaq bo'ldilar:
• Kristina doimo Pepning karerasi bilan bog'liq qarorlarni qo'llab-quvvatlagan va hech ikkilanmay eri bilan Italiya, Meksika va Qatar tomonlarga jo'nab ketgan.
• Ular bir-birini ideal tarzda to'ldirib turadilar. Pep — oddiy, Kristina — esa badavlat oiladan. U eriga vinoning yaxshisini qanday tanlash, sayohatdan zavqlanish va zamonaviy kiyinishni o'rgatdi.
• Kristina kino va modaga qiziqadi. Pep ham yaqinda film tomosha qilishni yaxshi ko'rishini aytdi.
• Pep "Barsa"dagi faoliyatidan so'ng biroz dam olmoqchi ekanini aytganida, Kristina Nyu-York bo'ylab sayohat qilishni taklif qilgan ekan. Ular AQSHda ommaviy axborot vositalaridan uzoqroq bo'lishdi, farzandlari esa ingliz tilini mukammal o'rganib oldi. "Bu erga endigina kelganimizda bolalarimiz ingliz tilidagi bitta so'zni ham bilmasdilar. Oradan yarim yil o'tdi – ular esa ingliz tilida erkin tarzda gapira boshladilar. Ajoyib!" – xursand bo'lib dedi Gvardiola "BBC"ga bergan intervyusida.
• 2001 yil Pepni doping qabul qilganlikda ayblashdi ("Breshia"da to'p tepardi), Kristina o'shanda atigi bir marta mediada namoyon bo'lgan: "Pep ancha azob chekayapti. Hech kim bilan gaplashishni istamayapti. Juda qiyin davrni boshdan o'tkazyapmiz", – degan edi Kristina.
"Men uyda xavfsizman". Oila nega Pep uchun bunchalik qadrli ekanini hozir bilib olasiz
O'tgan yilning oktyabr oyida Gvardiola "BBC Radio 5" kelib, Gilem Balagega eksklyuziv intervyu bergan. Suhbat ajoyib o'tgan: murabbiy sevimli musiqalarini tanlagan hamda o'sha qo'shiqlarga mos tarzda hayoti bilan bog'liq voqealarni aytib bergan.
Eng birinchi bo'lib Pepning xohishiga ko'ra - Bill Feyning "The Healing Day" qo'shig'i yangradi. Bu — Gvardiola kechasi kitob o'qib, oilasi bag'rida vaqtini o'tkazishini ifodalovchi qo'shiqdir.
"Hamma o'zicha reallikdan qochishga harakat qiladi – men charchaganimda faqat uyimga kelib, oilam bag'rida bo'lishga urunaman. Men uchun uyimdan boshqa yaxshi va tinch joy yo'q, – deydi Gvardiola. – Oilam bag'rida qalbim orom topadi. Men 18-19 yoshimdan buyon ishlayman. SHu ritmda men uzoq muddatni o'tkazdim, bu muammo emas. Ammo hamma narsadan qochmoqchi, dam olmoqchi bo'lsam, darhol uyga boraman. Uy, ayolim, farzandlar – ular bilan har qanday ish qilish mumkin. Jinnilik qilish, hazillashish — bu uchun hech kim sizni koyimaydi. Kristina tufayli farzandlarim tarbiyali bo'lib ulg'aymoqda. U ajoyib ayol va juda mehribon ona. Myunxen, Manchester yoki Nyu-York tomonlarga ko'chib o'tishga kelsak – agar u xohlamaganida, men hech qaerga bormagan bo'lar edim. Bu erda ham qolmasdim. Sababi oilamsiz hech narsa qila olmayman".
Pep va Kristina 2014 yilda turmush qurishdi. Marosimga atigi 10 kishi keldi
Ikki yosh 20 yil birga yashaganlaridan so'ng, 2014 yilda rasman turmush qurishga qaror qildilar. Nikoh marosimi may oyida Matadepera shahar hokimiyatida bo'lib o'tdi.
Pep va Kristina hech narsani ommaga elon qilmay, aytilgan joyga ertalab 9:30da bordilar va yarim soat ichida barcha ishni rasmiylashtirib yana hech kimga bildirmay binodan chiqib ketdilar. Hamma narsa imkon qadar oddiy bo'ldi: Pep oddiy shim va oq ko'ylak kiydi, Kristina esa – djinsi va qizil ko'ylakda edi. Mehmonlar soni 10 kishi edi (ularning 3 nafari Pep va Kristinaning farzandlari edi).
Ertasi kuni tongda yoshlar Marokashga uchib ketdilar va to'yni o'sha erda nishonladilar. Besh yulduzli "Amanjena" mehmonxonasiga joylashib, do'stlari bilan 3 kunni o'tkazdilar: ular orasida rejisser David Trueba, musiqachi Lyuis Lyak va futbolchi Gilermo Amor (80-90-yillarda "Barsa"da o'ynagan) bor edi.
Pepning so'zlariga qaraganda, u uchun ish va oilani bir-biridan ajratish qiyin, ammo u harakat qilmoqda. Gvardiola "Bavariya"da Robbenni shug'ullantirgan yillari bu haqida aytgandi: "Rotaciya tizimimni Kristinaga tushuntirib berishdan, Arenga "Bugun sen zaxirada qolasan" deyish, men uchun osonroq. Xotinimning xarakteri Robbennikidan og'irroq. Kristina bazida taktikam bilan bog'liq qarorlarimga qarshi chiqadi bildiradi va oxirgi o'yinda g'alaba qozongan tarkibni almashtirmaslikni aytadi", — deydi Pep Gvardiola.
Nozima Zaripova tarjimasi
Fikrlar