So’nggi yangiliklar

00:29Қозоғистон Профессионал футбол лигасининг букмекер ҳамкоридан қанча пул олаётгани маълум бўлди  0 00:12ПСЖ автобуси "Боруссия" стадионини Мбаппесиз тарк этди  0 23:40Конференциялар лигаси. "Астон Вилла" — "Олимпиакос" ҳамда "Фиорентина" — "Брюгге" учрашувлари бошланди  2 23:33Европа лигаси. "Марсель" "Аталанта"га қарши, "Рома" эса "Байер" билан куч синашмоқда (онлайн ҳисоб)  8 23:28Россия кубоги. РПЛ йўли. Финал. Файзуллаев захирадан туширилди, ЦСКА эса илк ўйинда дуранг ўйнади  4 23:17U-23 Осиё кубоги. Ироқ 3-ўрин учун баҳсда Индонезияни мағлуб этиб, Олимпиада йўлланмасини қўлга киритди  28 23:00Бензема "Реал Мадрид"га қайтди  14 22:41АПЛ. "Челси" — "Тоттенхэм" (онлайн ҳисоб)  1 22:26Ўзбекистон U-23 терма жамоасининг финалдан олдинги расмий машғулоти  1 22:11"Арсенал" логотипини ўзгартиради  2 21:55Аргентина Месси фаолиятини якунлагач, 10-рақамни ҳеч кимга бермайди  6 21:30Ўзбекистон олимпия терма жамоасининг финал олдидан ўтказган машғулотидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 21:04Куртуа Евро-2024'да иштирок этмайди  0 20:59Осиё Чемпионлар лигаси финалини ўзбекистонлик ҳакамлар бошқаради  7 20:16"Қайрат" ўзбекистонлик олимпиячиларни ўз сафига қўшиб олмоқчи  19

“Paxtakor” – 2002 yil Osiyoning eng yaxshi klubi. Ular hozir qaerda? Yangiliklar

“Paxtakor” – 2002 yil Osiyoning eng yaxshi klubi. Ular hozir qaerda?

2002 yil Osiyo futbol Konfederaciyasi O'zbekistoning “Paxtakor” jamoasini qitaning eng yaxshi klubi deb etirof etgan edi. Ushbu voqeaga ham bir zumda 15 yil to'ldi.

Biz o'quvchilarimizga o'sha “Paxtakor” safida o'ynagan asosiy futbolchilar haqida malumot berishga qaror qildik.

Ko'pchilikka OFK nima uchun aynan o'zbek klubini eng yaxshi deb topgani qiziq bo'lishi mumkin. O'sha yil Osiyo futboli rahbarlari “Osiyo chempionlar kubogi”ni “Osiyo chempionlar ligasi” deb o'zgartirishdi va musobaqa yangi formatda o'tkazila boshlandi. O'zbekiston vice-chempioni sifatida turnirga pley-offdan qo'shilgan “sherlar” Iordaniyaning “Al Vihdat” (3:0, 1:3), Qatarning “Al Ittihod” (3:4, 3:0) va BAAning “Al Ahli” (3:2, 1:0) klublari to'sig'idan muvaffaqiyatli o'ta olishdi. Guruh bosqich o'yinlari esa 2003 yil bahorida o'tkazish rejalashtirilgandi. OFK saralash bahslarida ajoyib o'yinlar namoyish etgani uchun “Paxtakor”ni qitaning eng yaxshi klubi deb tan olgandi.

Toshkent klubi o'sha yil Viktor Jalilov boshchiligida O'zbekiston oliy ligasida 74 ochko bilan chempion bo'lgandi. 9 avgust kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston kubogi finalida Farg'onaning “Neftchi” klubiga qarshi shiddatli bahs 6:3 hisobida “sherlar” foydasiga hal bo'lgandi.


 
Ignatiy Nesterov – O'sha yil jamoaga kelgan yosh posbon tez orada asosiy darvozabonga aylanib olgandi. Nesterov “Paxtakor”ning bir necha yil davomida O'zbekistonda va Osiyoda gegemonlik qilishiga salmoqli xissasini qo'sha olgan. Darvozabon “sherlar” safida qo'lga kiritish mumkin bo'lgan deyarli barcha sovrinlarni qo'lga kiritgach bir necha yil davomida “Bunyodkor”da o'ynadi. Ayni paytda esa u Toshkentning boshqa bir klubi “Lokomotiv” sharafini himoya qilmoqda. Nesterov O'zbekiston terma jamoasida ham 100ga yaqin o'yin o'tkazganini ham takidlash lozim. 



Gochguli Gochguliev – Turkmanistonlik himoyachini mustaqillik davrida “Paxtakor”ning eng yaxshi legionerlaridan biri deb bemalol ayta olamiz. Himoyachi bo'lishiga qaramay raqib darvozasiga gol urishda uncha buncha hujumchiga dars bergan. Gochguliev 2002 yil oliy ligada 26ta uchrashuv o'tkazib 14ta gol urib klub to'purari bo'la olgandi. Himoyachi 2002-2005 yillarda "Paxtakor" sharafini himoya qilgan. 2007-2010 yillarda Toshkentning "Bunyodkor" jamoasida o'ynagan. Gochguliev 2014 yildan buyon "Oltin Asr" klubida katta murabbiy lavozimida ishlab kelmoqda. Himoyachi O'zbekistondagi faoliyati davomida 7 karra O'zbekiston chempioni, 6 karra O'zbekiston kubogi sohibi bo'lgan. 3 marta OCHL yarim finaliga qadar etib borgan. 2002 yilda O'zbekistonning eng yaxshi futbolchisi so'rovnomasida Aleksandr Geynrixdan keyingi ikkinchi o'rinni band etgan.



Baxtiyor Ashurmatov – O'sha mavsum himoya markazida Gochguliev bilan tandem hosil qilgan Ashurmatov jamoa g'alabalariga o'z xissasini qo'sha olgan. U “Paxtakor”dan so'ng malum muddat Rossiyaning “Spartak Alaniya”, “Torpedo Metallurg” hamda “Krilya Sovetov” klublari sharafini himoya qilgan. 2007 yil oliy ligaga katta maqsadlar bilan chiqqan “Quruvchi” (hozirgi “Bunyodkor”) tajribali himoyachini O'zbekistonga qaytargandi. Ikki yil davomida “qaldirg'ochlar” safida o'ynagan Ashurmatov futbolchilik faoliyatining so'nggi yillarini “Xorazm” va “Lokomotiv”da o'tkazgan edi. 2012 yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan Baxtiyor Azamovich dastlab “Guliston” so'ngra “Navbahor” va “Andijon” klublarida bosh murabbiy sifatida ishladi. Bir muddat O'zbekiston olimpiya terma jamoasini ham boshqardi. Hozirgi kunda “Buxoro” klubida Ulug'bek Baqoev bilan birga faoliyat olib bormoqda.



Vitaliy Jalilov – Viktor Jalilovning o'g'li qanot himoyasida juda faol o'ynardi. Kerak paytda hujumga ham qo'shilib tura oladigan himoyachi bir necha bor sheriklari gol urishiga zamin yaratib bergandi. 2003 yilda “Paxtakor”dan ketgan Jalilov faoliyatini “Navbahor”, “Mashal” va “Qizilqum” klublarida davom ettirdi. 2007 yil butsalarini mixga ilgan Vitaliy ayni paytda O'zbekiston terma jamoasida mamur sifatida faoliyat olib bormoqda.

Qayrat O'taboev – O'zbekistonda tug'ilgan qozog'istonlik futbolchi 2000-2003 yillarda “Paxtakor” sharfini himoya qilgandi. Qanot himoyasida o'ynagan Qayrat raqib hujumchilari uchun haqiqiy bosh og'rig'iga aylanardi. “SHerlar” safini tark etgach futbolchi Qozog'istoning bir qator klublarida o'ynadi. Orada 2009 yil “Andijon”da o'ynagan O'taboev futbolchilik 2012 yilda faoliyatini tugatgandi. Etiborlisi Qayrat 2002 yil O'zbekiston terma jamoasida maydonga tushgan, 2005-2007 yillarda esa Qozog'iston terma jamoasida o'ynagandi.

Vladislav Kiryan -  O'ng qanot himoya va yarim himoyasida o'ynagan futbolchi o'sha yil oliy ligada 20ta o'yin o'tkazib 3 bor raqib darvozasiga to'p kiritgandi. Juda tezkor o'yinchi hujumchilarga qanotdan to'p uzatishlarni maromiga etkazardi. 2009 yilda Kiryan Namanganing “Navbahor” klubiga ko'chib o'tdi. 2010 yil yil ikkinchi davrasida Toshkentning “Lokomotiv” klubida ko'rinish bergan futbolchi butsalarini mixga ilishga qaror qildi. Ayni paytda Rossiyaning Belgorod viloyatida yashab biznes bilan shug'ullanmoqda.

Anvar G'ofurov – faoliyatining ilk davrlarini “Paxtakor”da boshlagan G'ofurov hozirga qadar futbol o'ynamoqda. “SHerlar” safini 2003 yil tark etgan futbolchi keyinroq “Navbahor”, “Dinamo”, “Mashal” va “Bunyodkor” klublarida o'ynadi.  O'tgan yil Toshkentning “Obod” klubiga o'tgan G'ofurov hozirga qadar shu jamoada o'ynab kelmoqda.



Server Jeparov – O'sha “Paxtakor”ning asosiy o'yinchilaridan biri bo'lgan Jeparov pleymeyker sifatida hujumlarni boshlash va hujumchilarga pas oshirishni o'z bo'yniga olgandi. Bundan tashqari Server ko'plab gollar ham urishga muvaffaq bo'lgandi. 2007 yilga qadar “sherlar” safida bir necha bor O'zbekiston chempioni va O'zbekiston kubogini qo'lga kiritgan yarim himoyachi 2008 yil “Bunyodkor”ga o'tgandi. Osiyoda ikki marta yilning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan Jeparov Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya klublarida faoliyat olib borib, o'tgan yil “Lokomotiv”da o'ynadi. Bu yil boshida esa Eroning “Istiqlol” klubi bilan bir yarim yillik shartnoma tuzdi va “Sepaxon”ga ijaraga berildi.



Leonid Koshelev – CHap oyog'idagi zarba raqib darvozabonlarini tushlariga kirib chiqardi. Jarima to'plaridan urgan gollari “Paxtakor”ning bir qator muhim g'alabalariga zamin yaratgan. Koshelev “sherlar” safini 2007 yilda bir qator sovrinlar bilan tark etgan. Undan keyin “Dinamo”, “Qizilqum”, “SHo'rtan” va “Navbahor” kabi klublarda o'ynagan. 2013 yil futbolchilik faoliyatini tugatgan Koshelev ayni paytda “Paxtakor” akademiyasida yosh bolakaylarga futbol sir asrorlarini o'rgatib kelmoqda.

Timur Kapadze – Bugungi kunga qadar futbol o'ynayotgan kam sonli o'yinchilardan yana biri. Kapadze o'sha tarkibda universal futbolchi edi. “Neftchi”da hujumda o'ynagan futbolchi “Paxtakor”da yarim himoyada o'ynadi. O'sha yil oliy ligada 20ta uchrashuv o'tkazib 4ta gol urishga erishgan Kapadze ham Jeparov kabi 2008 yilda “Bunyodkor”ga ko'chib o'tgandi. Bundan tashqari Janubiy Koreya va BAA chempionatlarida o'ynagan yarim himoyachi bugungi kunda “Lokomotiv” sharafini himoya qilmoqda.

Mirjalol Qosimov – O'zbekistoning eng kuchli futbolchilaridan biri bo'lgan Mirjalol Qo'shoqovich o'sha mavsum jarohatlar tufayli bir qator o'yinlarda jamoasiga yordam bera olmagandi. Ammo maydonga tushgan bahslarning hech birida raqiblarga oson bo'lmasdi. Jarima to'plaridan zargarona gollar urishning hadisini olgan Qosimov maydonni ko'rish va chiroyli to'p uzatishda ham sherkilaridan anchayin oldinda edi. Qosimov 2003-2004 yillarda Rossiyaning “Alaniya” klubida 2005 yilda Muborakning “Mashal” klubida o'ynab faoliyatini yakunlashga qaror qilgandi. Qosimov butsalarini mixga ilib tezda murabbiylik faoliyatini boshlab yuborgandi. O'zbekiston olimpiya terma jamoasida yordamchi murabbiy bo'lgan Mirjalol Qo'shoqovich "Quruvchi" (hozirgi "Bunyodkor") bosh murabbiyi sifatida ikki yil ishladi. Keyin O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ham salmoqli faoliyat olib bordi.

Aleksandr Geynrix – 18 yoshli hujumchi “Paxtakor”dagi ilk mavsumidayoq ajoyib o'yinlar namoyish etib bergandi. Yil yakunida O'zbekistoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgani ham so'zimizga isbot bo'la oladi. Oliy ligada 22ta o'yinda maydonga tushgan va 9 bor raqiblar darvozasini ishg'ol qilgan Sasha faoliyatining keyngi yilini Rossiyaning CSKA klubida o'tkazib xatoga yo'l qo'ygandi. Yosh futbolchimiz kuchli raqobatda yutqazib qo'ygan va asosiy tarkibda deyarli maydonga tushmagandi. Keyin "Paxtakor"ga qaytib o'z formasini tiklab olgach yana Rossiyaga, bu safar Moskvaning "Torpedo" klubiga o'tgandi. 2007-2011 yillarda "Paxtakor"da o'ynagan Geynrix Qatardagi Osiyo Kubogidan so'ng Janubiy Koreyaning "Suvon Samsung" klubidan tushgan taklifni qabul qilgandi. So'ngra BAAda "Emireyts", Qozog'istonda "Aktobe" klublarida o'ynagan hujumchi 2014 yilni "Lokomotiv"da o'tkazdi. Sasha 2015 yildan buyon Qozog'istoning "Ordabasi" jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda..

Zayniddin Tojiev – Hujumchi o'sha yil oliy ligada 16ta uchrashuvda maydonga tushib 3ta gol urgan. OCHL pley-off bosqichida esa Tojievlarning to'ng'ichi “Al Vihdat”, “Al Ittihod” va “Al Ahli” bilan o'yinlarda jami 4ta gol urishga muvaffaq bo'lgandi. Uning driblingi raqib himoyachilarini shoshirib qo'yardi. 2010 yilga qadar “Paxtakor”da o'ynagan hujumchi faoliyatini oliy liganing bir qator klublarida davom ettirdi. 2015 yilda “Buxoro” safida bir davra o'ynab butsalarini mixga ilishga qaror qilgan Tojiev ayni paytda “JFL Tashkent” klubida bolalar futboli murabbiyi bo'lib ishlamoqda.

Anvar Soliev – “Sehrli tayoqcha” deb nom qozongan hujumchi “Paxtakor”da o'sha mavsum ko'pincha qanotda o'ynardi va muhim gollarni urardi. Soliev 2008 yilda “Bunyodkor”ni tanlagandi va 2012 yilga qadar shu jamoada o'ynadi. Faqat orada bir yil “Nasaf”da ijarada o'ynab qaytgandi. 2013-2015 yillarda yana “sherlar” safida o'ynagan hujumchi o'tgan mavsum birinchi davradan so'ng futbolchilikni tugatishga qaror qildi. Bugungi kunda Namanganing “Navbahor” klubida sport direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.



Nematulla Quttiboev – Qoraqalpog'istonlik hujumchi o'sha yil oliy ligada 25ta uchrashuvda maydonga tushib 9ta gol urishga muvaffaq bo'lgandi. Quttiboev hujumda ko'pchincha Geynrix bilan tandem hosil qilardi. “Paxtakor”dan so'ng hujumchi “Qizilqum” va “Xorazm” safida o'ynadi. Bir necha yil davomida “Orol” klubi bosh murabbiyi lavozimida faoliyat olib bordi. Bugungi kunda Quttiboev Nukus olimpiya zaxiralari kollejida yosh futbolchilarga saboq bermoqda.

Marat Bikmaev – O'sha tarkibning eng yosh vakillaridan biri. Bikmaev o'sha yil 16 yoshida oliy ligada 7ta uchrashuvda maydonga  tushib 1ta gol urishga ham erishgandi. Bikmaev "Paxtakor"dan keyin asosan Rossiya klublarida o'ynadi. "Krilya Sovetov", "Rubin", "Spartak Nalchik" va "Alaniya"da faoliyat olib borgan Marat Qozog'istonda "Aktobe"da ikki mavsum o'ynadi. 2014 yilda O'zbekistonga qaytib "Lokomotiv" bilan shartnoma tuzdi. Bugunga kelib jamoaning asosiy hujumchisiga aylanib oldi.

Bosh murabbiy
Viktor Jalilov
- "Paxtakor"ning o'sha yillardagi g'alabalarining asoschisi Viktor Jalilov bo'lgandi. Bosh murabbiy jamoani O'zbekiston chempioni va O'zbekiston kubogi sohibiga aylantirgandi. SHu sababli ham 2002 yil aynan Viktor Romanovich mamlakatimizning eng yaxshi murabbiyi deb etirof etilgandi. "Paxtakor"dan keyin Jalilov "Mashal", "Navbahor" va "Dinamo" klublarida ishladi. Ayni paytda O'zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat olib bormoqda.


Narzulla Saydullaev

Reyting: +43   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика