So’nggi yangiliklar

01:45"Тен Хаг куляптими?" Охара МЮ устозининг соврин ҳақидаги сўзларига эътироз билдирди  1 01:20МЮ бошқа клуб билан келишиб қўйган Фофанага қизиқиш билдиряпти  0 00:45Хосе Венансио Лопес: "Бугун янгича услубда ҳимояландик. Бугунги экспериментимиз биз учун фойдали бўлди"  0 00:42Молиявий қийинчиликка учраётган "Барселона" 12 августгача Уильямс учун 58 млн. евро тўламоқчи  4 00:11Акбар Усмонов: "Гватемаладан аламимиз бор. Сўнгги дақиқаларда эътиборни йўқотдик"  3 00:09РПЛ. "Рубин" янги мавсумни меҳмондаги ғалаба билан бошлади  1 23:54Гюндоган "Пахтакор"га қарши ўйнаши мумкин  3 23:35Тен Хаг МЮ ҳақида: "Гвардиолани ҳисобга олмаганда, биз икки мавсум давомида Англияда қолганлардан кўпроқ соврин ютдик"  2 22:55Хосе Венансио Лопес: "Агар бу расмий ўйин бўлганида бундай таваккалга қўл урмаган бўлардик"  1 22:19Акбар Усмонов: "Сўнгги ЖЧдан бери Гватемала биз учун принципиал рақиб"  1 21:28Бензема "Олтин тўп" ҳақида: "Совринга Винисиус муносиб"  6 21:20Mirabror Usmanov Cup-2024. Драматик кечган баҳсда Ўзбекистон футзал терма жамоаси Гватемалани 5:4 ҳисобида мағлуб этди  7 21:00Эдерсон кетса "Манчестер Сити" дарвозасини ким қўриқлайди?  1 20:31Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ ўрин олган гуруҳ: ўйинлар, таркиблар, натижалар  8 20:17"Астон Вилла" 50 млн. фунтга Онанани сотиб олди  1

Osiyo termalarining Jahon chempionatida ko'rsatgan o'yini qoniqarsizmi? Avstraliyalik, Osiyo futbolining tom manodagi "professori" Skott MakIntayr bilan eksklyuziv intervyu Yangiliklar

Osiyo termalarining Jahon chempionatida ko'rsatgan o'yini qoniqarsizmi? Avstraliyalik, Osiyo futbolining tom manodagi "professori" Skott MakIntayr bilan eksklyuziv intervyu

Qatarda o'tkazilayotgan Jahon chempionati ham deyarli yakuniga etay deb qoldi.

Mundialni Qatardan yoritib borayotgan Championat.asia sayti Osiyo futbolining haqiqiy "professori", avstraliyalik jurnalist Skott MakIntayr bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi. Skott "The Asian game" nashri jurnalisti hisoblanadi. Qahramonimiz bilan suhbat jarayonida uning Osiyo futbolini chuqur tushunishiga amin bo'lamiz. Skott MakIntayr aksariyat jurnalistlar va futbol ommasi tomonidan bildirilayotgan Osiyo futbolining Qatardagi omadli ishtiroki haqidagi fikrlarga unchalik ham qo'shilmaydi va o'z qarashlarini konstruktiv tarzda tushuntirib berishga harakat qiladi. Albatta, jurnalistning tanqidiy fikrlarini uning Osiyo futboliga befarq emasligi va qitadoshlarimizning imkoniyatlari aslida ancha yuqori ekanligiga ishonishi bilan izohlash mumkin. Sizga ana shu suhbatni taqdim etamiz:


- Salom Skott, Yaponiyaning ushbu Jahon chempionatidagi ishtiroki haqida nimalar deya olasan?

- Bu gapim ko'pchilikka g'alati eshilishi mumkin. Lekin, fikrimcha bu omadsiz ishtirok bo'ldi. Sababi, Yaponiya 30-40 yildan beri futbol infrastrukturasini yaratishga juda katta pul, vaqt va energiya sarfladi. J1, J2 va J3 ligalarini eshitganmisan? Yaponiyada 58 ta professional klub bor. Tasavvur qilyapsizmi? 58 ta professional klub! Dunyodagi etakchi ligalarning barchasida ham buncha klub yo'q. Yaponiyada bolalar futbolida ishlovchi 20 ming nafardan ortiq murabbiy bor. Ularning barchasi kerakli licenziyalarga ega. Agar sen yaponiyalik istedod bo'lsang, mamlakatning istalgan burchagida sen yaxshi murabbiy topa olasan. Yaponlarning Jahon chempionatidagi tarkibiga etibor berdingizmi? 26 nafar o'yinchidan 19 tasi Evropada o'ynaydi, mahalliy ligada o'ynaydigan futbolchilarning ham xalqaro tajribasi bor. Futbolchilarning sifati borasida savol bo'lishi ham mumkin emas. Yaponiyalik o'yinchilarning texnik sifati shunchaki ajoyib. Menimcha, Yaponiyaning asosiy maqsadi Jahon chempionatini yutish bo'lishi kerak. Men jiddiy aytyapman. Sababi, Yaponiya texnik jihatdan Osiyoning eng yaxshi terma jamoasi. Masala esa murabbiyda. Ular Germaniya va Ispaniyani mag'lub qilishdi, ammo qanday qilib? Germaniyaga qarshi ular 60 daqiqa hech narsa qilishmagandi. Himoyaga yotib olib, hujum qilishmadi va Germaniyaning xato qilishini kutishdi. Kosta-Rikaga qarshichi? Yaponiya Kosta-Rikaga qarshi hech narsa qilmadi. Himoyada yotib oldi. Kosta-Rikada qancha professional klub bor, aniq bilmayman. Balki, 12 tadir. Ammo Yaponiyadek terma jamoaning Kosta-Rikaga qarshi ko'rsatgan o'yini shunchaki rasvo. To'g'ri, ular Ispaniyani ham mag'lub qilishdi. Biroq, yana o'sha kartina. Birinchi taymda hech narsa qilinmadi. Ikkinchi bo'limda esa besh daqiqada 2 ta gol va yana himoya. 

   Endi Yaponiyani Saudiya Arabistoni bilan solishtiring. Saudiya Arabistonining Argentinaga qarshi o'yini shunchaki dahshat. Ular biz qo'rqmaymiz deyishdi va g'alaba qozonishdi. Saudiyaning himoya chizig'i juda oldinda o'ynadi. Bu esa grand termalarga qarshi juda qiyin. To'g'ri, Saudiya Arabistoni ham oxirgi 10-15 yilda futbolga juda katta sarmoya kiritdi. Saudlar Argentinaga qarshi haqiqiy futbol o'ynashdi. Menimcha, barcha Osiyo terma jamoalari uchun mana shu narsa asosiy maqsad bo'lishi kerak. Biz Jahon chempionatiga kelsak va himoyada yotib olib, qarshi hujumlarda o'ynasak bundan Osiyo futboliga nima naf? SHuncha sarflangan pul, vaqt va energiya nima uchun ketadi unda? Yaponiya, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistonida texnik o'yinchilar juda ko'p. Sizlar O'zbekistondan kelgansiz-a? O'zbekistonda ham texnik jihatdan juda kuchli futbolchilar bor. Agarda biz faqat himoyada yotib olib, qarshi hujumlarda o'ynaydigan bo'lsak, shuncha pul sarflab nima qilamiz? Nega bunaqa o'yin uchun yoshlar futbolini rivojlantirishimiz kerak? Nega klublar davlatdan pul olishi kerak? Mantiq qani? Dunyo rivojlanmoqda, futbol ham zamonaviy bo'lishi kerak. Hozir himoyachilar ham hujumlarda ishtirok etishadi. Masalan, Xorvatiyadagi Yoshka Gvardiol. U endigina 20 yoshda, to'p bilan ishlashi esa ajoyib. Saudiya Arabistonining himoyachilari ham to'p bilan muomala qilishlari xuddi yarim himoyachilardek. Osiyo mamlakatlari futbolni rivojlantirish uchun juda ko'p mehnat qilishmoqda. Ayniqsa, Yaponiya. Men yaponlarda bu kabi murabbiyni ko'rib, hafsalam pir bo'lib ketdi. Bu murabbiy ancha yillardan beri Yaponiyada ishlab kelmoqda. To'g'ri, u titullar yutmoqda, ammo o'yin sifati rasvo. Ular katta pul va vaqt sarflashdi va shu kabi himoyaviy futbol ko'rsatadigan murabbiyni tayinlashgan. Agar Yaponiyaga hujumkor futbol ko'rsatadigan, qo'rqmaydigan murabbiy olib kelinsa, ular Jahon chempionatini ham yutishlari mumkin. Ha, Yaponiya Jahon chempioni bo'la oladi. Hazillashmayapman.

- Unda Yaponiya nega bunday murabbiyni tayinlagan deb o'ylaysan?

- Mening fikrimcha, bunga Yaponiyaning konservativ davlat ekanligi sabab bo'lgan. Men nafaqat futbol, balki umuman millat sifatida bu fikrni aytyapman. Yaponlar tavakkal qilishni unchalik ham yoqtirishmaydi. Ular barcha ishni tizimli va aniq reja bilan bajarishadi.Ular xato qilishni istashmaydi. Bundan oldingi murabbiy ham aynan ularning fikrlash uslublariga to'g'ri kelmagani bois o'zgartirilgandi. Hozir ular xavfsizroq yo'lni tanlashgan. Ana endi nima bo'lishi juda qiziq. Yaponlar hozirda futbolni qaysi yo'nalishda davom ettirishlarini aniqlab olishlari lozim. Biz ham qita o'laroq qaysi yo'ldan borishimiz haqida o'ylab ko'rishimiz kerak. Jahon chempionati 1930 yildan beri o'tkazilib keladi. SHu vaqt davomida Osiyo jamoalari necha marta chorak finalga chiqa olgan? Ikki marta. SHimoliy Koreyani hisoblamaydigan bo'lsak, bir marta. Qanday qilib bunday bo'lishi mumkin?

- Ammo bizning qita oxirgi ikki Jahon chempionatida o'sishga erishdi...

- Qanday o'sish? Ayta olasanmi...

- Deylik, bu Jahon chempionatida Osiyo jamoalari Ispaniya, Germaniya va Argentina kabi grand termalarni mag'lub qilishdi...

- To'g'ri, ammo bu muvaffaqiyat deb qaralmaydi. Bunaqa natijalar bazi-bazida uchrab turadi, xalos. Faqat himoyalanadigan jamoa biror marta Jahon chempionatini yutganmi? Braziliya, Germaniya, Ispaniya shu kabi futbol o'ynaydimi? Yo'q, hech qachon! To'g'ri, bu uslub (uzoq masofaga uzatmalar va qarshi hujum) Osiyo termalariga natija bermoqda. Tarixda birinchi marta pley-offga uchta Osiyo jamoasi chiqdi. Bu qog'ozda juda chiroyli ko'rinadi, qo'shilaman. Ammo bu Jahon chempionati biz uchun mezbon maqomida o'tayotganini ham unutmaslik kerak. Qatarda o'zimiz o'ynab yurgan har doimgi muhit. Avstraliya, Yaponiya kabi jamoalar aynan shu erda saralash o'yinlarini o'tkazishdi. SHaxsiy fikrimcha, biz nimchorak finalga himoyaviy uslubda chiqqanimiz bilan faxrlanib yurishni yaxshi natija deb qarashni bas qilishimiz kerak. Oldinga harakat qilish, ko'prog'ini maqsad qilishimiz shart. Biz yosh avlodni ilhomlantiradigan natijalar ko'rsatishimiz kerak. Biz ko'rsatayotgan o'yin O'zbekiston yoki Yaponiyadagi bolakaylarni yodida bir umr qolishi kerak. Qaysi bolakay himoyaviy futbolni ko'rishni yaxshi ko'radi? Hech qaysi bola 60 metrga pas berish yoki 90 daqiqa himoyalanishni orzu qilmaydi. Bolalar gol urishni orzu qiladilar. Biz bolalarga shuni taqdim qilishimiz kerak. Ular qachongacha Messi, Neymar yoki Mbappega muxlislik qilishadi? Qani o'zimizning osiyolik qahramonlar? Bizda faqat Son bor. Yaponiyaning hujumdagi eng yorqin futbolchisi Mitoma deyarli maydonga ham tushmadi. Zaxiradan o'yinga qo'shilganda ham qanot himoyasiga tushdi. Qanaqasiga? U o'ninchi raqamda o'ynaydi. O'ninchi raqamli o'yinchiga himoyada nima bor?

- Demak, Yaponiyaning sening nazdingdagi omadsizligiga murabbiy aybdor?

- Yuz foiz. Men buni taktik xato deb atagan bo'lardim. Boshqacharoq aytadigan bo'lsam, bu — mentalitetdagi xato. Futboldagi eng muhim narsa bu mentalitet, g'alaba ruhi. O'yinchilar g'alabaga ishonishlari kerak. Meni Yaponiyada juda ko'p murabbiy do'stlarim bor, ko'pchiligi bilan fikr almashib turaman. Ularning bir nechtasi menga messenjerlar orqali Yaponiyaning ko'rsatayotgan o'yini rasvo ekanligini yozishdi. Agar Yaponiyada boshqa yaxshi murabbiy bo'lganida, ular Jahon chempionatini yutishlarini haqida gapirishdi. Bu hazil emas. Men bu so'zlarni Yaponiya yuqori ligasining professional murabbiylaridan eshitdim.

- Saudiya Arabistoni haqida nima degan bo'larding?

- Osiyo terma jamoalarini sanaylik. Qatar, Avstraliya, Yaponiya, Koreya va Eron. Bularning barchasi himoyaviy, boya men tanqid qilgan uslubda o'ynadi. Saudiya Arabistoni haqida esa unday deya olmayman. Ular Jahon chempionatining ilk soniyalaridanoq quvnoq futbol ko'rsatishdi. Yana kimsan Argentinaga qarshi. Ularning himoya chizig'iga etibor bersang, ular deyarli maydon markazida edilar. Bu ajoyibku. Qanday qilib deysanmi? Birinchidan ularda hujumkor o'yin ko'rsatish uchun texnik tomondan kuchli futbolchilar bosh murabbiyning falsafasi. Ikkinchi faktor esa bu murabbiyning falsafasi va ishonch. Aynan ishonch uzoq muddatli muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Qog'ozga qarasak, Saudiya Arabistoni omadsiz jamoadek, ular guruhdan chiqa olishmadi. Biroq, ular keyingi avlodga nima bera olganlarini o'ylab ko'r. Tasavvur qil, sen saudiyalik 10 yoshli bolakaysan va shu o'yinlarni ko'rding. Qanday hissiyotlar seni qamrab oladi? To'g'ri, ular Rossiyada muvaffaqiyatsizlikka uchrashgandi. Lekin, to'rt yil davomida Renar bilan Saudiya Arabistoni futboli o'sdi. CHempionat ham barqaror liga hisoblanadi. OCHLning oxirgi mavsumlarida bir necha Saudiya Arabistoni klublari birgalikda oxirgi bosqichlargacha etib borishmoqda. Terma jamoa muvaffaqiyatining asosiy kaliti bu murabbiy hisoblanadi. Murabbiy jamoani ishontirishi kerak. Renar ham sizlar Argentinaga qarshi maydonga tushdinglar, boring futbol o'ynang, dedi. Saudiya Arabistoni qo'rqmadi. Qolgan besh terma jamoa esa qo'rqdi.

- Kel, sening mamlakating haqida suhbatlashamiz. Avstraliya bu jahon chempionatida guruhdan chiqdi. Bu ular qila olishlari mumkin bo'lgan eng yuqori natija edi, nazarimda...

- Qo'shilaman. Biz o'z maksimumimizni ko'rsatdik. Avstraliyada biroz boshqacharoq holat. Biz mamlakat miqyosida yoshlar futbolini rivojlantirishda katta muammolarga duch kelmoqdamiz. Bizda chempionat faqat yuqori ligadan iborat. Ikkinchi liga umuman mavjud emas. Bizda 12 ta professional klub bor. Ulardan biri Yangi Zelandiya klubi. Bo'ldi. SHu klublar har yili chempionatda o'ynayverishadi, quyi ligaga tushib ham ketishmaydi. Sababi, quyi liganing o'zi yo'q. Har bir jamoada 20 nafar o'yinchi bor deb hisoblasak, bizda 200 tacha professional o'yinchi bor.

- Avvallari avstraliyalik o'yinchilarni APL va boshqa yuqori chempionatlarda ko'rardik. Hozir esa unday emas. Nima yuz berdi?

- Muammo ham shunda. 2005 yilda bizda eski liga bor edi. Keyin esa bu ligani to'htatishdi. Sabab qilib o'sha liga muxlislaring tartibsizligi va o'zaro janjallarini ko'rsatishdi. SHundan so'ng, yangi chempionatga asos solishdi. Bu esa ikki yil vaqtni oldi. Orada ikki yil Avstraliya futbolsiz yashadi. Yoshlar futboli umuman o'ldi. Yoshlar jamoalari yiliga uzog'i 12 ta o'yin o'ynashdi. Avvallari bizda Xorvatiya, Germaniya va boshqa mamlakatlardan murabbiylar bo'lardi. O'shanda oltin avlodimiz etishib chiqqandi. Umuman oldin sport tizimimiz juda yaxshi edi. Hozir esa bu tizim barbod bo'ldi. Hammasi tugatildi. Hukumat futbolni moliyalashtirishdan chekindi. Hozirda 5-6 klubimizgina davlat qaramog'ida. To'g'risini aytsam, avstraliyalik o'yinchilar texnik jihatdan unchalik ham yaxshi darajada emaslar. Bu achchiq haqiqat. Hujumkor o'yinga bizning o'yinchilarni saviyasi etmaydi, ammo biz buni to'g'rilashimiz kerak. Ikkinchi ligasiz buni iloji yo'q. Hatto Mo'g'ulistonda ham ikkinchi liga bor.

- Oxirgi yillarda Osiyo CHempionlar ligasida Avstraliya klublari ishtiroki unchalik ham yaxshi emas. Lekin, klublaringiz Nani va shu kabi futbolchilarni jamoaga olib kelishmoqda. Bunda qanday mantiq bor?

- Bilasanmi, yo'qmi Avstraliya Osiyo mamlakatlari ichida maoshlar chegarasi bor bo'lgan yagona mamlakat hisoblanadi. Bizda har bir klub maoshlarga ishlatishi mumkin bo'lgan chegara bor. Biroq, klublarga ikki yoki uch futbolchining maoshi mana shu chegaradan tashqari hisoblanishiga istisno qilingan. Bazi klublar aynan shu imkoniyatdan foydalanib Nani kabi yulduzlarni jamoaga olib kelishadi. Biroq yana boshqa bir fikr shundan iboratki, biz Vetnam, Indoneziya yoki O'zbekistondan yosh futbolchi olib kelganimiz Nani yoki boshqa yulduzdan foydaliroq bo'lishi mumkin. Maydonning ichida o'sha yosh o'yinchining foydasi ko'proq tegadi. Del Pero, Xonda kabi futbolchilar Avstraliyada o'ynashgan, ammo ular faoliyatlarining oxirida edilar. Balki, kelajakda OFK legionerlar bilan limitni o'zgartirar va osiyolik yosh futbolchilar konfederaciya ichida nisbatan erkin klub tanlashlari mumkin bo'lar. Deylik, ikkita futbolchiga ruxsat berilar. SHunda, tailandlik yaxshi o'yinchi Avstraliyada, kambodjalik kuchli o'yinchi Tailandda o'ynashi mumkin bo'lardi. Buni malum bir klubning emas, bir butun Osiyo futbolini bir butun bo'lib o'sishiga qaratilgan harakat deb talqin qilsa bo'ladi. Eng muhimi bu terma jamoalar, chunki butun dunyo aynan terma jamoalar o'yinini kuzatadi. Yana eslataman, biz chorak finalga chiqa olmadik. To'g'ri, guruhdan chiqdik, ammo keyingi qadamni tashlashimiz kerak. Qanday qilib yuz yildan beri o'tkazilayotgan Jahon chempionatlarida faqatgina ikki marta chorak finalga chiqish mumkin?

- 2026 yilgi Jahon chempionatida 48 terma jamoa qatnashadi. Osiyoga ham sakkizta kvota ajratiladi. Bunga qanday qaraysan? Bu Osiyo futboliga yordam beradimi?

- Ha, men shunday hisoblayman. Birinchi navbatda ko'proq jamoa ko'proq pul degani. Bu o'zgarishning asosiy sababi ham aynan pul hisoblanadi. SHu bilan birga, bu Infantino navbatdagi saylovda ovozlar yig'ishi uchun qadam. CHunki, jamoalar sonining oshishi rivojlanayotgan boshqa terma jamoalarga orzularining ushalishi uchun ajoyib imkoniyat. O'zbekiston uchun ham shunday. Sizlar necha yillardan beri Jahon chempionatiga chiqishga juda yaqin kelasizlar. Futbolni rivojlantirmoqchi bo'lgan mamlakatlar uchun bu o'zgarish orzu hisoblanadi. Men bu gapni doim takidlayman. Vetnam, Indoneziya va Tailand kabi davlatlarda juda kuchli futbolchilar bor. Bu mamlakatlar yillar davomida juda katta pul va kuch sarflashgan. Hozirgi avlodlar etishib chiqishi uchun bu davlatlar 10 yillab vaqt sarflashdi.  Hali ular Osiyodagi istalgan terma jamoaga etirlicha bosh og'riq bo'lishadi.

- Demak, kelasi saralash bosqichida Vietnam, Indoneziya va Tailand kabi davlatlar bizga etarlicha qarshilik ko'rsatishadi?

- Albatta. Bu aniq. Indoneziya bazi muammolarga duch keldi, ammo ulardagi o'yinchilarning texnik jihatlari juda yuqori. Ular Yaponiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda to'p tepishmoqda. Biz bir qita sifatida o'sishda davom etishimiz kerak. SHakllanib qolgan standartlarni buzishimiz darkor. Nega o'zbekistonlik o'yinchilar Avstraliyada yoki Yaponiyada o'ynamasligi kerak? Nega? To'g'ri, oldin bunday o'yinchilar bo'lgan, ammo nega hozir yo'q? Ular kuchli emasmilar?

- Menimcha, Yaponiya yoki Janubiy Koreya klublari boshqa mamlakat o'yinchilarini afzal ko'rishmoqda. Mentalitet va yana boshqa faktorlarga ko'ra. Hozir O'zbekistonda juda kuchli yosh avlod etishib chiqqan. Ammo biz ularni Evropa klublariga taqdim qilsak, ular futbolchilar shunchaki o'zbekistonlik bo'lgani uchun rad qilishmoqda...

- To'ppa-to'g'ri! Aynan shunday. Avstraliya va Yaponiya kabi davlatlarda o'zbekistonliklar o'ynamayotganiga ham sabab shunda. Bu irqchilik bilan bog'liq va ular bu davlatga past nazar bilan qarashga o'rganib qolishgan. SHarqiy Osiyodagi rivojlanayotgan mamlakat o'yinchilariga ham shunday qarashadi. O'zbekistonlik biror o'yinchini olaylik, deylik o'sha o'yinchining ismi shunchaki Fernando Abduxoliqov bo'lsin. SHuning o'zidayoq o'yinchiga bo'lgan munosabat o'zgaradi. O'sha Evropa klublaridagilarning qo'liga xaritani berib qo'yib, O'zbekiston qaerda deb so'rasang, ular Afrika yoki boshqa qitadan qidirishadi bu mamlakatni. Mana muammo nimada.

- Osiyo futbolini ancha vaqtdan beri kuzatasan. O'zbekiston va umuman o'zbek futboli haqidagi fikring qanday? Jahon chempionatiga chiqish uchun nimalar qilishimiz lozim?

- Menimcha, to'g'ri yo'ldan bormoqdasizlar. Sizlardagi bir qancha stadionlar Osiyo sharoiti uchun juda yuqori darajada. «Paxtakor», «Bunyodkor» kabi katta klublaringiz bor. «Lokomotiv» esa bu yil jiddiy muammolarga duch keldi. Bunisidan ham xabarim bor. Biroq, stadionlar va boshqa infrastrukturalar borasida sizlarda vaziyat yaxshi. Rivojlanishga kelsak, bu masalani ikki qismga ajratib olish kerak. Birinchisi bu futbolchilarning texnikasi va darajasi. SHu jihatdan etarlicha o'sishga erishilgandan so'ng, ikkinchi masala ko'ndalang yotadi. Bu taktika. Taktikani esa murabbiy belgilaydi. Menimcha sizlar texnik jihatdan to'g'ri ishlayapsiz. Sababi, yoshlar orasida texnikasi kuchli bo'lgan juda ko'p futbolchilar etishib chiqmoqda. Taktika jihatdan o'sish uchun esa biror xorijlik kuchli murabbiy qaysidir klubga kelib, O'zbekistonning ichidan turib vaziyatni yaxshilashi kerak. Ikkinchi yo'l esa futbolchilarning legionerga aylanib, u erda tajriba to'plashi. Saudiya Arabistoni nima qilganini bilasizmi? Ular 5-6 nafar o'yinchini Ispaniyaga jo'natdi va ularning maoshlarini to'ladi. Biz sizga o'yinchi ham, pul ham beramiz deyishdi. Futbolingizni rivojlantirishni yana bir yo'li, bu skautlarni jalb qilishdir. Ular kuchli chempionatlarga birgina o'yinchini olib ketishadi. Agar o'sha o'yinchi ishonchni oqlasa, uyog'i zanjir reakciyasi kabi bir-biriga ulanib ketaveradi. Xorij klublari ham O'zbekistonga noto'g'ri baho berganini tushunib etib, boshqa o'yinchilarni jalb qilishga intiladi. Avstraliyalik o'yinchilar Angliyaga borishlari ham 20-30 yil ilgari aynan shunday yuz bergan. Nega saviya jihatdan Avstraliya futbolchilaridan qolishmaydigan, kerak bo'lsa ustunroq ham bo'lgan o'zbekistonlik o'yinchilar APLda o'ynamasliklari kerak? Masalaning mohiyati dunyo futbolini mamlakat ichida nimalar bo'layotganidan boxabar qilishdan iborat. Odamlar O'zbekistondek davlat borligini va u erda ham saviyali o'yinchilar etarli ekanligini bilishlari kerak. Aynan siz jurnalistlarning ham bu erda o'rningiz bor. Sizlarni ancha yildan beri bilaman va o'zbek futbolini dunyoga tanitish uchun ko'p harakatlar qilmoqdasizlar, ammo yanada ko'proq inson bu ishda birlashishi kerak.

  Yana boyagi mavzu haqida qo'shimcha qilmoqchiman. Bilasanmi, bu erda juda ko'p Avstraliya va yaponiyalikliklar guruhdan chiqqanimizni bayram qilishmoqda. Og'iz ko'pirtirib maqtanib yurishibdi. SHaxsan men uchun bu ijobiy natija emas. Agar futbol insonlarni zavqlantirish uchun emas, balki natija olib kelish uchun bo'lsa buni men ijobiy natija deb hisoblamayman. Saudiya Arabistoni esa haqiqiy futbol ko'rsatdi. Agar ular shu yo'ldan borsalar, albatta yanada yaxshiroq natijalarga erishishadi. Argentinani futbol o'ynab yutib qo'yishdi. Tasavvur qil, barcha Osiyo jamoalari shu tarzda o'ynasa nima bo'ladi? Biz istalgan raqibni engishimiz mumkin. Boya aytganimdek, Yaponiyada Jahon chempionatini yutishi mumkin bo'lgan o'yinchilar bor, ammo yaxshi murabbiy va mentalitet yo'q.

- Biz uchun Yaponiya top jamoa hisoblanadi...

- Ha, lekin ular Qatarda qanday o'yin ko'rsatishdi. 20-30% to'p nazorati, xG esa nol butun qanchadir. Bu rasvo ko'rsatkich. Himoyaviy o'yna, gap yo'q. Lekin agressivroq, tezkorroq bo'lish lozim, qo'rqish kerak emas. Mana shu narsani biz Osiyo futboli timsoli sifatida orzu qilishimiz lozim. Bu o'yinlarni ko'pchilik «qahramonlarcha uchralgan mag'lubiyat» deya nomladi. Jin ursin, qanaqa qahramonlarcha uchralgan mag'lubiyat»? Nega biz «qahramonlarcha uchralgan mag'lubiyat»dan xursand bo'lishimiz kerak? Sen urushga bording va «qahramonlarcha mag'lubiyatga uchrading». Oilangni o'ldirishdi, shahringni vayron qilishdi. Bu ham «qahramonlarcha mag'lubiyat» deyiladimi?. Faqatgina «qahramonlarcha g'alaba qozonish» bo'lishi mumkin, aksi emas. Osiyo miqyosida shunday fikrlashni o'rganishimiz va qo'rqoq futboldan voz kechishimiz kerak.

- Biroq biz oldingi Jahon chempionatlarida guruhdagi deyarli barcha o'yinlarni boy bergandik. Menimcha, o'sishga erishdik...

- Fikringga qo'shilaman, Braziliyadagi Jahon chempionatida Avstraliya guruhdagi barcha o'yinlarni boy bergan. Jamoa o'shanda juda yomon edi, bunga ham qo'shilaman. Biroq, o'shanda murabbiy jamoani ruhlantira olgandi, chiroyli futbol o'ynata olgandi. Hozir o'sha murabbiy Evropada ishlamoqda. Avstraliyada yaxshi o'yinchilar bo'lmasligi mumkin, ammo bizda kuchli murabbiylar bor. Yaponiya J ligasini yutgan murabbiy ham avstraliyalik. U qurgan jamoa esa shunchaki go'zal – hujum va yana hujum. Yaponiya terma jamoasidachi? Faqatgina himoya...

- Demak, yaxshi natija uchun bizga yaxshi chempionat, kuchli murabbiy kerak?

- Ha, kuchli chempionat, kuchli murabbiylar va yoshlar bilan ishlovchi tizim. Yoshlar bilan ishlash faqat ota va bola o'rtasida bo'lmasligi kerak. Bizga licenziyasi bor kuchli kadrlar kerak. Licenziya deganda federaciya bergan qandaydir qog'oz emas, haqiqiy bilim va malaka orqali olingan hujjat tushunilishi kerak. Bu aynan Yaponiya tizimi shunday ishlaydi. Bola 3-4 yoshidan ustoz va shogird ananalari orqali katta bo'ladi. O'zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun bolalar murabbiylari, professional klub murabbiylari va boshqa darajaga ko'tarila oladigan futbolchilar kerak. Ular qo'shni mamlakatlarda emas, Evropa yoki SHarqiy Osiyoda o'ynay olishlari kerak.

- Ajoyib suhbat uchun katta rahmat, Skott.

- Senga ham rahmat. O'zbekiston termasiga kelajakda omad tilayman.

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика