Norxonov, Sidiqov, Rashidov. Superligada qishning qaynoq transferlari (TOP-10)
18 fev 2023 21:20
Yangiliklar
Norxonov, Sidiqov, Rashidov. Superligada qishning qaynoq transferlari (TOP-10)
Barcha jamoalar o'z imkoniyatidan kelib chiqib tarkibini kuchaytirdi. Quyida bu borada top-10 ro'yxat bilan tanishamiz.
Temurxo'ja Abduxoliqov – "Navbahor"
Namanganning "Navbahor" jamoasi o'tgan yilda bo'lgani kabi bu mavsumda ham transferlar oynasida diqqat markazida bo'lishga intildi. Qaysidir manoda yaqqol ajralib turdi, deyish qiyin. CHunki qolgan klublar ham tarkiblarini nomdor futbolchilar bilan to'ldirib olganini unutmaslik kerak. "Lochinlar"ning qishda amalga oshirgan eng yaxshi transferi shubhasiz Temurxo'ja Abduxoliqov bo'ldi. Jamoa hujumlarni yakunlashda Temurxo'ja singari futbolchiga jamoa ehtiyoj sezayotgandi. Tajribali forvardning "lochinlar" safida qanchalik o'zini ko'rsata olishini chempionat davomida bilib olamiz.
SHohruz Norxonov – "Navbahor"
Transferlar o'nligimizning ikkinchi pog'onasidan ham "Navbahor" futbolchisi o'rin egalladi. Aslida klub o'tgan yili ham SHohruz Norxonovga jiddiy qiziqish bildirgan, yakunda esa Zoran Marushich variantida to'xtagan. "Navbahor" baribir bu yil futbolchini o'z safiga qo'shib oldi. Katta ehtimol bilan bu yil oldingi chiziqda Abduxoliqov va Norxonov juftligini ko'ramiz. Maxoratli forvarddan Samvel Babayan o'yinlarda sof hujumchi va qanot o'yinchisi sifatida foydalanishi kutilmoqda.
Javohir Sidiqov – "Nasaf"
Marko Stanoevich o'tgan mavsum oxirida "Dinamo" bilan uchrashuvda jarohat olgach qishda jarrohlik amaliyotini o'tkazishga majbur bo'ldi. Uning safga qaytishiga hali vaqt borligi sabab "Nasaf" Markoning poziciyasiga futbolchi izladi. Bir nechta nomzodlar orasidan Javohir Sidiqov varianti maqul ko'rildi. "Ajdarlar"ning o'yin uslubi ham aynan Sidiqovga mos keladi. Yarim himoyachining uzoqdan uradigan gollarini ko'pchilik sog'ingan. "Nasaf" bu borada unga yordam berishi mumkin.
Aleksandar Stanisavlevich – "Buxoro"
Superligadagi debyut yilidayoq eng yaxshi assistent bo'lgan, "Qizilqum"dagi faoliyati ijobiy taassurot qoldirgan Aleksandar Stanisavlevich bu mavsumda "Buxoro" sharafini himoya qiladi. Serbiyalik yarim himoyachiga "Nasaf" ham jiddiy qiziqib ko'rgan, yakunda tomonlar moliyaviy tomonini kelisha olishmagandi. Aftidan u "Qizilqum"da qolish ehtimoli ham bor edi. Biroq kutilmaganda "Buxoro" varianti paydo bo'ldi. Stanislavlevich "Ko'hna" shaharda ham o'zini ko'rsata oladimi?
Sardor Rashidov – "Paxtakor"
Sardor Rashidov uchun bu "Paxtakor"ga uchinchi qaytish hisoblanadi. 2021 yil yarim mavsum o'ynab "Quvayt SK"ga, 2022 yil yarim mavsum to'p tepib "Umm-Salal"ga yo'l olgandi. Qisqacha qilib aytganda "Paxtakor" Rashidov uchun vaqtinchalik qo'nish maydonchasi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Bu yilgi OCHL bahslari sentyabr oyida start olishini hisobga olsak, futbolchi "sherlar" safida mavsum oxirigacha qolsa kerak. Har holda uning tajribasi xalqaro o'yinlarda asqotishi turgan gap.
Farrux Ikromov – "Navbahor"
Ro'yxatdan yana bir "lochinlar" vakili Farruh Ikromov joy egalladi. 2022 yilni katta qismini jarohat sabab o'tkazib yuborgan Farruh faqatgina mavsum oxiriga kelib maydonga qaytdi. Tezlik, dribling, nostandart qarorlarga ega Ikromov shubhasiz "Navbahor"ning hujumlarini shiddatli ko'rinish olishi va yakunlanishiga hissa qo'shishi tabiiy. Faqatgina hamma gap murabbiy uni qaysi jihatlarini ko'ra olishi va qanchalik imkoniyat berishida.
Jasur Jaloliddinov – "Olimpik"
"Lokomotiv" Pro ligaga tushib ketgan bo'lsada, Jasur Jaloliddinov Superligada qoldi. Yani u muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lish maqsadida "Olimpik" jamoasiga o'tkazildi. Bilasiz, olimpiya terma jamoamiz Parij-2024 olimpiyadasiga tizmli tayyorgarlik olib bormoqda. Bunda har bir futbolchining holati muhim hisoblanadi. Jasur "Olimpik"da yana avvalgi holatiga qaytsa ajab emas. Bu orqali u faoliyatida yana barqarorlikka erisha olisha oladi, deb o'ylaymiz.
Azim Ahmedov – "Turon"
Bir yillik tanaffusdan so'ng Superligaga qaytgan "Turon" oldiga jiddiy maqsad qo'ygani aniq. Buni qishda amalga oshirgan transferlardan payqash qiyin emas. Yaypanliklar boshqalardan qolishmagan holda tajribali va nomdor futbolchilarni jalb qildi. Azim Ahmedov jamoaning markazida etakchi sifatida gavdalanishi kutilmoqda. Baxtiyor Ashurmatov va Azim Ahmedovning yo'llari 2014-2015 yillarda "Navbahor"da ham kesishgandi. Oradan yillar o'tib endilikda "Turon"dagi hamkorlik qanday kechishi barchamiz uchun qiziq.
Nurillo To'xtasinov – "Neftchi"
"Bunyodkor"dagi o'yinlari, super gollari orqali kashf qilganimiz Nurillo To'xtasinov "Navbahor"da yo'qolib qoldi. Deyarli o'yin amaliyotiga ega bo'lgani yo'q. Bunday pallada futbolchi jamoasini o'zgartirishga qaror qildi va "Neftchi" safiga borib qo'shildi. Vitaliy Levchenko qo'l ostida Nurillo yana o'z formasini tiklab olishidan faqat xursand bo'lamiz.
Giorgi Papava – "Paxtakor"
"Paxtakor" qishki transferlar oynasida katta haridlarni amalga oshirmadi, asosiy etiborni sifatga qaratdi. Maksim SHackix o'z jamoasiga gruziyalik Giorgi Papavani taklif qildi. Bu bilan mutaxassis yarim himoya chizig'idagi raqobatni oshirishga etibor qaratdi.
Fikrlar