Odil Ahmedov Xitoydagi vaziyat, SHomurodovga maslahat, ko'rshapalaklar va rejalari haqida katta intervyu berdi
15 apr 2020 00:10
Yangiliklar
Odil Ahmedov Xitoydagi vaziyat, SHomurodovga maslahat, ko'rshapalaklar va rejalari haqida katta intervyu berdi
O'zbekiston terma jamoasi sardori uch yildan ko'proq vaqtdan beri "SHanxay SIPG" sharafini himoya qilmoqda. Ahmedov Xitoy chempioni bo'lishga ham ulgurdi. Hozir esa deyarli barcha futbolchilar kabi Ahmedov ham rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etmayapti. Bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan virus aynan Xitoyda paydo bo'ldi — Sport24 vakili Ahmedov bilan aynan shu haqida suhbatlashdi.
— Odil, siz yaqinda Namanganga gumanitar yordam jo'natdingiz. Bu tahsinga sazovor harakat. SHu haqida gapirib o'tsangiz.
— Hozir barchamiz og'ir davrni boshdan o'tkazyapmiz. SHuning uchun men Xitoyga uchib keldim va bu edan shifokorlar va shifoxonalar uchun zarur anjomlarni O'zbekistonga yubordim. Barcha zarur narsalar: tibbiy qo'lqoplar hamda niqoblar, ochki va boshqa narsalarni vatanimga etkazishga harakat qildim.
— Koronavirus nafaqat Xitoy balki butun dunyoga yoyilishini kutganmidingiz?
— Albatta, biz buni kutmagandik. Uxanda qandaydir virus paydo bo'lgani haqida ilk bor malum qilishganida hech kim bu muammo globallashib ketishini kutmagandi…
Men koronavirus Uxanning o'zida yo'q bo'ladi deb o'ylagandim. Ammo unday bo'lmadi, bir hafta o'tgach butun Xitoy bundan aziyat chekayotgandi. Juda qo'rqinchili edi. Bu erdagilar barcha yo'llarni yopsak, hamma er berkitilsa, virus Xitoydan tashqariga chiqib ketmaydi deb hisoblashgandi. Endi butun insoniyat xavf ostida...
— Xitoy o'ta qisqa vaqt ichida shifoxonalar va virusga qarshi kurashish markazlarini qurib bitkaza oldi…
— Hukumat va davlat nimani talab qilsa, fuqarolar ham shuni bajarmoqda. Karantin deyildimi — barcha xitoyliklar uylarida o'tirishdi. Menimcha shu hislatlar evaziga ham koronavirusni enga olishdi. Koronavirusni faqat karantin bilan engish mumkin. Xitoyda buni darhol tushunib etishdi.
Yodimda, O'zbekistonga ketayotganimda, ilk kunlarda aeroportga ketishda birorta mashina yo'q edi. Mana buni intizom desa bo'ladi!
— Xitoyda vaziyat qanday?
— Hayot o'z iziga tushib qoldi. Ko'chalar odamlarga to'la, hammayoq ochiq. Endi odamlarda avval bo'lgani kabi qo'rquv yo'q. Ha, SHanxay aholisi ehtiyotkorlik chorasi sifatida hali tibbiy niqoblarda yuribdi, lekin umuman olganda hammasi joyida.
— Klub rahbariyati nima deyapti, Xitoy chempionati qachon boshlanadi?
— SHanxayga uchib kelgach ikki hafta karantinda bo'ldim. Mana bir necha kundirki to'liq mashg'ulotlar o'tkazyapmiz. Mavsum qachon boshlanishi hali aniq emas. Tushunishimcha, mavsum virus to'liq yo'qolgandan so'ng boshlanadi. Xitoyda uni butkul yo'q qilishmoqchi va birorta ham kasal qolmasligi kerak. Keyingina — futbol. O'ylashimcha, gap may oyi oxirlari yoki iyun boshi haqida ketmoqda.
— Hozir butun dunyo bo'ylab klublar futbolchi va xodimlarning maoshlarini qisqartirmoqda. Sizlarda vaziyat qanday?
— Aytishlaricha, maoshimiz 30%ga kamaytiriladi. Hozircha aniq malumot yo'q.
Ko'rshapalaklar, Xitoy taomlari, Rossiyaga qaytish va SHomurodov haqida
— Siz uch yildan ko'proq muddat Xitoyda to'p tepyapsiz. Taassurotlaringiz qanday?
— Xitoy, huddi Rossiya kabi juda katta mamlakat… Bu erda samolyotda uchib borish uchun juda ko'p vaqt ketadi, o'yinlar ham kam emas. Odamlari — oddiy va samimiy. Xitoyliklar futbolni yaxshi ko'rishadi, chempionat yildan-yilga kuchaymoqda. Sifatli legionerlar yordamida mahalliy futbolchilar ham mahoratlarini oshirib borishmoqda.
— Xitoy chempionati va RPL o'rtasidagi farq qanday?
— Rossiyada — siz kurashlarda ko'p ishtirok etishingiz kerak, jismoniy kuch talab qilinadi, bu erda esa kombinacion va texnikaga ko'proq urg'u beriladi.
— Bo'sh vaqtingizda nimalar bilan shug'ullanasiz?
— Asosan uyda bo'laman, kamdan-kam hollarda sayr qilishga chiqaman. Turli kitoblar o'qiyman, film tomosha qilaman, yaqinlarim bilan suhbatlashaman. Odatdagidek hayot tarzi.
— Kelajagingiz borasida qanday rejalaringiz bor? Xalk singari sizning ham "SHanxay" bilan shartnomangiz shu yilning dekabr oyigacha mo'ljallangan.
— Ha, 1+1 ko'rinishida shartnoma imzolaganmiz. Barchasi joyida bo'lsa — kelishuvni uzaytiramiz.
— Tasavvur qiling, sizga RPL vakilidan taklif kelib tushdi.
— Men endi yosh emasman — keyingi yil 34 yoshga to'laman. SHuningdek, Rossiyadan bunday taklif bo'lmaydi deb o'ylayman. Ona yurtimga, O'zbekistonga qaytish varianti haqiqatga yaqinroq.
— Xitoyda nimaga ko'nikib bo'lmaydi?
— Bu erdagi ovqatlarga. O'zimni qanchalik undasam ham ularni tanovvul qila olmadim.
— SHu o'rinda ko'rshapalaklar mavzusiga to'xtalsak…
— Menimcha, bu hikoya haqiqatdan yiroq. Uxanda kimdir ko'rshapalak eganu — va hammasi shundan boshlangani… Unday bo'lmasa kerak. Men qaysidir laboratoriyadan koronavirus chiqqani haqida eshitdim.
— Eldor SHomurodov, O'zbekistonning 2019 yildagi eng yaxshi futbolchisi. Hozir RPLda yorqin o'yin namoyish qilmoqda. Siz undagi qobiliyatni sezganmidingiz?
— Xarakter, tezlik, bo'y — zamonaviy futbolchi uchun muhim jihatlar. Unda nimadir borligi avvaldan bilinardi, shunchaki vaqt va imkon berish kerak edi. Hozir Eldor salohiyatini ko'rsata olyapti va bundan juda ham xursandman. U chinakamiga top futbolchilardek o'ynamoqda!
— Malumotlarga qaraganda unga Evropadan qiziqishlar bor. U misol uchun APLda o'ynab keta oladimi?
— Agar aniq takliflar bo'lsa, ketish kerak. Rossiya chempionati ham kuchsiz musobaqa emas, u erda buncha gol urish ham har kimga emas. Menimcha, SHomurodov Evropaga tayyor.
— Ikki o'g'lingiz bor. Ularni kelajakda futbolchi sifatida ko'ra olasizmi?
— Menimcha, ular futbolga unchalik qiziqishmaydi. Agar istashmasa, o'zim majburlab ularni futbol maktabiga olib bormayman.
Blic
— Sizga qarshi harakat qilgan eng kuchli futbolchi?
— De Breyne.
— Siz birga o'ynagan eng kuchli futbolchi.
— Villian.
— Imkoniyatlari darjasiga chiqa olmagan eng iqtidorli futbolchi.
— Oleg SHatov. Men u ko'p narsalarga erishishiga ishongandim, ko'prog'ini kutgandim.
— Bugungi kunda MDHning eng kuchli futbolchisi?
— Genrix Mxitaryan.
— Oxirgi 10 yilda MDHning eng kuchli futbolchilari
— Mxitaryan, Jirkov, Dzyuba.
Omonjon To'xtamirzaev tarjimasi
Fikrlar