So’nggi yangiliklar

14:15Эшитдик-да! Усмон Тошев ЎФАни тарк этди  0 14:05Хакими ПСЖ билан шартномасини узайтирди  0 13:47Арихиро Сентоку: "ОКМК билан мавсум якунида тарих яратамиз"   0 13:20ОКМК Тошкентда "Пахтакор"ни мағлуб этган учрашувдан галерея  1 13:03"Навбаҳор" футболчиси учун мавсум тугади   2 12:45ЎзФҲМ нимани яширмоқда? Асимов, Норсафаров ва бошқа ҳакамлар қаерда?  3 12:08"Милан" Меньян ва Эрнандес билан шартномаларни узайтириш устида ишламоқда  0 11:40FIFA.COM: "Аббос Файзуллаев кичик бўйли эканига қарамай, ажойиб техник хусусиятларга эга"  14 11:28"Реал" Дэвис трансферига шубҳа қилмаяпти  1 10:42Гвардиола нима учун «Манчестер Сити»да қолишга қарор қилганини тушунтириб берди  9 10:06Ламин Ямаль ва «Барселона» ўртасидаги янги келишув шартлари маълум  2 09:30Goal «Олтин тўп»-2025 соврининг асосий даъвогарини эълон қилди. Виниcиус ҳозирча 4-ўринда  13 08:53«Арсенал» январда учта футболчисини сотиб юбормоқчи  1 08:21Про лига. Бугун Бухорога катта футбол қайтади  7 07:45Суперлига. Чемпионлар Фарғонага сафар қилади. «Қизилқум» эса яна бир водий жамоасини меҳмон қилади  2

MTJ, Osiyo Kubogi, Kuper, "Nasaf", ispan tili to'garagi, Nesterov va terma jamoaning bo'lajak birinchi raqami haqida - Denis Ivankov bilan suhbat Yangiliklar

MTJ, Osiyo Kubogi, Kuper, "Nasaf", ispan tili to'garagi, Nesterov va terma jamoaning bo'lajak birinchi raqami haqida - Denis Ivankov bilan suhbat

“Nasaf”dagi ishlari bilan tanilgan mutaxassis, ayni paytda Qarshi klubini tark etgan hamda O'zbekiston terma jamoasi va Olimpiya terma jamoasida darvozabonlar murabbiyi sifatida ishlayotgan Denis Ivankov o'tgan oy suhbat qildik.

Malumot o'rnida:

Ism sharifi: Denis Ivankov Aleksandrovich

Tug'ilgan sanasi: 1972 yil, 17 iyun.

Futbolchilik faoliyati: "Aralvodstvorec" (1990), "Soxibkor" (1990), "CHirchiq" (1991), "Paxtakor" (1992, 1994-1995), "Nurafshon" (1992-1993), "Neftchi" (1995)

Murabbiylik faoliyati: "Mashal", "Nasaf", O'zbekiston terma jamoasi

Yutuqlari: O'zbekiston chempioni (2): (1992, 1995)

Murabbiy sifatida yutuqlari

O'zbekiston Kubogi sohibi (2015)

O'zbekiston chempionati bronza medali sohibi: (2013, 2014, 2015, 2016)

O'zbekiston chempionati kumush medali sohibi: (2017)

Dastlab Muborakning "Mashal" klubida, keyinchalik 2013 yilgi mavsumdan boshlab "Nasaf"da ishlagan Denis Ivankov darvozabonlar murabbiyi sifatida iqtidorli posbonlarni tarbiyalashda jonbozlik ko'rsatgan va hozirgi kunda uning bir qator shogirdlari (Eldorbek Suyunov, Sanjar Quvvatov, O'tkir Yusupov, Umid Ergashev) terma jamoa darvozabonlari sanalishadi. Ro'ziqul Berdiev boshchiligidagi "Nasaf" murabbiylar shtabida 6 mavsumni o'tkazgan tajribali mutaxassis endilikda to'laqonli O'zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabida ish boshladi. Biz mazkur mutaxassis bilan yaqinda uchrashib bir qator mavzular bo'yicha suhbat qurdik. Quyida o'sha suhbatni etiboringizga havola qilamiz.


"Ikkinchi uyi"dan ketishi haqida

- "Nasaf" mening ikkinchi uyimga aylangandi. Ko'p yillar mobaynida klub qarorgohida istiqomat qildim, barcha bilan aka-uka, do'stdek tutunib ketgandim. Qisqa qilib aytganda, ular bilan xayrlashish oson bo'lmadi. Lekin juda iliq xayrlashdik. Ko'plab ishqibozlar, klub xodimlari meni ketishimni istashmadi. Ular mendan jamoada qolishimni so'rashganida boshqacha bo'lib ketdim. Klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va kollektivga ketishim sabablarini to'g'ri tushuntirdim. “Nasaf”da meni qarorimni to'g'ri qabul qilishdi. Hayotimda shunday o'zgarishlar yuzaga keldi. "Nasaf"dagi faoliyatim davomida aka-uka, do'stdek bo'lib qolgan insonlarga ketishim haqidagi qarorni tushuntirishga qiynaldim. Bir tarafdan juda tasirli va yoqimli. Men "Nasaf"da o'z ishimni chin ko'ngildan, zavq bilan amalga oshirardim. Ammo terma jamoadagi faoliyatim bilan klubdagi ishimni bir vaqtda davom ettirishning iloji bo'lmadi. Umuman olganda chiroyli va yaxshi kayfiyatda xayrlashdik.

Ketishimdan oldin rahbariyat, murabbiylar shtabi va kollektiv bilan o'tirdik. Ularga qarorimni aytdim va yaxshi kayfiyatda bir-birimizga omad tiladik. Hozir ham klub rahbariyati, murabbiylar yoki xodimlar bilan aloqamiz, suhbatlashib turamiz. SHu o'rinda "Nasaf" klubiga o'z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Nafaqat klubga, balki Qashqadaryo xalqiga katta rahmat aytaman. Men u erda hech qachon unutilmas onlarni o'tkazganman. Mening murabbiy sifatida shakllanishimda aynan Qashqadaryo viloyatining o'rni juda katta. Aynan o'sha erda men murabbiy sifatida oyoqqa turdim. Klub prezidenti, menejer Sergey Kucherenkoga, bosh murabbiy Ro'ziqul Berdievga o'zaro hamkorlik uchun katta rahmat aytaman. "Nasaf"dagi muhit, ishchanlik kayfiyati va o'zaro hamkorlikni hech qachon unutmayman. "Nasaf" tom manoda mening ikkinchi oilamga aylanib qolgandi.

O'tgan 3 oy vaqt mobaynida "Nasaf" qarorgohini qumsayman, klub menejeridan boshlab maydonga javobgar agronomgacha sog'inaman. Ularning barchasi men uchun qadrli insonlarga aylanishgandi. "Nasaf"dagi barchani sog'inaman. Bo'ladiku, o'sha erdagi barcha men uchun o'zimizning odamlarga aylanib qolgandi. "Nasaf"dagi ichki muhitni ko'proq sog'inyapman, desam aldamagan bo'laman. Klub bilan terma jamoadagi ish bir-biridan farq qiladi. SHu boisdan ham har kungi chiroyli muhitni qumsaydi odam.


O'zbekiston terma jamoasidan tushgan taklif haqida

- Ochig'i bu taklif kutilmaganda ruy berdi. Aytishim mumkinki, bu chorlov men uchun juda yoqimli bo'ldi. Dastlab menga O'FAdan qo'ng'iroq qilishdi va MTJ murabbiylar shtabiga kirishi mumkin bo'lgan kengaytirilgan ro'yxatga tushganimni aytishdi. O'shanda hali hech narsani malum bo'lmagan va Kuper nomzodlar orasidan kimnidir tanlashi aytildi. Yakunda Kuper meni tanlaganini malum qilishdi. So'ngra terma jamoaning avgustdagi yig'iniga taklif oldim. Yig'in davomida Kuper bilan tanishdik va ishni boshladik. Malum vaqtdan so'ng Kuper meni o'z shtabida ko'rishni istayotganini aytdi. SHundan so'ng "Nasaf"dan ketib to'laqonli terma jamoa murabbiylar shtabiga kirdim. CHunki Kuper bor etiborni aynan terma jamoaga qaratishimni istadi. Kuperdek tajribali murabbiyga mening ish uslubim, mashg'ulotlarga bo'lgan munosabatim yoqqani albatta juda yoqimli holat.



Osiyo Kubogiga bo'lgan tayyorgarlik va darvozabonlari haqida

- Osiyo Kubogiga 12 dekabrdan boshlab tayyorgarlik jarayonini boshladik. Mavsum tugagach futbolchilar malum tanaffusdan so'ng terma jamoa yig'iniga qaytishdi. Turkiyadagi yig'in davomida mashg'ulotlarga qattiq ishlandi. CHunki qita chempionatiga qadar oz vaqt qolgandi. Turkiya yig'iniga olib ketilgan darvozabonlarning barchasi o'zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Nesterovning mashg'ulotlardagi harakatidan ko'plab darvozabonlarimiz o'rnak olishdi, unga o'xshab ishlashga intilishdi. Osiyo Kubogiga qadar juda katta hajmdagi ishni amalga oshirdik. Yig'inda juda qattiq ter to'kildi. Yaxshi ishlandi. CHunki 2 hafta ichida darvozabonlarning jismoniy, texnik va taktik taraflama yuqori sport formasiga olib chiqishim talab etilardi. O'ylaymanki, mehnatlar samarasini amalda ko'rdik. Har holda natija yomon bo'lmadi. Men darvozabonlar harakatini nazarda tutyapman. Avstraliyadan o'tolmaganimiz alamli bo'ldi albatta. Lekin hammasi oldinda deb o'ylayman. Hali O'zbekiston terma jamoasining katta g'alabalari oldinda. 

Darvozabonlarni musobaqaga tayyorlash jarayonida hech qanday savol yoki muammolar bo'lmadi. To'g'ri, ular har xil murabbiy qo'l ostida va boshqa mashg'ulotlar dasturi bo'yicha shug'ullanishgan. Lekin mening dasturim bo'yicha shug'ullanishda hech qanday muammolar yuzaga kelmadi. Barcha ko'rsatmalarimga to'liq rioya qilishdi va o'z vazifalarini yaxshi bajarishdi. To'g'risini aytaman, ularga yig'in davomida juda qiyin bo'ldi. CHunki mashg'ulotlarda ularni juda qiyin yuklamalar bilan shug'ullantirdim. Darvozabonlar piyoda yurishga ham qiynalib qolgan paytlari bo'ldi. Aytadiku, mashg'ulotlarda qanchalik qiyin bo'lsa, ishda osonroq bo'ladi. SHu boisdan ham Nesterov musobaqa davomida yaxshi natija qayd etdi.


Darvozabonlarni tanlashda muammo bo'lganmidi?

- Darvozabonlarni tanlash? Bu menga to'g'ri manoda muammo tug'dirmadi. Lekin tanlovda yoqimli bosh og'riq paydo bo'ldi. Biroq Osiyo Kubogiga boradigan kiperlarni tanlashda ortiqcha qiyinchilikka duch kelmadim. Avvalo Eldorbek Suyunov mazkur qita chempionatini o'tkazib yuborgani yomon bo'ldi. O'tgan mavsum yakuni Suyunov uchun omadsiz kechdi. Dastlab qo'lini panjasini sindirib oldi, keyinchalik oyog'idagi eski jarohat qaytalandi. Xudoga shukur, hozirgi holati yaxshi. Umid qilamanki, yangi mavsum Suyunovda bunday muammolar bo'lmaydi. Osiyo Kubogiga borgan darvozabonlarni tanlashga kelsak, murabbiylar shtabi bilan kelishgan holda Nesterov, Quvvatov va Yusupov variantiga to'xtalgandik.



Kuper darvozabonlardan nimani talab qiladi?

- Kuper darvozabonlardan ko'proq agressiv bo'lishni talab qiladi. O'yin davomida darvozabon o'zini borligini butun jamoaga bildirib turishi kerakligini takidlaydi. SHuningdek, janob Kuper darvozabon himoya chizig'i va yarim himoyani boshqarib turishi kerakligini talab qiladi. Boshqaruvni o'z qo'liga oladigan darvozabonlar yoqadi. Kiper maydonda etakchi bo'lishi kerak. Paytida qaysidir futbolchiga etiroz qilishi, xatosini to'g'rilab turadigan figura bo'lishini talab qiladi.


Ignatiy Nesterov va terma jamoaning bo'lajak birinchi raqami haqida

- Men bu erda katta muammo ko'rmayapman. Bu hayot. Avvalambor Nesterovga kattadan-katta rahmat aytish lozim. Ignatiyga uning professionalligi uchun, ishga bo'lgan munosabati, o'yinlari, seyvlari va vatan uchun qilgan mehnatlari uchun tashakkur. Lekin hozirdan Nesterovni hisobdan chiqarishga shoshilmayman. Faoliyatini yakunlashi yoki diskvalifikaciya bo'lishi mumkinligi haqida gapirmoqchi emasman. Nima bo'lishini bilmayman, balki faoliyatini hali yakunlamasligi mumkin.

Umid qilamanki, Nesterovning diskvalifikaciya xavfi kutilganidan kam muddat bo'ladi. Nesterovning terma jamoadagi faoliyatini tugatish qarori alamli mag'lubiyatdan keyingi qizishib ketish natijasida aytilgan gap deb qabul qilaman. Hali shoshmaslik kerak. Balki ertaga hammasi boshqacha tus olishi mumkin.

Terma jamoa birinchi raqami haqida gapiradigan bo'lsam, endi keyingi avlodning davri kelmoqda. Aslida bu keyingi avlod emas. Nesterovdan keyingi ko'plab avlodlarni yo'qotganmiz. Hozirgi kunda Nesterovdan keyingi nechanchidir avlod o'sib keldi. Masalan Ignatiy 83 yil bo'lsa, bizda 85, 87, 88 yilda tug'ilgan darvozabonlar ichidan terma jamoa darajasida porlab chiqqani bo'lmadi. Buyog'iga 89, 90 va undan keyingi yillarda tug'ilgan darvozabonlar davri keldi. Hozirgi kunda Suyunov, Quvvatov, Yusupov, Ilyosov va boshqalar. Buyog'iga nazorat, o'rtoqlik va mini turnirlar orqali terma jamoadagi yangi birinchi raqamli posbonni aniqlab olamiz. 

Terma jamoamiz oldida JCHga chiqish kabi jiddiy vazifa turibdi. SHu boisdan ham terma jamoa darvozasini kuchli va ishonchli kiper qo'riqlashi kerak bo'ladi. Birinchi raqamli darvozabon qiyin pallada jamoa joniga oro kiradigan, ruhiy taraflama ham kuchli bo'lmog'i lozim.  Potencial jihatdan Suyunov, Quvvatov, Ilyosov va boshqa nomzodlar yaqin kelajakda terma jamoamizning asosiy kiperiga aylanishlari mumkin.

Ektor Kuper bilan asosiy darvozabon masalasida hali alohida suhbat bo'lib o'tgani yo'q. CHunki Ektor Kuper bilan Osiyo Kubogidan keyin hali alohida o'tirib gaplashishga fursat bo'lgani ham yo'q. Albatta, jamoa uchun birinchi raqam kimligini bilish muhim ahamiyat kasb etadi. CHunki jamoa darvozada kim turishini va unga ishonishi, ortida ishonchli devor turganini his etib o'ynashi lozim. O'ylashimcha, biz tanlovni to'g'ri amalga oshiramiz.



Ektor Kuper haqida

- Kuper terma jamoamizga endigina kelganida avvaliga himoyaviy o'yin uslubini joriy qilib, asosiy etiborni mudofaa chizig'iga qaratgandi. Lekin o'shanda agarda mazkur uslub naf keltirmasa, hujumkor taktikaga qaytishini takidlagandi. O'tgan o'rtoqlik o'yinlaridan keyin jamoa Osiyo Kubogida nafaqat himoyada, balki hujumkor uslubda ham o'ynay olishini isbotladi. Yani, Kuper taktik o'zgartirishlarni amalga oshirdi. Uning ishga bo'lgan yondoshuvi haqida gapiradigan bo'lsam, mashg'ulotlarda asosan taktik jihatdan jamoani tayyorlashga ko'proq etibor qaratadi. Birinchi o'rinda esa tartib turadi. Ochig'i, men asosan darvozabonlar bilan alohida shug'ullanishimni inobatga olsak, butun jamoaning mashg'ulotdagi jarayoni bilan tanishib chiqishga vaqt bo'lmaydi. Lekin terma jamoada Kuper hali aytganimdek tartibni yuqoriga o'ringa qo'yadi. Imkon qadar barcha bilan ko'proq muloqot qilishga harakat qiladi. To'g'ri, men u bilan to'g'ridan-to'g'ri rus tilida gaplasha olmayman. Til borasida kichik to'siq mavjud. Bu muammoni bartaraf etish bo'yicha esa allaqachon ishga kirishganman va hozirda ispan tilini o'rganyapman. Qarshida ishlab yurgan kezlarimda ispan tili o'qituvchisini topish muammo bo'ldi. Toshkentda esa o'zimga o'qituvchi yolladim. 

Kuper men bilan faqat darvozabon xususida ko'proq suhbatlashadi. Taktik taraflama esa o'zining shunga masul yordamchilariga ko'proq murojaat qiladi. Mashg'ulotlardan tashqari juda quvnoq, hazilkash inson. Janob Kuper bilan suhbatlashish, hazillashish yoqimli. Qisqa qilib aytganda, juda yaxshi inson. O'zbek mutaxassislaridan farqili jihati sifatida, argentinalik mutaxassis mashg'ulotlarda ko'proq taktik yuklamalarga vaqt sarflashini aytish mumkin. Odatda 40-50 daqiqa jamoa taktik qo'llanmalar ustida ishlaydi. Umuman barcha murabbiylarning o'z metodikasi va uslubi mavjud. Kuperda birinchi navbatda tartib-intizom va taktika.

Ish jarayonida Kuper o'zini boshqalardan ustun qo'ymaydi. Masalan men Kuperman, o'z ishim bilan tanilgan va nomdor murabbiyman degan tushunchasi yo'q. Mashg'ulotlarda futbolchilardek butsa va xushtak bilan chiqadi hamda jamoa birgalikda ishlaydi. Kuper juda kamtar va oddiy inson. Bazan uning bu qadar kamtarligini ko'rib hayron qolaman. 

Xorijliklar butkul farq qilishadi. Mentalitet, futbolga bo'lgan qarashi butkul boshqacha. Bizda masalan SHanel, Lui Viton yoki Guchchi brendi ostida kiyinsa, “aaa, zo'r-u”, deyishadi. Kuper esa 3 evroga kiyinishi mumkin. Yani, buyum yoki narsaning qiymati muhim emas.


O'zbekiston terma jamoasi ichki muhiti haqida

- Terma jamoada hech qanday guruhbozlik yo'q. Ichki muhit ajoyib. Masalan futbolchi istalgan payt murabbiyning oldiga kelib o'zini qiziqtirgan savolini berishi mumkin. Yoki aksincha. Avvallari terma jamoa Geynrix eng hazilkash va quvnoq futbolchi bo'lgan deyishadi. Jamoaga kayfiyat ulashuvchi. Hozirgi terma jamoada ichki muhitida Geynrixdaqa hazilkashi bo'lmasada, umumiy kayfiyat doim yuqori notada. Muhimi, terma jamoada muhitni buzadigan futbolchi yo'q. Darvozabonlar alohida olam, to'g'ri. Darvozabonlar ichida eng quvnoqi bu men (kuladi). Ular kerak paytda meni eshitishadi, kerak bo'lsa hazillashamiz, kulish kerak paytda kulishadi. Ignatiy Nesterov ham o'yinda jiddiy ko'ringani bilan mashg'ulotlarda kayfiyat ulashishga qodir. Garchi doim jiddiy qiyofada yursada hazilni o'z o'rniga qo'ya oladi. SHunchaki uning xarakteri va o'zini tutishi shunday. Ignatiy juda yaxshi yigit.



Alamli mag'lubiyatdan keyingi soniyalar haqida

- Kimningdir ko'zida yosh, kimdir asabiylashgan va hokazo. Kuper kiyinish xonasida hayot bu bilan to'xtab qolmasligini aytdi. Asosiy maqsaj JCHga yo'llanma olishligini takidladi. Agarda o'yinlarga shunday yondoshuv bilan qaralsa, unda hammasi yaxshi bo'lishini aytdi. Hech kim bir-birini ayblamadi yoki gapirmadi. Futbolchilar maydonda bor kuchlarini sarflashdi. Hech kim shunchaki o'ynagani yo'q. Bu shundoq sezilib turgandi. Penalti esa ko'p jihatdan omadga bog'liq bo'lgan lotereya. Bu borada omad Avstraliyaga kulib boqdi.  Kishini ranjitgan jihat, penaltini urolmagan Islom va Maratga nisbatan ko'p negativ paydo bo'ldi. Islom va Maratni ayblagan yoki ularga etiroz bildirgan odamlar bilan ko'p tortishdim, bahslashdim va kerak bo'lsa urishib qoldim. Qanday qilib kecha yaxshilab turgan futbolchini penalti urolmaslikda ayblab, haqorat qilish mumkin? Jahon futboli yulduzlari ham “nuqta”dan adashadi. Nima Marat yoki Islom gol urishni istamagan deb o'ylashadimi? Bikmaev nima o'zi uchun, golini nishonlash uchun tepdimi? Yo'q albatta. Marat golni butun terma jamoa muxlislari bilan nishonlash, mamlakatga quvonch ulashish uchun nuqtaga bordi. Ammo o'xshamadi. Istalgan futbolchi bilan bunday holat ruy berishi mumkin. Tarixiy g'alabaga juda yaqin kelgandik. Hamma g'alabani juda xohlagandi. Lekin o'xshamadi. Bugun yutmadikmi, balki ertaga JCH yo'llanmasining hal qiluvchi bahsida ularni yutishimiz mumkin. Hammaga katta rahmat aytmoqchiman.

Bazan menga ham darvozabon xato qildi, degan iddaolar bo'ladi. Men ularga darvozabon ham odam, u ham barcha kabi xato qilishi mumkinligini aytaman. Robot xato qiladi, mashinalar buziladi. Odam xato qilsa uni haqoratlab tashlash kerakmi? Har bir odam xato qiladi. Xatolar ustida esa ishlaniladi. Mashg'ulotlarda o'sha xatolar ustida ishlab, kerakli xulosa chiqariladi. Tizimli xatolarga doimiy yo'l qo'yish boshqa. Unda ha, demak o'sha darvozabon yoki futbolchi haqiqatdan ham ahmoq bo'ladi. Xatodan xulosa chiqarmaydigan va doimiy bir xatoni takrorlash boshqa. Ammo xatolaridan xulosa chiqarib, buni boshqa takrorlamaslik boshqa. 

Men ham o'z ishimni yil yakunida tahlil qilib chiqaman. Yil yakunida qilingan ishlar hisobotini qilib, qaysi darvozabon nechta gol o'tkazganini qarab chiqaman. Yon daftarchamni ochib, qaysidir mashqlarni bekor bajartirganimni, bu foyda keltirmaganini ko'raman. SHundan xulosa chiqaraman. Qaysidir mashqlarni olib tashlayman, qandaydir boshqa mashqlarni qo'shaman. Kerakligini olib qolib, keraksizidan voz kechaman. Hamma xato qiladi. Muhimi, o'sha xatolardan tegishli xulosa chiqarish lozim.



Osiyo Kubogida Vetnam darvozaboni nega Ivankovga rahmat aytgandi?

- Dang Van Lam (asl ismi Dang Lev SHonovich) juda yaxshi bola. Uning onasi rus, otasi esa vetnamlik adashmasam. Men u bilan instagram orqali tanishib qolganman. Mening sahifamga obuna bo'lib, mashg'ulotlarim tushirilgan video ostiga o'z izohlarini yozishni boshlagan. Unga mening darvozabonlarga berayotgan mashqlarim yoqqanini aytgandi. Osiyo Kubogi doirasidagi Vetnamning Yaponiyaga qarshi o'yin kuni ertalab menga yozib qoldi. SHunda mendan Yaponiya terma jamoasi haqida so'radi. SHunchaki maslahat sifatida. Tabiiyki men unga o'zim bilgan jihatlar haqida ovozli xat yubordim. U esa buni inobatga olib, keyinchalik Yaponiyaga qarshi o'yinning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo'ldi va Dang Van Lam (asl ismi Dang Lev SHonovich) menga rahmat aytdi. Bu haqda dastlab sizlarning saytingizga bergan intervyusi orqali xabar topdim. Keyin menga alohida sms jo'natib tashakkur bildirdi. Albatta juda yoqimli bo'ldi. Keyinroq meni mehmonga chaqirgandi. Lekin haligacha hayotda u bilan ko'rishganim yo'q. 


Hammaga omad va ayniqsa "Nasaf"ga

- Barcha murabbiy va futbolchilar ulkan omad tilayman. Muhimi, futbolchilar jarohatlardan yiroqroq yurishsin. “Nasaf”ga alohida omad va sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritishini hamda OCHL yo'llanmasiga ega chiqishini tilayman. Barcha o'zbek futboli muxlislariga sog'lik va omad tilayman. Doim stadionlarga kelib, chiroyli muhit yaratishdan va jamoalarini qo'llab-quvvatlashdan charchashmasin!  O'zbekiston terma jamoasi bilan esa ko'p yillardan buyon kutilayotgan JCH chiptasini qo'lga kiritishni istayman. Bu yo'lda terma jamoamizga omad yor bo'lsin!


SHahboz Beg'amov suhbatlashdi

Reyting: +60   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика