So’nggi yangiliklar

12:55"Кучли жамоалардан иборат яхши гуруҳ шаклланди. Энг асосийси, биз узоқ сафарларни амалга оширмаймиз" — Сречко Катанец  1 12:39ЖЧ-2026 саралашининг 3-босқичи тақвими ёхуд Ўзбекистон қайси саналарда ўйнайди?  49 12:33Жаҳон чемпионати-2026 саралашининг 3-босқичига қуръа ташланди: Ўзбекистон Эрон ва Қатар билан ўйнайди!  66 12:23Киммих шу ёздаёқ "Бавария"ни тарк этиши мумкин  1 12:01Грузия плей-оффга чиқди, одамлар эса кўчага  2 10:47Гарет Саутгейт? Евро-2024 да ишлаётган энг кўп ҳақ олувчи мураббийлар рўйхати тузилди  3 10:20Евро-2024. Кечаги учрашувларда кимлар «man of the match» соҳибига айланди?  2 09:54Алексей Естафеев: "Тажриба етишмаслиги ва вазиятлардан фойдалана олмаслик натижасида мағлуб бўлдик"  0 09:27"Наполи" президенти Носир Ал Ҳелайфини очиқчасига танқид қилди  3 09:00Асрор Алиқулов: "Қизилқум"га қарши ўйинда бизга осон бўлмайди"  0 08:34Копа Америка. Мексикада мағлубият, Эквадор эса ғалаба қозонди  0 08:08Бугун Ўзбекистон терма жамоаси ЖЧ-2026 учинчи босқич саралашидаги рақибларини билиб олади  42 07:49Суперлига. Бугун Тошкент дербиси бўлиб ўтади  7 03:10Евро-2024. Чехия - Туркия 1:2, Драматик кечгaн бахсда Тосуннинг голи туркларга ғалаба келтирди  0 02:45Евро-2024. Грузия - Португалия 2:0, Роналду ҳайратда  3

Muxlisdan savol. Otabek SHukurov: “Jarohat olganimda “SHarja” uchun qanchalik qadrli ekanligimni his qildim” Yangiliklar

Muxlisdan savol. Otabek SHukurov: “Jarohat olganimda “SHarja” uchun qanchalik qadrli ekanligimni his qildim”

O'zbekiston milliy terma jamoasi va BAAning “SHarja” klubi azosi Otabek SHukurov ayni paytda jarohatini davolamoqda.

Xabaringiz bor, mart oyida Xitoy bilan o'yinda oyoq suyagini sindirib olgan SHukurov Londonda operaciya qilindi. Yaqindagina “SHarja” BAA pro-ligasida chempionlikka erishdi. Ushbu chempionlikdan so'ng Otabek SHukurovga muxlislardan kelgan savollar bilan murojaat qildik.

- Otabek chempionlik muborak bo'lsin. Yangi maqsadlar qanday? Kuchliroq ligaga o'tish niyatingiz bormi?

- Avvalabor tabrik uchun katta rahmat. Albatta, kuchliroq chempionatga va kuchliroq klubda o'ynash niyatim bor. Bu yil shunga harakat qilgandim, biroq kutilmaganda jarohat oldim. Xudoga shukurki ayni paytda ahvolim yaxshi.

- Faoliyatingizda hozirgacha bo'lgan eng muhim va esda qolarli o'yin qaysi?

- JCH-2018 saralashi doirasidagi safarda Xitoydan uchralgan mag'lubiyat va Toshkentda Janubiy Koreya bilan durang o'ynaganimiz. Hozirgacha o'sha o'yinlarni yodimdan chiqa olmayman. Juda alamli mag'lubiyat bo'lgan. Xudo xohlasa keyingi mundialga yo'llanma olganimizdagina bu mag'lubiyatlar esdan chiqsa kerak.

- Evropa futbolida qaysi jamoa va futbolchiga muxlislik qilasiz?

- "Manchester Yunayted"ga qattiq muxlislik qilaman. SHuningdek "Barselona"ga ham ozroq simpatiyam bor. Lekin aniq bir futbolchini ayta olmayman. Messi ham, Ronaldu ham menga yoqadi. Barcha kuchli futbolchilarning o'yinini maza qilib tomosha qilaman va ulardan nimanidir o'rganishga harakat qilaman.

- 2022 yilgi Jahon chempionatida qaysi jamoalar bizga asosiy raqobatchi bo'ladi deb o'ylaysiz?

- Bunday jamoalar juda ham ko'p. Mundialga chiqish uchun istalgan raqibni mag'lub etish kerak. To'g'ri kelgan payt o'sha Avstraliya, Yaponiya, Koreya yoki Eronni taslim qilsakkina Jahon chempionatiga chiqamiz.



- Evropaning o'rtamiyona chempionatlaridan Belgiya, Portugaliya yoki Gollandiya klublaridan taklif tushsa va ular bermoqchi bo'lgan maosh hozirgidan 2-3 barobar pastroq bo'lsa nima qilasiz?

- Yoshligimdan Evropada o'ynashni orzu qilaman. Arab klubiga pul uchun o'tmaganman. Birinchi "Mashal"da o'ynadim, keyin "Buxoro", so'ngra "Bunyodkor"da mana endi "SHarja"da to'p tepayapman. Barchasi bosqichma-bosqich bo'ladi deb o'ylayman. BAAga kelgan kunimdanoq Evropaga o'tish haqida o'ylaganman. Evropaning kuchli klublarida o'ynashga kuchim etadi. Muxlislardan bir narsani iltimos qilgan bo'lardim. O'zbek futbolchilari saviyasi past chempionatlarida o'ynayveradi deyishadi. Hech qachon O'zbekiston chempionatida o'ynayotgan futbolchiga Evropaning kuchli chempionatlaridan taklif bo'lmaydi. Buning uchun yoki terma jamoa bilan Jahon chempionatiga chiqqan bo'lishingiz kerak yoki o'zimizning o'zbek futbolchilari xuddi Koreya va yaponiyalik o'yinchilar kabi porlagan bo'lishi kerak. O'sha klublarda o'zbek futbolchilari haqida tasavvur bo'lishi lozim. Hali biror bir Evropaning kuchli ligasida o'ynab o'zini ko'rsatgani yo'q, yani hech qaysi o'zbek futbolchisi hali o'zini reklama qilolgani yo'q. Nasib qilsa mehnat qilayapmiz, xudo xohlasa bir ikki futbolchi o'zini ko'rsatib Evropada o'ynab keta olsa yoki mundialga chiqa olsak o'zbek futboli uchun kattagina reklama bo'lardi.

Pulni hech qachon birinchi o'ringa qo'ymaganman. Pul, mansab barchasi o'tkinchi narsalar. Yaratgan har bir insonning rizqini bo'lib bergan. Esimni tanimasdan turib hayotimni futbolga bag'ishlaganman. SHu bois oylik kam yoki boshqa narsadan xavotir olmayman. Kam oylik bo'lsa ham Evropa klubiga o'tgan bo'lardim.

- Futbolchi uchun noodatiy raqamni tanlagansiz. Nima uchun 29?

- Bu raqam men uchun juda ham qadrli. CHunki "Mashal" akademiyasida o'ynaganimda birinchi marta shu raqam ostida maydonga tushganman. Bundan tashqari onamga 2, otamga esa 9 raqami yoqadi.

- CHiroqchidami yoki Qarshidami o'zingizni shaxsiy futbol maktabini ochish niyati bormi?

- O'zim tug'ilgan o'sgan CHiroqchini, Qashqadaryoni juda yaxshi ko'raman. Vaqtim bo'ldi deguncha oilam davrasiga borishga harakat qilaman. Albatta kelajakda shaxsiy futbol maktabini ochish niyatim bor. CHunki Qashqadaryo o'lkasida va CHiroqchida iqtidorli bolalar ko'p. So'nggi paytlarda "Nasaf" va "Mashal" akademiyasiga etibor biroz pasayganidan xafaman.

- Futbol sizga nima berdi? Nimalarni topdingizu, nimalarni yo'qotdingiz?

- Futbol sohasini tanlab juda ko'p narsani yo'qotganman. Bolaligimni, oilamni. Oilamni yo'qotmaganman shunchaki ulardan uzoqda yashaganman. Qarshi futbol maktab internatida o'qiganman, keyin "Mashal" akademiyada... 9-10 yoshimda futbol tufayli uyimni tark etganman. Hozirgi kungacha biron narsaga qiziqishim yo'q. O'yin-kulgu, to'y-marosimlarga qiziqmayman. Faqat futbolni tanlaganim uchunmi yoki har daqiqada futbolni o'ylaganim uchunmi aniq ayta olmayman. Futbolga butun hayotimni bag'ishladim, futbol esa menga hamma narsa bermoqda. Juda ko'p narsaga erishdim, ko'p narsalarga harakat qilayapman. O'zimning har bir kunimni yaxshi tomonga o'zgartirishga urinaman. Vaqtdan unumli foydalanish, irodali bo'lishni o'rgandim.



- BAA va O'zbekiston chempionatini taqqoslay olasizmi? "Paxtakor" BAA chempionatida o'ynasa kuchli oltilikka kira olarmidi?

- To'g'risi bu ikki chempionatlarni taqqoslamagan bo'lardim. BAAda ko'p narsa legionerlarga bog'liq. Har bir klubda to'rt nafardan legioner bor. Ular yaxshi saviyadagi legionler hisoblanadi. Bu erda O'zbekistonga nisbatan futbolga bo'lgan etibor juda ham baland. Maydon holatlari, sharoitlar, televidenie, reklama...SHu bois ham shu mamlakatga ko'chib kelganman. "Paxtakor" hozir juda kuchli jamoa bo'lib shakllanmoqda, shu bois menimcha kuchli oltilikka kirishi mumkin. Ammo futbolda hech nimani oldindan aniq aytib bo'lmaydi.

- Evropa chempionlar ligasi finalida qaysi klubga muxlislik qilasiz?

- "Liverpul"ga ham, "Tottenxem"ga ham muxlislik qilmayman. Final finaldek bo'lishiga muxlislik qilaman.

- Futbolchi bo'lmaganingizda qaysi kasbni tanlagan bo'lardingiz?

- Futbolchi bo'lmaslikni to'g'risi tasavvur qila olmayman, sababi esimni tanimasdan futbolga kirib kelganman. SHu bois balki yaratgan futboldan rizq, baraka bergandir. Balkim biznesmen bo'lgan bo'lardim menimcha.

- Sizga tramplin vazifasini o'tagan "Buxoro" haqida nima deya olasiz? Sizga "Buxoro"dan taklif bo'lsa yana qaytgan, jamoaga yordam bergan bo'larmidingiz?

- "Buxoro" klubidan juda ham iliq taassurotlar qolgan. Ikkinchi davra boshida bu jamoaga borib qo'shilganman, o'shanda hech kim "Buxoro" oliy ligada qolishiga ishonmagandi. Lekin biz buni uddasidan chiqqandik. Tachmurad Agamurodov va Jamshid Saidov boshchiligida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgandi. Kuni kecha "Buxoro" - "Dinamo" uchrashuvini tomosha qildim. Jamoaning hozirgi holati meni ozgina ranjitdi. Futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin. Kelajakda "Buxoro"dan yaxshi taklif bo'lsa balkim o'ynashim mumkin. "So'g'diyona" bilan o'yindagi g'alaba va oliy ligada qolganimiz...Bularni yoddan chiqarib bo'lmaydi.

- Qachon o'zbek futbolida o'yinchilarning oylik va transfer narxlari sir saqlanmasdan ommaga bemalol elon qilinadi?

- Bu narsa qachon bo'lishini bilmayman. Lekin elon qilinsa yaxshi bo'lardi. Muxlislar, xalqimiz shu narsani bilsa etibor yanada ortardi deb o'ylayman. Odamlar futbolchi bo'lish qanchalik qiyinligini tushunardi menimcha. Buni ochiq aytish tarafdoriman.



- Play Station o'ynab turasizmi? Undagi dribling va fintlarni maydonda qo'llab ko'rishga harakat qilganmisiz?

- Play Station o'ynamayman. To'g'risi bunga qiziqmayman. Ko'p do'stlarim o'ynaydi. Menda esa bunga vaqtim bo'lmaydi.

- Futbolchi bo'lganizdan xafsalangiz pir bo'lgan kunlar bo'lganmi? SHu paytlarda kimlar sizni qo'llaydi?

- Bunday paytlar juda ko'p bo'lgan. CHunki g'alaba va mag'lubiyat yonma-yon yuradi. Bir kun qulashingiz yoki shohsupaga chiqishingiz mumkin. Mag'lubiyatlardan keyin hech bilan gaplashmay bo'lgan kunlarim bo'lgan. SHunda ota-onam meni qo'llab-quvvatlaydi. Aytishadiku siz 99 marta yiqilib bir marta cho'qqiga chiqishingiz mumkin. SHu bois har bir mag'lubiyat ustida ishlab to'g'ri xulosa chiqarish kerak.

- Terma jamoaga chaqiruv oldingiz. Biroq yo'lkira va mukofot puli berilmasligini aytishdi. SHunda ham o'z hisobingizdan kelib terma jamoada o'ynarmidingiz?

- Albatta kelib o'ynagan bo'lardim. CHunki bu pul, mablag' yoki boshqa bilan o'lchanmaydi. Bu terma jamoa, xalq, vatan jamoasi. Sizni butun mamlakat kuzatib boradi. Vatan terma jamoasida o'ynash har bir futbolchi uchun sharaf deb bilaman.

- BAAda anchadan buyon o'ynayapsiz. Arab davlati tili va madaniyatini o'rganish qiyin bo'lmadimi?

- Xudoga shukur, bir yarim yildan buyon "SHarja"da to'p tepayapman. Boshida albatta qiyinchiliklar bo'ldi. Men uchun futbol birinchi o'rinda turadi, shu bois har qanday qiyinchilikka tayyorman. Bugungi kunda ingliz va arab tilini o'rganayapman.



- Evropaning top klublaridan taklif tushsa qaysi klubga o'tgan bo'lardingiz?

- Qaysi top klubdan birinchi bo'lib taklif tushsa o'sha klubga o'tardim (kuladi). Futbolchi sifatida o'zimdan iz qoldirishni juda ham xohlayman. Nafaqaga chiqqanimda oldinroq yaxshiroq harakat qilmagan ekanman deb attang aytmaslik uchun mehnat qilayapman. O'zim MYU muxlisiman, lekin boshqa top klubdan taklif bo'lsa ham o'sha klubga o'tardim.

- 2012 yilgi o'smirlar terma jamoasi safida Osiyo chempioni bo'lgansiz. O'sha tarkibdagi ko'plab futbolchilar g'oyib bo'lishdi. Buning sababi yulduzlik kasalimi?

- Yulduzlik kasali tufaylimi yoki boshqa sababi buni bilmayman. Ammo har bir inson har bir kunida mehnat qilishi va harakat qilishi kerak deb bilaman. Bir kun to'xtab qoldingizmi, nimanidir yutqazdingiz deganidir. Qandaydir yutuqqa erishgach to'xtab qolsangiz bu katta xato bo'ladi. Aksincha o'sha yutuq yangi cho'qqilarni zabt etishga yordam berishi kerak.



- Xitoy bilan o'yinda oyog'ingizni sindirib oldingiz. Lekin eshitishimcha muhim operaciya pulini o'z hisobingizdan qildiribsiz. "SHarja" klubi jarohat terma jamoa o'yinida bo'lgani bois hisobingizni muzlatib qo'ygan bo'lsa, O'FA esa pul ajratishdan bosh tortibdi. Bu gaplar qanchalik rost?

- Oyog'im singach Xitoyda shifoxonaga olib ketishdi. O'sha erdan men BAAga qo'ng'iroq qildim. "SHarja"dagilar operciya qildirma barchasini o'zimiz qilamiz deb BAAga uchib kelishimni aytishdi. Ishonasizmi aeroportga klubning 10dan ziyod xodimi gullar bilan meni kutib olishga chiqishibdi. Xatto TV muxbirlari ham bor edi. O'sha erning o'zida pasportimni olib meni tezroq Londonga jo'natishga harakatni boshlashdi. SHundan so'ng Londonga uchib bordim. Operaciyani "SHarja" klubi to'lab berdi. Jarrohlik amaliyotidan so'ng klubdagilar har bir kunimdan xabardor bo'lib turishdi. Xatto klub rahbarlari ham kelib holimdan xabar olishmoqda. To'g'risi begona yurtda oyog'ingizni sindirib qaytsangizu, aeroportni o'zida 10dan ortiq inson kutib olsa, sizga shuncha etibor qaratsa boshqacha bo'larkan. To'g'risi o'sha damlarni eslasam ko'zimga yosh keladi. Jarohat olganimda klub uchun qanchalik qadrli ekanligimni his qildim.

O'FA menga yordam berdi deb ayta olmayman. Terma jamoa murabbiylari mendan hol ahvol so'rab turdi, lekin O'FA qandaydir yordam berdi o'ylamayman. Biroq nima bo'lgan taqdirda ham terma jamoada jonimni berib o'ynashda davom etishga tayyorman. CHunki bu vatan jamoasi. Hali terma jamoa bilan kelajakda Jahon chempionatiga chiqishga ishonaman.

- Jarohatingiz qanchalik jiddiy? Qachon safga qaytasiz?

- Xudoga shukur hozir ancha yaxshiman. Nasib qilsa tez kunlarda mashg'ulotlarni boshlayman. Operaciya omadli va yaxshi o'tdi. Klub jismoniy holatimni kuzatib borish uchun alohida murabbiy biriktirib qo'ygan. Taxminan 10 kunlardan so'ng mashg'ulotlarni to'liq boshlayman.



- Futbolchi bo'lim etishishingizga poydevor bo'lgan yoshlikdagi murabbiylaringizni tez-tez eslab turasizmi?

- Har bir murabbiyim bilan hozirgacha aloqam bor. O'zbekistonga borganimda imkon qadar barchalari bilan ko'rishishga harakat qilaman. Ularga qancha rahmat aytsam ham kam. Agar murabbiylarimga qandaydir yordam bera olsam xursand bo'lardim.

- 2018 yil Xitoyda o'tgan U-23 Osiyo chempionatida sizni asosiy tarkibda kutgandik. Har holda bu jamoa bilan o'smirlik vaqtidan ham birga edingiz. Lekin siz musobaqaga bormadingiz. Bu chempionatga bormaganingizdan afsuslanmaysizmi?

- Osiyo chempionatiga borishdan oldin klubimdan meni qo'yib yuboringlar deb 3-4 marta iltimos qilganman. Ular o'ylab ko'ramiz deb oxiri yuborishmagandi. Ravshan Haydarov meni keladi deb oxirigacha ishongan va 23 emas 22 futbolchini olib ketgandi. Yani bitta o'rinni menga olib qo'ygandilar. Buning uchun ulardan uzr so'rayman. Balki men borganimda chempion bo'lolmasligimiz mumkin edi, hammasi xudodan. Terma jamoa chempion bo'lgani birinchi o'rindagi masala, chempionatga bora olmaganim esa keyingi masala. Telefon va internet orqali yigitlarni qo'llab turdim. CHempionlikka erishib o'zbek futboliga yangilik olib kirishdi. To'g'ri men chempion bo'la olmaganimdan ozgina afsuslanishim mumkin, ammo bu terma jamoamizning chempion bo'lgani oldida hech nima emas. Musobaqaga borish-bormaslik o'z qo'limda bo'lmagandi.


Narzulla Saydullaev tayyorladi

"Muxlisdan savol". Eldor SHomurodov: "Mashal"ga kelganimda butsalarim bo'lmagan" 

"Muxlisdan savol". Gadoevni kim kashf qilgan: Qosimov yoki Berdiev? Futbolchi javob berdi

"Muxlisdan savol". Jaloliddin Masharipov - Onasiga sovg'a qilgan Neksiya va nimadan juda qo'rqishi haqida        

"Muxlisdan savol". Ikrom Aliboev: “Futbol men uchun hamma narsa”         

Muxlisdan savol. Rustam Ashurmatov: “O'zbek futbolchilarining reklamasini ko'paytirish kerak” 

Muxlisdan savol. Arslanmirat Amanov: "To'pga zarba berishdan avval ichimdan gol urasan degan tuyg'u o'tadi"         

Reyting: +28   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика