MYU mavsumni qutqarish uchun qilishi kerak bo'lgan beshta narsa (mutolaa uchun)
12 okt 2023 15:30
Yangiliklar
MYU mavsumni qutqarish uchun qilishi kerak bo'lgan beshta narsa (mutolaa uchun)
Mavsum boshida Opta superkompyuteri "Manchester Yunayted"ning CHempionlar ligasiga chiqish imkoniyatlarini 63%ga baholagandi. Hozir esa MYUda bu ko'rsatkich atigi 4%ni tashkil etadi. Mankunianlarda hattoki APLni yutishdan ko'ra (0,01%) CHempionshipga tushib ketish (0,06%) imkoniyatlari ko'proq.
Superkompyuter shuningdek CHempionlar ligasi uchun ham bashoratlarini malum qildi. Hozirda "Bavariya" va "Galatasaray"dan uchralgan mag'lubiyatlardan so'ng MYUning A guruhidan chiqish imkoniyatlari atigi 32,9%ni tashkil etmoqda. Erik ten Xag CHLni superkompyuter tomonidan ishlab chiqilgan 10000 holatdan 0,45%dagina yutishi mumkin. Mavsum starti "Yunayted"da APLdagi so'nggi turda "Brentford" ustidan qozonilgan g'alabaga qaramasdan dahshatli holatda. Ammo, hali ham barchasini tiklash mumkin. Mankunianlar mavsumni qutqarish uchun qilishi kerak bo'lgan beshta narsani keltiramiz.
Jarohatlangan o'yinchilarni tezroq qaytarish
Jarohatlar olish bitta narsa, bitta joydagi barchaning jarohatlanishi esa umuman boshqa masala. MYUning hozirgi paytdagi asosiy muammosi — chap himoya, hozirda shunchaki hech kimning xizmatlaridan foydalanib bo'lmaydi. Lyuk SHou, Tayrel Malasiya va ijaraga olingan Serxio Regilon lazaretda qolmoqda, ten Xag so'nggi vaqtlarda chap mudofaada Sofyan Amrabat qo'ydi, ammo marokashlik o'zini begona poziciyada o'ziga ishonmagandek his qilmoqda.
"Yunayted"da butun mudofaa chizig'i bo'yicha muammolar bor. Lisandro Martines va Rafael Varan juftligi birgalikda atigi 197 daqiqa o'ynashdi. Aaron Van-Bissaka esa bir oydan beri o'yindan tashqarida. Meyson Maunt va Rasmus Xoylunn jarohat sabab bir qancha vaqtni o'tkazib yubordi, shuningdek Jeydon Sancho bilan vaziyat ham jamoaga yordam bermayapti. Huddi shunday vaziyat jamoaga qaytarilgan bo'lsa ham Antoni bilan kuzatilmoqda.
To'liq bo'lmagan tarkib va mavsum boshidagi jarohatlar deyarli har bir murabbiy uchun muammo, ammo barcha ham bundan chiqib ketolmaydi. Agar ten Xag har bir poziciya uchun kamida bitta o'yinchiga ega bo'lsa, bu jamoaga barqarorlik va ishonchni berishi mumkin. Ayniqsa, himoyada.
Barchasida darovozabonni ayblashni bas qilish
MYU joriy mavsum barcha musobaqalarda 19ta gol o'tkazib yubordi. Bu ko'p, ammo barchasida ham Andre Onanani ayblash kerak emas. Kamerunlik ko'p o'tkazib yuborayotgan bo'lsa ham joriy mavsumda bir nechta yaxshi seyvlar qildi. "Inter" va "Ayaks" sobiq darvozaboni bilan oyoq bilan David De Xeadan yaxshiroq o'ynashi sabab shartnoma imzolandi. Ammo, to'p darvozadan o'rin olaverar ekan, bu hujumni darvozabondan boshlashdan ko'ra jiddiyroq muammo.
Onana joriy mavsum o'z darvozasi tomon 50dan ortiq aniq zarbaga uchradi, kutilgan 15,8 gollardan (xGOT) 18ta to'p o'tkazib yubordi. Bu esa uning statistikada kutilganidan 1,2 ko'proq gol o'tkazib yuborayotganidan dalolat.
Ammo, farqlashga kelsak, De Xea o'tgan mavsum boshidagi 10ta o'yinda 17ta to'p o'tkazib yuborgan, aniq zarbalar soni esa 43ta edi. SHu bilan birgalikda, xGOT ko'rsatkichi 14,3tani tashkil etgan (kutilganidan 2,7 gol ko'proq o'tkazib yuborgan). "Yunayted" o'shanda CHempionlar ligasida emas, Evropa ligasida o'ynaganini hisobga olsak, Onananing natijalari oldingi posbon bilan taqqoslansa unchalik ham yomon emas.
Oldingi Kazemironi qaytarish va Amrabat ustunlik berish
Kazemiro o'tgan mavsum mankunianlarning muhim o'yinchilaridan biri bo'lgandi. Ammo, hozir bunday emas. Boshqa tomondan, u 90 daqiqada o'rtacha 2,9 bor to'pni olib qo'ymoqda, bu esa jamoadagi ikkinchi eng yaxshi ko'rsatkich. SHu bilan birga, uni o'yinda o'rtacha 2,4 bor aldab o'tishmoqda, bu esa MYUdagi eng yomon natijadir. APLda ko'proq "Liverpul" yarim himoyachisi Dominik Soboslaini aldab o'tishadi, ammo vengr braziliyalikdan farqli o'laroq tayanch yarim himoyachisi emas va mudofaadan oldingi so'nggi chiziqni yopmaydi.
Kazemironing eng katta foydasi tushuntirib bo'lmas sabablarga ko'ra u hali ham raqib darvozasi uchun asosiy xavflardan biri ekanligi. Braziliyalik to'rtta gol bilan joriy mavsum "Yunayted"ning eng yaxshi to'purari hisoblanadi. Faqatgina Brunu Fernandesh va Markus Reshford undan ko'proq darvozaga zarba berishadi. Agar murabbiy Kazemironing o'tgan yilgi versiyasini qaytarsa zo'r ish bo'lardi. Agar yo'q bo'lsa, ten Xag Amrabatni o'zining birinchi poziciyasiga qo'yishni o'ylashi kerak.
Marokashlik JCH-2022 paytida yarim himoyachilar orasida to'pni olib qo'yish (16) bo'yicha 3-o'rin va to'pga egalik qilishni qaytarish (57) bo'yicha etakchiga aylandi. Uning mudofaa qismida 26 bor to'pni qaytargani ham shu turdagi o'yinchilar orasida eng yaxshi natija bo'ldi. U A Seriyada 89,3% aniq uzatma bergan. Faqatgina to'rt xavbek undan yaxshiroq natija qayd etishgan. Boshqa variant sifatida Amrabatni to'rt himoyachiga yanada yordam berish uchun Kazemiro bilan birga qo'yish mumkin.
Reshfordning formasini qaytarish
Reshford tezda o'tgan yilgi formasiga qaytishi kerak. U o'tgan mavsum darvoza tomon 167ta zarba bergan holda barcha musobaqalardagi 56ta o'yinda 30ta to'p kiritgandi. Markus joriy mavsum 10ta o'yinda maydonga tushdi va atigi bitta zarbani golga aylantirdi. Uning vaziyatlardan foydalanish ko'rsatkichi o'tgan mavsum bilan taqqoslaganda 3,6%gacha tushdi. Natijada o'tgan mavsum o'rtacha 143 daqiqada gol urgan vinger joriy mavsum 742 daqiqada faqatgina bitta gol urmoqda.
Reshford uydagi "Brayton" (1:3)ga qarshi o'yinda zarba bilan tugagan sakkizta hujumda ishtirok etdi. U barcha 8ta zarbani ijro etdi, ammo ularning birortasidan ham foydala olmadi. Keyin esa "Galatasaray"ga qarshi maydonda bo'lgan 68 daqiqasida birorta ham zarba bermadi. Bu murabbiyning ishlanmasimi yoki uning formasi rostdan ham shunchalik tushib ketganmi?
Markus Kazemiro singari birdan ko'plab sifatlarni yo'qotganiga ishonish qiyin. Agar ten Xag unga o'tgan mavsumda ko'rsatgan ishonchini qaytarishga yordam bera olsa, Reshford yana katta o'yinlarda katta vaziyatlarni hal qila olishiga barcha asoslar bor.
Xoylunnga ko'proq o'ynash
Xoylunn hozircha katta transfer narxiga qaramay kam gol urmoqda, ammo u o'yinlari bilan nega u bilan shartnoma imzolanganini ko'rsatmoqda. U allaqachon harakat, hujumdagi ish va o'ziga ishonchni o'zida ko'rsatmoqda. Yosh daniyalik hali APLda gol urmadi, ammo sheriklari Rasmus uchun vaziyatlar yaratishsa, u buning evaziga gollar bilan javob qaytaradi.
20 yoshli Xoylunn 2019 yildagi Erling Xolanddan so'ng CHempionlar ligasidagi dastlabki ikki o'yinda gol urgan eng yosh o'yinchi bo'ldi va Dimitar Berbatov (4), Romelu Lukaku (3) va Ueyn Runi (3)dan so'ng MYU safida CHempionlar ligasidagi dastlabki ikkita o'yinda 3ta gol urgan to'rtinchi o'yinchi bo'ldi. Xoylunn hozirda jamoaning eng yaxshi to'purarlari orasida Kazemirodan ortda qolmoqda, ammo CHLda 90 daqiqa ichida o'rtacha 0,6ta gol urgan holda tez orada braziliyalikni quvib o'tadi.
Footballhd.ru'da The Analyst materiallari asosida tayyorlandi. Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar