So’nggi yangiliklar

15:21КХДР — Ўзбекистон. "Насаф"нинг 3 футболчиси асосий таркибда  22 14:50"Милан" "Реал"да ўйин амалиётига эга бўлмаётган вингерга кўз тикди  2 14:23Скамакка 3 ойдан кейин машғулотларга қайтди  0 13:55"Малага"нинг ёш вингери "Реал" ва "Барселона" эътиборига тушди  0 13:31Эшитдик-да! Илҳом Мўминжонов янги мавсумда водийда иш бошлайди   17 13:24"Ливерпуль" "Лион" футболчисини қўлга киритмоқчи   3 13:05Ўзбекистон ва КХДР ўзаро ўйинлар тарихи. Пхеняндаги мағлубият, Гейнрихнинг чиройли голи ва Австралияда "порлаган" Сергеев  10 13:05КХДР билан ўйинлар ёдингиздами?  5 12:44КХДР - Ўзбекистон учрашувини бизга яхши таниш ҳакам бошқаради  8 12:21АПЛнинг уч клуби Пулишични кузатмоқда  1 12:00Лаосдан гапирамиз  20 11:47Ўзбекистон терма жамоасининг КХДР билан ўйин учун тахминий таркиблари  26 11:26Бундеслиганинг энг яхши тўпурари "Бавария"га ўтишни истамоқда  0 10:51«Реал Мадрид»нинг қишдаги режалари маълум  0 10:18Поль Погба келажаги борасида бир қарорга келди  2

Moziy yulduzlari: Dvorkovshinalik qishloqi Yangiliklar

Moziy yulduzlari: Dvorkovshinalik qishloqi

“Championat.asia”da yangi rukn.

Unda moziy yulduzlari haqida so'z boradi.

“SHarq iblisi” laqabi bilan tanilgan va faoliyati davomida o'zidan munosib nom qoldira olgan bugungi qahramonimiz nafaqat kindik qoni to'kilgan yurt Ukrainada, qolaversa dunyoda ming-minglab muxlislar orttirgan desak mubolag'a bo'lmaydi. Uni hamma sevardi, unga muxlislik qilib, har qanday holatda ham uning o'yinlaridan zavq olishar edi. A Seriyaning dramatikaga to'la shiddatli turlari-yu, Premer-ligadagi murosasiz bahslarda ko'rsatgan mazmunli o'yinlari ko'plab futbol ishqibozlarining qalbidan joy olgan. Quyida siz bilan o'tmish yulduzi ukrainalik afsonaviy Andrey SHevchenkoning yulduzli faoliyati haqida yaqindan tanishamiz.


Mashhurlik uchun qo'yilgan qadam

Andrey Nikolaevich SHevchenko 1976 yil 29 sentyabrda Kiev viloyatining Dvorkovshina qishlog'ida harbiy oilasida tavallud topgan. Andrey bolalik yillarida tengdoshlari qatori ko'chada to'p tepib katta bo'lgan. Uning otasi Nikolay farzandini xuddi o'zi singari harbiy bo'lishini xohlar edi, ammo qahramonimiz futbolni chin dildan sevar, millionlar o'yini hayotining ajralmas bir qismi bo'lib ulgurgandi. Oddiy bolalar qatori ko'cha changitib yurgan Andrey keyinchalik futbol bilan jiddiy shug'ullanishni boshladi. Uning birinchi murabbiyi Aleksandr SHpakov bolakayda yuksak iqtidorni ko'radi va Andreyning ota-onasini farzandini futbolchi bo'lishiga arang ko'ndiradi. “Dinamo” bolalar va o'smirlar futbol maktabidagi tahsili davomida qahramonimiz bir necha bor tashkillashtirilgan turnirlar g'olibi bo'lishi bilan birga, o'zining to'purarlik qobiliyati bilan tengdoshlaridan ajralib turar edi. Hattoki, 1990 yilda bo'lib o'tgan musobaqada to'purar bo'lgan Andreyga o'sha vaqtdagi “Liverpul” klubi afsonasi Ian Rashning shaxsan o'zi yangi butsalar sovg'a qiladi. Qolaversa, oradan bir yil o'tib o'z tengqurlari o'rtasida o'tkazilgan Sobiq ittifoq chempionatida jamoasi bilan g'oliblikni ham qo'lga kiritadi. Bu Andreyning futboldagi ilk qadamlari bo'libgina qolmay, o'z faoliyati uchun ajoyib ibtido va yulduzlik sari qo'yilgan qadamning dastlabki  pillapoyalari edi.

SHevchenkoning faoliyatida “Dinamo” (Kiev) juda muhim rol o'ynaydi. Uning futbolchi bo'lib kamol topishi, mashhur bo'lishi hamda Evropa va dunyoga tanilishida bu klubning xizmatlari beqiyos. SHevaning o'zi hamisha buni tan olgan va klub oldida bir umrlik qarzi borligini hech qachon yashirmagan. Qahramonimiz faoliyatini mazkur klubning o'rinbosarlar tarkibida boshlaydi va o'zining iqtidori va to'purarlik qobiliyati bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, 1993/94 yilgi mavsumda “Dinamo-2” safida mavsum davomida 12 ta gol urgan holda eng yaxshi to'purar maqomini qo'lga kiritdi. “SHeva” 1994 yil 8 noyabr sanasida kievliklar tarkibida debyutini nishonlaydi. Aynan o'sha bahsda “oq-ko'klar” azaliy raqiblari “SHaxtyor”ga qarshi maydonga tushgan va o'shanda Andrey atigi 18 yoshda edi. 1994 yil 1 dekabr kuni “Dnepr”ga qarshi uchrashuvda esa SHeva o'zining ilk golini nishonladi. SHu bilan birga, oradan bir yil o'tib, birinchi marta mamlakat chempioni bo'lishga erishdi va o'sha mavsumda 31 o'yinda 16 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Qolaversa, Andreyning ECHLdagi debyuti ham o'sha yillarga to'g'ri keldi.

ECHLning 1997-98 yillardagi mavsumida qahramonimiz “Barselona”ga qarshi o'yinda xet-trik qayd etadi va eng yaxshi o'yinchi deb topiladi. Umuman olganda, kievliklar safida dastlabki yillarda barcha musobaqalarda 106 ta gol urgan va 1995 yildan 1999 yilgacha bo'lgan davr mobaynida 5 marta mamlakat chempionligi hamda 3 bora kubok sohibiga aylangan. 1999 yilgi mavsumda ichki birinchilik to'purari bo'lgan.


Salom Milan, salom Evropa!

SHevchenkoning o'sha davrlarda ichki birinchilik va Evropa maydonlaridagi fantastik o'yinlari kuchli beshlikdagi mashhur klublarning etiborini tortib, ukrainalik afsonaga ko'hna qitaning ko'zga ko'ringan jamoalaridan “sovchilar” kela boshladi. Bu borada “Milan” hammadan oldin “otni qamchiladi” va uni o'z safiga qo'shib olishga muvaffaq bo'ldi. “Rossonerlar” safiga o'tishi qahramonimiz faoliyatida tub burilish yasadi va milanliklar tarkibida u haqiqiy to'purar, etakchi, jamoaning almashtirib bo'lmas o'yinchisi hamda “Milan” tiffozilarining erkatoyiga aylana oldi. SHuningdek, “Dinamo” (Kiev) safida ko'rsatgan ajoyib o'yinlari shunchaki tasodif emasligini barchaga isbotlab qo'ydi. 

1999 yilning may oyida “Milan” klubi xo'jayinlari “Dinamo” (Kiev) g'aznasiga 25 million dollarni o'tkazib berishi ortidan, o'sha mashhur transfer amalga oshdi. Andreyning milanliklar safidagi debyuti o'sha yilning avgust oyida “Parma”ga qarshi mamlakat Superkubogi bahsida amalga oshdi. A Seriyadagi dastlabki uchrashuvi esa “Lechche”ga qarshi uchrashuvda bo'ldi va o'sha o'yinda birinchi golini ham urishga erishdi. Qolaversa, qahramonimiz “rossonerlar” tarkibidagi ilk mavsumidayoq 

24 ta gol kiritib, o'ziga hos sermahsullik ko'rsata oldi. 2003 yilgi mavsumda milanliklar tarkibida eng yirik sovrinni qo'lga kiritdi. ECHL finalida A Seriyadagi azaliy raqiblari “Yuventus” mag'lub etildi. Manchester mezbonligida o'tgan hal qiluvchi bahsda lotoreyalar seriyasida omad “qizil-qoralar”ga kulib boqdi va so'nggi nuqtani aniq amalga oshirgan SHeva jamoasiga g'alaba taqdim qildi. Aynan o'sha mavsum ukrainalik futbolchi uchun ancha omadli o'tdi. Jumladan, Italiya kubogi va UEFA Superkubogi qo'lga kiritildi. Oradan bir yil o'tishi bilan A Seriyada chempionlik nishonlandi, mamlakat Superkubogida uning xet-triki evaziga zafar quchildi va qahramonimizning o'zi chempionatning eng yaxshi o'yinchisi deb topildi. SHuningdek, o'sha yili ukrainalik yulduz Evropaning eng yaxshi o'yinchisi bo'libgina qolmay, mamlakat qahramoni unvonini oldi.



Londonga yo'l, Abramovich loyihasi va ukraincha muhabbat...

Albatta, yoshi katta futbol ihlosmandlari yaxshi eslashsa kerak, o'sha yillarda SHevchenko haqiqiy futbol qiroli edi. Uning jozibador o'yini, muhim o'yinlarda gol urishi, mukammal to'p uzatmalari va  istalgan murabbiy tanlagan taktikaga mos o'yin namoyish etishlari orqali barchaning ardog'ida bo'lgan. Evropadagi eng kuchli klublar har qanday yo'l bilan bo'lmasin uni o'z tarkibiga qo'shib olishga tayyor edilar, ammo “Milan” ham SHevani osonlikcha qo'yib yuborgisi kelmasdi. Tan olish joiz, ukrainalik to'p afsungari “qizil-qoralar” safida o'zi xohlagan barcha sovrinlarni qo'lga kiritdi, muxlislar va mutaxassislar etirofiga sazovor bo'ldi. Uning hayoti va faoliyatini o'zgartirish payti kelgandi va bu masala uzoqqa cho'zilmadi. Umuman olganda, SHeva o'sha vaqtlari sevgi dardiga “chalingan” va amerikalik model Kristina Pazik bilan turmush qurishga ham ulgurgan edi. Tabiiyki, u go'zal turmush o'rtog'i rayini qaytarolmas, maftunkor Milan esa juftlik uchun zerikarli bo'lib qolgandi. Qolaversa, 2005 yilgi ECHL finalidagi “Liverpul”dan uchralgan alamli mag'lubiyat va lotoreyalar seriyasidagi xato SHevaning “modalar shahri”ni tark etishiga kichik sabablardan biri bo'ldi. Andreyning o'zi bir necha bor Milan uning uyi ekanligi, jamoa esa oilasiday bo'lib qolganini aytgan bo'lsada, klub bilan shartnomani uzaytirmadi va Londonga yo'l oldi. SHevaning o'zi “rossonerlar” safidan ketishini oilaviy sabablar tufayli bo'layotganligi va farzandalarining yaxshi talim olishi uchunligi to'g'risida ko'p bora aytgan bo'lishiga qaramasdan, aslida uni Roman Abramovichning “CHelsi” loyihasi ko'proq qiziqtirardi. Nihoyat, 2006 yilgi mavsumda “Milan”dagi etti yillik ajoyib faoliyatdan so'ng 30 million funt evaziga “aristokratlar” safiga borib qo'shildi. Britaniya orolidagi “sarguzashtlar” starti yaxshi boshlandi. SHeva yangi klubi uchun birinchi o'yinni o'zidayoq gol urishga erishdi va Angliya Superkubogi bahsida mersisaydliklar darvazasini aniq nishonga oldi, ammo o'sha bahsda jamoasi mag'lub bo'ldi. Londonliklarning o'sha davrdagi murabbiyi Joze Mourinyu unga keragidan ortiq imkoniyatlar berdi va asosiy tarkibdan doimiy joy ajratdi. Biroq, “Special One”ning ishonchi, muxlislar qo'llashi va rahbariyatning etiboriga qaramasdan Andreyning Londondagi faoliyati o'zi o'ylagandek muvaffaqiyatli bo'lib chiqmadi. Uning ustiga “CHelsi”da o'tgan ikki yillik faoliyati davomida ikki bora jarrohlik stoliga yotishga majbur bo'ldi. “Aristokratlar” safida umumiy hisobda 48 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol urishga erishgan qahramonimizning Londondagi safari qarib, yana “buzoqlar” mamlakatiga qaytishga majbur bo'ldi.


A.SHevchenko va K.Pazik


Qaytish...

SHevaning milanliklar safiga ijara asosida qaytishi u qadar ham muvaffaqiyatli chiqmadi. O'tgan ikki yil ichida klubda o'zgarishlar amalga oshgan, jamoaning o'yin uslubi o'zgargan va eng asosiysi ilgari maxsus Andrey uchun mukammal ishlab chiqilgan hujumkor jamoa taktikasidan asar ham qolmagandi. Endi SHevchenko hammasini boshidan boshlashi, o'z o'rnini qaytarib olishi talab etilardi. Uning ustiga “Milan”dagi sevimli raqami ham Aleshandro Patoga o'tib ketgan, shu bois mavsumni 76-raqamda boshlashga majbur bo'ladi.



“Milan” tarkibidagi dastlabki o'yini UEFA kubogi doirasida SHveycariyaning “Cyurix” jamoasiga qarshi kechdi va o'sha bahsda SHeva o'z hisobiga gol yozdirib qo'ydi. Ammo, ichki birinchilik va kubok bahslarida aytarli sermahsullik namoyish etolmadi. Oldingi darajasiga chiqishi uchun qanchalik harakat qilmasin, ikkinchi marta “modalar shahri”ni zabt etish unga nasib qilmadi. Apennin yarimorolidagi nursiz ishtirok va mazsunsiz o'yinlari ortidan Andrey avval Londonga, so'ngra esa o'zining birinchi jamoasi “Dinamo” safiga qaytishga majbur bo'ldi.

Darhaqiqat, ukrainalik to'p afsungari faoliyati davomida ajoyib natijalarni qo'lga kiritdi, klub safida ham, terma jamoa miqyosida ham faxrlanarli yutuqlarga ega chiqdi. Unda hujumchi uchun kerak bo'ladigan barcha sifatlar mavjud edi va undan keraklicha foydalana oldi. Muxlislar etirofiga sazovor bo'ldi va 2012 yilda faoliyatini yakunladi.

Futbolchilik faoliyatini yakunlagandan so'ng bir muddat siyosat bilan shug'ullanib ko'rgan dvorkovshinalik iqtidor egasi keyinchalik baribir futbolga qaytdi va murabbiylik kurslariga qatnay boshladi. 2016 yilda esa unga terma jamoa boshqaruvini ishonib topshirishdi va ayni shu kunga qadar “sariq-ko'klar”ni murabbiy sifatida maydonga boshlab tushmoqda.

Dunyoda uning muxlislari hozirgacha etarli darajada topiladi, kim bilsin o'shanda Andrey ota-onasining xohishiga qarab harbiy bo'lganida, bugun u uchun mazkur maqola yozilmagan, dunyo ahli buyuk iqtidor sohibini kashf etmagan bo'larmidi. Yana ham kim bilsin.

Uni hamma sog'inadi... Milan ko'chalari, afsonaviy “San-siro”, sariq-ko'k rangga burkangan terma jamoa muxlislari, umuman hamma-hamma...  Yoshlikda TV qarshisida o'tirib uning o'yinlarini kuzatmagan va ijrolaridan zavqlanmagan muxlislar bo'lmasa kerak. 2000 yillar boshlarida SHevaning o'yinlarini orziqib kutib, A seriya o'yinlarini kechalari bilan tomosha qilib, tunlari bedor bo'lgan qorako'zlar qancha?!

Siz o'z xotiralaringiz bilan o'rtoqlashgan holda, SHevaga qanday tarif bergan bo'lardingiz?


Farrux Doniyorov tayyorladi

Reyting: +30   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика