So’nggi yangiliklar

20:04Ўзбекистон кубоги. "Қизилқум" – "Андижон" (онлайн ҳисоб)  1 20:01Ибрагимович "Милан"даги вазифаси ҳақида маълумот берди  1 19:50Ўзбекистон Кубоги. "Сўғдиёна" – "Навбаҳор" (матнли трансляция)  16 19:39Фонсека "Милан"нинг кейинги мавсумдаги мақсадини айтди  1 19:18Ўзбекистон Кубоги. "Қизилқум" – "Андижон". Таркиблар маълум  3 18:50"МЮда ўйнаш осон эмас" — Андре Онана  3 18:31Расман: "Динамо" бразилиялик вингер трансферини эълон қилди  4 18:05Ди Мария фаолиятини қаерда давом эттириши маълум  2 17:38Кроос Медиалигани ишга туширди, иштирокчилар орасида ўнлаб футбол юлдузлари бор  1 17:11"Ал Насср" ҳимоячиси Европага қайтиш учун маоши сезиларли даражада камайишига ҳам рози  2 16:46"Менинг уйим – фақатгина "Манчестер Юнайтед"  8 16:17"Моуринью миянгизга қандай кириб боришни билади"  1 15:49Винисиус: "Биз Мбаппени эҳтиёт қилишимиз ва ёрдам беришимиз керак"  5 15:16"Пахтакор" стадиони ёпилди, клуб қачон уни таъмирдан чиқаради?  18 14:49Азиз Асимов йўқ пенальтини қўйган. 14-турдаги баҳсли вазиятлар юзасидан Эксперт-ҳакамлар комиссияси хулосаси  12

Muhsin Nizomiddinov: “Qo'qonda bundan keyin ham yulduzlar chiqadi” Yangiliklar

Muhsin Nizomiddinov: “Qo'qonda bundan keyin ham yulduzlar chiqadi”

Futbolchilik faoliyati davomida asosan “Qo'qon-1912” va “Neftchi” sharafini himoya qilgan Nizomiddinovni endilikda murabbiylar qatoriga qo'shamiz.
Sababi bo'lajak chempionatga qizg'in tayyorgarlik ko'rayotgan “Qo'qon-1912” yoshlar jamoasini aynan Muhsin Muxtorovich boshqarmoqda. Murabbiylik sohasida ilk qadamlarini tashlayotgan Nizomiddinovda o'z ishiga bo'lgan shijoati kuchli ekanligini ko'rish mumkin. Yaqinda 34 yoshli murabbiy bilan uchrashib, ayrim savollarga javob oldik.

- Muhsin Muxtorovich, yaqin-yaqingacha sizni futbolchi sifatida bilardik. Endilikda esa o'zingiz uchun yangi bo'lgan sohada ishlamoqdasiz. Aytingchi murabbiylikka o'tishingiz qanday amalga oshdi?
- 2013 yilning ikkinchi yarmida “Neftchi”dan ketgach “Qo'qon-1912”da o'ynay boshladim. U paytda o'zingizga yaxshi malum jamoa birinchi ligada ishtirok etardi va tarkibda yoshlar yig'ilgandi. Bosh murabbiy Tohir aka Kapadze menga murabbiy sifatida ham yordam berish taklfini bildirdi. Bu tashabbusni klubimiz vice-prezidenti Baxtiyor aka Tolipov ham qo'llab-quvvatladi va bu yo'lda barcha sharoitlarni yaratib berdi. Jamoada o'ynovchi murabbiy sifatida mavsumni tugatdim. 2014 yildan boshlab, o'zim uchun yangi bo'lgan sohaga to'liq ravishda o'tishga qaror qildim. Yanvar oyida Farg'onada tashkil etilgan “S” murabbiylik licenziyasi uchun o'qidim. Klub tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'ldi va muhimi rahbariyat ishonch bildirdi. O'tgan yili Baxtiyor aka Tolipov menga ikkinchi liga jamoasini tashkil etib, uni kelasi yil yoshlar ligasiga tayyorlab borishimni aytgach, o'zimda ham ishga bo'lgan qiziqish ortdi va futbolchilik davrimda qaysi murabbiylar bilan ishlagan bo'lsam, ularning ishlash tizimi bo'yicha faoliyat yurita boshladim.

- Futbolchilikdan keyin murabbiylik sohasiga o'tgan har qanday kishi qiynalishi tabiiy. Ayniqsa yangi sohada ishni bolalar futbolidan boshlasa. Sizda ham shunday bo'lgandir?
- Ha, murabbiylarga oson emas ekanligini tushunib etdim. Futbolchi o'zi uchun javob bersa, murabbiy hammasiga javob beradi. Masuliyatli ish ekanligini aytib o'tmoqchiman. Bolalarning harakterlari turlicha. Kimgadir qattiqqo'l yana ayrimlariga yumshoq muomalada bo'lish kerak.

- Ikkinchi liga jamoasini tuzish jarayoni qanday kechgandi?
- SHahar va tumanlarda bo'lgan barcha bolalar turnirida ishtirok etdim. Har bir o'yinni diqqat bilan kuzatib, o'zimizga maqul kelganlarini saralab oldik. Ochig'ini aytganda, bu oson jarayon emas. Munosib yoshlarni tanlab oliganimizdan keyin ular bilan qishda yig'in o'tkazdik. Buning uchun klub rahbariyati barcha qulayliklarni yaratib berdi. Ishonasizmi hattoki, birinchi liga klublarida yo'q bo'lgan sharoit qilindi. Buning barobarida futbolchilarda qisqa fursat ichida o'sish ko'zga tashlangan. Fikrimga isbot tariqasida aytishim mumkinki, o'tgan yili Farg'ona viloyati hokimi Kubogida jamoamizning natijasi yomon kechmagandi. So'nggi o'yinda aynan ikkinchi ligadagi jamoamiz “Neftchi”ga jiddiy tashvish tug'dira olgandi.

- Ikkinchi ligadagi ishtirokdan qoniqdingizmi?
- Ha desam ham bo'ladi. Vice-prezidentimiz bizga barcha qulayliklarni yaratib bergan. Qolaversa jamoa boshlig'i SHuhrat aka Mo'minov ham har kuni xolimizdan xabar oladi va yordamlarini ayamaydi. Faqat ishlash kerak. Bu balandparvoz gaplar emas. Ishoning Qo'qon futboli yana avvalgi qaddini rostlamoqda. Asosiysi moddiy texnik baza yaratildi. Qolaversa Qo'qon shahar hokimi Akramjon Abdullaev ham jamoamizga befarq emas. Ishi ko'p bo'lishiga qaramay, tez-tez mashg'ulotlarimizga kelib, xolimizdan xabar oladi. Nasib qilsa endi “Qo'qon-1912” o'z so'zini aytadi.

- Yoshlarni saralash chog'ida ayrim kishilar suniy ravishda tanish-bilishlarini joylashga urinadi. Siz bilan ham bu kabi xolatlar yuz berdimi?
- To'g'ri, bazida shundaylar uchrab turadi. Lekin kim bo'lishidan qatiy nazar ishda tanish-bilishchilikni chetga surib qo'yaman. Yaratganga shukur, uyim-joyim, shaxsiy avtomobilim bor. SHunday ekan fikr hayolim faqat ishlash va murabbiy sifatida shakllanishdir. Bugun birortasidan pul olib o'ynatsam, ertaga menga natija bermasa, ishimdan ayrilib qolishim tabiiy. “Neftchi”da Yuriy Sarkisyan bilan ko'p yillar ishlaganim uchun ham uning murabbiy sifatidagi ishlash tizimini o'zlashtirganman. Yig'inimiz chog'ida o'sha tavsiya qilinganlarni ham ko'rdik. Agarda chindan ham talabga javob bersa, ikkilanishlarsiz olib qolamiz. Rahbariyat va shaxsan bosh murabbiy Rustam aka Abdullaevning o'zi tanish-bilish futbolda o'tmasligini doim takidlaydi.

- Darvoqe, Abdullaev bilan hamkorliginglar qanday ketmoqda?
- Rustam Rahmonovich ham qo'qonlik ekanligi uchun u kishini yoshligimdan yaxshi bilaman. O'z vaqtida birga “Qo'qon-1912”da o'ynaganmiz. Adashmasam 2004 yili klubga yangi kelgan paytimda Rustam aka menga “Lotto” firmasining butsasini bergandi. Men ham o'z navbatida xurmatini joyiga qo'yganman va aka-ukadek bo'lib ketganmiz. O'tgan yili jamoaga kelib ish boshlaganidan keyin ikkinchi ligada ishimni kuzatdi va men bilan hamkorlik qilishlarini aytib, yo'l-yo'riq ko'rsatdi. Murabbiy sifatida Abdullaevni o'zimga ustoz deb bilaman. U kishidan ko'p narsa o'rganyapman. Bugungi kunda yoshlar jamoasini shug'ullantirish bilan birga asosiy tarkib azolarining kechki mashg'ulotlarida ham ishtirok etib, yanada malakamni oshirib bormoqdaman. Ko'z tegmasin Rustam aka bilan juda yaxshi ishlayapmiz. Nasib qilsa hali Qo'qon futbolini ko'tarilishida o'z hissamizni qo'shamiz degan umiddaman.

- Har bir sohada ustoz bitta bo'lgani bilan yana boshqalardan ham nimadir o'rganiladi...
- Fikringizni tushundim. Murabbiylik licenziyasiga o'qigan chog'imda bizga taniqli mutaxassis Usmon Toshev instruktorlik qilgandi. U kishidan haligacha o'zimga kerakli bo'lgan narsalarni so'rab, o'rganib boraman. Murabbiylik sohasiga o'tayotganimda Tohir Kapadzedan ko'p narsa o'rgandim. Qolaversa o'zingizga yaxshi malumki, jamoamizda yana bir taniqli futbol mutaxassisi - Vadim SHodimatov ish boshladi. SHaxrijonovichdan ham har kuni vazifa olaman va shu asosda mashg'ulotlarda uni qo'llayapmiz. Tabiiyki maqsadimiz asosiy jamoaga o'yinchi etkazib berish bo'lgani uchun bosh murabbiyning ishlash tizimi asosida faoliyat yuritamiz.

- Mashg'ulot o'tkazish va umuman bu yilgi mavsumda sizga kim yordam beradi?
- Qo'qonlik Muhammad Inog'omov. “Buxoro”dagi faoliyati orqali muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan Inog'omov 1978 yili tug'ilgan. Mendan yoshi katta bo'lsada, inson sifatida juda yaxshi. Bizda birinchi yoki ikkinchi murabbiy degan gap yo'q. Birgalikda ahil va inoq bo'lib ishlayapmiz. Inog'omov ham murabbiylikka endi-endi kirib kelmoqda. Ishtiyoqi yuqori.

- Mavsumga tayyorgarlik jarayoni qanday kechmoqda?
- Kuniga bir mahaldan mashg'ulot o'tkazilmoqda. Jiddiy ishlayapmiz. Qanchalik tayyor ekanligimizni mavsum davomida bilib olamiz. Lekin o'ylaymanki, tarkibimiz chakki emas. Iqtidorli yoshlar ko'p.

- Yig'inlar chog'ida sinov-nazorat o'yinlari muhim ahamiyat kasb etadi. Fikrimizga qo'shilasizmi?
- Albatta. Bu siz bo'lmaydi. SHuning uchun ham mavsum startiga qadar “Neftchi”, “Navbahor” va “Andijon” yoshlar jamoasi bilan o'ynab ko'rishni rejalashtirganmiz. Kelasi hafta Farg'onada uchrashuv tashkil etishga kelishib oldik. SHu orqali saviyamizni bilib olamiz va kamchiliklar bartaraf etib boriladi.

- Tarkib o'zagini aniqlab oldingizmi?
- Ha. Bosh murabbiyning bergan topshirig'iga binoan 15ta futbolchini saralab olishimiz kerak.

- Bu yil futbolchilarning yoshi nechchi bo'ladi?
- 1995 yil va undan kichik yoshdagi o'yinchilardir.

- Dastlabki yil qanday vazifa qo'yiladi?

- Rustam Rahmonovich bu yil asosiy vazifa o'yinchilarni pishitib borish va kelgusi yil yuqori o'rinlar uchun kurashchan jamoa shakllantirishni aytgan. Lekin bu bilan natija asosiy o'rinda turmaydi demoqchi emasman. Har bir o'yinda yutuq uchun chiqamiz. SHaxsan men yutqazishni sira istamayman.

- Murabbiy sifatida katta futbolda debyutingizni o'tkazishga yaqin turibsiz. Bunga tayyormisiz?
- Hech qanday qo'rquv yo'q. To'g'ri, murabbiy sifatida tajribam etarli deya olmayman. Lekin  jamoamizda malakali murabbiylar yig'ilgan. Yuqorida aytib o'tganimdek, bilmaganlarimni ish jarayonida Abdullaev va SHodimatovdan o'rganib boraman.

- O'z vaqtida Qo'qondan taniqli o'yinchilar etishib chiqqan. Ammo bu borada oxirgi yillarda sezilarli pasayish yuzaga keldi. Nima deb o'ylaysiz, endilikda “Qo'qon-1912”dan yana yulduz futbolchilar etishib chiqadimi?
- To'g'ri, takidladingiz Qo'qonda Rustam Abdullaev, No'mon Hasanov, SHuhrat Rahmonqulov, Baxtiyor Ashurmatov, Muxtor Qurbonov kabi taniqli o'yinchilar etishib chiqqan.
Quvonarlisi endilikda Qo'qon murabbiylar borasida ham etakchilar qatorida turibdi. Mana asta-sekin “Qo'qon-1912” jamoamiz avvalgi mavqeini tiklab bormoqda. Ilgari moddiy jihatdan qiyinchiliklar juda ko'p bo'lgan. Hozir esa ishbilarmon rahbarimiz bor. Aynan Baxtiyor aka Tolipovning sayi harakatlari tufayli, Qo'qonga katta futbol qaytdi. U kishi futbolni juda yaxshi ko'radi va tushunadi. Yaratib berilayotgan sharoitlardan kelib chiqib, munosib ravishda ishlagan xolda, rahbarimizni ishonchini qozonsak, moddiy texnik bazamiz ham yanada rivojlanib borishiga shubha yo'q. Savolingizning asosiy qismiga keladigan bo'lsak, albatta kelajakda Qo'qondan yana taniqli nomlar bo'y ko'rsatishiga ishonaman. SHahrimizda iqtidorli yoshlar ko'p. Ularni to'g'ri tarbiyalab borishimiz kerak bo'ladi.

- Yoshlar jamoasiga saralab olingan yigitlardan 1-2 yilda asosiy tarkibda o'ynab keta oladigani ham bormi?
- Har xolda shunga harakat qilyapmiz. Hozir sizga futbolchilarning nomlarini keltirib o'tib, ularni havolatib yuborishni istamasdim. Bosh murabbiy ko'z ostiga olib qo'ygan yigitlar bor. Qolaversa yoshlar va o'smirlar terma jamoasiga ham munosib nomzodlarni etishitirib berishni rejalashtirganmiz. Nasib qilsa bu yil bizdan ham terma jamoalarga nomzodlar bo'ladi degan umiddaman.

- Ishlash falsafangiz qanday?
- Murabbiy qattiqqo'l bo'lishi lozim. Bu juda muhim. Jamoada birinchi navbatda tartib-intizom bo'lmog'i kerak. SHunda muhit ham yaxshi bo'ladi va ishda o'sish ko'zga tashlanadi. Yuqorida aytib o'tganimdek, murabbiy sifatida tanish-bilishchilikka qo'l ura olmayman. Ish boshlaganimizdan keyin bu borada, ayrimlar sinov tariqasidami yoki boshqa maqsad uchun pul taklif qilib, suniy yo'l orqali tanishlarini o'tkazmoqchi bo'ldi. Bugun birortasidan o'z manfaatim yo'lida foydalanib, ertaga undan tilim qisiq bo'lib qolishini istamayman. Rahbariyat ham doim shunga qatiy turishimiz kerakligini aytadi.

- Bu yil ikkinchi liga jamoasini kim boshqaradigan bo'ldi?
- Narimon Asanov yoshlar bilan ishlash xadisini olgan murabbiydir. U kishiga ham kerakli sharoitlar yaratib berilgan va astoydil ishga kirishildi. Asanov tajribali murabbiy. U yoshlar bilan qanday ishlashni biladi. Ishonmanki, yoshlar jamoasiga Narimon aka munosib o'yinchilarni etkazib beradi.   
   
Islombek Rustambekov
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика