Osiyo Kubogi-2015. Avstraliya terma jamoasining mashhur futbolchilari
24 dek 2014 19:15
Yangiliklar


Osiyo Kubogi-2015. Avstraliya terma jamoasining mashhur futbolchilari
Darvozabonlar:
Metyu Devid Rayan (1992 yil 8 aprel) - Belgiya chempionatining ayni damdagi etakchisi bo'lib turgan "Bryugge"ning asosiy darvozaboni hisoblanadi. Rayan bu mavsumda o'z klubining Belgiya pro-ligasidagi 20ta uchrashuvning barchasida maydonga tushdi va o'z darvozasidan 21 marta to'p olib chiqdi. 20 o'yinda 21ta gol bu juda yaxshi natija emas, ammo yomon deb ham bo'lmaydi. Metyu o'z jamoasining Evropa ligasidagi o'yinlarida ham darvozani ishonchli qo'riqlamoqda. U guruh bosqichining 6 uchrashuvida 2ta gol o'tkazib yuborgan.
Mitchell Langerak (1988 yil 22 avgust) - Dortmundning "Borussiya" jamoasi o'yinlarida asta-sekin asosiy darvozabon hisoblangan Roman Vaydenfellerni zaxira futbolchisiga aylantirib qo'ymoqda. Langerak bundesligada 4ta, ECHLda esa 1ta uchrashuvda ishtirok etdi. Darvozabon bu o'yinlarda 7 marotaba darvozasidan to'p olib chiqqan.
Himoyachilar:
Jeyson Devidson (1991 yil 29 iyun) - dunyodagi eng kuchli chempionati hisoblanuvchi Angliya Premer-ligasining "Vest Bromvich" klubi himoyachisi. U jamoasining bor-yo'g'i ikki uchrashuvida maydonga tushgan.
Kris Xerd (1989 yil 4 aprel) ham Premer-liga klubi bo'lgan "Aston Villa" futbolchisi hisoblanadi. Ammo u bu mavsumda birmingemliklarning birorta ham o'yinida ishtirok etmagan. Aslida yarim himoyachi bo'lgan bu futbolchi, Avstraliya terma jamoasining Osiyo Kubogi uchun bergan qaydnomasida himoyachi sifatida ko'rsatilgan.
Yarim himoyachilar:
Mayl Edinak (1984 yil 3 avgust) - "Kristal Pelas"ning etakchi futbolchilaridan biri. Edinak bu mavsumda 16ta uchrashuvda maydonga tushib, 5 bora raqib darvozabonini ranjitishga ulgurgan. U bo'yi uzunligi tufayli ikkinchi qavatda va kuchli zarbaga egaligi uchun jarima to'plarida xavfli hisoblanadi. Mayl 16ta o'yinda 3ta sariq va 1ta qizil kartochka olishga ulgurgan.
Mark Breshiano (1980 yil 11 fevral) - "Empoli", "Parma", "Palermo", "Lacio" kabi klublarda to'p tepgan va hozirda Qatarning "Al-Garafa" klubi yarim himoyachisi hisoblanadi. 34 yoshli futbolchi bu mavsumda Qatar yulduzlar ligasida 15 marta maydonga tushib, bir marotaba gol urishga muvaffaq bo'ldi.
Tommi Oar (1991 yil 10 dekabr) - Gollandiya chempionati "Utrext" klubi futbolchisi hisoblanadi. U Avstraliya terma jamoasining 21ta uchrashuvida maydonga tushgan va bir marotaba raqib darvozasini aniq nishonga olgan. Oar bu mavsumda "Utrext" tarkibida 12 marta Gollandiya chempionati uchrashuvlarida ishtirok etib, hozirgacha birorta gol urishga muvaffaq bulgani yo'q. U Gollandiya klubida hujumchi hisoblanadi, ammo Avstraliya terma jamoasining Osiyo Kubogi uchun taqdim etgan qaydnomasida yarim himoyachi sifatida belgilangan.
Hujumchilar:
Tim Keyxill (1979 yil 6 dekabr) - Avstraliya terma jamoasining eng kuchli va eng mashhur futbolchisidir. Hozirda MLSning "Nyu-York Red Bullz" klubida to'p tepayotgan Keyxill, o'z faoliyati davomida "Milvol", "Everton" jamoalarida o'ynashga ulgurgan. Tim Keyxill "Everton"da o'zining yulduzli davrini o'tkazadi. 35 yoshli futbolchi kuchli zarbaga ega va bo'yi 178 sm bo'lishiga qaramay, ikkinchi qavatda xar qanday raqibga munosib qarshilik ko'rsata oladi. Tim milliy terma jamoada hozirgacha 76ta rasmiy uchrashuvda ishtirok etiib, 36ta gol urishga erishgan.
Robbi Kruz (1988 yil 5 oktyabr) - 2013 yildan beri Leverkuzenning "Bayer" futbolchisi hisoblanadi. Kruz Avstraliya terma jamoasining 32 o'yinida qatnashgan va 3 marotaba gol urishga muvaffaq bo'lgan. 26 yoshli futbolchi bu mavsumda Germaniya chempionatining 4 uchrashuvida maydonga tushgan va ularning hech birida o'z nomini tabloga yozdirib qo'ymagan.

Fikrlar