"Paxtakor-79" aviahalokatining yangi tafsilotlari
01 may 2022 01:11
Yangiliklar
"Paxtakor-79" aviahalokatining yangi tafsilotlari
Mart oyida O'zbekistonga kelgan rossiyalik taniqli futbol jurnalisti Igor Rabiner Eldor SHomurodov hamda Ravshan Ermatov bilan uyushtirgan intervyularidan keyin "Paxtakor-79" haqidagi navbatdagi maqolasini elon qildi.
Botkin nomidagi Toshkent qabristoni. Kirish joyida chiroyli yodgorlik bor. Hudud unga ajratilgan. Markazda to'pga intilayotgan darvozabon, uning atrofidagi halqada O'zbekiston uchun dahshatli kunlarning birida, 1979 yil 11 avgustda halok bo'lgan 17 nafar "Paxtakor" futbolchisining ismi keltirilgan. Yuqorida "Paxtakor-79". Pomnim. CHtim. Gordimsya" yozuvi joylashgan.
Haqiqatan ham eslashadi, hurmat qilishadi va faxrlanishadi. O'zbek futboli vakillaridan kim bilan gaplashsangiz, suhbat 1979 yilga borib taqaladi. U 1949 yilda "Torino", 1958 yilda "Manchester Yunayted", 2016 yilda "SHapekoense" futbol klublari bilan ro'y bergan katta fojialar qatoriga kiradi. Faqat mavzuni tez-tez ko'tarib turish kerak. Mudhish hodisa haqida tinglab, negadir fojiali tasodif esga tushdi: "Paxtakor" ham, Yaroslavlning "Lokomotiv" xokkey klubi ham Minsk shahriga etib bora olmagan...
Men maskanga borib, gul qo'ydim. Darhaqiqat, bu qabristonda faqat 5 kishi dafn etilgan – qolgan 12 kishi O'zbekiton bo'ylab o'z hududida dafn qilingan. Har yili 11 avgust kuni qurbonlarning barcha qarindoshlari va Ukrainaning Dneprodzerjinsk yaqinidagi Kurilovka qishlog'i ustida havoda to'qnashgan ikki fuqarolik samolyoti fojiasini o'zidan o'tkazgan ko'plab oddiy odamlar, muxlislar bu erga yig'ilishadi.
Suhbatlardan birida menga malum bo'lishicha, muxlislardan biri O'zbekistondan halokat sodir bo'lgan joyga velosipedda (!) borgan va u erdan hayotdan ko'z yumgan har bir futbolchining qabri uchun bir hovuchdan tuproq olib kelgan. U erda, Kurilovkada ham "Paxtakor-79" haykali mavjud.
O'zbekistonga kelib, bu mavzuda gaplashmasak bo'lmasdi. Suhbatdoshlarim jarohat tufayli o'sha samolyot bortiga chiqmagan "Paxtakor-79" tajribali o'yinchisi To'lagan Isoqov va jamoa sardori, SSSR terma jamoasi yarim himoyachisi Mixail Anning o'g'li Dmitriy An bo'ldi.
"Jarohat hayotimni saqlab qoldi". 1979 yil jarohati tufayli halokatli parvozdan chetda qolgan "Paxtakor" futbolchisi To'lagan Isoqov monologi
— 1979 yil 27 may mening ikkinchi tug'ilgan kunimga aylandi. O'sha kuni "Paxtakor"imiz Moskvada "Dinamo" bilan o'ynadi va raqiblar himoyachisi "Avtogen" laqabli Aleksandr Novikov menga jiddiy jarohat etkazdi. O'yindan kelib chiqib shunday bo'lgandi, u atayin qilgandi, deyishdan yiroqman. Ammo Novikov meni qattiq ranjitgan. Men darhol uni javob o'yinida "o'ldirish", uzoq vaqt eslab qolishi uchun oyog'iga tepish rejasini amalga oshirishga tayyorgarlikni boshlagandim.
Buni qarangki, shu jarohat mening hayotimni saqlab qoldi. 11 avgustga qadar tuzalishga ulgurmadim va Minskdagi halokatli reysga chiqmadim.
16 noyabr kuni "Dinamo" ikkinchi davra o'yini uchun Toshkentga keldi — allaqachon Oliy liganing barcha klublari futbolchilaridan yig'ilgan butunlay boshqa "Paxtakor" bilan o'ynash uchun. Men o'ynamadim — fojiadan keyin ruhiy taraflama og'ir ahvolga tushib qoldim, keyin birorta ham o'yin o'tkazmadim va faoliyatimni yakunlashga qaror qildim. O'yindan keyin otamning iltimosiga binoan Novikovning oldiga yaqinlashdim va... uni uyimizga taklif qildim. "Otam siz bilan uchrashmoqchi", dedim. "Dinamo" ertasi kuni uchib ketishi kerak edi, shuning uchun bunga imkoniyat bor edi.
Ular kelishdi. Otam darrov Aleksandrga chopon kiydirdi. Novikov "Bu nima?" deb hayron bo'ldi. Men: "Otam mening hayotimni saqlab qolganingiz uchun sizga rahmat aytdi", deya javob berdim.
Uni palov bilan mehmon qildik. Hammasi bo'lib 28 xil palov bor, lekin otam Farg'ona vodiysidan bo'lgani uchun Farg'ona oshini tayyorlagan. Bu taom har doim erkaklar tomonidan pishiriladi. U bilan Strelcov, "Spartak"chilar va 1975 yilgi Kubok egalari kubogi, Superkubok sohibi Kievning "Dinamo"si avlodini mehmon qilganmiz. Ular esa javob tarzida bizni Ukraina oshxonasi bilan qarshi olishgan. Biz aynan futbol maydonida raqib edik, o'yindan keyin esa hamma o'rtoq edi.
O'sha 79-yilning bahorida, aprel oyida biz bo'lajak chempion "Spartak" bilan o'ynadik. Esimda, negadir, Moskvada emas, balki boshqa shaharda – Ukrainaning Voroshilovgrad viloyati Staxanov shahrida to'p tepganmiz. Marhum futbolchilarimiz tiriklik chog'ida. O'yin durang bilan yakunlangan – 1:1. "Spartak" tarkibidan Oleg Romancev, o'zimizdan men gol urganman. U bilan bir-birimizga qarshi o'ynaganmiz, chunki u qanot himoyachisi, men esa qanot hujumchisi edim.
Bu gol futboldagi oxirgi golim edi. O'sha o'yinda qatnashgan "Paxtakor"ning 13 nafar futbolchisi bir necha oy o'tib Minskka ucha olmadi va ulardan faqat to'rt nafari tirik qoldi.
SHarifim – O'lmasovich – o'zbek tili "o'lmaysan" deb tarjima qilinadi. O'shanda men tirik qoldim. Ismim esa To'lagan – "to'lagan" degan manoni anglatadi. Ismimni shunday qo'yishgan, chunki mendan oldin to'qqiz nafar farzand, aka va opalarim vafot etishgan. 30-yillarda – ochlik va kasallikdan. Men tug'ilganimda, ota-onam To'lagan deb ism qo'ygan. 1979 yilning avgustida taqdir meni chinakamiga qutqardi.
Jamoa sardori Mixail An ham jarohatda edi, ammo u yigitlarni qo'llab-quvvatlash uchun o'sha samolyotga chiqqan. Falokatga qadar biz ketma-ket to'rtta o'yinda – "Rostov" SKA, "Neftchi", "Dinamo" Minsk va "Zarya"ga qarshi o'yinlarda g'alaba qozongandik. Umumiy hisob – 9:2. "Minsk" bilan javob o'yinida bu seriyani davom ettirmoqchi edik.
An ajoyib yigit edi, maydonni o'ziga xos tarzda ko'rardi. Faoliyatining boshida yarim taym ham o'yini chiqmagan, tanaffusda butsasini mixga ilishni ham o'ylagan: "Qanday qilib shunday issiqda futbol o'ynash mumkin?" degandi, keyinchalik ko'nikib ketdi. Butun sovet futbolida bunday mohir o'yinchilar barmoq bilan sanarli edi – Volodya Gucaev, David Kipiani... An deyarli yulduzga aylandi – uni bejiz SSSR terma jamoasiga taklif qilishmagandi. U Vladimir Fyodorov bilan birgalikda yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida g'olib bo'lgan..
Fyodorov ham juda yaxshi holatda edi, u muntazam ravishda milliy terma jamoaga chaqirilardi, 1976 yilgi Monreal Olimpiadasida o'ynadi va bronza medali sohibiga aylandi. Tarkibda faqat kievliklar va u bor edi. SHu bilan birga, u o'z respublikasiga juda sodiq edi. O'sha Kiev uni ko'p marta taklif qilgan, lekin u buni xohlamadi! Undan doim "Nega "Dinamo Kiev"ga bormaysiz? Evropani ko'rasiz, hamisha evrokuboklarda o'ynaysiz. "Paxtakor"da nima bor sizga?", deya so'rashardi. U "Paxtakor" chempion bo'lmagunicha bu erdan ketmayman", deb javob berardi.
Va u ketmadi...
Men ham An kabi jamoa bilan birga uchishim mumkinmidi? Ha, mumkin edi. Biroq menga yana omad kulib boqdi.
8 avgust kuni "Paxtakor" o'z maydonida "Zarya"ni 3:1 hisobida mag'lub etdi. Men kiyinish xonasiga kirib, yigitlarni tabrikladim va 9-kuni davolanish uchun Moskvaga mashhur jarroh Zoya Sergeevna Mironova huzuriga uchib ketdim. Toshkentda operaciya qilingandim, u esa qarab qoldi va shunday dedi: "Sizda rostdan ham shunday jarrohlar bormi? SHunchaki ajoyib! Siz shu davolanishni o'sha erda ham o'tay olasiz. Vaziyatga qarang, xohlasangiz shu erda, xohlasangiz Toshkentda muolaja olsangiz bo'laveradi".
"Zarya"ga qarshi bahsdan keyin kiyinish xonasida ular menga: "Oqsoqol, tezroq qayt!" deyishdi. Men jamoa faxriy o'yinchisi edim, yigitlar menga shunday murojaat qilishardi. Ularning tilagini esladim va xotinimga qo'ng'iroq qildim, bundan keyin nima qilish kerakligi haqida maslahat olish uchun Respublika sport qo'mitasiga borishini so'radim. SHundan so'ng u menga: "Ular qaytib kelishingizni aytishdi. Ertaga jamoa bilan Minskka uchib, u erdan Qo'rg'onga professor Ilizarov oldiga borar ekansiz".
Keyin esa SSSR futbol federaciyasida ishlagan sobiq murabbiyimiz Vyacheslav Solovyovga "Men hozirgina keldim, ular esa menga yana ortga uchishimni aytishdi", dedim. U: "Sen mavsum so'ngigacha safdan chiqqansan. Olti soat uchding. Moskvada ikki-uch kun dam ol, keyin uchasan", dedi. Unga quloq soldim va qoldim. Malum bo'lishicha, o'shanda nafaqat Novikov, balki Solovyov ham hayotimni saqlab qolgan ekan.
11-kuni aynan Solovyovning rafiqasi menga qo'ng'iroq qildi: "Sen — ikkinchi Bobrovsan!" Avvaliga u nimani nazarda tutayotganini tushunmadim. Keyin tushuntirdi. Vsevolod Bobrov ham 1950 yilda VVS xokkey jamoasi halok bo'lganida samolyot halokatidan mo'jizaviy tarzda qutulib qolgan. Keyin Sport qo'mitasiga bordim, shundan so'ng Toshkentga uchib ketdim.
Bosh murabbiy Oleg Bazilevich ham chetda qolib, omon qolgan. U Sochiga uchib ketgan, unga rahbariyat ruxsat bergan – uzoq vaqt davomida ko'rishmagandik. U o'sha erdan Minskdagi o'yinga uchib kelishi kerak edi. Unga juda og'ir edi, bularning barchasiga chiday olmagan. Uning so'zlariga ko'ra, kapitan kemani oxirgi bo'lib tark etadi, lekin u o'sha kemada bo'lmagan. U ich-ichidan o'zini ayblardi. Lekin u nimada aybdor? Mavsum oxirigacha ishladi va ketdi.
Men ham ular bilan birga bo'lmaganim uchun o'zimni ayblardim. Biz ko'p millatli, bir butun jamoa edik.
---------------------------------------------------------------------------------------
O'shanda mahalliy tarbiyalanuvchilardan iborat yaxshi jamoa shakllantirilgandi. Oldimizga yuqori maqsadlar qo'yilgandi. Raqobat zo'r edi. Falokatdan oldin biz SSSR chempionatining Oliy ligasida ketma-ket to'rtta o'yinda g'alaba qozonganimiz bejiz emas!
Biz uchun yomon bo'lgani har yili murabbiy almashishi edi. Meni Mixail Yakushin kashf qilgan. O'ylaymanki, u va Vyacheslav Solovyov men o'ynagan 13 yil davomida jamoa uchun eng ko'p ish qildi. Eh-he, kimlar bilan ishlamadim deysiz – Arkadev, Eliseev, Krasnickiy, Bashashki... Va 79-yildan oldin Aleksandr Kochetkovni Bazilevich almashtirgandi. U yangi o'yin uslubini singdira boshladi – tajovuzkor, xuddi Valeriy Lobanovskiyning "Dinamo" Kievidagi kabi.
Darvoqe, triumfal 75-yilda Toshkentda Solovyov qo'l ostida Bazilevich va Lobanovskiy boshchiligidagi kievliklarni 5:0 hisobida mag'lub etganmiz. Misha An va men dubl qayd etgandik. Bu oktyabr oyida bo'lgan edi, iyun oyida esa biz ularni Kievda 1:0 hisobida yutganmiz, yana men gol urgandim! Bu ular Kubok egalari kubogi finalida "Ferencvarosh"ni 5:0 hisobida taslim qilganidan keyin bo'lib o'tgan. Umuman olganda, 5:0 hisobidagi uchrashuv "Bavariya" bilan kechgan Evropa Superkubogi o'yinidan 11 kun o'tib bo'lgan!
Bazilevich bularning barchasini yaxshi eslab qolgani bois menga juda hurmat bilan munosabatda bo'lgan. Mavsum o'rtalarida 30 yoshda futbolni tark etganimda ham u meni murabbiylar shtabida saqlab qoldi, chunki men barcha mahalliy yigitlarni juda yaxshi bilardim.
O'zbekistonning afsonaviy futbolchilaridan biri Birodar Abduraimov 1978 yilda "Paxtakor" murabbiylar shtabida ishlagan. 1979 yilda Ikkinchi liga jamoasini boshqarishga o'tgan va bu uni falokatdan qutqarib qolgandi. Darvozabon Sasha Yanovskiyga ham omad kulib boqdi. O'sha yili u "Paxtakor"ga o'tdi, mavsumni asosiy tarkibda boshladi, ammo keyin Sergey Pokatilovga raqobatni boy berdi. Natijada bir kun avval o'rinbosarlar bilan uchdi. Bu ham taqdir!
O'sha paytda qancha odam o'lganini dastlab hech kim bilmas edi. Ko'pchilik xalok bo'lgan, degan qo'rquv bor edi, chunki odatda o'rinbosarlar asosiy tarkib bilan birga uchardi. O'shanda Minskka alohida jo'nab ketilgan. Aka-uka Eshbo'taevlar ikki kishi edi, ulardan biri o'rinbosarlar bilan yo'l olgan.
Jamoa bilan birga uchishi kerak bo'lgan massajchi Anatoliy Dvornikov va jurnalist Oleg Yakubov bir kun avval ziyofatga chiqqani va parvozga ulgurmagani haqida malumotlar bor. Ular mast holatda bo'lishgani uchun bortga kiritilmagan. Dvornikov darhol jamoadan haydalgan. Tizim qattiq edi – futbolchilar tartibni buzganliklari uchun munosib jazo olishardi. Va malum bo'lishicha, u shu bilan o'limdan qutulgan...
Keyin esa "Paxtakor" halokati siri" filmi chiqdi. Samolyot qandaydir harbiy obekt ustidan uchib o'tayotganda urib tushiriligan bo'lishi mumkin, degan versiya mavjud edi. Ishonmayman. Ular Ukraina Kommunistik partiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi SHerbickiy O'zbekiston kompartiyasi Markaziy Qo'mitasining birinchi kotibi Rashidov bilan adovatda bo'lgan, degan nazariyani umumlashtirdilar. Ammo ularning fuqarolik samolyotlarini urib tushirishdan boshqa ishlari yo'qmi?..
---------------------------------------------------------------------------------------
Dafn marosimi samolyot halok bo'lganidan bir hafta o'tgach — 18 avgust kuni bo'lib o'tdi. 17 tobutni ortgan 17 ta yuk mashinasi. Ertalab soat 6 da aeroportda motam mitingi bo'lib o'tdi, keyin bu shahar bo'ylab kuzatildi va o'sha paytda 200 ming kishi yo'llar bo'yida turishdi. Hamma yig'lardi.
Agar rasmiy malumot bo'lmagan bo'lsa, dafn marosimini qanday bilishgan? O'shanda odamlar orasida yangilik tez tarqalardi. Undan oldin hafta davomida stadionga 50-60 ming kishi yig'ilib, bir-biridan so'rashardi — qachon olib kelishadi?
Yigitlardan besh nafari Toshkentda, yodgorlik o'rnatilgan Botkin qabristoniga dafn etilgan. Samarqandga Bozorov, Navoiyga Eshbo'taev, Buxoroga Sobirovni dafn qilish uchun bordim. Albatta, mojarolar bo'lgan. Tobutni ochishni iltimos qilishgan. Ruxsat berilmagan, albatta — askarlar qo'riqlashgan. Ikki samolyot to'qnashib, shunday balandlikdan qulagandan keyin tobutda nimani ko'rasiz?
18 yoshli Bozorov bu reysda umuman uchmasligi kerak edi, u dublda o'ynardi. Ammo tug'ilgan kunini nishonlayotgan otasi rahbariyatdan o'g'li Minskka ertasi kuni uchib ketishini so'ragan. Ruxsat berilgan...
---------------------------------------------------------------------------------------
Sog'ayib ketganimdan keyin o'sha mavsum oxirida o'ynashim mumkin edi. Amaldorlar va Bazilevich faoliyatimni davom ettirishimni so'rashdi – ammo men rad etdim. Psixologik jihatdan buni qilish allaqachon imkonsiz edi. Qarorgohga kelsangiz, siz bilan shuncha vaqt birga o'ynagan yigitlardan hech biri bo'lmasa, qanday bo'ladi?!
Men uxlay olmasdim, yigitlar doim tushimga kirib chiqishardi. Keyin men boshqa o'ynashni xohlamadim va futbolni tashladim. Haligacha uchishdan qo'rqaman, kamdan kam hollarda samolyotga chiqaman. Hatto BMTning Navro'z bayramini nishonlash taklifini ham rad qilganman.
Ammo murabbiy bo'lib qoldim. CHunki ishlab, oilani boqish lozim edi. Olti oy o'tib, Bazilevich ketgach, meni Oliy murabbiylar maktabiga o'qishga yuborishdi. 1980 yilda Moskvaga o'qishga kirdim va ikki yil tahsil oldim. Bu haqiqiy talim edi, hozirgidek ikki oyda tugatilmasdi!
SSSR futbol federaciyasi “Paxtakor”ga yuqori ligadan quyi ligaga tushib ketmasligi uchun 3 yillik kafolat berdi. Birinchi va Ikkinchi ligada o'ynashni boshlashi mumkin bo'lgan sifatli mahalliy futbolchilarimiz etarli ekanligini aytdim. Ammo rahbariyat boshqacha qaror qabul qildi – boshqa klublardan tajribali futbolchilarni yig'ish. O'shanda har bir jamoadan o'yinchi berish so'ralgan.
Har qanday kelgan odam biron bir sababga ko'ra o'ynaydi. Ko'plari shart qo'yishgan: "agar menga mashina bersangiz, kelaman", deb.
Hech qanday shikoyat yo'q – har kimning o'z hayoti bor. Ammo shunday daqiqada kelsangiz, chin yurakdan o'ynashingiz kerak! Bazaga kelsam, odamlar mendan "Qandaysiz?" deb so'rashardi, ko'pchilikni shaxsan tanimasdim.
Ammo kelganlardan ko'pchiligi yordam berish uchun qo'lidan kelgancha harakat qilishdi. Denisning amakisi Valeriy Glushakov shular qatorida. Keyinchalik murabbiy Ishtvan Sekech bilan Andrey Yakubik keldi. U Moskvaning "Dinamo"sida o'ynab keta olmagan, ammo "Paxtakor"da juda zo'r edi. 1982 yilda u hatto SSSR chempionatining eng yaxshi to'purari bo'ldi. Va qaytib ketganida, u erda yana hech narsa qila olmadi. Bu erda butun jamoa unga ishonib o'ynardi.
---------------------------------------------------------------------------------------
"Paxtakor-79" xotirasi O'zbekistonda kerakli darajada saqlangan. Bu muqaddas! Har yili avgust oyida xotira tadbirlari o'tkaziladi. Biz, albatta, xalqaro – bolalar, faxriylar turnirlarini o'tkazamiz. SSSR terma jamoasi bazida "Paxtakor" faxriylari bilan o'ynashga keladi. Men O'zbekiston futbol faxriylari kengashi raisi sifatida hamma narsa munosib bo'lishi uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman.
Siz ko'rgan yodgorlik – uchinchi ko'rinish. Birinchisini O'zbekiston SSSR hukumati o'sha paytda, yani 79-yillarda barpo qilgan bo'lsa, yana ikki marta yangilanib, yubileylar munosabati bilan qayta ishlangan. Gennadiy Krasnickiy (o'zbek futbolining afsonasi, 1960-yillarda "Paxtakor" va SSSR terma jamoasi hujumchisi) qabri Botkin qabristonining markaziy xiyobonidagi ko'zga ko'ringan joyga ko'chirilgan.
Aviahalokatda vafot etgan ikkinchi murabbiy Idgay Tazetdinovning bevasi Alla Tazetdinovaga tasanno. Alla Sergeevna fojiadan keyin butun hayotini "Paxtakor-79" xotirasini abadiylashtirishga bag'ishladi. U barcha bevalar bilan do'st edi, barcha xotira tadbirlarini o'tkazar, film va kitoblar chiqarilishiga yordamini ayamasdi. U o'tgan yili vafot etdi va erining yoniga dafn etish haqida vasiyat qoldirib ketdi. 41 yildan keyin. Uning say-harakatlari tufayli halokat joyida, Ukrainaning Kurilovkasida yodgorlik o'rnatilgandi.
Fojiaga sababchi bo'lgan aviadispetcherlardan biri Jukovskiy lagerda o'z joniga qasd qilgani haqidagi mish-mishlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi. U qamalib chiqdi va taqdir taqozosi bilan hayotdan ko'z yumdi.
Endi men siz bilan ozmi-ko'pmi xotirjam gapiryapman, chunki oradan qirq yildan ko'proq vaqt o'tdi – ko'zyoshlar ham qolmadi. Tasavvur qiling, o'sha paytda qanday ahvolda bo'lganman! Men ikki marta o'z jonimga qasd qilishga uringanman, chunki har kuni tushimga yigitlar kirib chiqishardi, ular bilan birga bo'lishni xohlardim.
O'zimni osib qo'yishimga sal qoldi va otam vaziyat yomonligimni anglab, to'rt devor ichida o'tirmasligim uchun meni uydan haydab yubordi. Men odamlar doimo men bilan muloqot qiladigan boshqa joyga bordim. Otam esa mening ahvolimni ko'rib: "Futbolni tashla, sen allaqachon o'ynaganingni o'ynab bo'libsan", degandi. Yana besh yil o'ynashga ko'zim etsa-da, butsalarimni mixga ildim.
"O'zbekistonlik bir yigit halokat ro'y bergan joyga velosipedda borgan. U Ukrainadan tuproq olib kelib, otamning qabriga sepgan". "Paxtakor" sardori, SSSR terma jamoasi futbolchisi Mixail Anning o'g'li monologi
"Otam aslida jarohat tufayli Minskka uchmasligi kerak edi, ammo u "Paxtakor"ni kuzatib borishni istagan", – deydi futbol murabbiyi Dmitriy An.
Jamoa oddiy rejalashtirilgan samolyotda uchgan, unga malum miqdordagi o'rindiqlar zaxira sifatida ajratilgan va ulardan bittasi bo'sh bo'lgan. Birinchidan, bosh murabbiy Oleg Bazilevich oilasini ko'rish uchun erta uchib ketgan. Ikkinchidan, boshqa bir futbolchi ham ucha olmagan.
U nima uchun jamoa bilan birga uchishga qaror qilgani hozirgacha nomalum. Axir, u ham, onam ham samolyotda uchishdan qo'rqishar, o'zlarini noqulay his qilishardi. Vahima bo'lmagan, biroq qo'rquv bo'lgan... Ehtimol, u faqat yigitlarni qo'llab-quvvatlashga qaror qilgandir, chunki sardor edi. O'sha "Paxtakor" haqiqiy jamoa edi – bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun.
Jamoa o'zining eng yuqori cho'qqisida edi. Menimcha, ketma-ket 3 ta o'yinda g'alaba qozongan (4 ta – tahr.). U o'ynamasa-da, jamoaviy ruhni saqlab qolishni xohlagan. Aniq bilamanki, jamoadagilar juda yaxshi munosabatlarga ega, ahil bo'lgan. Hamma oilaviy bordi-keldi qilgan. Men darvozabon Sergey Pokatilovning singlisi bilan hamon aloqadaman.
Dahshatli xabar paytida onam va men Sochida dam olayotgandik. Uning yig'laganini yaxshi eslayman. U qo'limdan ushlab turib, yugurdi... Hamma narsani eslay olmayman, lekin u yugurib ketgani va meni sudrab olib ketgani xotiramda qolgan. Bolada stress bo'lsa, u bunday daqiqalarni eslab qoladi. Biz zudlik bilan mehmonxonani tark etib, uchib ketgandik.
Hamma otam juda yaxshi inson bo'lganini aytadi. Mendan yoshi kattaroq do'stim bor, u ham sport maktab-internatida futbol bo'limida o'qigan. Xolasi qiziq voqeani aytib bergandi. U O'zbekiston SSR velosiped sporti federaciyasida ishlagan. Ular qaysidir shaharda bo'lib turganda, tasodifan "Paxtakor" ham shu erga kelgan. Va shunday bo'lganki, velosport delegaciyasiga qaytish reysi uchun ikkita chipta chiqmagan.
SHunday qilib, yoshlar terma jamoalari orasida Evropa chempioni bo'lgan otam va Vladimir Fyodorov ularga chiptalarini berib, mehmonxonaga yo'l olishgan va Toshkentga ertasi kuni qaytishgan. Vaholanki, ular o'sha paytda jamoa etakchilari bo'lishgan, ularni butun O'zbekiston tanigan. Ammo ular kerilishmagan va olijanoblik qilishgan! U va Fyodorov bir-birini nafaqat maydonda, balki hayotda ham so'zsiz tushungan.
Yaqinda menga koreyalik uchuvchi qo'ng'iroq qilib, bir paytlar otamdan esdalik sifatida olgan guvohnoma hali ham borligini aytdi. Ko'p yillar o'tgach, u menga uni qaytarib berdi.
Buvam Sverdlov nomidagi kolxozda ishlagan, otamning bolalik paytida vafot etgan. Xonadon ro'zg'orini buvim tebratgan. Taqdirni qarangki, otam deyarli otasini eslolmaydi, menda ham xuddi shunday bo'ldi.
Otam kolxoz bo'limida futbol o'ynagan, qaergadir musobaqaga borgan – va uni o'sha erda payqashgan. Uning Dmitriy ismli akasi ham bor edi, ismim uning sharafiga qo'yilgan. Amakim, afsuski, ancha oldin vafot etgan. U kishi hujumda to'p tepgan, boshi bilan yaxshi o'ynagan. U ko'p vaqt bo'lmasa-da, "Paxtakor"ning asosiy o'yinchisi bo'lgan. Faoliyatini tugatgach, kolxoz brigadasi boshlig'i, mehmonxona direktori bo'lib ishlagan.
Uning aytishicha, otam bolaligida maktab-internatdan bir necha marta qochib ketgan. Murabbiylar uni astoydil ishlashga majbur qilishgan. Siz xohlaysizmi-xohlamaysizmi, katta avlodni hurmat qilishingiz va bor kuchingizni yuz foiz sarflashingiz kerak. Ular otamga hech qachon beparvo o'ynamaslikni, bor kuchini berib harakatlanishni uqtirishgan.
U bilan birga o'ynagan katta avlod vakillarining aytishicha, tanaffus vaqtida echinish xonasida u: "Boshqa chidolmayman, kuchim qolmadi", deb aytgan. Jismoniy jihatdan eng kuchli va bardoshli emasdi. Ammo u ikkinchi taymda "qo'limdan kelmaydi" deb maydonga tushib, birinchisidan yaxshiroq o'ynagan.
Amakim otam kabi istedodga ega emasdi. Yaqinda Qurbon Berdiev bilan suhbatlashish baxtiga muyassar bo'ldim. U kishining aytishicha, otamning tug'ma istedodi bo'lgan – to'pni qabul qilishdan oldin keyin nima qilishini aniq bilgan. SHuning uchun ham u yarim himoyachiga aylangan.
Berdiev SSSR xalqlarining yoshlar Spartakiadasida otam bilan uchrashgan. Ular bir-biriga qarshi ro'baro' kelgan, otam bir-ikki o'yinchini aldab, gol urgan. Berdiev bu qanday sodir bo'lganini ham tushunmaganini takidladi. Ikkinchi golni urganida uch kishini aldab o'tgan ekan. Keyin ular bir-birlarini yaqinroqdan tanib, turli turnirlarda birga qatnashishgan. Qurbon Bekievich uning 50-60 metrga uzatgan uzatmalarini maqtadi, uning so'zlariga ko'ra, otam shunday traektoriyani olganki, himoyachi reakciya qilishga ham ulgurmagan.
O'zim otamning faqat bitta o'yinini to'liq ko'rganman – 1976 yilda Franciyaga qarshi kechgan yoshlar o'rtasidagi Evropa chempionati g'alabali finalini. Esimda qolgani, u ikki oyog'i bilan turli qanotlardan burchak to'plarini amalga oshirardi – va ularning hammasi o'zi xohlagan joyga uchib borardi. Hozir ikki oyog'ida bir xil o'ynay oladigan futbolchilar yo'q.
---------------------------------------------------------------------------------------
1975 yili Valeriy Lobanovskiy boshchiligidagi Kievning "Dinamo"si Kubok egalari kubogi va Evropa Superkubogini qo'lga kiritganida "Paxtakor" ularni o'z maydonida – 5:0 hisobida mag'lub etgan, otam 2 ta to'p kiritgan. Bu o'yinni ko'rishni juda xohlardim! Hamma joyni qidirib chiqdik, lekin afsuski, topilmadi. Ikkinchi murabbiy Idgay Tazetdinovning bevasi, "Paxtakor-79"ning bosh tarixchisi Alla Tazetdinova mavjud bo'lgan barcha arxivlarni ko'tarib chiqqan – afsuski, lavhalarni hech kim saqlab qolmagan. Umuman olganda, o'sha "Paxtakor"ning birorta ham o'yini saqlanmagan. Bo'lsa ham faqat Moskvaning biron bir joyida bo'lsa kerak...
Onamning aytishicha, otam "Spartak"dan taklif olgan, lekin ketmagan. Uning katta oilasi bor edi – onasi, akasi, ukasi va uchta opasi. Ularni tashlab ketishni istamasdi, o'zining vatani O'zbekistonni juda sevardi. Bilishimcha, tarixiy vatani Koreyaga ketish haqida hech qachon o'ylamagan. Otam vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan. U qaerda o'sgan bo'lsa, uning vatani ham o'sha erda. Biroq otam koreyschani tushunardi. Onam ham gaplashishni bilardi. Afsuski, men koreyschani bilmayman.
Ammo 2015 yilda Koreyada bo'lib o'tgan Osiyo futbol festivaliga o'z jamoamni olib borgandim – ular bu kim, qaerdan, deb so'rashgan. Bolalar otam haqida hech narsa bilishmasdi, biroq mahalliy bir otaxon kelib, "Paxtakor" tarixini bilishini, tarjimon orqali otam – Mixail An haqida so'ragandi. Bu yoqimli bo'lgan.
1976 yilda otam yoshlar o'rtasidagi Evropa chempionatida g'olib chiqqan, 1978 yilda Ittifoqning birinchi terma jamoasida debyut qilgan – uni Nikita Simonyan taklif qilgan. Menimcha, ular Evgeniy Lovchev bilan o'sha erda do'stlashishgan, u sardor edi. Menda ularning SSSR yozuvi tushirilgan liboslarda maydonda yonma-yon turgan surati bor.
---------------------------------------------------------------------------------------
Otam vafot etganida 5 yoshda edim. Juda kichkina bo'lganim uchun kam voqealar esimga keladi. Onam bilan Toshkent aeroportida otamning jamoasini kutib olganimizni eslayman. U AQSH gastrolidan kelgan va otam o'sha paytdagi Davlat kotibi Genri Kissinjer unga "o'yinning eng yaxshi futbolchisi" sifatida taqdim etgan kubokni olib kelgan edi. U hali ham uyimizda saqlanadi.
U sayohatlardan o'yinchoq olib kelgan bir-ikki lahzalarini ham eslayman. Onam Moskvada o'qirdi, men buvim bilan o'sdim. O'yinchoq qurolim bor edi, shu yodimda. Qolganini qarindoshlar va do'stlarining hikoyalaridan bilaman. Ikki amakivachcham (biri otam vafot etganida 12 yoshda, ikkinchisi 11 yoshda bo'lgan) uni yaxshi eslashadi. Ular otamga juda yaqin ekanliklarini aytishgan. Otam har bir bolaga etibor berar, hech kimni unutmasdi.
Singlim otamni hech qachon ko'rmagan. U 79-yilning noyabrida tug'ilgan, halokat esa avgust oyida sodir bo'lgan. SHunga qaramay, u uni juda yaxshi ko'radi. O'shanda onam 23 yoshda edi va qaynsinglisi hatto uni abort qilishga qo'ndirishga uringan. Ammo u otamni shunchalik yaxshi ko'rar ediki, u nafaqat farzandni dunyoga keltirdi, balki hech qachon boshqa kishiga turmushga chiqmadi. Singlimning ahvoli yaxshi, uch farzandi bor. Aka sifatida bu men uchun muhim. Onam, singlim va menda har birimizda bittadan otamning fotosurati bor.
"Paxtakor" yoshlar sport maktabida "Spartak" bo'lajak futbolchisi Valeriy Kechinov bilan bir sinfda o'qiganman. U bilan o'sha paytlardagi o'yin surati ham bor. Biz muloqot qilib turamiz, oxirgi marta bu erda bo'lganida ko'rishgandik. Albatta, u boshqalardan ajralib turardi. Uni maydonda ko'rgan har bir kishi ustasi farang o'sayotganini tushunardi. Yana bir sinfdoshim Nikolay SHirshov "Rostov"da besh yil to'p tepdi. Yaqinda vafot etdi...
Futbol bobida mahoratli edim – ko'pchilik aytganidek, aridan apelsin tug'ilmaydi. Ammo iqtidorni rivojlantirish kerak edi, bu sodir bo'lmadi. Afsuski, uzoq vaqt o'ynamadim. SSSR chempionatining Ikkinchi ligasida juda yuqori darajadagi turnirda bir mavsumni "Sverdlovec" jamoasida o'tkazdim. Bu SSSR parchalanishidan oldingi oxirgi mavsum edi.
Keyin esa ikki yilni O'zbekiston chempionati Oliy ligasi vakili "Umid" klubi sharafini himoya qildim. Ammo tizzamda doimiy og'riq his qilaverganim bois yuz foiz borimni berolmadim. Hozirgi paytda "Paxtakor" akademiyasida bolalarga saboq beryapman. Qanchalik iqtidorli bo'lmang, bor kuchingizni bermasangiz, natija kuzatilmaydi. Uzog'i o'rtacha o'yinchi bo'lasiz. Yuqori saviyada o'ynay olmasligimni tezda anglab etdim va O'zbekistondagi birinchi murabbiylik kurslariga qatnay boshladim.
O'g'lim yaqinda 21 yoshga to'ladi. U Titov nomidagi sport maktab-internatini bitirdi. Otam ham, men ham o'sha erning bitiruvchilarimiz. Lekin u eshkak eshuvchi, baydarka bo'yicha O'zbekiston chempioni. U kirishi mumkin bo'lgan uchta universitet bor edi. Dimplomatiyaga kira olmadi, ammo Moliya institutiga kirdi. Birinchi kursdan so'ng uni Italiyaga jo'natishdi. U er unga juda yoqmoqda. Uning birinchi ko'rgani – u erda baydarkada suzuvchilar talay ekanligi.
---------------------------------------------------------------------------------------
Yaqinda Olmaotadan uchib keldim, u erda Qurbon Berdiev bilan uchrashdim. Hozir men Pro toifasi uchun o'qiyapman, uning oldiga amaliyot o'tash uchun bordim. U bilan bir necha daqiqa suhbatlashishning o'zi men uchun baxt deb o'ylagandim, lekin u meni kutib oldi! Olmaotalik bolalar murabbiylari meni tanishadi, chunki u erga shogirdlarimni ko'p olib borganman. Bekievich avvaliga meni Mixail Anning familiyadoshi deb o'yladi, uning o'g'li ekanligimni bilgach, meni quchoqladi. Ro'parasiga o'tirdim – choy ichib, to'rt yarim soat suhbatlashdik.
U bilan muloqot qilishdan katta zavq oldim, men uchun bu vaqt bir daqiqada o'tib ketganday tuyuldi. Uning o'zi ham yaqinda evropalik katta murabbiylar oldiga amaliyotga borgani ajoyib saboq bo'ldi. Bunday katta tajribaga ega, super murabbiy, lekin baribir o'rganayotgan, rivojlanayotgan odam! Men uni hayajon bilan tingladim, hech narsani o'tkazib yubormaslikka harakat qildim, sakkiz bet narsa yozib oldim...
Berdiev otam bilan tengdosh, 1952 yilda tug'ilgan. U menga turli xil voqealarni aytib berdi. Malum bo'lishicha, u o'sha mavsum oldidan “Paxtakor”ga o'tishi lozim bo'lgan. Lekin aytishicha, Alloh uni qutqargan. U ketish haqida ariza yozganiga qaramasdan, uni Ashxoboddan qo'yib yuborishmagan. Oxir-oqibat, u ketgan, faqat Rostov SKAga.
Mixail Anning o'g'li ekanligim menga hayotda yordam berdimi yoki to'sqinlik qildimi? Ko'proq yordam berdi. Men har doim, har qanday vaziyatda ham odam bo'lib qolishga harakat qilganman. Baribir ular gapirishadi, solishtirishadi. CHapga bir qadam tashlasang ham, o'ngga qadam tashlasang ham "Otasi bunday qilmagan bo'lardi", deya gapira boshlashadi. Bunday iz qoldirish noto'g'ri bo'lardi, chunki otamdan har bir insonda faqat yaxshi xotiralar qolgan. Insonlar men bilan uchrashganlarida otam haqida yaxshi hikoyalar aytib berishadi. Garchi men uning o'g'liman deb reklama qilishni yoqtirmayman. Noqulay.
Har yili 11 avgust kuni albatta "Paxtakor-79"ni yodga olamiz. Men "Paxtakor" akademiyasi tizimida ishlayman. Klub hamisha bu sanaga masuliyat bilan yondashadi. Klubning hozirgi o'yinchilari keladi, rahbariyat, xodimlar – buxgalteriya bo'limigacha. Dastlab ular "Paxtakor" stadionidagi yodgorlik poyiga gulchambarlar qo'yishadi, so'ngra Botkin qabristoniga, jamoa yodgorligi poyiga boradilar. Klub rahbari kim bo'lishidan qati nazar, bu kun doimo hurmat bilan yodga olinadi.
Futbolchilarning qabri turli qabristonlarda joylashgan. O'zbekistondagi koreys diasporasi Toshkent yaqinidagi O'rtachirchiq tumanida o'z markaziga ega. U erda, Sverdlov kolxozida otam tug'ilib, bolaligini o'tkazgan va o'sha erda dafn etilgan. Poytaxtdan yigirma kilometr uzoqlikda joylashgan. Men bir yilda ikki marta qabrga boraman. Ammo o'lim kuni emas, bizni shunga o'rgatishgan.
Hech qachon ikkita samolyot to'qnashgan Ukrainaning Kurilovka qishlog'ida bo'lmaganman. Ammo u erdan bir odam keldi, menda uning malumotlari bor. Ular o'sha erda "Paxtakor"ga haykal qo'yishdi, bu insonlar hurmatga sazovor. Aytishlaricha, aviahalokat dahshatli bo'lgan, erga ulkan parchalar yog'ilgan.
O'zbekistonlik muxlislarimizdan biri esa Kurilovkaga velosipedda yo'l olgan. U erdan tuproq olib kelib, otamning qabriga quygan. U o'lgan futbolchilarning har bir oila azosiga bir hovuchdan tuproq taqsimlab bergan. U erga faqat shu maqsadda borgan...
SHerzod Nurmatov tayyorladi
Fikrlar