Mirjalol Qosimov: "Birinchi taymda oddiy vaziyatdagi xato bizga qimmatga tushdi"
19 okt 22:57
Yangiliklar


Mirjalol Qosimov: "Birinchi taymda oddiy vaziyatdagi xato bizga qimmatga tushdi"
- O'yin haqida fikringiz?
- Ajoyib o'yin guvohi bo'ldik. Stadiondagi muhit, muxlislik darajasi ham yuqori bo'ldi. Maydon sifatidan tortib chiroyli futbol o'ynash uchun hamma sharoit qilingan. Yigitlarimiz harakat qildi. Birinchi taymda oddiy vaziyatdagi xato bizga qimmatga tushdi. O'ylaymanki, stadionga kelgan muxlislar chiroyli futbol ko'rishdi. Hakamning to oxirgi hushtagi chalinmaguncha yaxshi o'yin ketdi. Hayot davom etadi. Afsuski, bu yil bir tekis o'yin ko'rsata olmadik. Endi keyingi bahsga tayyorgarlik ko'ramiz. "Neftchi"ni esa yutuq bilan tabriklayman.
- Bugungi o'yinni 15 mingdan ziyod muxlis stadionda kuzatib bordi. O'yindagi muhit haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz?
- Men hozir nimani gapirdim? Aytdim-ku, muhit zo'r bo'ldi. Muxlislarga minnatdorchilik bildirdim. Bularni boshqa tilda gapirdim shekilli. Bir-biriga munosib ikki jamoa harakat qildi. Futbol o'zi muxlislar uchun o'ynaladi. Bir xil payt o'zbekcha gapirsa yana o'zbek tiliga tarjima qilishadi-yu, hozir shunaqa ko'rinyapti.
- Birinchi davrada darvozabonlar muammosi mavjud edi. Ikkinchi davrada bu muammo bartaraf etildimi?
- Yo'q. Bu muammo hamon davom etmoqda. "Qo'qon-1912" bilan o'yinda ham shu muammo ko'zga tashlangandi. Yil davomida 3-4 nafar darvozabonni maydonga tushirishga majbur bo'ldik. Bu ham futbolning bir qismi ekan. Bugungi o'yinni darvozabonimiz yomon o'tkazmadi, lekin umumiy olib qarganda xatolar ko'p bo'ldi. O'ylashimcha, 10-12 ochkoni shuning uchun boy berdik. Agar qo'shimcha 9 ochkomiz bo'ganida hozir biz ham etakchilar qatorida kurash olib borayotgan bo'lardik.
- OKMK keyingi bahsni "Nasaf"ga qarshi o'tkazadi. Shu bahsda siz aytayotgan muammolar yopiladimi? Chunki bu o'yin natijasi "Neftchi" uchun ham qiziq.
- Biz "Neftchi"ga qarshi qanday maydonga chiqqan bo'lsak, "Nasaf" bilan ham shunday tempda o'ynashga harakat qilamiz. Chempionatda 15ta klubga qarshi ikkitadan o'yin o'tkazishga to'g'ri keladi va bu o'rinda biz uchun raqib kim bo'lishining farqi yo'q. Avvalambor o'z muxlislarimiz uchun harakat qilamiz.
- Rus nashrlari Fabio Kannavaro milliy terma jamoamizga bosh murabbiy bo'lgani haqida maqola yozib, hayron qolishganini bayon etishdi va kerak bo'lsa Sizni Kannavarodan ustun qo'yishdi.
- To'g'risi, rus matbuotini kuzatganim yo'q. Futbolimiz rahbariyati Kannavaroga ishonib terma jamoani topdirdi va shu bilan gap tamom. Hozirgi vaziyatda hamma mutaxassis, bekorga aytishmaydi-ku tilning suyagi yo'q deb. Yangi murabbiyga menimcha Jahon chempionatidan keyin baho bergan maqul. Chetdan hamma istaganini gapirishi mumkin, lekin bosh murabbiy o'rnida bo'lib qaror qabul qilish oson emas.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar