So’nggi yangiliklar

18:21Ўзимизнинг карикатура. Азим чинорнинг сўнгги барги  0 18:07Про лига. "Шўртан" ва "Дўстлик"нинг асосий таркиблари маълум  0 17:51Ўзбекистон МТЖ футболчиларига кўрсатилган сариқ карточкалар бекор қилинди  2 17:26Про лига. "Арал" ва "Қўқон-1912"нинг асосий таркиблари маълум  0 17:05Анчелотти: "Septete" ҳақида ҳеч ким гапирмаяпти"  0 16:18Рўзиқул Бердиев: "Осиё чемпионлар лигасида финалга қадар етиб боришни мақсад қилганмиз. Жорий мавсум клубимиз чемпионликни қўлга киритиш учун жиддий ёндашган"  10 15:50Расман: Лондон ва Мадридда сарсон бўлган Евро вице-чемпиони "Атлетико"га ўтди  2 15:31Ҳимоясизларни "талаш" осонми?  22 14:29Бензема "Ал Иттиҳод" Манени сотиб олишини истамоқда — клублар музокарани бошлаб юборган  2 13:56"Ҳаммамиз оламдан ўтадиган кунимиздан қўрқамиз. Лекин, ҳаёт - бу ўлим ҳам демакдир"  15 13:24"Барселона" Гюндоганни текинга қўйиб юбораётганининг сабаби маълум қилинди   5 13:00"Холанд? Салаҳ ва Агуэро кичик жамоалардан кўра катта жамоаларга кўпроқ гол уришган"  2 12:13Укадан устун келган ака ГАЛЕРЕЯ  3 11:41Каррагер "Челси"нинг трансферлари ҳақида: "Бўлдида энди. Феликс қаерда кийим алмаштиради?"  9 11:23Ҳаммамиз севган УЕФА Чемпионлар лигаси мадҳияси ўзгарди  11

Nima uchun futzalda sharmanda bo'ldik?! Yangiliklar

Nima uchun futzalda sharmanda bo'ldik?!

Futzal bo'yicha O'zbekiston U-20 terma jamoasi Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionati saralash bellashuvlaridan so'ng sharmandalarcha qita birinchiligidan quruq qolishdi.

1-4 dekabr kunlari Toshkentdagi "O'zbekiston" sport majmuasida futzal bo'yicha 2019 yil bo'lib o'tadigan U-20 Osiyo chempionatiga Markaziy mintaqa doirasidagi saralash o'yinlari o'tkazildi.

"A" guruhida Eron, Afg'oniston va Turkmaniston, "B" guruhida esa O'zbekiston, Tojikiston hamda Qirg'iziston yoshlari qita chempionatiga beriladigan uchta yo'llanma uchun kurash olib borishdi. Afsuski, yakunda kelasi yil Eron mezbonlik qiladigan musobaqaga yo'l olgan jamoalar orasida O'ZBEKISTON bo'lmadi. Bahodir Ahmedov bosh murabbiyligidagi jamoamiz o'z guruhlarida Qirg'iziston va Tojikistondan so'ng oxirgi uchinchi o'rinni egalladi.

Xo'sh, bunday muvaffaqiyatsizlikning sababi nima? Quyida shu savolga javob izlab ko'ramiz.


Etiborsizlik

Joriy yilning 30 avgust sanasida saytimizda "Afg'oniston va Mo'g'uliston Osiyo chempionati saralashida qatnashadi, O'zbekiston esa yo'q" nomli xabarni chop etgan edik. Unga ko'ra, futzal bo'yicha U-20 Osiyo chempionati saralashi to'rtta mintaqada o'tkazilishi kerak edi. OFK ushbu saralashga dastlabki quani tashlaganda jamoalar orasida O'zbekiston yo'q edi. Lekin, OFK Markaziy mintaqada saralash bellashuvlariga mezbonlik qilishni xohlovchi mamlakatni topa olmaganidan so'ng O'zbekistonga murojaat qildi. O'z-o'zidan OFKning yuzlanishiga O'FA ijobiy javob qaytardi va bizning mintaqa saralashi Toshkentda o'tkaziladigan bo'ldi. Unda vakillarimiz ham ishtirok etishi malum qilindi. Bir qarashda juda ham oddiy vaziyat, lekin etiborsizlik sabab sal bo'lmasa bu saralashda hatto ishtirok ham etmay qolib ketishimiz mumkin edi.



Bor-yo'g'i 15 kun tayyorgarlik

Bahodir Ahmedov boshchiligidagi jamoa tayyorgarlikni saralash bahslari boshlanishiga bor-yo'g'i 15 kun qolganda boshlashdi. Jamoa nima uchun muhim o'yinlarga 15 kun qolgandagina yig'ilgani bizga qorong'u. Lekin, bu vaqt ichida hatto milliy terma jamoani ham ko'ngildagidek tayyorlash qiyin. Garchi, ular yillar davomida terma jamoada o'ynab kelgan futzalchilar bo'lsa-da, terma jamoa uslubini bilsa-da. Bular esa turli joylardan yig'ilgan va mutlaqo tajribaga va rasmiy o'yinlar amaliyotiga ega bo'lmagan yigitlar edi.

Futzalda murabbiylar malum vaqt mobaynida faqat bir narsani o'rgatib borishadi va faqatgina o'sha jihatga nisbatan o'yinchilarda ko'nikma hosil bo'lganidan keyingina boshqa jihat ustida ishlashga o'tishadi. Yani, himoyalanish, hujum qilish, himoyadan hujumga o'tish, qarshi hujum, pozicion hujum, standart vaziyatlardan foydalanish, standartlarda himoyalanish, gol urish shart bo'lganida o'ynovchi darvozabon bilan harakat qilish, uzoqdan zarbalar, kombinacion gollarni qay tariqa urish va h. Ko'rayapsizmi, murabbiy oldida qanchadan-qancha ish bor jamoani o'rgatish uchun. Endi tasavvur qiling, murabbiylar yuqoridagi narsalarni mutlaqo yangi yig'ilgan, tajribasiz o'yinchilarga qanday qilib 15 kun ichida o'rgatishadi? Buni uddalash mutlaqo imkonsiz. Bunday hollarda yagona echim, hamma narsani tez-tez, qisqa vaqtda o'rgatib ketaverish. Lekin, yosh futzalchilarda o'rgatilgan narsalarga ko'nikma hosil bo'lganiga ishonish qiyin. CHunki, bunga ularda vaqt bo'lmadi.



O'rtoqlik o'yinlari? YO'Q

O'zbekiston U-20 terma jamoasi birorta terma jamoa bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazgani yo'q. Qirg'iziston va Tojikiston bilan bir guruhda edik va ular bilan o'ynash imkonsiz edi. Turkmanistonga taklif bilan chiqilgan, biroq ular rad javobini berishgan. Osiyoning qolgan jamoalari esa allaqachon o'zlarining tayyorgarlik rejalariga ega edi va ularning barcha o'rtoqlik va nazorat o'yinlari oldindan rejalashtirilgan. Ularning hech biri tomdan tarasha tushgandek O'zbekistonga kelib o'rtoqlik o'yini o'tkazib ketmasligi aniq. Xullas, O'FA futzal bo'yicha U-20 Osiyo chempionati saralashiga shu qadar beetibor bo'ldi-ki, jamoa birorta o'rtoqlik o'yini o'tkazmadi. Faqatgina, tayyorgarlikning oxirgi kunlarida joriy yil havaskor jamoalar orasida o'ynagan "Maksam-CHirchiq" bilan nazorat bahsi o'tkazildi.

Xullas, biznikilar o'zimizda havaskor bo'lib o'ynab yurgan jamoa bilan nazorat bahsi o'tkazib yurgan pallada guruhdagi raqiblarimiz Qirg'iziston va Tojikiston bir qator terma jamoalar bilan o'rtoqlik o'yinlari o'tkazishdi va saralashga ko'ngildagidek tayyorlanishdi.


Tarkib

O'zbekiston U-20 terma jamoasidan joy olgan yosh futzalchilarning faqatgina 5 nafari Superliga jamoalari azolari. Bular: Muhammad Zoirov ("Paxtakor"), Ilhomjon Karimov, Olimjon Vohidov (ikkisi "Bunyodkor"), Abdulla Solihov ("Lokomotiv") va Po'lat Olimov (AGMK). Ular orasidan Po'lat Olimov mavsum davomida deyarli o'ynamadi hisob, Muhammad Zoirov ham ko'p o'ynadi deb ayta olmaymiz. Qolgan yigitlar esa havaskor jamoalar tarkibida o'ynab yurishgan yoki o'z viloyatlaridagi ichki chempionatlarda qatnashib yurishgan. Bunaqangi tarkibdan qita birinchiligiga chiqqan taqdirimizda ham ijobiy natija kutish juda qiyin edi. O'yinchilarda rasmiy o'yinlar amaliyoti kam, yarmidan ko'pida esa umuman yo'q edi. Bu narsa saralashdagi har ikkala o'yinimizda ham ko'zga tashlandi. Jamoamizda o'yin juda sust edi. 

Kimdir biz yaxshi o'ynadik desa aldayotgan bo'ladi (men uchun). Hatto, Qirg'izistonni enggan bahsimizda ham ular bizdan ko'ra yaxshiroq o'ynashgan edi. SHunchaki, o'sha kuni bizga omad ko'proq kulib boqqandi va yigitlar eyforiyada g'alabani ilib ketishdi. Haqiqiy yaxshi o'yin nima ekanligini bilmoqchi bo'lganlarga 2017 yilgi U-20 Osiyo chempionatida ishtirok etgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasi o'yinlarini qayta tomosha qilib chiqishni tavsiya qilaman.



Murabbiylarning hisob-kitobni to'g'ri qilmagani yoki bilmagani

Guruhimizdagi ikkinchi o'yinda Tojikistondan engilib turgan paytimizda ham bizda Osiyo chempionatiga chiqish imkoni saqlanib turgan edi. Yani, hatto hisob 2:6 bo'lib turganda ham biz uchinchi yo'llanma uchun Afg'onistonga qarshi kurash olib borar edik. Ammo, murabbiylar bahs tugashiga 20 soniyacha vaqt qolgan bir pallada ham o'ynovchi darvozabonni maydonga tushirishdi. Ko'rinib qoldi-ki, jamoa beshta o'yinchi bo'lib harakat qilishni etarlicha mashq qilmagan. Bunga ularda vaqt ham bo'lmagan. Aynan o'ynovchi darvozabon bilan to'p tepgan vaqtimizda ikkita juda kulguli gollarni o'tkazib yubordik. Har ikki vaziyatda ham o'zimiz to'pni ularga oldirib qo'ydik va yakunda yo'llanmadan maxrum bo'ldik. O'yindan keyin bosh murabbiy Bahodir Ahmedovdan qisqacha fikr oldim. Ammo, ular nima uchun 20 soniya qolganda o'ynovchi darvozabonni tushirishganini bilish hayolimdan sira ketmadi va o'sha kuni soat vaqt ancha kech bo'lib qolganiga qaramay Bahodir akaga qo'ng'iroq qildim. Murabbiy o'yindan oldin mag'lub bo'lishimiz mumkinligi haqida o'ylab ham ko'rishmaganini va faqat g'alabani ko'zlab maydonga tushishganini takidladi. O'sha intervyuni saytga joylashtirgan edim. Baribir, hammasi juda g'alati, tushunarsiz...


Xo'sh, oldingi U-20 terma jamoamizda ahvol qanday edi?

Oldingi U-20 terma jamoamizda ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Pazos Mendez bosh murabbiy edi. U may oyidagi musobaqaga tayyorgarlikni yanvar oyidayoq boshlagan edi. Yani, Osiyo chempionatiga 5 oy qolganda jamoa tayyorgarlik jarayonini boshlab yuborgan. Musobaqaga ham, unda ishtirok etadigan jamoamizga ham etibor eng yuqori darajada edi. Janob Mendezga barcha kerakli shart-sharoitlar yaratib berilgan. Natija ham shunga yarasha bo'lgandi - yarim final va to'rtinchi o'rin.

Mendez jamoasi o'rtoqlik o'yinlari borasida ham qiyinchilikka uchramagan. Tojikistonga qarshi ikkitadan 2 marta o'rtoqlik, Qirg'izistonga qarshi ikkita o'rtoqlik o'yini. Bundan tashqari, Vetnam, Xitoy va Bruney U-20 terma jamoalariga qarshi o'yinlar.

Tarkib ham alo darajada edi. O'sha tarkibdan 13 nafar o'yinchi Oliy liga jamoalarida to'p tepardi va ularning faqat 3 nafarida o'yin amaliyoti kamroq edi. Qolgan 10 nafar yosh futzalchilarimiz butun m avsum davomida etarlicha o'yin amaliyotiga ega bo'lishgandi. Yana bir o'yinchi esa O'zbekiston futzal Associaciyasi (endilikda sobiq) tomonidan tashkil etilgan va shaxsan Mendezning o'zi kuzatib borgan tanlov orqali tanlab olingan edi (Botir Rizaev). Ha, o'shanda ispaniyalik mutaxassis shaxsan o'zi butun respublikadan kelgan 200dan ortiq yoshlarni ko'zdan kechirgan va ular orasidan avvaliga 16 nafari, keyin 4 nafari, yakunda bir nafarini jamoaga tanlab olgan edi. Tanlab olingan o'sha yigit musobaqada ishonchni oqlagan edi.

Futzalimiz botqoqqa botib bormoqda. Bu haqda juda ko'p gapirish yoki yozish mumkin. Fikrlarimning hammasini qog'ozga tushira olmadim. Yaxshisi, yaqin orada "Extra TIME" video loyihamizning bitta sonini faqat futzalga bag'ishlayman va o'shanda futzalimizni qanchalik "o'ldirishayotgani" haqida batafsil to'xtalib o'taman. Hozircha, esa yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xulosa o'zingizdan.

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: -24   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика