Murod Ismoilov “Neftchi”da yo'l qo'ygan xatolari, “Metallurg”ga o'tishi, “Gattuzo”ni taklif etishi va boshqalar haqida
08 mar 2018 14:07
Yangiliklar
Murod Ismoilov “Neftchi”da yo'l qo'ygan xatolari, “Metallurg”ga o'tishi, “Gattuzo”ni taklif etishi va boshqalar haqida
49 yoshli mutaxassis ayni damda bosh murabbiy Andrey SHipilovga yaqindan yordam bermoqda. Muxlislarga yaxshi malumki, bungacha Murod Muzaffarovich Farg'onaning “Neftchi” jamoasida ishlagandi. Fevral oyida Farg'ona klubida etiborga molik o'zgarishlar amalga oshirilgach, Ismoilov ham jamoa bilan xayrlashdi. Oradan ko'p vaqt o'tmay unga “Metallurg”dan taklif tushdi. Kuni-kecha Murod Ismoilov bilan suhbatlashib, bir qator savollarga atroflicha javob oldik.
“METALLURG”GA KELISHI HAQIDA
Yuqorida aytib o'tganimizdek, Ismoilov ayni damda “Metallurg”da faoliyat yuritmoqda. Uning bekobodliklar safiga kelib qo'shilishi tabiiyki bosh murabbiy bilan bog'liq. Bu haqda Murod Muzaffarovichning o'zi ham takidlab o'tdi.
-Bilsangiz kerak, Andrey SHipilov bilan ilgari birga futbol o'ynaganmiz va “Paxtakor” jamoasi murabbiylar shtabida ham hamkorlik qilganmiz. Munosabatlarimiz alo darajada. Bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Fikrlarimiz ko'pincha bir joydan chiqadi. SHu bois Andrey Sergeevich, “Metallurg” jamoasini qabul qilib olgach, yordam berishim kerakligini aytdi. O'sha paytda “Neftchi” jamoasida mavhumlik hukm surardi va men tarkibdagi futbolchilarni yig'ib, kuniga bir mahaldan bo'lsada, mashg'ulot o'tkazib turishni maqul topgandim. SHipilovga bir oz vaqt o'tgach, aniq bir javobni aytishim mumkinligi bildirganman. Keyinchalik o'zingiz guvohi bo'lganingizdek, “Neftchi” jamoasida katta islohotlar amalga oshirildi. Yangi murabbiylar shtabi ish boshlagach, jamoa bilan do'stona ravishda xayrlashishga qaror qildim. Bundan xabar topga Andrey Sergeevich, meni yana o'z jamoasiga taklif qildi. Bu safar uning rayini qaytargim kelmadi. Aksincha uning chorlovidan xursand bo'lib, chin dildan yordam berish maqsadida Bekobod jamoasi bilan kelishuvga erishdim. Fursatdan foydalanib, do'stim Andrey SHipilovga minnatdorchilik bildiraman.
YANGI JAMOADAGI ILK TAASSUROTLARI XUSUSIDA
Murod Ismoilov “Metallurg” jamoasiga deyarli mavsum starti oldidan qo'shildi. Xo'sh, yangi jamoa murabbiyda qanday taassurot qolirdi?
-Bu erda hamma ishlar professional darajada yo'lga qo'yilgan. Har kim o'z ishini yuqori safida bajarishga xarakat qiladi. Eng muhimi ahil kollektiv yig'ilgan. Futbolda bu – juda muhimdir. Jamoaning ichidagi jamoa ahil bo'lmasa, xarakatlar besamar ketishini oldingi faoliyatim orqali tushunib etdim. Meni xursand qilgan jihati, “Metallurg”ga kelgan ilk kunlarimdanoq, murabbiylar shtabi va futbolchilar o'rtasida o'rnatilgan iliq munosabat bo'ldi. Ortiqcha noo'rin gaplar yo'q. Bu esa ish jarayonida kayfiyatga ham tasir o'tkazadi.
SHIPILOVNING ISHLASH USLUBI TO'G'RISIDA
“Metallurg” bosh murabbiyi Andrey SHipilov bungacha asosan yordamchi murabbiy bo'lib ishlab kelgan. SHunday ekan ushbu mutaxassis joriy mavsum rasman bosh murabbiy sifatida gavdalanmoqda. Murod Ismoilov bosh murabbiy haqida ham o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
-Andrey SHipilov bilan ilgari “Paxtakor”da birga ishlaganmiz. Insoniylik jihatdan maqtashga arzigulik shaxsdir. Andrey Sergeevich bu yil bosh murabbiy bo'lib ilk mavsumini o'tkazmoqda. Eng avvalo unga bu borada omad yor bo'lishini chin ko'ngildan tilab qolaman. Bosh murabbiy sifatida qattiqqo'l va nihoyatda talabchandir. Futbolchilar o'rtasida o'ziga yarasha xurmat qozongan. Bungacha bir nechta tajribali mutaxassislarni yonida yurib, katta tajriba orttirgan deyish mumkin. Endilikda ularni amalda tadbiq etishga urinib ko'radi. SHipilov bilan bungacha murabbiylik o'quv-kurslarida ham birga tahsil olganmiz. Hamisha o'z yonidan to'lov qilib, bosqichma-bosqich murabbiylik licenziyalarini qo'lga kiritdi. Mexnatsevar inson sifatida ham maqtashga arzigulikdir. To'g'ri, SHipilov bungacha asosan jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy bo'lib ishlagan. Lekin “Metallurg”da endi u boshqa jihatlarga ham etibor qaratishiga to'g'ri keladi. Jamoaga kelgunimga qadar, bosh murabbiy tarkibdagi futbolchilarning jismoniy xolatini yuqori darajaga keltirib qo'yganiga amin bo'ldim. Hozirda mashg'ulot jarayonida texnika va taktika ustida ham qattiq ishlayapmiz.
YORDAMCHI SIFATIDA ISHLASHI HAQIDA
Murod Ismoilov bungacha asosan bosh murabbiy sifatida ishlagan. Hozirda esa u “Metallurg”da yordamchi murabbiy rolida.
-“Neftchi”dagi faoliyatim yakuniga etgach, biroz muddat uyda xordiq chiqardim. Andrey SHipilov ikkinchi bor taklif bilan chiqgach, rad eta olmadim. Ilgari “Paxtakor”da bosh murabbiy sifatida ishlagan kezlarimda SHipilov menga ham katta yordam bergandi. Ko'pincha uning fikrlarini tinglab, ishonchim yuqori bo'lgan. CHin ko'ngildan samimiy ko'maklashgan. Endi meni ham unga chin dildan yordam berishim lozimligini tushunib etdim. Bu erda bosh murabbiyga har tomonlama yordam beraman. Bosh murabbiyni ko'taradigan uning atrofidagi yordamchilar bo'ladi. Andrey SHipilovning debyut mavsumi ijobiy o'tishi uchun bor bilim va mahoratimizni ishga solishga tayyormiz. “Metallurg”da mendan tashqari yana Fevzi Davletov, Anatoliy Kurlaev va Alisher Ahmedov singari o'z vaqtida birga futbol o'ynagan do'stlarimiz ham bor. Yaratganga shukur, bir-birimizni juda yaxshi tushunib ishlamoqdamiz.
JAMOADAGI SHAROITLAR TO'G'RISIDA
“Metallurg” jamoasida ham jiddiy o'zgarishlar amalga oshirildi. Jamoa deyarli yangitdan shakllantirildi. Xo'sh, yaratilgan sharoitlar qay darajada?
-Bekobodda jamoa uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Stadion, avtobus, qarorgoh, ovqatlanish... Bu borada hech qanday muammoga duch kelinmadi. Rahbariyat har bir postga o'z ishini ustasi bo'lgan insonlarni jalb etgan. Maoshlar borasida ham ortiqcha gap-so'z bo'lishi mumkin emas. Faqat ishlash va o'ynash qoldi xolos.
“GATTUZO”NI “METALLURG”GA TAKLIF ETISHI HAQIDA
Har bir jamoada bosh murabbiy selekciya jarayonida o'z yordamchilarining ham maslahatlariga quloq tutishi turgan gap. Qaysidir futbolchini jamoaga taklif etishdan oldin bosh murabbiy baribir o'z yordamchilarining fikrlarini ham eshitadi. Xo'sh, Ismoilov “Metallurg”ga kelgach, qaysi futbolchilarni bosh murabbiyga tavsiya qilgan? Murod Muzaffarovich bu savolga biroz o'ylanib javob berdi.
-“Metallurg”ga kelgunimga qadar jamoa tarkibi deyarli shakllanib bo'lgandi. Jiddiy o'zgartirishlar o'rin yo'q edi. To'g'ri Andrey SHipilov mendan bu borada ham maslahat so'radi. Tavsiya qilganim, “Gattuzo” bo'ldi. Bir necha yillardan beri “Mashal” tarkibida yorqin o'yinlari bilan o'zini ko'rsatib kelayotgan tezkor hujumchi Zafar To'raevni o'z safimizga qo'shib olsak, zarar qilmasligini bosh murabbiyga tushuntirdim. SHundan so'ng ushbu transfer amalga oshdi. To'raevni avvaldan bilaman. Bunday tezkor hujumchilar har qanday jamoa o'yinini kuchaytiradi. Umid qilamanki, Zafar o'z gollari bilan “Metallurg”ga katta yordam beradi.
YANA BOSH MURABBIY SIFATIDA ISHLASHI XUSUSIDA
Bosh murabbiy sifatida ishlagan har qanday murabbiy yana asosiy rolda gavdalanishni qo'msashi aniq. Murod Ismoilovni yana bosh murabbiy sifatida ko'ramizmi? Bu haqda murabbiy quyidagilarni takidlab o'tdi.
-Oldindan nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Balki yana menda bosh murabbiy sifatida ishlash uchun fursat bo'lar. Agarda qaysidir jamoadan bosh murabbiylikka taklif bo'lsa, eng avvalo rahbariyat bilan hammasini bafurja gaplashib olamiz. Yani moliyaviy jihatga bosh murabbiyning aralashuvi asosiy o'ringa chiqishi shart. Moliyaviy masalalarni hal etish bosh murabbiy ixtiyoriga o'tmasa juda qiyin bo'ladi. Aksincha xolat bo'lsa, bosh murabbiy sifatida ishlamagan maqul degan fikrga keldim. Demoqchimanki, tarkibga o'zingiz istab, taklif etgan futbolchilaringizga rahbariyat tomonidan o'z vaqtida moliyaviy jihatdan etarlicha rag'bat qilinmasa, bosh murabbiy har qancha iqtidor egasi bo'lsin, xarakatlari besamar ketaveradi. Buni o'z tajribamdan kelib chiqib aytmoqdaman. SHu bois endilikda bu jihat bo'yicha rahbariyat bilan batafsil gaplashib olish, maqsadga muvofiqdir. Mana bu bizning ichki imkoniyatimiz, futbolchilaringizni ham o'zingiz olib keling, yordamchilaringizni ham o'ziz hal eting, bu bizning sharoitlarimiz. Lekin natijaga o'zingiz to'liq javob berasiz deyilsa, har qanday jamoada ishlash mumkin. SHunda jamoaning ichidagi jamoa ham ahil bo'ladi. Futbolchilar, murabbiylardan tashqari klubning ishchi xodimlarini ham qilayotgan mexnati va jamoaga keltirayotgan foydasiga qarab, ularni vaqtida rag'batlantirib boriladi. Tabiiyki natija ham ijobiy tus olib, ishingiz oldiga yuradi. Ichki muhitni qoniqarli darajaga keltirib olish uchun ham aynan ushbu omillar asosiy o'rinda turadi.
“NEFTCHI”DAGI FAOLIYATI HAQIDA
Murod Ismoilov “Neftchi”ga 2014 yili borgandi. 2016 yilning birinchi yarmida “Qo'qon-1912”da ishlaganini hisobga olmasak, Muzaffarovich deyarli 4 yil Farg'ona jamoasida ishladi. Bu yillar davomida Ismoilov bosh murabbiy va katta murabbiy sifatida faoliyat yuritdi. Xayotda past va balandlik hamisha bo'lganidek, 49 yoshli murabbiyning Farg'onadagi faoliyati ham turlicha kechdi. Jamoada o'tkazgan faoliyati xususida Murod Muzaffarovich kuyunib gapirdi.
-“Neftchi”ga 2014 yilning boshida borgandim. O'sha paytda muxlislarga ham rahbariyatga ham o'tgan yilgi natijadan past natija qayd etmaslikka vada bergandim. 2013 yili “Neftchi” 9-o'rin bilan cheklandi. 2014 yili esa 8-o'rinni qo'lga kiritdik. Dastlabki mavsum baribir qiyin kechgan. 2015 yilgi chempionatda esa 5-o'rinni egalladik. 2016 yili “Qo'qon-1912”dan taklif tushgach, bir davra u erda ishladim. So'ngra viloyat hokimining topshirig'iga binoan yana “Neftchi”ga qaytdim. SHu orada sog'ligim bilan bog'liq muammoga uchradim va malum muddat davolanishga majbur bo'ldim. 2016 yili “Neftchi” chempionatni 11-o'rinda tugatdi. 2017 yili esa bilasiz jamoada yordamchi sifida ishladim. Yakunda 15-o'rin bilan cheklandik. Albatta, natijaga eng avvalo bosh murabbiy javobgar sifatida gavdalanadi. Lekin klubning ichida bo'layotgan noto'g'ri ishlar natijasida jamoaning mavqei ham pasayib ketadi. Uydagi gapni ko'chaga olib chiqilmaganidek, jamoadagi ichki xolatni ham tashqariga chiqarish maqul emasligini lozim topib kelganmiz. Farg'ona viloyati hokimi va klub bosh homiylari tomonidan jamoaga bo'lgan etibor hamisha yuqori darajada bo'lib keldi. Aytilgan vadalar vaqtida bajarildi. Xatto qayd etayotgan natijamiz pasayib ketishiga qaramay, oylik maoshlarimizni berib turishdi. Lekin tan olish kerak, klub ijrochi direktori va bosh murabbiy o'rtasida fikrlar doim bir joydan chiqmagani yakunda salbiy xolatga olib keldi deb o'ylayman. “Neftchi”da so'nggi to'rt mavsumda tajribali va o'ziga yarasha iqtidor egalari o'ynab ketdi. Murabbiylar shtabining saviyasi ham u darajada past emasdi. Lekin baribir natija o'xshamadi. Viloyat hokimi futbolga etibor qaratib, xomiylar tomonidan mablag' o'z vaqtida klub hisob-raqamiga tushib tushsada, uni ijrochi rahbarlar to'g'ri taqsimlamasa qiyin ekan. Bu bilan kimnidir aybdor sifatida ko'rsatmoqchi emasman. SHunchaki bo'lib o'tgan ishlarni mavridi kelganida aytib o'tishni lozim topdim. Bosh murabbiy o'zi ishonib taklif etgan futbolchini g'alaba yo'lida har qancha ruhlatirmasin, yakunda klub rahbariyati uni o'z oldiga chaqirib, kamsitib, kelishilgan pullarini vaqtida bermastan kayfiyatini tushurib yuborsa, bosh murabbiyning sayi xarakatlari yakunda nolga teng bo'lib qoladi. “Neftchi”da shu kabi xolatlarga ham duch keldik. Futbolda jamoa rahbariyati, bosh murabbiy yoki futbolchi xech qachon o'z shaxsiy manfaatini o'ylamasligi kerak. Mablag' mexnatga yarasha to'g'ri taqsimlansa, o'sha jamoaning oshig'i olcha bo'laveradi.
-“Neftchi”dan ketgach, u erlda o'tkazgan faoliyatimni tahlil qilib ko'rdim. Eng katta xatoim, qarorlarni chiqarishdan oldin odamgarchilik qilishim va ishonuvchanligimda bo'ldi. Bazida odamgarchilik yuzasidan qilinayotgan noto'g'ri ishlarga ham ko'z yumgan paytlarim bo'ldi. SHuningdek quruq gaplarga ortiqcha ishonib qo'yganim ham pand berdi. “Neftchi”dagi faoliyatim men uchun juda katta tajriba bo'ldi. Inson bu xayotda xatolar orqali o'sib boradi.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi
Fikrlar