Muxlislar sog'ingan katta futbolning qaytishi yoxud Buxoroda bo'lib o'tgan Superliganing super to'qnashuvi haqida (Bekzod Tolibov blogi)
28 iyu 2023 12:40
Yangiliklar
Muxlislar sog'ingan katta futbolning qaytishi yoxud Buxoroda bo'lib o'tgan Superliganing super to'qnashuvi haqida (Bekzod Tolibov blogi)
Superliganing ikkinchi davrasi dramatik tarzda o'tgan super to'qnashuv bilan boshlandi, ko'rdingiz, allaqachon principial raqiblarga aylanib ulgurgan "Buxoro" va "Turon" futbol muxlislariga Superliganing super to'qnashuvini taqdim etib berishdi. O'yindagi shiddatli kurash so'ngi soniyalarga qadar davom etdi. "Buxoro" tomoni qandaydir 2 daqiqa ichida 0:2 hisobini 2:2 ko'rinishiga keltirdi, vaziyat "kambek" tomon ketayotgandi, biroq hakam tomonidan qo'shib berilgan eng so'ngi daqiqada "Turon"ning zaxiradan o'yinga qo'shilgan yosh futbolchisi Asadbek Saitxonov gol urib, Yaypan jamoasiga mavsumdagi ilk g'alabani taqdim etdi, shunchaki dahshatli o'yin, haqiqiy drama. Millionlar insonlar nega aynan futbolni yaxshi ko'rishadi degan savolning yorqin javobi mana shunaqa o'yinlar aslida, futbol sport turining kechagi "Buxoro" - "Turon" bahsi kabi tariflab bo'lmaydigan lahzalari bor.
Bir oz muddatga tanaffusga chiqqan Superliga barchamizni birdek sog'intirib qo'ygani rost. Etiborlisi, 3-iyul kuni qoldirilgan 8-tur doirasida bo'lib o'tgan "Metallurg" - "Turon" uchrashuvi bilan tanaffusga chiqqan Superliga 27-iyul sanasida bo'lib o'tgan "Buxoro" - "Turon" uchrashuvi bilan qaytdi. Qaytganida ham, muxlislarga yoqadigan dramatik to'qnashuv bilan qaytdi. Yorqin Nazarov "Turon" bosh murabbiyligiga kelgach 2 ta o'yinda 4 ochko to'pladi, 1 durang va 1 ta g'alaba, har ikkisi ham safar o'yini.
Buxoro Mahmud Jo'raboev - 80', Shohruz Norxonov - 83' |
Superliga. 14-tur 27/07/2023, 20:00 3
:
2
Tugadi
|
Turon Fayzullobek Jumanqo'ziev - 20', SHohmalik Komilov - 63', Asadbek Saitxonov - 90' |
"Buxoro" va "Turon" allaqachon principial raqibga aylandi deganimiz ham bejiz emas. O'tgan mavsum bu ikki jamoa Superliga yo'llanmasi yo'lida o'zaro asosiy raqobatchiga aylanishgan va ular ishtirokidagi har bir o'yin markaziy maqomida va keskin kurashlarga boy o'tgandi. Kechagi o'yin bilan hisoblasa, "Buxoro" va "Turon" bugungacha 7 bor to'qnash kelishdi, to'plar nisbati bo'yicha mutloq tenglik - 10/10. Joriy mavsum hisobidan olsak ham o'zaro to'plar nisbati bir xil - 4/4. SHahboz Beg'amovga ko'ra, mehmonda urilgan gollar soni nazdidan tarozining pallasi "Turon" tomon ko'proq og'adi.
"Buxoro" - "Turon" qarama-qarshiligi kechagi o'yin avvalidayoq boshlanib ketgandi. Aytib o'tilganidek, bu jamoalar o'rtasidagi har bir o'yin alohida etiborga molik tarzda o'tayapti. Har ikki jamoa matbuot xizmati taqdim etgan promo-rolikni ko'rgandirsiz, unda Xumoyun Murtozaev va SHohruz Norxonovlarning o'zaro dueli aks etgandi. Kutilgan o'yin, kutilganidek keskin qarama-qarshilik va yakunda barchasi shunday bo'ldi ham. Maydon egalari uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq hujumga otlanishdi, ketma-ket burchak zarbalari ijro etildi, o'yinning kirish qismidanoq "Buxoro"ning tashabbusni o'z qo'liga olishga urinishi avvaldan kutilgan edi. Oradan ko'p vaqt o'tmadi, tarkibi yoshartirilgan va asosan yosh futbolchilardan tashkil topgan "Turon" ham Buxoroga shunchaki rasmiyatchilik uchun kelmaganini ko'rsata boshladi. Uchrashuvning 13-daqiqasida birinchi davrani "Buxoro"da o'tkazgan va endilikda "Turon" safida paydo bo'lgan hujumkor yarim himoyachi Fayzullobek Jumanqo'zievga nisbatan qo'pollik ishlatildi. Bosh hakam Nayim Qosimov vaziyatni VAR tizimi orqali ko'rib chiqdi va mezbonlar legioneri Vsevolod Nixaevni maydondan chetlatdi. Bu orada yana o'sha Fayzullobek Jumanqo'ziev katta sahnaga chiqdi, uning jarima maydoni tashqarisidan yo'llagan kuchli zarbasi "rikoshet" xolda mezbonlar himoyachisiga tegib, darvozadan joy oldi - 0:1. Jumanqo'ziev o'zaro hurmatni saqlagan xolda sobiq jamoasi darvozasiga kiritilgan golni nishonlamadi, shunchaki qo'llarini yuqoriga ko'tarib, uzr so'ragandek ko'rinishni namoyon qildi, buning uchun futbolchiga respekt. Uchrashuvning birinchi bo'limi shuningdek, "Nasaf"dan "Turon" safiga kelib qo'shilgan SHohmalik Komilovning antiqa va kutilmagan zarbalari bilan yodda qoldi. Takidlash joiz, kechagi o'yinda "Buxoro"ning legioner posboni zo'r o'yin ko'rsatdi va bir necha bor jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi.
Ikkinchi bo'lim ham yana "Buxoro"ning shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Mezbonlar "Turon" darvozasiga gol urib, hisobni tenglashtirishga intilishdi, biroq o'yindagi ikkinchi gol ham mehmonlar hisobiga yozildi. Kechagi o'yinni "yondirib" yuborganlardan biri SHohmalik Komilov ham golga haqli edi. Tashkil etilgan hujumlar natijasida Abdulazizxon Abdurashidov qanotdan to'pni havolatib jarima maydoni ichkarisiga etkazib berdi, SHohmalik bosh bilan aniq zarba yo'llab, gol urdi - 0:2. SHundan so'ng “Buxoro" bosh murabbiyi Ulug'bek Baqoev o'yinni qutqarib qolish ilinjida qator o'zgarishlarni amalga oshirdi. Mana shunday o'zgarishlar natijasida "Nasaf"dan "Buxoro"ga kelib qo'shilgan yosh futbolchi Mahmud Jo'raboev jarima maydoni ichkarisida yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib, bosh bilan zarba yo'lladi, gol urdi - 1:2. Jo'raboev Superligadagi debyut o'yinida debyut golini urdi, yoshlarga atalgan va yosh futbolchilar porlagan o'yin. Oradan bir daqiqa o'tar-o'tmas "Buxoro" safidagi eng tajribali hujumchilardan biri SHohruz Norxonovga nisbatan ishlatilgan qo'pollik natijasida "Turon" darvozasi tomon penalti belgilandi. Bu vaziyatda bosh hakam Nayim Qosimov yaypanliklar himoyachisi Asliddin Toshtemirov tomonidan o'yin qoidasi buzilgan deb topdi va 11 metrlik nuqtaga ishora qildi. Vaziyat jarima maydoni chizig'i ustida edimi, ichkaridami, bunga real baho berish ekspert-mutaxassislarining ishi. Norxonov penaltini aniq amalga oshirib gol urdi, hisob tenglashdi va 0:2 hisobi qandaydir 2 daqiqa ichida 2:2 ko'rinishiga keldi. Vaziyat "kambek" tomon ketayotgandi, biroq bunga Yaypan tomoni rozi bo'lmadi. Hakam tomonidan o'yinga qo'shib berilgan daqiqalarning eng so'ngisida "Turon"ning zaxiradan o'yinga qo'shilgan yosh futbolchisi Asadbek Saitxonov gol urdi - 2:3. Yoshlar porlagan va barchasini yoshlar hal etgan dahshatli yakun, haqiqiy drama. Superliganing qaytishi mana shunaqa super o'yin bilan boshlandi.
Kechagi o'yinda jami 3 nafar futbolchi sobiq jamoasiga qarshi o'ynadi, "Turon"da Fayzullobek Jumanqo'ziev, “Buxoro"da Asilbek Qayumov va Izzatillo Po'latov. Qayumovni futbol muxlislari o'sha shov-shuvli "Neftchi" - "Turon" uchrashuvi orqali yaxshi tanishadi, Po'latov o'tgan mavsum bir muddatda "Turon"da o'ynab ketgan.
SHiddatli o'yin bilan boshlangan o'zimizning Superliga qaytdi va davom etadi. Oldinda sizu-bizni biri-biridan qiziqarli to'qnashuvlar kutib turibdi.
Bekzod Tolibov
Fikrlar