Odil Ahmedov bilan Anji, Krasnodar, MTJ va Namangan futboli haqida (II qism)
17 iyu 2014 15:27
Yangiliklar
Odil Ahmedov bilan Anji, Krasnodar, MTJ va Namangan futboli haqida (II qism)
Odil Ahmedov bilan o'tkazgan katta suhbatimizning ikkinchi qismini mutola qiling.
- Har bir o'tgan mavsum futbolchini qaritadi. Anjiga kelgan paytingizda u erda kimlardandir nimanidir o'rganishingiz mumkin edi. Krasnodarga endi o'rgatuvchi bo'lib ketyapsiz. Futbolchining faoliyati qisqa bo'ladi, bunga tayyormisiz?
- Bu borada ko'p o'ylayman. Ammo 100% tayyor emasman. Vaqt o'tgan sari hayotning o'zi sizni tayyorlab boradi.
- Futbolchi katta bo'lgan sari, yoshlikdagi kuchni ushlab qolish uchun, yanada ko'proq ishlashi kerak. Aksar futbolchilarimiz buni kech tushunib etadilar.
- Bu narsa o'yinchining o'ziga bog'liq. O'z formasini ushlab turish tartibiga qanday amal qilishga bog'liq.
- O'zbekiston chempionatidagi 32 yoshli futbolchi Rossiyada o'ynab qaytgan 35 yoshli futbolchidan ham past bo'ladi. Bu moddiy texnika bazaga ham bog'liq bo'lsa kerak?
- Albatta. Futbolda moddiy texnika baza va undan foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. SHuning uchun bo'lsa kerak, yaxshi chempionatlarda to'p tepib kelayotgan futbolchilarimiz oliy ligaga qaytgach yoshlardan ko'ra yaxshi o'ynaydilar.
- Yaqinda Buxoro klubidagi tanish futbolchilardan biri jamoa mashg'ulotlari haqida aytib berar ekan, Gess tomonidan berilayotgan nagruzkalarga mos vitaminlarning yo'qligi ikkinchi mashg'ulotga qadar tiklanish jarayoni juda qiyin kechayotganligini bildirdi. Rossiya chempionatida bosim katta. Paxtakorda o'ynagan paytingizda ham bunday vitaminlar bo'lmasdi. Anjida bu narsani istemol qildingiz. Bu borada vitaminlarning sportda tutgan o'rni qanday?
- Vitaminlarning turi ko'p bo'ladi. Bu borada shifokorning malakasi ham katta rol o'ynaydi. Ayniqsa mavsum oldi va o'rtasidagi yig'inlar davomida shifokorlarimiz o'sha paytdagi holatimizdan kelib chiqib vitamin beradi. Bazi vitaminlar mushaklarni bo'shashtirib dam bersa, bir xillari kuchaytiradi. Keyin professional futbolchi va murabbiy o'rtasida tushunish bo'lishi kerak. Anjida mashg'ulotga tayyor bo'lmasangiz va o'zingizni toliqqan xis qilsangiz, murabbiylar o'sha kuni sizga dam beradi. Toliqib mashg'ulotda ishtirok etishdan naf yo'q, aksincha ziyoningizga ishlashi mumkin.
- Buning uchun futbolchi ham professional bo'lishi kerak. Bizda aksincha, ishi chiqib qolsa tishi og'rib qoladi.
- Ishonch va aldamaslik kerak. Evropada futbolchilar bunday ish qilmaydilar.
- Bazan MTJda o'n kunlab mashg'ulot o'tkazasiz. SHu vaqt davomida vitaminlar o'rnini termosdagi shakar choy egallaydi. Futbolda kamchilik bo'lmasligi kerak degan atama, shu joyga kelganida ortga chekinadi. Ko'pchilik legionerlarimizdan, ular o'z klubida yaxshi o'ynaydi, MTJga kelganda yo'q deb nolishadi. Ammo hamma ham legionerga klubida berilayotgan etibor bilan, MTJ o'rtasidagi farq juda kattaligini bilmaydi. Biz bilan BAA o'ynaydimi yoki Ummon, barchasida ko'raman, jamoa shifokorlari o'qlangan holda bo'ladilar.
- Terma jamoamizning ham shu bosqichga o'tadigan payti keldi. Bazan shifokorimizdan o'zimga kerak bo'lgan dori-darmonlardan so'rasam bo'lmaydi. Solishtirsak, klub bilan terma jamoa o'rtasidagi farq 20%ga teng. Vitaminlar biz uchun juda muhim.
- Oliy liga klubining bironta yaxshi o'yinchisi jarohatidan qutulib jiddiy o'yin oldidan yoshlar ligasida o'zini sinab oladi. Men kuladigan holatlardan biri, u o'yin davomida to'qnashib ketsa, shifokor muz solingan “baklajkani” qo'yadi. Agar u asosiy tarkibda o'ynasa maxsus vosita orqali og'rig'ini qoldiradi. Bizda klublarning o'zida munosabat teng emas.
- Bu yaxshi emas. Hammaga bir xil munosabatda bo'lish lozim. Yana bir narsa jamoa shifokorlarida gap katta. SHifokor sizni o'z farzandidek ko'rishi kerak. Ota-onangiz doim hol-axvolingizni so'raydi, jamoa shifokori ham shunday bo'lishi kerak.
- Anjidagi holat shunday edimi, u erda qancha shifokor ishlaydi?
- Ha. Uchta shifokor ishlaydi. Jamoamizda faoliyat olib borgan va bugunda Rossiya milliy terma jamoasida ishlayotgan Eduard Bezuglov o'z kasbining haqiqiy ustasi. U tinmay ortimizdan yurib, kuniga 4-5 martalab har bir futbolchi bilan alohida suhbatlashib chiqardi. Undagi bu xislatni ko'rgan yuqoridagilar, mutaxassisni terma jamoaga taklif qilishdi.
MTJ HAQIDA
- Keling, endi mavzuni MTJga buramiz. Ummon bilan o'yin ko'rsatib berdi-ki, bittada avlodlar almashinuvini o'tkaza olmas ekanmiz…
- Gapingiz to'g'ri. Menimcha, Ummon bilan o'yin bo'lgani uchun ham buncha ko'p yoshlar chaqirildi. Yana bir narsani takidlab o'tishim kerak, MTJning har qanday raqibi, u ming kuchsiz bo'lmasin, oliy ligadagi eng kuchli jamoadan ustun. Yil davomida 3 nafarga yaqin futbolchilarni kashf qilib borsak ham yaxshi natija bo'ladi. MTJga kelgan futbolchi unga bo'lgan munosabatini o'zgartirishi kerak. Bu oliy liga emas.
- Bu haqda SHackixning fikri bilan qiziqqanimda, u oliy liga o'nglamanmaguncha kuchli terma jamoaga ega bo'la olmasligimizni aytdi. Balki bu hozir bilinmayotgandir, lekin bunday oliy liga bilan 5 yildan keyin O'zbekiston terma jamoasi juda ham kuchsizlanib ketishini aytib o'tdi. Bugungi chempionatimiz bilan 5 yildan keyin hozirgi kuchga ega terma jamoamizni orzu qilar ekanmiz. Uning gapida jon bor.
- Men oliy ligada o'ynagan paytlarim, Paxtakorning asosiy raqiblari Bunyodkor va Neftchi bo'lardi. Pastdagi jamoalar ularga qarshi jiddiy qarshilik ko'rsatardi. Hozir esa tepadagi jamoalar pastdagilarga yaqinlashib qolibdi. CHempionatdagi intriga kuchayish emas, kuchsizlanish evaziga kelib chiqyapti. 2011 yildan keyin nechta futbolchi horijga ketdi? Aksar jamoadoshlarim shu yili chet elga ketdilar. Yoki OCHLdagi har bir o'yinimizdan keyin Paxtakorning istalgan fubolchisiga horij klublaridan chorlov bo'lardi.
- Yaqinda bir futbolchimiz Malibu olsam bo'ldi, maqsadimga erishaman, - deydi. SHu ham maqsadmi? Menimcha, futbolchilarimiz shu erning o'zida topayotgan pullariga qanoat hosil qilyaptilar.
- Bu eng katta xato. Futbolchini yoshligidanoq o'z oldiga katta maqsadlarni qo'yishi kerak. Rejalarni qo'rqmasdan tuzib tashlash kerak. 100ta reja tuz, shundan 50tasiga erish. Mashinaga kelsam, men o'z pulimga o'zim uchun mashina olmaganman. Siz yaxshi o'ynasangiz, sizga mashinani o'zlari sovg'a qilishadi. Futbolchining faoliyati qisqa deymiz, lekin shundan foydalana olish kerak. Futboldan keyingi hayotni ham o'ylash lozim.
- Navbatdagi Osiyo chempionatiga ham oz qoldi. Bu borada klub sizni uzoq muddatga qo'yib yuborishga qarshilik qilmaydimi?
- Aksincha. Mening o'zimga musobaqa qish paytida bo'lishi ayni muddao. Boisi, bu paytga kelib bizda endi birinchi davra tugagan va yaxshi formaga kirib olgan bo'laman. Musobaqada o'ynab turgan paytda ishtirok etish imkoniyatingizni oshiradi.
- Bu musobaqani kutyapsizmi, bugungi sharoitdan kelib chiqib 2011 yildagi natijani takrorlashimizga ishonasizmi?
- Men bir narsani aytib o'tishni istardim. Bugun oliy ligada o'ynayotgan ko'plab futbolchilarda MTJ safidan o'rin olish imkoniyati bor. Buning uchun o'yin kulguni chetga surib qo'ygan holda, hozirdan tayyorgarlik ko'rish lozim. Bu katta forum. Yoshlarga bu narsa ko'proq tegishli, Biz ham aynan shu Osiyo chempionatidan keyin kuchli jamoaga o'tganmiz. Osiyo chempionatida yoshlardan umid qilamiz, ammo ular masuliyatni to'liq his qilishlari kerak.
- Terma jamoa mashg'ulotlarini kuzatmaydiganlar murabbiy va futbolchi o'rtasida nizo keltirib chiqarishga harakat qilishyapti.
- Mirjalol aka va SHuhrat aka bilan o'rtamizda hech qanday muammo yo'q. Bir xil maqolalarda kimdirning tarafini olaman deb, ikkinchi tomonni yomonlab qo'yishyapti. Bu esa futbolchi va murabbiy o'rtasida anglashilmovchilikka olib keladi. Birlashtirish, terma jamoani ko'tarish va targ'ib qilishda OAVning o'rni katta. Masalan, Rossiyada bitta o'yinga turli nuqtalardan OAV xodimlari kelishadi. Atayin futbolda xato qilish qiyin. Men ham gol urishni istayman va vaziyat bo'lsa olisdan zarba beraman. Buni ham boshqacha tushunadiganlar bo'lyapti. Yoki bizga stadion to'la muxlislarni so'kishishini eshitish yoqimlimi? Futbolchi ham, murabbiy ham g'alaba qozonishni istaydi. Bugungi kunda murabbiy va futbolchi o'rtasida muammo yo'q. Ummon bilan o'yinga kelsak, raqib to'liq himoyaga yotib oldi. Tepdik, yorib kirdik, o'xshamadi.
- Keyin futbolchilarga kim yaxshi, Abramovmi yoki Qosimov degan savollar berishni to'xtatish kerak. Hozir siz Abramov desangiz, Qosimovga etkazishadi, Qosimov desangiz, Abramovga…
- Haqiqatdan ham bunday narsalarni yig'ishtirish kerak. Hammamiz bir jamoa, yani futbolchilar, murabbiylar va OAV yakdillik bilan futbolimizni ko'tarishimiz kerak. Murabbiy va futbolchilar uchun qo'llab-quvvatlash juda ham zarur.
- Ukangiz borasida nima deysiz, 3 yil avvalgi Azim bilan hozirgisida farq sezilarli darajadami?
- Men unga doimo aytib kelaman, shu darajaga mehnat bilan erishdim, demak inson qilgan ishni inson qiladi. Men u uchun o'ynab bera olmayman. Bu borada ko'p aytaman. Bugungi kunda Navbahorning asosiy futbolchisi sifatida maydonga tushyapti, endi etakchilikni qo'lga olishi kerakligi haqida aytaman.
- MTJda birga to'p tepaman deb o'ylaganmidingiz?
- Yo'q. O'yin paytida undan ko'ra ko'proq men hayajonlandim shekili. O'yiniga o'rtacha baho bergan bo'lardim.
- Yana bir debyutant, Xusniddin G'ofurov va uning harakatlari haqida. Evropada o'ynayotgani bilinib turibdi. To'pni yo'qotishi mumkin bo'lsa-da, oldinga o'ynadi.
- Futbolchi qo'rqishi kerak emas, to'pni yo'qotsa qaytib kurashishi kerak. Bazi futbolchilar xato qilsam murabbiy keyingi o'yinga qo'ymaydi degan fikr bilan to'pni tezroq o'zidan ketkazishga harakat qiladi va paslarni yon tomon yoki orqasidagi futbolchiga beradi. Futbolda xato qilmaydigan o'yinchi yo'q. Sekin-sekin tayyor bo'lib borish kerak.
- Bizdagi aksar hujumchilar to'pni yo'qotsa, orqaga qaytishmaydi. Bu yarim himoyachi va himoyachiga qanchalik bosh og'riq?
- Juda katta. Bejizga himoya hujumdan boshlanadi deyishmaydi. To'pni yo'qotgan jamoa, qancha uni tez o'ziga qaytarib olsa, hujumi shuncha ko'p bo'ladi.
Ofisimizga tashrif buyurishdan avval, Odil Ahmedov Oriat Dono radiosida Akmal Mirzoning CHoy ustida loyihasi mehmoni bo'lib, u erda futbolchilik faoliyatini tugatganidan keyin murabbiylik qilmasligini aytib o'tgandi. SHu bilan birga o'zi bilan yuradigan do'stlari haqida gapirib berdi. Odilni yaxshi tanigan kishilar bilishadi, u doimo o'zining 3 nafar do'sti bilan yuradi. Bu yigitlar u bilan bir avlod vakillari bo'lib, barchasi Namanganda tug'ilgan va ROZSKda birga o'qigan. Yodingizda bo'lsa, 2013 yil fevral oyida uning do'sti Sodiq bilan katta suhbatni chop etgan edik. Futboldan begona bo'lmagan yigitlar Krasnodarda ham u bilan birga bo'ladilar. Suhbatni aynan shu mavzuda davom ettirdim.
- Krasnodarni tanlaganizdan ko'proq men xursand bo'ldim. Sababi, bu klub berishi mumkin bo'lgan sharoitni na CSKA, na boshqa bir klub berishi mumkin. Bu erda eng kuchli mutaxassislar Evropada eng yaxshi akademiya bo'lishni maqsad qilgan klubda faoliyat olib borishyapti. Jamoa bilan uch yillik bitimga imzo chekdingiz. Bu uch yil ichida siz va do'stlaringiz katta tajriba maydonida faoliyat olib borasizlar. SHu narsadan qanchalik unumli foydalanish siz va do'stlaringiz qo'lida. Murabbiy bo'lmayman dedingiz, balki akademiya strukturasida ishlarsiz?
- Agar do'stlarim bu narsaga jiddiy kirishaman desalar, men ular aytgan barcha sharoitni yaratib beraman, barchasini! O'zimning ham maqsadim shu. Bu borada do'stlarim bilan ko'p marotaba gaplashganmiz. Barchamizning maqsadimiz Namanganda yaxshi bir futbol akademiyasini ochish. Krasnodar loyihasining hech yo'g'i yigirmadan birini amalga oshirsak ham yaxshi natijaga erishishimiz mumkin. Ammo bu qachon bo'lishi haqida aniq bir muddatni ayta olmayman.
SHu tariqa Odil Ahmedov bilan uyushtirgan navbatdagi suhbatimiz ham yakuniga etdi. Muxlislar nomidan unga “Krasnodar” futbol klubida ulkan yutuqlar tilaymiz!
Nodirxo'ja Yuldashev suhbatlashdi.
Fikrlar