Ognen Krasich: Nasafda uzoq qolishni istayman
21 noy 2016 10:20
Yangiliklar
Ognen Krasich: Nasafda uzoq qolishni istayman
SHunga qaramay, ikkinchi davrada biz yana avvalgi ajdarlarni ko'rmoqdamiz. Yozgi tanaffusda klub tomonidan selekciya ishlari to'g'ri yo'lga qo'yildi, bir qator futbolchilar taklif etildi. Natija ham o'zini ko'p kuttirmadi, Nasafning muvaffaqiyatli o'yinida ko'p jihatdan yangi kelganlarning ham hissasi bor. Ognen Krasich ana shunday o'yinchilar sirasiga kiradi. Davralar oralig'ida Nasaf tarkibiga kelib qo'shilgan serbiyalik legioner jamoa o'yinini kuchaytira oldi. Qiziq tomoni, Ognen bilan intervyu ajoyib xursandchilikka to'g'ri keldi – shu kuni Eldorbek Suyunovning nikoh to'yi bo'lib o'tdi. Bu esa, o'z-o'zidan, suhbat mavzusi biroz noodatiy boshlanishiga sabab bo'ldi.
TO'Y
– Ognen, o'zbekcha to'y sizda qanday taassurot qoldirdi? Avval ham shunday marosimlarimizda bo'lganmisiz?
– To'y yaxshi, albatta, xursandchilik, quvnoq kayfiyat – bular hammaga ham yoqadi. Men avval ham shunday marosimlarda qatnashganman. Sizlarda tez-tez To'yga etkazsin, de-yishlari menga juda yoqadi. Bugun jamoadoshim Eldor uchun hayotidagi eng muhim kunlardan biri. SHu munosabat bilan uni tabriklayman. Suyunovga barcha yaxshi tilaklarimni bildiraman.
– Biz ham o'z navbatida, tahririyatimiz nomidan O'zbekiston terma jamoasi posbonini qutlaymiz va sizning tabrigingizni ham albatta, nashrimiz orqali etkazamiz. Ognen, Serbiyada to'ylar qanday o'tadi, bizniki bilan solishtirganda farqi bo'lsa kerak, baribir?
– Farq bor, albatta, ammo bilasizmi, hamma to'ylar ham bir-biriga o'xshaydi. Har bir xalq bu kunni tantana bilan nishonlashga harakat qiladi. CHunki u barchaning yodida qoladi. Bu tomonlama bir-birimizga o'xshaymiz.
NASAF
– Keling, endi futbol mavzusiga o'tsak. Nasafdagi faoliyatingizdan mamnunmisiz?
– Albatta. Inson qaerda bo'lmasin, o'zining kerakligini his qilib turishi lozim. Mana shu narsa men uchun juda muhim. Nasafga kelganim hamono o'z jamoamni topganimni angladim. Xayriyat, o'yinga tezda kirishib ketdim, jamoadoshlarim bilan qisqa muddatda til topisha bildik. Futbolchi uchun bu katta ahamiyat kasb etadi. Murabbiylar menga ishonmoqdalar. Bilasizmi, mudom maydonga tushish yaxshi, ammo eng muhimi – murabbiy ishonchini oqlash. O'z ishimga masuliyat bilan yondashishga harakat qilaman.
– Serbiyada to'p surgansiz, keyin esa Qozog'istonda o'ynadingiz. Nasafdagi sharoitlar haqida nima deya olasiz, shikoyat yo'qmi?
– Hammasi professional tarzda yo'lga qo'yilgan. Jamoamizda futbol o'ynash uchun hamma sharoit bor. Bizdan talab qilinadigani – faqat yaxshi o'yin. Buning uchun kerakli bo'lgan barcha jihat esa Nasafda mavjud.
QOZOG'ISTON
– Qozog'iston chempionatida bir necha yil to'p surdingiz. U erdagi faoliyatingiz xususida nima deya olasiz?
– Ushbu mamlakatdagi faoliyatimni Taraz klubida boshlagandim. Biroq u erda ko'p o'ynamadim, olti oydan so'ng Tobolga ketishga to'g'ri keldi. Bu jamoa safida uch yil to'p surdim va o'sha davrdan yaxshi xotiralar qoldi. Men uchun faoliyatimdagi har bir palla muhim ahamiyatga ega.
– Qozog'iston chempionati haqida qanday fikr bildira olasiz? Bir so'z bilan aytganda, qozoq futboliga qanday tarif bergan bo'lardingiz?
– Qozog'iston chempionatida legionerlarga bo'lgan etibor juda kuchli. Klublar moliyaviy jihatdan yaxshi imkoniyatga egalar, har bir jamoa imkon qadar kuchliroq futbolchi bilan shartnoma imzolashga harakat qiladi. O'z-o'zidan bu holat butun chempionatga tasir o'tkazadi. Qozog'iston birinchiligida legionerlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishadi. Ular o'yin natijasiga tasir o'tkazuvchi juda katta kuchdirlar. Biror klub ijobiy ko'rsatkichga erishishni istasa, eng avvalo, xorijdan yuqori saviyadagi futbolchilarni olib kelishga intiladi. SHu sababli, moliyaviy jihatdan barqaror va o'z tarkibini kuchaytira olgan klublar tezda yuqori o'rinlarga davogarlik qila boshlaydilar.
– O'zbekiston chempionati bilan oradagi asosiy farq ham shunda bo'lsa kerak. Afsuski, bizda aynan shu masalada biroz muammo mavjud – yaxshi legionerlar juda kam…
– Ko'rinib turibdi, oliy ligada asosiy rolni mahalliy futbolchilar bajarishadi. Buning ijobiy tomonlari ko'p. Har holda, mahalliy futbol uchun yoshlarning kuchayishi muhim ahamiyatga ega.
– Qozog'istonda malum muddat to'p surdingiz, endi faoliyatingizni O'zbekistonda davom ettir-yapsiz. Ikki chempionatni o'zaro solishtirgan holda, qay biri kuchli ekanini ayta olasizmi? Faqat xolis…
– Buning hozircha imkoni bo'lmasa kerak. CHunki Qozog'iston birinchiligida ishtirok etayotgan klublarni yaxshi bilaman, deyarli har bir jamoadagi futbolchilarni taniyman. O'zbekiston chempionatida esa bor-yo'g'i 10ta o'yinda maydonga tushdim va hozircha ishonch bilan barchani to'liq o'rgandim, deb ayta olmayman. Futbolchilarni hali yaxshi bilmayman. Ikki chempionatni solishtirib, kuchli va kuchsiz jihatlarni aytish uchun esa to'liq malumotga ega bo'lish lozim. SHuning uchun bu savolga javob berishdan o'zimni tiyganim maqul, menimcha.
RAQOBAT
– Nasafda o'tkazgan o'yinlaringizdan ko'nglingiz to'ldimi? Jamoa bundan yaxshiroq natija qayd etishi mumkinmidi?
– Hech bir futbolchining o'z o'yinidan to'liq ko'ngli to'lmasa kerak. Men ham doim o'zimga tanqid ko'zi bilan qarayman va o'yinimni kuchaytirishga harakat qilaman. Jamoaga kelsak, uchrashuvlarni yomon o'tkazmadik, ammo bundan ham yaxshiroq natijaga erishish mumkin edi. Ayrim bahslarda g'alabaga haqli o'yin namoyish etganimizga qaramay, ochko yo'qotishga majbur bo'ldik. Masalan, Lokomotivga qarshi kechgan bellashuvda yaxshi o'ynagandik, biroq muvaffaqiyat qozona olmadik. O'sha bahsda raqibdan yomonroq o'ynadik, deyolmayman. Biroq futbolda omadning ham o'z o'rni bor. Uchrashuvni tomosha qilgan bo'lsangiz, buni o'zingiz tasdiqlashingiz mumkin. Ammo millionlar o'yinida har doim muvaffqiyat qozonish imkonsiz. Mayli, bu yo'qotish o'rnini O'zbekiston kubogidagi g'alaba hisobiga to'ldiramiz, degan umiddaman. Muxlislarimiz uchun ham bu ishni uddalashni juda istaymiz.
KUBOK
– O'zbekiston kubogi finalidagi raqibingiz hali aniq bo'lib ulgurmadi. Bu holat sizlarga noqulaylik tug'dirmaydimi? Umuman, taqvim haqida nima deya olasiz?
– Menimcha, bunda hech qanday noqulaylik yo'q. Biz finalga chiqib, shu tariqa qanday kuchga ega ekanligimizni isbotlab bo'ldik. Hal qiluvchi bahsda qaysi jamoaga qarshi to'p surishning mutlaqo ahamiyati yo'q. Asosiysi – Nasaf faqat g'alaba uchun maydonga tushadi. Final uchrashuvi shiddatli o'tishiga ishonaman.
– SHundayku-ya, ammo har qanday futbolchi ich-ichidan kuchsizroq jamoaga to'qnash kelishni istashi turgan gap. Masalan, siz uchun Lokomotivga qarshi to'p surgan maqulmi yoki Bunyodkor?
– Har ikkisiga qarshi o'ynashga tayyorman. Agar murabbiylar shtabi final bahsida maydonga tushirsa, g'alaba uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman. Raqib tanlashni xush ko'rmayman. Lokomotiv bo'ladimi yoki Bunyodkor – farqi yo'q, o'ynayveramiz. Bugungi kunda har qanday jamoani mag'lubiyatga uchratishga qodirmiz, bunga shubha qilmang.
– Ammo oliy ligadagi tajribadan kelib chiqib aytsak, Lokomotiv va Bunyodkorga qarshi kechadigan o'yinlar oson kechmagan. Ularda Nasaf mag'lubiyatga uchragan edi (Bunyodkor – Nasaf – 1:0, Lokomotiv – Nasaf 3:2).
– Ha, biz o'sha o'yinlarda ochko ololmadik. Ammo ishoning, ikkisida ham raqiblarga oson bo'lgani yo'q. Biz har bir bahsda munosib ishtirok etdik, ammo futbolda bazan g'alaba uchun shuning o'zi etarli bo'lmaydi. Oldingi o'yinlarda imkoniyatni boy beribmizmi, demak Lokomotiv va Bunyodkorga qarshi kechadigan uchrashuvlarda isbotlaydigan narsalar etarli. Va mana shu isbot O'zbekiston kubogining hal qiluvchi bahsiga to'g'ri kelishini juda istayman. Hammasini yashil maydondagi o'yin hal etadi, nasib qilsa, finaldan so'ng muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug' bo'ladi.
SERBIYA
– Serbiya chempionati haqida ko'p malumotga ega emasmiz, ammo internet orqali bilishimizcha, u erda yosh bo'yicha cheklov mavjud. Yani futbolchi malum yoshga etgach, ichki birinchilikda o'ynay olmaydi va faoliyatini davom ettirishni istasa, xorijga ketishi lozim. SHu sababli butun dunyoda serbiyalik legionerlar ko'p ekan. Bu malumot qanchalik to'g'ri?
– Yo'q, siz noto'g'ri malumot olgansiz. Aslida, Serbiya chempionatida yosh bo'yicha hech qanday cheklov yo'q. Butun dunyoda bo'lgani singari u erda ham iqtidor va jismoniy holat etgancha o'ynash mumkin. Biroq hamma gap shundaki, Serbiyada futbolchilarga juda kam maosh to'lanadi. Iqtidorlilar esa bisyor. Mening yurtimda kuchli o'yinchilarni har bir hududdan topish mumkin. Ular yosh vaqtida faoliyatini mahalliy klublarda boshlaydilar, ammo imkon tug'ilgani hamono xorijga ketishga harakat qiladilar. CHunki Serbiyada hech kim sizga Germaniya yoki Qozog'istondagidek maosh to'lamaydi. SHu bois kimdir Evropaga, yana kimdir Osiyoga ketadi. Axir kuching bor vaqtda pul ishlash kerak! Biroq shuni ham qo'shimcha qilish lozim, har bir futbolchi faoliyatini yakunlash uchun albatta, Serbiyaga qaytib kelishga intiladi.
– Demak, sizda ham shunday reja bor?
– Albatta. O'z uyingda to'p surish kimga yoqmaydi, deysiz. Nasib qilsa, vaqti kelib Serbiya chempionatida o'ynash istagim yo'q emas.
YANA NASAF
– Biroq Qozog'iston chempionatida, aniqrog'i, Tobolda uch yil davomida muqim o'ynaganingizni inobatga olsak, siz bazi futbolchilarga o'xshab tez-tez klub almashtirishni xush ko'rmaysiz…
– Xuddi shunday. Men uchun o'z klubimni topib olish muhim ahamiyatga ega. Tobolda menga hamma narsa yoqar edi, shu sababli u erda uch yil qolib ketdim. Mana endi, vaziyat taqozosi bilan O'zbekistondaman. Darhol aytishim lozim, Nasafda menga hamma narsa juda yoqadi. Qarshiga kelganim hamono ko'nglimdagi jamoamni topganimni his qilganman.
– Demak, kelasi mavsumni ham Nasafda o'tkazishingizga ishonsa bo'ladi?
– O'zimning istagim ham shu. Qarshida futbol o'ynash uchun hamma sharoit bor – yaxshi stadion, jonkuyar muxlislar. Bunday joyda to'p surishni kim ham xohlamaydi, deysiz? Nasaf bilan yuqori natijalarga erishishni juda istayman.
Abdulaziz MUROD suhbatlashdi
Fikrlar