So’nggi yangiliklar

17:20Суперлигада трансфер ойнасининг сўнгги кунида вазият қандай?  17 17:07Стив Брюс Ямайка терма жамоасида иш бошлаши мумкин  1 16:50Париж-2024. Ўзбекистон - Доминикан Республикаси: Асосий таркибимиз маълум  29 16:17Ҳусниддин Алиқулов ва Остон Ўрунов бугунги ўйинни ўтказиб юборади  21 15:54Фабрицио Романо: "Атлетико" Конор Галлахер трансферига яқин  2 15:23"Челси" Лукакуни Осимхенга алишмоқчи  1 14:58"Арсенал" Саненинг атрофидаги вазиятни кузатмоқда  1 14:09Эшитдик-да! "Бунёдкор" бугун "Олимпик" ўйинчиси билан шартнома тузади  2 13:39"Пахтакор" стадионига таъмир керак. У Суперлигани қабул қила олмайди  30 13:10Энцо Фернандес АҚШда "Челси" сафига бориб қўшилди  1 12:52Ўзбекистонлик спортчиларнинг Париж Олимпиадасидаги иштирокидан ОНЛАЙН  3 12:31ЦСКА ҳужумчиси Греция клуби билан шартнома имзолайди   2 12:05Шерзод Файзиев қаерда?   8 11:50"Краснодар" бразилиялик футболчиси билан янги шартнома имзолади   1 11:29Леон Горецкага "Атлетико Мадрид" ва "Наполи" қизиқиш билдирмоқда  1

MTJga eng yaxshi nomzod: Bernd SHtork. Nega? Yangiliklar

MTJga eng yaxshi nomzod: Bernd SHtork. Nega?

Kecha O'FF O'zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy jalb etish bo'yicha bir necha xorijlik mutaxassislar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida bayonot berdi.

Ular orasida ko'plab tajribali mutaxassislar nomi qayd etilgan.

Yaqinda O'FFga taklif deb nomlangan maqolamda, xorijdan murabbiy izlayotganda bizning futbolga ko'proq mos tushadigan, uslub jihatdan yaqin bo'lgan mutaxassisni jalb etish kerakligi haqida yozgandim.

O'shanda asosiy urg'uni Germaniya, Italiya yoki hech bo'lmaganda gollandiyalik murabbiylarga qaratish lozimligi aytilgandi. Sabablari ham maqolada keltirilgan. Aksincha ispaniyalik mutaxassislar bizning futbolga mos tushmasligi va ular talab etadigan o'yinni futbolchilarimiz ijro etib berolmasligini yozgandim.

O'FF muzokara olib borayotgan nomzodlar orasida ispaniyalik mutaxassis yo'q. Bu yaxshi. Demak O'FF rostan ham futbolimizga har tomonlama mos tushadigan murabbiy izlamoqda.

Menimcha, nomzodlar orasidan ko'proq Valter Maccari va Bernd SHtork bizga maqul keladi.
Ko'pchilik Bilich, Bert van Marveyk va Maccari nomlarini tilga olmoqda. Radulovich ham o'zbek futbolini bilgan mutaxassis sifatida ustunlikka ega.
Qolgan nomzodlar ichida ham yaxshi mutaxassislar bor. Masalan, Osiyo futbolidan xabardor bo'lgan murabbiy ham mavjud.

Endi esa men nega bizga Bernd SHtork ko'proq mos tushishi va u bilan natija qayd etishimiz mumkinligi haqida to'xtalmoqchiman.

Hali aytganimdek, bizga germaniyalik yoki italiyalik mutaxassislar ko'proq zarur. CHunki ular mavjud tarkib yoki futbolchilar kelib chiqib taktik ishlanmalar tuzib chiqishlari va bu natija berishini amalda ko'p ko'rganmiz.

Bernd SHtorkning murabbiylik faoliyatiga nazar tashlaydigan bo'lsak, ushbu mutaxassis futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin dastlab "SHtutgart", "Gerta", "Volfsburg", "Partizan" hamda "Borussiya" Dortmund jamoalarida bosh murabbiy yordamchisi sifatida ishlagan.

Keyinchalik o'zi mustaqil murabbiy sifatida Qozog'istonda shakllangan. Yani, Bernd SHtork bosqichma-bosqich qadam tashlagan.

Uning Qozog'istondagi faoliyati, ayniqsa Qozog'iston terma jamoasida faoliyati u qadar muvaffaqiyatli chiqmagan.

Qozog'istonga 2008 yilda borgan SHtork avvaliga "Olma Ota" jamoasida, keyinchalik Qozog'iston yoshlar terma jamoasida faoliyat ko'rsatgan. SHuningdek, SHtork Qozog'iston terma jamoasi va "Cesna" jamoalarida ham bosh murabbiy bo'lgan.
Uning Qozog'istondagi missiyasi 2011 yilda Qozog'iston (U19) terma jamoasida tugagan. Uning qo'shnilarimizdan ketib qolishiga oilaviy muammolar sabab bo'lgan.

SHundan so'ng SHtork 2012-2014 yilga qadar Greciyaning "Olimpiakos" yoshlari jamoasida ishladi.

Bernd SHtorkdan Qozog'iston futboli imkon qadar maksimum foydalandi. SHtork Qozog'istonda futbolga bo'lgan qarashni, yondoshuvni yaxshi tarafga o'zgartira olgan mutaxassis sanaladi. U Qozog'istonda bir nechta yosh toifadagi terma jamoalarda ishladi. Ikkita klubida faoliyat ko'rsatdi.

SHtorkning mustaqil bosh murabbiy sifatidagi dastlabki qadamlari uchun Qozog'istondagi faoliyati yomon bo'lmadi. Bu har ikkala tarafga o'ziga xos foydali bo'ldi.

SHtork Qozog'iston terma jamoasi bosh murabbiyi bo'lib ishlagan davr mobaynida bir qator klublarning mashg'ulot jarayonlarini kuzatgan. Har 2-3 oyda 10 kun yig'in o'tkazib, keyin hordiq chiqaradigan murabbiylar toifasidan emasligini juda ko'p takrorlagan.

SHtork Qozog'istonda murabbiylarni ishga bo'lgan yondoshuvidan, ular bilan aloqa deyarli yo'qligidan noligan.


Intervyularining birida SHtork shunday degan:
"Qozog'istonda xorijlik murabbiy ishlashi juda qiyin. Qozog'iston futboliga yordam berish istagi menda juda kuchli. Ko'plab murabbiylar bilan aloqa o'rnatishni istayman. Men 10 kun yig'in o'tkazib bo'lgach, keyin uyga ketib qoladigan murabbiy emasman. Men imkon qadar milliy chempionat o'yinlarini stadionda kuzatishga intilaman. Klublarning mashg'ulotlarini shunchaki kuzatishni xohlayman. Ularning ish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, kerak bo'lsa ularga bazi maslahatlarni berishga tayyorman. Yoki aksincha, mahalliy mutaxassislardan kerakli maslahatlarni olishga tayyorman. Lekin afsuski, meni ishimga qiziqayotgan birorta murabbiyni ko'rmayapman. Hech kim men bilan aloqa o'rnatishga harakat ham qilmayapti. Qozog'istonda hech bir murabbiy mendan mashg'ulotlar jarayoni Germaniyada qanday yo'lga qo'yilgani haqida ham so'ragani yo'q.
To'g'ri, Qozog'istonda ichki doirada muvaffaqiyatga erishayotgan murabbiylar ko'p. Ammo ular shu bilan qanoatlanib qolishmoqda. Futbolda esa barcha yanada yuksalishga, yangi darajaga chiqishga intilishi lozim"

(c) Bernd SHtork, 2009 yil

Qozog'iston futboli uchun ko'p ishlarni qilishga istagi kuchli bo'lgan mutaxassis qo'shnilarimizda o'zining barcha rejalarini amalga oshira olmadi.

Qozog'iston terma jamoasida avlodlar almashuvini amalga oshirgan, jamoani ochiq futbol o'ynashga chorlagan SHtork evropa chempionati saralash bosqichidagi ketma-ket to'rtta mag'lubiyatdan keyin istefoga chiqarildi.

Evropa chempionati saralash bosqichida Qozog'iston kabi terma jamoa bilan evropa grandlariga qarshi kurashish baribir juda og'ir ish.

Lekin bu SHtorkni himoyaviy o'yin o'ynashga majbur qilolmadi. Lekin Qozog'istonda esa uning aynan tanlagan uslubini tanqid qilishdi.
SHtorkni tanqid qilinishiga uchta sabab bo'lgan: Uning tanlagan tarkibi, terma jamoani keskin yoshartirgani va uslubi. Ketma-ket uchralgan to'rtta mag'lubiyatda aynan hujumkor o'yin uslubi tanlangani xato bo'lgani takidlangan.

Ammo SHtork himoyaviy o'yin ko'rsatib, minimal hisobda mag'lubiyatga uchrashdan ko'ra, uning jamoasi futbol o'ynashini istashini alohida qayd etgan.

"Ha, himoyadan o'ynab, kichik hisobda mag'lub bo'lish mumkin. Hisob ham uyatli bo'lmaydi, ishqibozlar ham bizni qattiq tanqid ostiga olishmaydi. Lekin bir narsani unutmanglar, futbol bu azoblanish emas. Futbolni o'ynash kerak. Futbol chiroyli va yaxshi o'yin bo'lgani uchun ham muxlislar bu sport turini o'zgacha mehr bilan yaxshi ko'rishadi. Meni jamoam futbol o'ynashini istayman. SHu bois men tanlagan uslubim va falsafamdan ortga chekinmayman. Falsafam juda oddiy: jamoam futbol o'ynashi kerak. Aynan o'ynashi. Qozog'iston chempionatidagi hozirgi futbol, bu xalqaro maydonda yaxshi natijalar qayd etish uchun juda kamlik qiladi"

(c) Bernd SHtork

Bernd SHtork murabbiy sifatida haqiqiy muvaffaqiyatga Vengriya terma jamoasi rulida erishdi.

Murabbiylik faoliyatini bosqichma-bosqich boshlagan SHtork 2015 yilda Vengriya yoshlari terma jamoasini boshqarvini o'z ko'liga oladi.
Keyinchalik esa unga asosiy terma jamoa topishiriladi.
Bernd SHtork ishlagan joylarida barcha yosh toifadagi terma jamoalarga, klublarda esa yoshlar jamoasiga alohida urg'u qaratadi. Ular bilan bevosita birga ishlaydi.
Ishni yoshlarga etibordan boshlaydi.
Demoqchi bo'lganim, yoshlar bilan ishlashni biladigan, taktik taraflama ko'p qirrali sanalgan SHtork qisqa fursat ichida Vengriya bilan muvaffaqiyatga erishadi.
Terma jamoani uzoq yillik tanaffusdan keyin Evropa chempionatiga olib chiqdi. Franciyada o'tgan Evro-2016da esa Portugaliya va Avstriya bilan bir guruhdan joy olgan vengriyaliklar "kvartet"da peshqadam bo'lishdi va nimchorak finalga qadar etib borishdi.

Evropa chempionatida ko'pchilik Vengriya terma jamoasining o'yinlaridan sarmast bo'lgani hech kimning yodidan chiqmagan bo'lsa kerak. Ayniqsa Portugaliyaga qarshi dramatik o'tgan bahsda SHtork jamoasi yorqin futbol namoyish etgandi.

Ammo SHtork Vengriya terma jamoasini kelasi yili Rossiyada bo'ladigan mundialga olib chiqolmagani uchun istefoga chiqarildi.

Bernd SHtork asosan agressiv futbol o'ynashni xush ko'radigan murabbiy. Bernd SHtork qo'l ostida jamoalar tajovuzkor futbol namoyish etishadi.
Hujumni yaxshi ko'radigan murabbiy taktik taraflama ham ko'p qirrali sanaladi. U boshqargan jamoalar har xil taktik uslubda o'ynashgan.
SHtork asosan 4-2-3-1 taktik sxemadan foydalanib keladi. SHuningdek, SHtork klassik sanaladigan 4-4-2 hamda 4-1-4-1 taktikasida ham o'ynashni xush ko'radi.

Nemis murabbiylarining ustunligi va bizga mos tushadigan jihati ham shunda. Yani ular tarkibga qarab, qo'l ostidagi futbolchilarning salohiyatidan kelib chiqib taktika tanlashadi. Aksincha, taktikaga qarab futbolchilarni tanlanmaydi.

Bernd SHtork yoshlar bilan qanday ishlashi haqida aytib o'tdim. Bizning terma jamoamizga hozirda aynan avlodlar almashuvini alamga oshirish vaqti kelgan. Kelajak uchun jamoa quradigan palla. Bu ishni SHtork bilan qoyilmaqom uddalasa bo'ladi. Nemis murabbiylari nafaqat jamoa o'yinini bir mexanizim kabi ishga tushirishadi, balki natija borasida ham yaxshi ko'rsatkichga egalar. SHtork buni Vengriya terma jamoasi fonida amalda isbotlagan.

Qozog'istonda ishlaganligi va ularni mentaliteti bizga nisbatan yaqinroq bo'lganidan kelib chiqadigan bo'lsak, SHtork bizda u erdagi kabi qiynalmaydi. Futbolchilar tanlovi borasida ham ustunlik mavjud. Qozog'istondan farqli jihati, bizning futbolchilar Qozog'iston futbolchilaridan ko'ra texnik tomonlama yaxshi ko'rsatichga ega. Taktik funkciyalarni bajarish borasida ham bizning futbolchilar qo'shnilardan ko'ra ancha kuchliroq.

O'tgan davr mobaynida Bernd SHtork murabbiy sifatida ancha yuksalishga, o'sishga erishdi. Jahon futbolida oz bo'lsada nomini chiqardi. Ayniqsa Evropa chempionatidan keyin uning faoliyatiga bo'lgan qiziqish ancha ortdi.

Muhimi, SHtork ishga chanqoq istedodli mutaxassis. Undan futbolimiz rivoji yo'lida ham maksimal foydalansak bo'ladi.

Agarda terma jamoamiz ruliga Bernd SHtork keladigan bo'lsa, unda terma jamoamiz ham nemis mashinasi kabi "nemischa mentalitet" bilan o'ynashni o'rganishi mumkin. SHtork bunga astoydil harakat qilishi aniq.

CHiroyli, shiddatkor futbol, yoshlik shijoatini maksimum jo'shqini bilan natija qayd eta oladigan terma jamoamizni balki SHtork boshqaruvida ko'rsak ajab emas.

Agarda O'FF rahbariyati Bernd SHtork nomzodiga jiddiy to'xtaladigan bo'lsa, kelishuv amalga oshsa, menimcha, bu xato bo'lmaydi. Aksincha ayni kerakli nuqtaga urgan bo'lamiz.

Nemis murabbiylari salohiyati, potencialiga hech qanday shubha yo'q. Bernd SHtork esa terma jamoamizning yangi avlodini shakllantira olish salohiyatiga ega va ularni bor potencialini yuzaga chiqarishga qodir murabbiy.

Muallif :
Reyting: +96   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика