So’nggi yangiliklar

01:45Галлас: "Челси"нинг таркиби ЕЧЛ учун курашадиган даражада эмас"  1 01:21"Лестер"нинг собиқ бош мураббийи вафот этди  0 00:43Элдор Шомуродов "Рома" машғулотларига қайтди  6 00:24"Бордо" янада қуйироққа "жўнатилди"  1 23:59Неймар жароҳатидан тикланиши ҳақида: "Барчасини ташлаб юборгим келади"  0 23:23"Барселона" президентлигига собиқ даъвогар: "Лапорта ёлғон гапирди"  1 22:58Конференциялар лигаси. "Астана" ва "Ордабаси" навбатдаги босқичда!  2 22:19Анчелотти - Роналду ҳақида: "У билан барчаси осон"  2 21:55"Фенербахче" "Фиорентина" футболчисини 10 млн еврога сотиб олмоқчи  1 21:33"Интер"нинг собиқ эгалари Португалия клубини сотиб олмоқчи  0 21:02Арнаутович ҳам Фабрегаснинг шогирдига айланиши мумкин  1 20:40"Челси" Лукаку борасида АПЛ клуби билан келишиб олди  4 20:18"Локомотив" янги футболчиларни таништирди ГАЛЕРЕЯ  0 20:00"Ньюкасл" янги мавсум учун сафар либосини намойиш қилди  0 19:38Расман: Килиан Мбаппе Европадаги энг ёш президентга айланди  3

“Penalty”: Mansur Saidov: “Umuman penalti tepmasligimga jiddiy sabab bor” Yangiliklar

“Penalty”: Mansur Saidov: “Umuman penalti tepmasligimga jiddiy sabab bor”

Loyihamizning navbatdagi mehmoni sifatida farg'onalik muxlislarning yoqimtoyi Mansur Saidovni tanladik. Tajribali futbolchini intervyuga ko'ndirish oson kechgani yo'q.
Sababi yarim himoyachi intervyu berishni xushlamas ekan. Ammo suhbat chog'ida Saidov anchagina xushchaqchaq va samimiy inson ekanligiga guvohi bo'ldik. “Penalty”ning navbatdagi soni Toshkentdagi “Rohat” mehmonxonasida bo'lib o'tdi.

Gulshan Sadullaeva: 1. Futbolga kirib kelguningizcha bo'lgan davr haqida gapirib bersangiz.

- Kichkinaligimda asosan stadionlarda o'tgan. Tog'alarim havaskor doirada futbol o'ynashardi. Ularni o'yinlarini kuzatib borardim. Yoshligimda u qadar sho'x bo'lmaganman. Maktabda ochig'ini aytaman darslardan ko'p qochardim va futbol o'ynab yurardim.

Narzulla Saydullaev: 1. Futbolga qanday kirib kelgansiz?

- Birinchi murabbiyim deb dadamni ayta olaman. Yoshligimda to'p sotib olib bergandi. Tog'am kelib uyimizni ichida stolga zarba berib gol urishni o'rgatardi. Toki uyda qaysidir buyum sinmagunicha bizning mashg'ulotlarimiz davom etardi (kuladi). Otam esa doim menga nasihatlar berib borardi. Stadionga bordingmi, o'tirmagin doim futbol o'yna derdilar.



Gulshan: 2. Futbolda har narsa bo'lishi mumkin, deymiz. Yigit kishiga qirq hunar oz, deydi xalqimiz. Keling shu ikki fikrni umumlashtiramiz.

- To'g'risi men faqat futbol haqida o'ylayman. 2003 yil yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatidan so'ng og'ir kasal bo'lib qolganman, Yuriy Sarkisyan Tibetga jo'natib o'sha erda davolatgan. Bir yarim yil davomida futbol o'ynay olmaganman, juda qiynalganman. Futbolda jarohatlar ham bo'ladi, shu sababli hozirgi yoshlarga futboldan tashqari boshqa soha yoki hunardan ham xabardor bo'lishlarini tavsiya qilgan bo'lardim. Hozirda asosiy maqsadim ko'proq futbol o'ynashni o'ylayapman.

Narzulla: 2. "Neftchi" jamoasiga kelish qanday ro'y bergan?

- 2000 yil futbol liceyida tahsil olayotgan paytim, Respublika chempionati finalida Toshkent jamoasiga penaltilar seriyasida yutqazib qo'ygandik. O'sha o'yinni Yuriy Sarkisyan ham kuzatgan ekan. U yonimga kelib dushanba kuni Qibrayga kelishimni aytgan va jamoaga taklif qilgan. SHu tariqa “Neftchi” azosiga aylanganman. Men jamoaga kelganimda tarkibda aka-uka Do'rmonovlar, Sergey Lebedev, Valentin Poddubniy, Vladimir Radkevich, Abdumajid Toirov, SHerzod Rayimjonov kabi futbolchilar bor edi. Ulardan ko'p narsani o'rganganman. Bu futbolchilar nafaqat futbol maydonidagi, balki hayotiy saboqlarni ham berishgan. Meni ham jamoadosh, ham uka sifatida qabul qilishgan. Safarlarda yo'l-yo'riq ko'rsatib, nasihatlar berib borishardi.

Gulshan: 3. Ikkinchi davra boshlanish arafasida. Tatilni "Neftchi" qay tarzda o'tkazyapti va qanchalik tayyor?

- Jamoa ikkinchi davraga tayyor. Futbolchilarning kayfiyati alo darajada. Ikkinchi davra tezroq boshlanishini istaymiz. Birinchi davrada uchinchi o'rinni olganimiz tasodif emasligini ko'rsatishga urinamiz. Futbolda tasodiflar bo'lmaydi. Maqsadimiz har bir o'yinda g'alaba uchun maydonga tushish.



Narzulla: 3. Oliy ligadagi dastlabki golingizni eslay olasizmi? (2001 yil "Akademiya"ga qarshi o'yinda)

- Ilk golimni 2001 yilda “Akademiya” klubiga qarshi Farg'onadagi bahsda urgandim. Bunday narsalarni unutib bo'lmaydi.

Gulshan: 4. Tasavvur qiling siz jurnalistsiz. Sizga qaysidir futbolchidan intervyu olish buyurildi. Aksiga olib futbolchi sizni rad etdi. Siz bo'lsa maoshsiz qolyapsiz. Qanday yo'l tutasiz?

- Borib iltimos qilardim. SHaxsan o'zimdan kelib chiqqan holda aytsam, aslida men deyarli intervyu bermayman. Sizlar ham yo'lini topib men bilan suhbatlashyapsizlar, men ham bir amallab o'sha futbolchini ko'ndirgan bo'lardim (kuladi).

Narzulla: 4. Yuriy Sarkisyan qanday murabbiy? Uning boshqalarga o'xshamagan jihatlari nimada?

- Bu inson faqat futbolda emas umuman hayotda ustozim deya olaman. Sarkisyan farg'onalik futbolchilar uchun “ota” hisoblanadi. Uyda o'z otam bor, ko'chada va futboldagi otam Yuriy Sarkisyan. Bu inson haqida qancha gapirsam ham oz, to'g'risi undan juda ham minnatdorman. Futbolda nimaga erishgan bo'lsam bariga Sarkisyan sababchi.



Gulshan: 5. "Neftchi" yoshlar jamoasi haqida qanday fikrdasiz? Tarkibda asosiy jamoaga o'tishga tayyor bo'lgan futbolchilar bormi?

- Yoshlar jamoamizda qobiliyatli futbolchilar ko'p. Farg'ona istedodlik futbolchilarga boy. Bir necha bor yoshlarga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlarini o'tkazamiz. Tarkibda yaxshi futbolchilar bor. Masalan, “Neftchi”dan yoshlar va olimpiya terma jamoalariga futbolchilar chaqirilmoqda. O'sha futbolchilar vatanimiz sharafini himoya qilishmoqda. Ular O'zbekiston futboli kelajagi.

Narzulla: 5. 2003 yil yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgansiz. O'sha mundial haqida nima deya olasiz?

- O'shanda O'zbekiston o'z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga yo'l olgandi. Tarkibimiz ajoyib futbolchilardan iborat edi, Nesterov, Geynrix, Jasur Hasanov, Inomov, Zeytullaev... Guruhdagi barcha o'yinlarda yutqazganmiz. Mali, Argentina va Ispaniyaga bir to'p farqi bilan imkoniyat boy berilgan. Rostini aytaman raqiblar bizdan kuchli bo'lgani uchun va tajribasizligimiz tufayli mag'lub bo'lganmiz. O'sha paytda Jahon chempionatiga yo'llanma olish biz uchun eng yuksak marra edi. Hozir esa yoshlar, o'smirlarimiz deyarli har yili mundialga chiqishmoqda. SHu bois endi shunday bo'lib qoldiki jamoalarimiz Jahon chempionatlarida chorak finalga chiqishsa ham muxlislar bu natijani qoniqarsiz deb hisoblashmoqda. Demak, futbolchilarimiz muxlislarni Jahon chempionatiga chiqishga o'rgatib qo'yishdi. Yaqin yillar ichida O'zbekiston mundialda yarim final hamda finallarda o'ynashiga ishonaman.



Gulshan: 6. Blic savollar:
- Toshkentdan Farg'onagacha bo'lgan masofa qancha? (419 km)

- Soatini ayta qolay (kuladi). 5 soatlik yo'l.

- Mamlakatimizda 2002 yilga qanday nom berilgan edi? (Qariyalarni qadrlash yili)

- “Qariyalarni qadrlash yili”

- "Usturlob yasash haqida kitob" kimning asari? (Farg'oniy)

- Farg'ona bilan bog'liq? Al Farg'oniy.

- 2016 yil qaysi muchal yili bo'ladi? (maymun)

- To'g'risi bilmayman.

- Bahrayn poytaxti? (Manama)

- O'sha erda terma jamoa safida o'ynaganman. Lekin shahar nomini eslay olmadim.

- Farg'onaning eng shirin taomi?

- Osh!

- Ferrari qaysi davlat avtomobili? (Italiya)

- Germaniya.

Narzulla: 6. Milliy terma jamoada to'rtta o'rtoqlik uchrashuvida o'ynagansiz. Nima deb o'ylaysiz termada asosiy futbolchiga aylanish uchun nima etishmagan?

- Bilasizmi, terma jamoaga chaqirilgan futbolchiga ko'proq imkon berishsa balki barchasi boshqacha bo'larmidi. Umuman boshqa muhitga borardim, o'rtoqlik o'yinlarida 10-15 daqiqa imkon berishardi. SHu bois ham jamoaga qo'shilib ketishim qiyin bo'lgan. Lekin tan olishim ham kerakki yarim himoyada raqobat ham juda yuqori bo'lgan.



Gulshan: 7. Hayot tajribangizdan kelib chiqib yosh futbolistlarga qaysi kamchiliklaringizni takrorlamaslikni maslahat berardingiz?

- O'zbekchilikda shunday holat borda, ozgina ko'zga ko'rinsangiz va qo'lingizga pul tushsa yulduzlik kasaliga duchor bo'lib qolamiz. Yoshlarga bu kasallikka chalinmasliklarini aytgan bo'lardim. Mashg'ulotlarda oldingidek harakat qilishlari va muxlislar uchun o'ynashda davom etishsin.

Narzulla: 7. 2014 yilgi Jahon chempionatidagi dastlabki penaltisini eslaysizmi? (Javob: Braziliya –Xorvatiya uchrashuvida. Neymar penaltini amalga oshirgan)

- To'g'risi eslay olmadim. Birinchi o'yinda bo'lgan? Braziliya va Xorvatiya uchrashuvida yaponiyalik Nishimura belgilanganmidi? Baribir uncha eslay olmadim.

Gulshan: 8. Jamoadoshlaringiz sizni hazilkash deb aytishdi. Qanday qiziqarli voqeani esga ololasiz?

- Dubayda bo'lgan voqeani unutmayman. Jamoadoshlarimizdan biri tushlik mahali pastga tushib ovqatlanib negadir g'alati harakat qilib o'z xonasiga chiqib ketayotganini ko'rdik. Bilsak u yasatib qo'yilgan ananasni olib xonasiga chiqib ketgan ekan. Undan ananasni nima qilasan deb so'rasak uyga olib ketaman degandi. O'shanda maza qilib kulgandik.

Narzulla: 8. O'tgan yil "Navbahor"da o'ynadingiz. "Neftchi"dan ketishingizga nima turtki bo'lgandi?

- Sababi oldingi rahbariyat shuni istagandi. Ularning aytishicha “Neftchi”da shuncha yil o'ynab etarli pul topmagan ekanman. Rahbariyat meni yanada kuchli klubga o'tishim va terma jamoada o'ynashim kerakligini aytdi. Jamoadan ketishga majbur bo'ldim. Uyda o'tirganimda “Bunyodkor”dan taklif tushdi va “qaldirg'ochlar” bilan shartnoma tuzdim. Ammo bu jamoada ham qolmadim. Sababi murabbiylar menga imkoniyat berishlarini, faqat biroz kutishimni so'rashdi. Bu yoshda zaxirada o'tirishni istamaganim uchun o'zim rahbariyatga boshqa klubga berishlarini iltimos qildim.



Gulshan: 9. Siz oilada qanday otasiz? Ayolingiz kasbingizdan nolimaydimi?

- Yo'q turmush o'rtog'im kasbimni tushunadi, hurmat qiladi. Qiyinchiliklarga chidaydi. Og'ir vaqtlarda meni qo'llab-quvvatlaydi. Qanday otaligimni bolalarimdan so'rash kerak (kuladi). Bir qiz, bir o'g'lim bor. Kichik o'g'lim bir yarim yoshda. Hozirda to'p tepishga qiziqadi. U ko'proq mashinaga qiziqadi. Yig'lasa mashinaga olib chiqsangiz jim bo'lib qoladi. Futbolchilar bilasiz uyda ko'p bo'la olmaydi. Futbolchilikni tugatgach oilamga ko'proq etibor beraman degan niyatim bor.

Narzulla: 9. O'zingiz bilan birga o'ynagan eng kuchli 3 nafar futbolchi.

- “Neftchi”ga kelganimda deyarli barcha futbolchilar kuchli edi. Ularning barchasini kuchli deb bilaman. Uchtasini aytish kerak bo'lsa Asad Do'rmonov. Bu futbolchini chap qanotga qo'ysangiz ham, markazga qo'ysangiz ham ajoyib o'ynab berardi. Universalligiga havas qilardim. Umid Isoqov va Anvar Berdiev kabi hujumchilarimiz bor edi. Yuqorida aytganimdek o'sha paytdagi barcha futbolchilar men uchun eng kuchli futbolchilar edi. O'zim muxlislik qilgan futbolchilar orasiga tushib qolganim men uchun juda ham boshqacha bo'lgan.

Gulshan: 10. Vodiylik muxlislarga dil so'zlaringiz...

- Futbol muxlislar uchun. Bu gapni siyqasi chiqib ketgan bo'lishi mumkin. Lekin bu rost gap. Sababi stadion bo'm bo'sh bo'lsa ikkita jamoa bir biri bilan o'ynasa g'alati bo'ladiku to'g'rimi? Mana Farg'onada yangi zamonaviy stadion qurildi. Muxlislarga qulayliklar yaratildi. Ular o'yinlarimizga kelib qo'llab turishsa, biz esa bunga javoban g'alaba qozonaversak. “Neftchi” doim yuqori o'rinlarda yurishi kerak.

Narzulla: 10. Faoliyatingiz davomida xorij klublaridan taklif bo'lganmi?

- 2003 yilgi Jahon chempionatidan so'ng germaniyalik murabbiyimiz Xans Yurgen Gyode meni Germaniyaga taklif qilgandi. Biroq Sarkisyan “Neftchi” bilan chempion bo'lishimiz kerak, sen bizga keraksan, Farg'ona ahli uchun keraksan deganidan so'ng hech qaerga ketmaslikka qaror qilganman. Eron, Bahrayn klublaridan ham taklif bo'lgan.



Gulshan: 11. Penalti loyihasiga tanqidiy fikringiz bormi?

- To'g'risini aytaman saytlarni kuzatib bormayman. O'zimning o'yinlarimni ham tomosha qilmayman. Gollarim va paslarimni ko'rishni yoqtirmayman. Faqat o'yinlardan keyin xatolarni ko'rish uchun jamoa bo'lib tomosha qilaman xolos. Uyda dadam gazeta olib kelsalar bazida o'qishim mumkin. Endi matbuotni kuzatib borishga harakat qilaman. Loyihaga omad tilab qolaman. Bazida jurnalistlar qo'ng'iroq qilib hol ahvol so'rashadi, bir necha kundan so'ng o'sha suhbatimiz intervyu sifatida chiqib turibdiku (kuladi). Sizlar bilan esa maza qilib suhbatlashdim, savollarning ko'pi noananaviy ekan.  

Narzulla: 11. Ananaviy savol yodingizda qolgan penalti yoki penaltilar seriyasi.

- Yuqorida finalda penaltilar seriyasida yutqazib qo'yganimizni aytdim. O'shanda 4:5 hisobida yutqazganmiz, hal qiluvchi penaltini aynan men ura olmagandim (kuladi). Darvozada Ignatiy Nesterov turgandi, zarbam to'singa tegib maydondan chiqib ketgandi. Jamoamizni g'alabadan mahrum qilganim uchun o'shandan beri umuman penalti tepmayman. Mashg'ulotlar vaqtida 5ta tepsam 5ta gol uraman, lekin o'yinda 11 metrli jarima to'pini amalga oshirmayman. O'sha finaldan keyin yig'lab o'tirganimda Yuriy Sarksiyan kelib menga dalda bergandi.
Yodimda qolgan penalti yo'q, penaltichlar bor. Masalan Alan SHirer, Gaiska Mendieta. Mendieta penalti tepayotgan vaqtda ko'zi bilan to'pga emas darvozaga qarab turardi. Qolganlar esa tepayotganda to'pga qarab tepishadi.


Gulshan Sadullaeva va Narzulla Saydullaev suhbatlashishdi
Foto: Tolibjon Qosimov
Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика