O'ttiz ming so'm to'lov va bir oylik huzur
30 sen 2021 12:27
Yangiliklar
O'ttiz ming so'm to'lov va bir oylik huzur
Hozir allambalo narsalar chiqib ketgan: bir yillik, bir oylik paketlar bor, uyda vay-fay bo'lsa kabel ham shart emas, internet orqali boshqa kanallarni ko'rsa bo'ladi, faqat PUL to'lab. Men "kabel" uchun bir oyga 30 ming so'm to'layman. Va shuning evaziga faqat rus futbol kanallarini ko'raman. Boshqa ko'rsatuvlarni ko'rish uchun vaqt yo'q.
Nima uchundir "Uzreport" bilan "Futbol TV" yo'qolib qoldi. "Kabelniy"ga qo'ng'iroq qilib so'rasam, bilmaymiz, o'zimiz ham hayronmiz deydi. Ko'pchiligimiz "Match TV" va "Futbol 1,2,3"larni ko'rish uchun pul to'laymiz. Hatto chetga chiqqanda ham mehmonxonada turgan akalar biladi, xonadagi televizorni yoqsangiz bepul kanallar ko'rsatadi-yu, sport kanallariga kirsangiz pullik degan yozuv chiqadi. Nailoj bepul kanallarni ko'rish bilan cheklanasiz.
Biz ham pullik tizimga o'tamizmi?
Butun dunyoda sport musobaqalari translyaciyasi katta pulga sotiladi. Jahon chempionati, Evropa chempionati, CHempionlar ligasi va hokazo. Oxirgi paytlarda bizda ham klublarni xususiylashtirishga oid gap-so'zlar yangrab qoldi. Adashmasam, 2030 yilga qadar bu ish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Lekin qanday qilib?
Ochig'i, bu haqda bir narsa deyish mushkul, chunki xususiylashtirishga bosqichma-bosqich o'tishning tartib-qoidalari ishlab chiqqanmi-yo'qmi, bundan xabarimiz yo'q. SHu bois hozircha faqat klublar xususiy bo'lishi kerak kabi gaplarni eshitish bilan cheklanib turibmiz.
O'zbekistondagi klublar to'liq xususiy sektorga o'tishi uchun avvalo klublar pul ishlashini yo'lga qo'yish lozim bo'ladi. Bu birinchi navbatda chiptalar sotuvi va teletranslyaciyaga borib taqaladi. Bir klub rahbari bilan shu haqda suhbatlashganimda, O'FA va PFL bizdan klubni xususiyga aylantirishni so'rayapti, agar biz shu yo'lga o'tishni maqsad qilsak, o'z xarajatlarimizni qisman qoplash uchun stadionga kirishni kamida 50 ming so'm qilib qo'yishga to'g'ri kelishini aytdi.
Albatta, rahbarning gapida jon bor. CHunki 5-10 ming so'mga chipta sotish bilan nimani qoplash mumkin? Lekin ikkinchi tomondan bizdagi aholining sharoiti 50 mingga chipta olib o'yinga kirishga yo'l qo'yadimi degan savol yuzaga keladi. Superliga o'yinlarini ko'rish uchun stadionga kelayotgan muxlislarning aksari oddiy odamlar ekanini hisobga olsak, 50 ming to'lashga har kimning ham cho'ntagi ko'tarmaydi.
SHunda agar o'yinlarni televideniega sotsak-chi degan tasavvur yuzaga keladi. Malumki, hozir PFL O'zMTRK bilan kelishgan holda Superliga uchrashuvlarini namoyish etib kelmoqda. Va bizda hech bir o'yinni ko'rish uchun pul to'lamaysiz. Endi faraz qilamiz, o'yinlarni TV orqali tomosha qilish pullik qilib qo'yildi. Siz pul to'lab qaysidir paketni sotib olasizmi? Bu ham o'ylantiradigan masala.
Superliga qanchaga arziydi?
SHu o'rinda Superliga o'yinlarini televideniega sotish qanchaga tushadi degan savol tug'iladi. Biz shuncha yildan beri bepul tomosha qilib kelayotganimiz o'zbek futboli tasavvur qiling, pulga sotilsa bu qanday bo'ladi? Albatta, muxlislarda norozilik kayfiyati paydo bo'ladi. CHunki TV o'yinlarni sotib olganidan keyin istemolchilarga sotishi kerak.
Aytaylik, xususiy klub har bir uy uchrashuvlarining translyaciyasini 50 million so'mga sotib, o'z xarajatlarini to'liq bo'lmasa-da, qoplashi mumkin. Xarajatlar deganda ishchi-xodimlarning to o'yin tugaguncha stadionda qolib ishlashi, futbol o'ynalganidan keyin chimning holati qayta tiklash, buyoqda kamida ikki soat projektorlar yaraqlab turadi - xullas bularning hammasi pul.
Masalan, Superliga klubi uy uchrashuvini O'zMTRKga 50 million so'mga pullaydigan bo'lsa, har bir klub o'z maydonida 13tadan o'yin o'tkazishini inobatga olsak, bu bir yilda 650 million degani. Aslini olganda bu ham kam, chunki klublar yiliga milliardlab sarflaydi. Ammo baribir teletranslyaciyadan daromad kelishi klubning qaysidir xarajatlarini qoplab beradi.
Qars ikki qo'ldan chiqadi
Hozir barcha klublarni bir joyga yig'ib, 2030 yilgacha hammangiz xususiy bo'lasizlar degandan foyda yo'q. CHunki qars ikki qo'ldan chiqadi deganlaridek, O'FA va PFL talabiga ko'ra klublar ham shunga yarasha javob berishga majbur bo'ladi. Aytaylik, bu o'rinda Superliga klubi mayli biz xususiylashtirish yo'liga o'tamiz deb birinchi navbatda chiptani qimmat qiladi, ikkinchidan o'z maydonidagi uchrashuvlarni televideniega pullash haqida o'ylay boshlaydi.
Bu esa muxlislar o'rtasida norozilik kayfiyati yuzaga kelishiga sabab bo'ladi. CHunki har doim bepul yoki 5-10 ming so'm stadionga kirishga o'rganib qolgan muxlis birdaniga 50-100 mingga chipta xarid qilmaydi. Ikkinchidan, o'zimizdagi o'yinlarni televizorda pullik qilib qo'yish odamlar uchun yanayam g'alati ko'rinadi. Xalqqa esa futbol kerak.
O'zimdan misol qiladigan bo'lsam, men faqat "Match TV", "Match Igra" va "Futbol 1,2"larni ko'rish uchun har oy 30 ming beraman. Televizorda futbol ko'ramanmi-yo'qmi, baribir har oy pul to'layman. Mana shu o'ttiz ming bir yilda 360 ming bo'ladi. Endi faraz qiling, menga o'xshab pul to'laydiganlar 100ta bo'lsa bu pul bir yilga 36 million, agar mingta bo'lsa 360 million bo'ladi.
Menga shu kanallar kerakligi uchun ham pul to'layman. Agar o'zimizning Superliga ham pullik qilib qo'yilsa, qanchadir summa evaziga bir yillik paketni sotib olgan bo'larmidingiz? Bir xillar aytishi mumkin, e tekingayam ko'rmayman. Lekin hozirgi holatda O'FA va PFL harqancha klublar xususiy bo'lishi kerak demasin, qachonki klub o'z mahsulotini sotmas ekan, hech bir investor diqqatini torta olmaydi.
Xulosa o'rnida
Xullas o'zimdan qiyos qiladigan bo'lsam, 30 ming to'lab chet el futbolidan bir oylik huzur olyapman. Va xohlardimki, qachondir bizda ham ichki chempionat va Kubok o'yinlari televideniega sotilishi kerak. CHunki hamma narsa pullik bo'lib boryapti.
SHunday ekan, qachonki falonchi kanal futbol bo'yicha O'zbekiston chempionati va Kubok o'yinlarini namoyish etish huquqini falon summa evaziga qo'lga kiritdi degan xabar chiqsagina, bilingki, o'sha payt klublar xususiy bo'lish uchun dadil odimlayotgan bo'ladi.
X.Xoliqov.
Fikrlar