So’nggi yangiliklar

09:05«Бухоро» «Андижон» футболчиси билан шартнома тузди  1 08:32Ўзбекистон ўсмирлар терма жамоаси Япония билан жанговар дуранг ўйнади  4 07:58Испанлар Европани «забт этишди». «Қизил фурия» икки кун ичида иккита «Евро»да ғалаба қозонишди  7 07:26Ўртоқлик учрашуви. «Қўқон-1912» «Сўғдиёна»ни мағлуб этди   1 01:48"Ал Шабаб" "Милан" футболчисини 14 млн евро эвазига харид қилишга тайёр, аммо...  3 01:21"Милан" сардори "Галатасарой"ни рад этди. Турк клуби ҳимоячига "Милан"дагидан кўпроқ маош таклиф қилганди  1 00:51"Комо" Рафаэль Вараннинг трансферини эълон қилди  3 00:22"Жирона" "Тоттенхэм" форвардини ижарага олиш бўйича келишувга эришди  1 23:51"Манчестер Юнайтед" яқин вақтларда Санчонинг тақдирини ҳал қилади  1 23:21"Барселона" собиқ футболчиси "Ювентус"га ўтишга яқин  1 22:55Мбаппесиз: "Реал" АҚШдаги турне учун таркибини эълон қилди  4 22:31"Реал" 2025 йилда Трент ва Дэвис билан текинга шартнома имзолаш устида ишламоқда  5 22:06"Галатасарой" 22 млн еврога РПЛдан ўйинчи харид қилади?  1 21:23"Челси" "Реал" посбони билан шартнома имзоламайди  7 20:56Сержи Роберто "Аякс"га ўтиши мумкин. У "Барса"дан эркин агент мақомида кетади  1

Murabbiy kerak Yangiliklar

Murabbiy kerak

Navbatdagi mag'lubiyat va navbatdagi mazmunsiz futbol o'zbek futbol ishqibozlarini dilini xira qildi.

Kecha Tehronda Eron terma jamoasi mundial chiptasini rasmiylashtirdi. Bunga O'zbekiston terma jamoasining bo'sh o'yini va darvoza tomon birorta aniq zarba bera olmagani yordam berdi.

O'yindan oldin Babayanning o'rniga matbuot anjumanida ishtirok etgan Jalilov "Eronga sovg'amiz bor", degandi.

Ha, kecha Eron terma jamoasi o'zining eng qimmatli sovg'asini oldi. Rossiyada bo'lib o'tadigan Jahon chempionati yo'llanmasi rasmiylashtirildi.

Yutqazganimiz bu katta bir shov-shuv emas. Babayan qo'l ostida Suriyaga yutqazdik, Eronga o'zimizni uyimizda engildik. Tehronda Eronga imkoniyatni boy berishni kutilmagan natija demagan bo'lardim. SHunchaki Toshkentda ham, Tehronda Eron darvozasi tomon birorta ham aniq zarba bera olmaganimiz, xavfli hujum sodir etolmaganimiz, hujum chizig'ida gol urmasa ham o'ynaydigan Sergeevni o'rniga futbolchi tushirmaganimiz alam qildi.

Ha, bizda muhim bahs oldidan bir qator yo'qotishlar bor edi. O'yin boshlanishi bilan Denisovni o'rnida o'ynagan Stanislav Andreev ham kamiga jarohat oldi. Yana bir katta yo'qotish. Uning o'rniga barcha zaxiradan ikkinchi chap qanot himoyachisi sifatida chaqirilgan Farruh Sayfievni tushishini taxmin qilayotgan bir paytda, Babayan Davron Hoshimovni maydonga tashladi.


Davron o'ng qanot himoyachisi, o'ng qanotda esa SHorahmedov o'ynayotgandi. Hoshimov chap qanotda o'ynamadi, o'ngga o'tdi. SHorahmedov esa o'zi uchun g'alati va noqulay bo'lgan chap qanot himoyasidan joy oldi.

Endi qarang, o'zi shundoq ham chap qanotimiz Denisovning jarohatidan keyin kuchsizlangandi. Andreev uning ikkinchi muqobil varianti edi. Stasning jarohatidan keyin Sayfiev tushsa, nisbatan SHorahmedovdan ko'ra chap qanotda foydaliroq edi. CHunki chap qanot Sayfiev har doim o'ynab yurgan joy. Bu jarohat, yana bir yo'qotish kamlik qilgandek, majburiy o'zgarishdan keyingi tanlov ham yo'qotishlarning davomi bo'ldi.

Davron Hoshimov aslida kichik jarohati tufayli zaxiraga qoldirilgan va o'rniga SHorahmedov tushgandi.

SHorahmedovning chap qanotga o'tishi, kichik jarohati bilan o'ynagan Hoshimovning o'ngdan joy olishi himoyadagi ikkala qanotlarimizni kuchsizlantirdi. CHap qanotdagi yo'qotishni o'rnini qoplaymiz deb, o'ng qanotni ham, chap qanotni ham kuchsizlantirdik.

Vaholanki o'shanda Andreevning o'rniga Sayfievni tushirish orqali masalani osonroq echsa bo'lardi.

Yo'q, biz chigalroq, tushunarsiz qarorlarni qabul qiladigan Babayanning o'jarligiga guvoh bo'ldik.

Tarkibdagi jarohat olgan futbolchilarimizning yo'qligi mag'lubiyatga sababchi, buni baxona sifatida ko'rsatish yaramaydi. Bu qandaydir klub emas, tarkibdagi mavjud futbolchilardan bittasi jarohat oladi va uning o'rnida munosib zaxira futbolchisi bo'lmasa. Bu terma jamoa. O'zbekiston terma jamoasida chap qanotda o'ynay oladigan futbolchilar etarli. Faqat ularni barcha jarohat olganda nomiga chaqirish emas, balki chaqirgandan keyin majbur bo'lganda hech bo'lmasa maydonga tushirish, ularning imkoniyatini ko'rish kerak.

Yo'q, majbur holatda ham boshqa poziciyada o'ynaydigan futbolchini tushirsak, nega o'sha futbolchini tarkibga jalb etildi?

Terma jamoaga jalb etiladigan 23 nafar futbolchining barchasi asosiy tarkib futbolchisidek qaralishi, ularning barchasi kerakli paytda maydonga tushib, bemalol o'ynashi kerak. Bizda esa aksincha. Boshlang'ich 11talik va zaxiradan tushadigan navbatchi futbolchilarimiz aniq.



O'yin amaliyotisiz qolib ketgan Egor Krimec diskvalifikaciya yoki jarohat olmasa hech qachon asosiy tarkibdan tushmaydi. Kecha esa aynan Egorning xatosidan keyin Azmun Lobanovning oyoqlari orasidan to'pni darvozaga joylab qo'ydi.

Ikkinchi golda esa Anzur Ismoilov Taremi qarshisida hech narsa qila olmadi. Anzur Ismoilovga ham raqobatchi yo'q tarkibda. Raqobatchini izlash yoki uni ko'rish murabbiyni ishi. Anzur yig'inda bo'lsa, o'rtoqlik uchrashuvimi, nazorat bahsimi, rasmiy o'yinmi kim maydonga tushishi aniq. Qolganlarga imkoniyat berilmaydi.
Vaholanki hozirgi paytda o'yin amaliyotisiz qolib ketgan Krimecdan ko'ra, SHerzod A'zamov yoki Rustam Ashurmatov yaxshi variant edi. Ularni o'rtoqlik uchrashuvlari orqali chiniqtirib, kerakli paytda foydalanish uchun taraddud ko'rilmagan. Azamovku umuman ushbu yig'inga ham jalb etilmagandi. Bu esa kimni xatosi?

Jarohat olgan futbolchilarni yo'qligi, yoki boshqa sabablar emas, murabbiy xatoni o'zidan qidirishi kerak. Yana qaytaramiz, bu klub emas, terma jamoa. Terma jamoada doim tanlov bo'lgan. Butun dunyoda shunday. Terma jamoada asosiy tarkib degan tushuncha bo'lmasligi kerak. Bizda ham yo'q aslida. Faqat bizda Babayan tarkibi, degan atama mavjud.

Babayan terma jamoa ruliga kelganidan keyin Sanjar Tursunov avvaliga doim terma jamoadan chaqiruv oldi. Lekin doim zaxirada qoldirildi. Zaxiradan maydonga tushish ham Tursunovga bir necha daqiqaga nasib etgandi. Yoki Fozil Musaevchi? Eslay olasizmi Musaevdan qaysidir o'yinga foydalanganligini?

O'rtoqlik o'yinlari nima uchun tashkil etiladi? Babayanning o'zining qarashi va o'zining uslubi bor. Xop, tushundik. Lekin murabbiy ikkinchi va uchinchi rejalarni, har bir chiziq uchun qolgan muqobil variantlarni ham sinab ko'rishi, ularni zaxirada tayyor holda ushlab turmog'i kerak emasmi?

Darvozada faqat Lobanov, hujumda doim Sergeevni tushirish kerak degan qoida yo'q Jahon chempionati saralash bosqichida.

Babayan terma jamoaga kelganidan keyin Nesterov birorta rasmiy o'yinda maydonga tushmadi. Lekin o'rtoqlik bahslarida o'ynadi. Eldorbek Suyunov esa o'rtoqlik uchrashuvlarida ham o'ynagani yo'q. Suyunov terma jamoaga nomiga kelib ketadigan darvozabon bo'lib qoldi.



Terma jamoa tarixidagi eng kuchli tarkibni shug'ullantiryapman, degan murabbiy har safar o'yindan keyin optimal tarkibda o'ynay olmadik, deyishi g'alati emasmi?
Terma jamoa tarixidagi eng kuchli tarkib deyildimi, deyildi. Nahotki O'zbekiston terma jamoasi tarixidagi eng kuchli tarkibda har bir poziciyada Babayanning kriteriyasi bo'yicha asosiy tarkib futbolchisini almashtira oladigan futbolchi yo'q?

Babayanning kriteriyasi bo'yicha hozirgi tarkib eng kuchlisi. Lekin uning kriteriyasi bo'yicha, masalan Haydarov, Ahmedov yoki Denisov jarohat olsa, ularni o'rnini to'ldira oladigan futbolchi yo'q.

Eron bilan o'yinda bizga nima etishmadi?

Omad. Uchrashuvdan oldin ham aytgandim, bugun hamma narsa omadga bog'liq deb.

CHunki biz Eronni qandaydir tayyorlangan reja yoki taktik o'yin bilan yutishimiz hozirgi vaqtda imkonsiz. Sababi, bizda taktik o'yinning o'zi yo'q. Bu nafaqat meni, jurnalistlar yoki muxlislarni fikri, balki mutaxassislar ham ayni paytda O'zbekiston terma jamoasi qanday taktikada o'ynayotganiga javob bera olishmayapti.
Ushbu saralash bosqichidagi yutgan o'yinlarimizni omad evaziga qo'lga kiritganimizni barcha biladi.

Kecha ham birgina umid omaddan edi. Hujum qilolganimizda balki omadimiz kelib to'p darvozadan o'rin olishi mumkin edi. Lekin Eronga qarshi har ikkala uchrashuvda ham darvozaga to'g'ri zarba bera olmadik.

Bunaqasi hali bo'lmagan. Umuman Babayandan oldin boshqa bir murabbiy qo'l ostida, qaysidir jamoaga qarshi o'yinda darvozaga aniq zarba beromaganimizni eslolmayman.

Tasavvur qiling, Babayan boshchiligida omad evaziga mundial chiptasini qo'lga kiritdik. Hozir Eron qarshisida darvozaga aniq zarba bera olmayapmiz. Rossiyada bo'lib o'tadigan Jahon chempionatida keyin nima qilamiz?

Darvoza tomon birorta aniq zarba yo'q. Babayan jamoasining o'yiniga eng yaxshi va aniq tahlil mana shu statistik fakt.

Tahlilga yaramaydigan o'yin. Terma jamoamizning o'yini Ahmedovning harakatlariga bog'langan. To'p markazda Ahmedovga keladi va Odil keyin oldinga o'tib, bir narsa o'ylab topishi shart. Yoki standart vaziyatlaridan o'z omadimizni qidiramiz. Terma jamoamizning hozirgi o'yin falsafasi shundan iborat.

Yaxshi ham bir paytlar o'zbek futboliga Nepomnyashhiy Ahmedov degan nomni tashlab ketgan. O'sha o'sha biron murabbiy yoshlar ichidan yangi Ahmedovni kashf qila olmadi. Bu o'zbek murabbiylarining fojeasi. Yaxshi futbolchi qolmaganmi? Unda bizda istedodlar ko'p degan iborani ishlatmang. Agar ishlatsangiz imkon bering o'sha yaxshi futbolchiga!

Ahmedovning individual harakatlari bilan Yaman, Filippin yoki boring mana Qatarni dog'da qoldirishimiz mumkin. Lekin Odilning imkoniyati, potenciali Eron yoki Janubiy Koreyani bir o'zi taslim qilishga etmaydi. Bu imkonsiz. Masalan kecha Odil Ahmedovning o'yini umuman qovushmadi. Terma jamoani o'yini birgina futbolchiga bog'lanmasligi lozim. Lekin murabbiyda taktika bo'lmasa birgina futbolchiga bog'lanib qoladi.



Murabbiyda taktika bo'lmasa ham o'ynayapmiz. Lekin murabbiy hech bo'lmasa tarkibni to'g'ri tanlashni bilishi kerak. Ha, tarkibda kimni o'ynatish va kimga ishonch bildirishni biz hal qilmaymiz. Bu murabbiy vakolatidagi ish va unga hech kim aralasha olmaydi.

Bizning kriterimiz bo'yicha tarkibni ham tanlay olmayotgan murabbiyni istefoga chiqarish payti kelmadimikan?

Oldinda yana ikkita tur bor. Ko'p narsa bugungi Qatar - Janubiy Koreya o'yiniga ham bog'liq. Lekin ishoning, bizda oxirgi turgacha ham imkoniyat bo'ladi. Faqat bu imkoniyatni birorta boshqa murabbiy bilan sinab ko'raylik.

Kim kelsa ham ikkita o'yinga kelishib olib kelish kerak. CHiqarolmasa ham keskin tanqid bo'lmaydi. CHunki vaqt juda tig'iz. SHunchaki boshqaga imkoniyat berib ko'raylik, nazariy jihatdan olib ko'rilsa, hali imkoniyatlar yomon emas. SHunchaki terma jamoa o'yiniga biroz o'yin qo'shishi kerak. Terma jamoaga murabbiy kerak. CHiqmagan jondan umid deganlaridek...

Gap mundialda ham emas, umuman O'zbekiston terma jamoasi futbol o'ynashi kerak. Osiyoda O'zbekiston degan nomimiz borligini unutmaylik.

SHahboz Beg'amov

Reyting: +149   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика