OCHL. "Paxtakor" 100-o'yin arafasida

Narzulla Saydullayev
13 fev 2020, 11:19
"Paxtakor" Osiyoning birinchi raqamli turnirida yubiley o'yinini o'tkazish arafasida turibdi.

"Sherlar" Osiyo Chempionlar Kubogi va Chempionlar ligasida hozirgacha 99 uchrashuvda maydonga tushgan. "Shabab Al Ahli"ga qarshi bellashuv 99-bahs sifatida tarixga kirgan bo'lsa, Eronning "Shahr Xodro" jamoasi bilan 17 fevral kuni Toshkentda o'tadigan uchrashuv "Paxtakor" uchun ushbu turnirdagi 100-o'yinga aylanadi.

Hozirgacha o'tgan bellashuvlardan ikkitasi Chempionlar Kubogi, qolgani esa Chempionlar ligasi doirasida o'tkazilgan. Natijalar shunday ko'rinish olgan: 45 g'alaba, 18 durang va 36 mag'lubiyat. Jami 153 ochko to'planib, to'plar nisbati 142-135ni tashkil qiladi.



Shuningdek, "Paxtakor"ning Chempionlar ligasida uydagi mag'lubiyatsiz o'yinlari soni 8taga etdi. Bu borada rekord ko'rsatkich 2002-2004 yillarda qayd etilgan bo'lib, o'shanda "Paxtakor" Toshkentda ketma-ket 11 uchrashuvda mag'lubiyatga uchramagan.

Eslatib o'tamiz, "Paxtakor" - "Shahr Xodro" uchrashuvi 17 fevral kuni soat 16:00da "Paxtakor" stadionida boshlanadi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pakhtakor.uz