"Nasaf" yozgi transfer oynasini qanday o'tkazdi? Skaut mulohazasi
01 avg 11:08
Yangiliklar


"Nasaf" yozgi transfer oynasini qanday o'tkazdi? Skaut mulohazasi
O'zbekistonda yozgi transfer oynasi yopildi. Har bir klub Superligadagi tanaffus davomida u yoki bu tarzda o'z safini kuchaytirmoqchi bo'ldi. Turnir jadvalining yuqori qismida joylashgan klublarning transferlari katta qiziqish uyg'otmoqda. Mamlakatning amaldagi chempioni "Nasaf" yozgi transfer harakatini turlicha o'tkazdi.
Muammoli poziciyalar
Avvalo, qaysi poziciyalar kuchaytirishni talab qilganini aniqlab olaylik.
Akmal Mozgovoy ketganidan so'ng, "Nasaf" yarim himoyachiga juda muhtoj bo'lib qoldi, ayniqsa himoya va hujumni bog'laydigan "jangchi" tipidagi o'yinchiga. Mozgovoy raqib darvozasi oldida etarlicha samarali edi – hech bo'lmaganda o'tgan yili "Nasaf"ga chempionlikni keltirgan chalqancha uslubdagi golini eslash kifoya. Umuman olganda, Akmal bir yarim yil ichida (2024 yilgi mavsum va 2025 yilgi mavsumning yarmi) Superligadagi 38 ta o'yinda 5 ta gol urgan va 4 ta golli uzatma amalga oshirgan – yarim himoyachi uchun yaxshi ko'rsatkich.
Qishda "Nasaf" o'zini oqlamagan va oxir-oqibat klubni tark etgan Rubin Xebay bilan shartnoma imzoladi. Shu tariqa, qarshiliklarga ikkinchi hujumchi kerak edi – hozirda jamoada faqat Norchaev va Cheran qoldi (Cheran ko'proq orqaroqda, "erkin ijodkor" sifatida o'ynaydi).
Qolgan barcha poziciyalarda, u yoki bu tarzda, yaxshi raqobat kuzatiladi va har bir poziciyaga kamida ikkita o'yinchi to'g'ri keladi.
Yangi futbolchilarning o'yin uslubi
Yozda "Nasaf" uchta yangi futbolchi bilan shartnoma imzoladi:
1) Adenis Shala - 26 yoshli kosovolik vinger, Makedoniya chempionatida o'ynagan;
2) Yusuf Otubano - 32 yoshli nigeriyalik hujumchi, so'nggi besh yil davomida Armanistonda o'ynagan;
3) Kingsli Sokari - nigeriyalik 30 yoshli markaziy yarim himoyachi, "Nasaf"ga o'tishidan oldin Kuvaytda o'ynagan.
Har birining o'yinini ko'rib chiqamiz. Shaladan boshlaymiz.
Shala hujumning ikkala qanotida ham o'ynay oladigan vinger hisoblanadi. U past bo'yli (Transfermarkt malumotlariga ko'ra - 171 sm), etarlicha tez va chaqqon. Tipik jihatdan Oybek Bozorovga juda o'xshaydi. Uning umumiy faolligi va ishchanligini takidlash lozim. Bo'sh nuqtalarga yaxshi ochiladi va poziciya tanlaydi. Orqaga va yonga ko'p uzatma beradi, bu qanot hujumchisi uchun unchalik yaxshi emas. To'pni yaxshi boshqaradi, o'rtacha dribling qiladi (har bir o'yinda 3,4 urinish, 65,9% muvaffaqiyatli). Jamoaviy o'yinda yaxshi harakat qiladi: bir o'yinda o'rtacha 1,6 ta muhim uzatma, 2 ta qanotdan uzatma (38,8% aniq), 2,3 ta jarima maydoniga uzatma amalga oshiradi. Aksariyat vaziyatlarni bo'sh hududlarda yaratadi. Agar o'yin zichroq va shiddatliroq bo'lsa, unda muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Umuman olganda, uni asosiy raqobatchilari – Oybek Bozorov va Stefan Cholovichdan ajratib turadigan hech narsani ko'rmadim. Katta ehtimol bilan u "rotaciya o'yinchisi" sifatida ko'riladi va sheriklarini almashtiradi. Asosiy afzalliklari – tezligi, chaqqonligi, ikkala qanotda o'ynash qobiliyati va yoshi (26 yosh – eng gullagan davr). O'zbekiston chempionati Makedoniya chempionatidan saviyasi balandroq ekanini inobatga olib, bunga ozgina tuzatish kiritish kerak. Umumiy baho: 10 balldan 6,5 / 7.
Navbat Otubanoga keldi. 32 yoshli hujumchiga baho berishda u "Nasaf"ga o'tgunga qadar to'p tepgan Armaniston chempionati ham Makedoniya chempionati kabi shiddatli emasligi ko'zga tashlandi. Superligada ham tezlik doim yuqori emas, lekin Armaniston chempionatida undan ham pastroq. Oliy darajadagi legionerlar to'plangan arab mamlakatlari klublariga qarshi Elita Chempionlar Ligasida Otubanoning o'yinini kuzatish qiziq bo'ladi. Yusufning sermahsulligi chalg'itmasligi kerak: o'tgan mavsum Armaniston chempionatida "Pyunik" safida urilgan 14 goldan 5 tasi penaltidan urilgan. Shu tariqa, past intensivlikdagi ligada 25 o'yinda Otubano 9 ta "o'yindan" gol urdi.
Otubano o'yin uslubi jihatidan Joel Kojoga o'xshaydi. Yusufning tezligi yomon emas, lekin uni tezkor hujumchi deb bo'lmaydi. Ehtimol, bu yosh bilan bog'liqdir va ilgari nigeriyalik hujumchi ildamroq bo'lgandir. To'pni yaxshi darajada boshqaradi, yaxshi dribling qiladi, lekin bazan o'yinga berilib ketib, to'pni uzoq ushlab turadi. U har bir o'yinda o'rtacha 3,9 marta aldab o'tishga urinadi, shundan 53,5% muvaffaqiyatli chiqadi. Hujumchi uchun bu juda yaxshi raqamlar hisoblanadi. Jamoaviy o'yinda o'rtacha harakat qiladi: bir o'yinda 0,9 ta muhim uzatma, 1,8 ta jarima maydoniga uzatma amalga oshiradi.
Poziciya tanlash va ochilishda yaxshi darajaga ega. Gol urish hissiyoti mavjud, qaerda va qachon paydo bo'lish kerakligini biladi. Biroq golli vaziyatlarini amalga oshirish darajasi past – ko'rinishidan umumiy golli vaziyatlarining taxminan 20-25 foizini maromiga etkazadi. Zarba berishga moil: har o'yinda 38,3% aniqlik bilan 2,8 ta zarba. Ko'pincha tayyorlanmagan holatlardan zarba beradi – masalan, uchib kelayotgan to'pni qabul qilib, o'ziga qulay vaziyat yaratish o'rniga to'g'ridan-to'g'ri zarbani amalga oshiradi. Erda to'p uchun kurashda yaxshi ko'rsatkichlarga ega – 19,7 ta yakkama-yakka kurash, 41,3% g'alaba. Havodagi to'p uchun kurashda ahvol ancha yomon – 1,7 ta yakkama-yakka kurash va atigi 17,5% g'alaba. Ko'rganlarimizni umumlashtirib va Armaniston chempionati darajasini hisobga olib, Yusuf Otubanoni ham 10 ballik tizimda 6,5 / 7 ball bilan baholash mumkin. Menimcha, u ham Shala kabi rotaciya o'yinchisi bo'ladi, asosiy etibor esa avvalgidek Norchaevga qaratiladi.
Himoyachi Kingsli Sokariga kelsak, WyScout’da faqat uning 2023/2024 yilgi mavsumda Misrning "Farko" jamoasidagi o'yinlari mavjud. Oxirgi o'yin 2024 yil iyunda bo'lib o'tgan. Shu sababli, Sokarini baholay olmadim, chunki bir yil oldingi o'yinlar asosida o'yinchini baholash juda qiyin va xavfli. Bu vaqt ichida ko'p narsa o'zgarishi mumkin.
"Nasaf"ga o'tishidan oldin 30 yoshli nigeriyalik Kuvaytning "Kazma" jamoasida to'p tepgan. Ko'pchilik Kuvayt chempionatining darajasini bilarmikan? Shaxsan o'zim bilmayman, lekin Superliga undan kuchliroq bo'lsa kerak. Makedoniya va Armanistondan kuchliroq bo'lgani kabi.
"Nasaf" Shala, Otubano va Sokarini "qoldiq tamoyili" asosida jamoaga qo'shib olgandek tuyuladi. Ehtimol, klubda boshqa, qiziqarliroq variantlar bo'lgandir, ammo turli sabablarga ko'ra ular amalga oshmagan. Buni bilvosita har uchala transfer so'nggi kunlarda elon qilingani ham tasdiqlaydi. "Nasaf"ning imkoniyatlari va Elita Chempionlar Ligasida ishtirok etayotganini hisobga olsak, klub sifatliroq futbolchilar bilan shartnoma imzolashi kerak edi. Ehtimol, bunday maqsad bo'lmagan va vazifa faqat tarkibni kengaytirish, aynan rotaciya uchun o'yinchilarni olish bo'lgan bo'lishi ham mumkin.
Raqiblar bilan taqqoslash
Asosiy raqiblarning kuchayganiga guvoh bo'lgan payt "Nasaf" transferlari qiziqarli ko'rinadi:
"Paxtakor" – Hojimat Erkinov, Azizbek Turg'unboev, Bobir Abdixoliqov, Zayd Tahsin (O'rinboev, Azmiddinov, Abdullaev, Jo'raqo'ziev, Hoshimov, Usmonov, Saidnurullaev, Lukka ketdi);
"Neftchi" – Joel Kojo, Silvanus Nimeli, Alisher Odilov (Boltaboev, Tabatadze, G'iyosov, Gadoev ketdi).
"Paxtakor" ham, "Neftchi" ham asosiy tarkibga yordam bera oladigan o'yinchilarni olishdi. Shu bilan birga, ikkala klub ham etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lmagan futbolchilardan xalos bo'lib, maosh xarajatlarini kamaytirdi. "Paxtakor" esa O'rinboevni sotishdan foyda ko'rdi (bundan tashqari, Abbos Fayzullaevning CSKAdan "Istanbul Bashakshehir"ga transferidan ham ulush oladi). Yangi o'yinchilarga kelsak, Tahsindan tashqari barcha yuqorida sanab o'tilgan futbolchilar Superliga va O'zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalari o'yinlarini kuzatib boradigan muxlislarga yaxshi tanish.
"Dinamo", "Bunyodkor", OKMK va "Navbahor"da esa biroz kamtarinroq transferlar amalga oshirildi:
"Dinamo" – Ulug'bek Hoshimov, Jahongir Abdusalomov, Dmitriy Pletnev, Mahmud Mahamadjonov.
"Bunyodkor" – Valijon Rahimov, Matiya Krivokapich (Hamrobekov, Kachorri, Abdunabiev, Amonov ketdi);
OKMK – Hamidullo Abdunabiev, Ibrohim Yo'ldoshev, Shahzod Toirov (Rahmonov ketdi);
"Navbahor" – Jamshid Boltaboev, Muhammadali G'iyosov, Julio Sezar (Odilov va Karpovich ketdi).
"Bunyodkor" sezilarli darajada kuchsizlandi – "tavofut yaratuvchi" Hamrobekov va Kachorri ketdi. Birinchi davrada peshqadamlardan biri bo'lgan Alisher Odilovning ketishi "Navbahor" o'yiniga katta ehtimol bilan tasir ko'rsatadi. Bu erda o'zbek futboli muxlislari uchun yangi nomlar – Matiya Krivokapich va Julio Sezar.
Xulosa
"Nasaf" yozgi tanaffusda kuchaymaganini aytish mumkin. Albatta, yangi kelgan o'yinchilarning qanchalik foydali bo'lishini faqat vaqt ko'rsatadi. Biroq dastlabki taassurotga ko'ra, jamoaga kelgan futbolchilar sifat qo'shishi ehtimoldan uzoq, shuningdek, Akmal Mozgovoyga munosib o'rinbosar ham topilmadi. Ehtimol, Shala, Otubano va Sokari OCHL Elita Ligasida "Nasaf"ga yordam bera oladigan darajadagi o'yinchilar emasdir.
Superligada "Nasaf", albatta, chempionlikkacha "etib borishi" mumkin. Agar qarshinliklar unvonni saqlab qolishsa, bu o'tgan yilgi "zaxira"si va bir necha yil davomida shakllangan jamoa asosida erishilgan hisoblanadi.
"Nasaf"ning yozgi yangi azolaridan birortasi mavsum yakunida jamoani tark etsa, hayron bo'lmayman. So'nggi yillarda qarshiliklar transfer bozorida bir necha bor xatoga yo'l qo'yishdi – Andres Chaves, Temur Chogadze, Viktor da Silva, Valentino Yuel va Rubin Xebayni eslash kifoya. Ularning barchasi o'zini ko'rsata olmadi va tez orada klubni tark etdi.
Muallif: Nikolay Egorichev
P.S. Tahririyat fikri muallif fikriga mos kelmasligi mumkin.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar