So’nggi yangiliklar

03:00ЕЧЛ. "Ювентус" қийинчилик билан ПСВни мағлуб этди, "Боруссия Дортмунд" эса илк ўйиндаёқ кейинги босқич масаласини деярли ҳал қилди  22 02:58ЕЧЛ. Даҳшатли ўтган ўйинда "Реал"дан 90+2-дақиқада камбэк, Холанднинг дубли ҳам "Сити"га ёрдам бермади  554 01:31"Ал Насср" январда Нуньес учун 75+ млн евро ва бонуслар таклиф қилди, аммо...  0 00:55Пеп Гвардиола нега Грилишни асосий таркибга қўйди?  3 00:41ЕЧЛ. ПСЖ "Брест"га қарши плей-оффдаги биринчи ўйиндаёқ кейинги босқич масаласини деярли ҳал қилди  17 23:06УЕФА Чемпионлар лигаси финалини АҚШда ўтказиши мумкин  12 22:17Родриго "Реал"дан кетиши мумкинлиги ҳақидаги миш-мишларга изоҳ берди  10 21:13"Реал" ёзда 120 млн евролик трансферни амалга ошириши мумкин  22 20:44"Барселона" Франция чемпионатидан ҳужумчи олмоқчи  7 20:18Дибала Мадридга йўл олиши мумкин  2 19:44Асрор Алиқулов: "Суперлига Про лига эмас, бизни қийин ва қизиқарли мавсум кутмоқда"  4 19:20Ўзбекистон аёллар миллий терма жамоаси БААда халқаро турнирда иштирок этади  2 18:38Тебас ЕЧЛ янги формати ҳақида: "Вазиятни янада ёмонлаштиришди. Клублар ўртасидаги тафовут ортиб кетяпти"  46 17:50Гвардиола: "Винисиус "Олтин тўп"га лойиқ эди"  42 17:24Ўзбекистон ампутантлар терма жамоаси Осиё чемпионати финалига чиқди!  17

O'zbekistonga qarshi Toshkentdagi o'yinda Eron etakchilari o'rtasida kelishmovchilik sodir bo'lgan Yangiliklar

O'zbekistonga qarshi Toshkentdagi o'yinda Eron etakchilari o'rtasida kelishmovchilik sodir bo'lgan

Bir necha kundan so'ng "Inter" futbolchisiga aylanadigan Mehdi Taremi voqea qahramonlaridan biriga aylangan.

Xabaringiz bor, yaqinda 2026 yilgi jahon chempionati Osiyo qitasi saralashi 3-bosqichiga qura tashlandi. Srechko Katanec bosh murabbiyligidagi O'zbekiston terma jamoasi "A" guruhida Eron, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg'iz Respublikasi va SHimoliy Koreya bilan bir guruhdan o'rin egalladi.

Mundialga guruhda dastlabki ikki o'rinni egallagan jamoa to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmani qo'lga kiritadi. O'zbekiston terma jamoasiga Eron va Qatar asosiy raqobatchi sifatida ko'rilmoqda. Ikki jamoa ham "oq bo'rilar" uchun begona emas. Qatar bilan Osiyo kubogi pley-off bosqichida to'qnash kelgan bo'lsak, Eron bilan ikkinchi saralash bosqichida ikki marotaba kuch sinashishga ulgurdik. 

Quradan avval birinchi savatchadan joy olgan va amalda guruh favoriti sifatida ko'rilayotgan Eron bir qator etakchi futbolchilari bilan mashhur. Biroq ommaga oshkor qilinmayotgan bo'lsa-da, jamoadagi ichki muhit havas qilarli darajada emas. 

Terma jamoa bosh murabbiyi Amir G'alinoi mamlakat futboli tepasida turgan amaldorlardan norozi ekanligini bir necha bor bildirib o'tgan. Jumladan, ikkinchi bosqich doirasida O'zbekistonga qarshi o'z maydonidagi o'yin oldidan safar parvozlari bo'yicha tashkiliy ishlar to'g'ri yo'lga qo'yilmaganligi sababli futbolchilarda charchoq alomatlari va jarohatlar yuzaga kelayotganini takidlagandi. 

"Hozir meni tashvishga solayotgan narsa jamoaning tiklanishi va futbolchilarning jismoniy holati hisoblanadi. Afsuski, futbolchilardan birini yo'qotdik. Said Mehri mushaklari zo'riqishi tufayli jarohat olgan va bunga to'g'ri yo'lga qo'yilmagan parvozlar sabab bo'lgan. Biz so'nggi safarimiz davomida qiyinchiliklarga duch keldik va bundan biroz ranjidik. Terma jamoaning qadr-qimmati, shaxsiyati bundan baland. Xitoydan kelgan sayyoh bizni ko'rib, “Mamlakat terma jamoasi shu tariqa parvoz qilishi kerakmi?” dedi. Umid qilamanki, rahbariyat uchinchi saralash bosqichida terma jamoa haqida o'ylashadi, chunki futbol odamlarga zavf bag'ishlaydi. Odamlar bu muammolar uchun bizni ayblashga haqli. Rasmiylardan terma jamoaning uchinchi saralash bosqichi haqida o'ylashlarini istayman, chunki futbolchilar chindan ham astoydil mehnat qilishyapti, yigitlar ko'p kuch sarflamoqda va men ularning har biriga o'z minnatdorchiligimni bildiraman".

Yodingizda bo'lsa, O'zbekistonga qarshi safar chog'ida Eronning Zagros avikompaniyasiga tegishli samolyotda to'g'ridan-to'g'ri Tehronga uchishi kerak edi. Ammo negadir ushbu samolyot Tehrondan Toshkentga taxminan 5 soat kechikkian holda uchgan va o'z-o'zidan terma jamoa azolari samolyotni Toshkentdagi aeroportda kutishga majbur bo'ldi. O'zbekiston Tehronga kech uchib borishi tufayli Tehrondagi bugungi mashg'ulotlar ham bekor qilindi.

G'alinoi, shuningdek, qura natijalari haqidagi gapirar ekan, qiyin guruhdan o'rin olgani, raqiblari so'nggi yillarda futbolga katta sarmoya kiritayotganiga qaramay, jahon chempionatiga yo'l olishiga ishonch bildirishini takidladi. SHu bilan birga, murabbiy yana bir marotaba mansabdorlar cho'ntagini qappaytirish uchun emas, terma jamoa manfaati uchun xizmat qilishi lozimligini qo'shimcha qildi.

Eronda asosiy kuchni hamon tajribali futbolchilar tashkil etadi. Jamoada avlodlar almashinuvi jarayoni qiyin kechmoqda. G'alinoi yig'inlarga hamisha yoshlarni jalb etayotgani, biroq ulardan ko'ngli to'lmayotganini ham malum qilgan. Asosiy tarkibning katta qismi "qariya" futbolchilardan iborat. Jumladan, ikkinchi bosqich doirasida O'zbekistonga qarshi maydonga tushgan 11 nafar o'yinchining 9 tasini 29 va undan katta yoshdagi futbolchilar tashkil etgan.

Qolaversa, etakchilar o'rtasida ham turli nizolar uchrab turmoqda. Yaqinda bir necha kundan so'ng Italiyaning "Inter" klubi futbolchisiga aylanadigan Mehdi Taremi "Top Football" teleko'rsatuvida chiqish qildi. 31 yoshli futbolchi intervyu davomida O'zbekistonga qarshi ikkala uchrashuvni ham yodga oldi. 

"O'zbekistonga qarshi Toshkentdagi o'yinda katta ustunlikka ega bo'ldik, uchrashuvda uch-to'rt to'p farqi bilan g'alaba qozonishimiz mumkin edi, ammo ikkinchi bo'limda bazi nojo'ya harakatlari tufayli bunga erisha olmadik. Bu haqda gapirishni xohlamayman. Javob o'yini esa hech kimni qiziqtirmadi. Terma jamoa keyingi bosqich yo'llanmasini hal qilib bo'lganligi sababli futbolchilar bu o'yinga jiddiy etibor qaratishmadi. Bellashuv oldidan futbolchilar va xodimlarni diqqatli bo'lishi haqida qanchalik ogohlantirmaylik, afsuski, ular quloq solishmadi".

Fors nashrlarining malum qilishicha, Eronning O'zbekistonga qarshi Toshkentdagi uchrashuvida etakchi futbolchilar o'rtasida kelishmovchiliklar sodir bo'lgan. O'sha o'yinda Sardor Azmun terma jamoa sardorlik bog'ichi ostida maydonga tushgandi. 75-daqiqaga kelib, murabbiy uni almashtirishga qaror qildi. Bu vaqtga kelib, G'alinoi dam olish uchun zaxira o'rindig'idagi joyiga o'tirgandi. Maydonni tark etayotgan Azmun nisbatan yoshi katta bo'lgan Ehson Hojisafidan bog'ichni kimga qoldirishi kerakligini so'raydi. Zaxiradagi 34 yoshli futbolchi esa unga darvozabon Alirizo Beyranvand loyiqligini aytdi. 

Bog'ich olishni kutib turgan Taremi esa ochiqchasiga noroziligini bildirdi. Hali bog'ich etib kelmagan darvozabon uni Taremiga berishga rozi bo'ldi, biroq "Portu"ga tegishli bo'lgan hujumchi g'azab ustida buni rad etdi. Hatto qo'lidagi bog'ichni echib, Hojisafiga "Terma jamoaga men tufayli taklif qilingansan!", deb aytgan va maydonni tark etmoqchiligini ham malum qilgan. Yodingizda bo'lsa, o'sha lahzada to'xtalish yuzaga kelib, vaziyatga aralashgan terma jamoa tarjimoni maydondan chetlatilgandi. 

Taremining sardorlik bog'ichini olishdan bosh tortgani aks etgan videolavhani tomosha qilish

Uchrashuv yakunlangach, G'alinoining o'sha paytdagi maslahatchisi Xodadad Azizi ikkala futbolchini ham terma jamoadan chetlatish kerakligini talab qilgan, biroq uning iltimosi qondirilmagan. Biroq bu voqea haqida rasmiy munosabat bildirmagan. Keyinchalik futbolchilar o'rtasidagi adovat yo'qolgan bo'lishi mumkin, ular birgalikda ko'pgina o'yinlarda ishtirok etishdi. Ammo voqea baribir terma jamoa muhitiga salbiy tasir o'tkazgani aniq. 

Taremi ko'rsatuv davomida Sardor Azmunga ham tarif burib, u futboldan ko'ra otlarni ko'proq yoqtirishini aytdi. 

"Terma jamoada yoshi katta futbolchilardan men, Sardor, Jahonbaxsh, Said o'zaro ko'p muloqot qilamiz. Sardor Azmun yuqori saviyali va o'ta istedodli futbolchi sanaladi. Biroq u ruhiy jihatdan futbol o'ynashdan ko'ra ot minishga tayyorroq. Uning butun o'y-xayoli tulporlarda. U otlarni yaxshi ko'radi. Agarda Azmun bor etiborini futbolga qaratganida, dunyoning eng ko'zga ko'ringan yulduzlaridan biri bo'lishi mumkin edi".

Eslatib o'tamiz, uchinchi bosqich doirasida ham O'zbekiston va Eron yana ikki marotaba to'qnash keladi. Dastlabki o'yinga 10 oktyabr sanasida mamlakatimiz mezbonlik qilsa, javob o'yini kelasi yilning 25 mart kuni fors o'lkasida o'tkaziladi.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +13   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика