So’nggi yangiliklar

08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  0 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  3 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  8 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  1 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   9 21:35Рўзиқул Бердиев: "Чемпионатда ҳеч қандай мақсад қолмаган"  17

Maksim SHackix: “Murabbiy sifatida O'zbekistonga qaytgan bo'lardim” Yangiliklar

Maksim SHackix: “Murabbiy sifatida O'zbekistonga qaytgan bo'lardim”

Teglar :  Maksim SHackix
Ukraina chempionatida yorqin iz qoldirgan o'zbekistonlik futbolchi Maksim SHackix har doim alohida mavzu bo'la oladi.
Uning u erda erishgan yutuqlari kishining havasini uyg'otadi. SHackixning milliy terma jamoamiz safida ham to'purarlik mahoratini ko'rsatganini yaxshi bilamiz. Lekin vaqt oliy hakam deganlaridek, 37 yoshli Maks futbolchilik faoliyatini tugatishga qaror qilgan. Umid qilamizki, u bilan uyushtirgan suhbatimiz sizni ham befarq qoldirmaydi.

- Maksim SHackix. Bu ism-sharif o'zbek futboli ixlosmandlari uchun juda tanish. Axir siz o'zbek futbolining afsonaviy o'yinchilaridan biri hisoblanasiz. Ayting-chi, hozir qanday ishlar bilan mashg'ulsiz? Ahvollaringiz yaxshimi?
- Rahmat, yaxshi. Ayni chog'da “Dinamo”da ishlayapman.

- Kiev “Dinamo”sidami?
- Ha, albatta.

- Siz faoliyatingiz davomida Rossiya, Ukraina va Qozog'iston chempionatlarida to'p surdingiz. Lekin Qozog'istondagi faoliyatingiz uzoq cho'zilmagan. Buning sababi nimada?
- Hammasi joyida edi. Superklub tashkil etish g'oyasini amalga oshirish ishlari borgan. Hamma harakat chempionlikka qaratilgandi. Lekin klub xo'jayini bilan munosabat o'zgargani bois hammasi kutilganidan ko'ra tez tugagandi. Jamoa chindan ham juda yaxshi shakllangandi. U erda adashmasam, yarim yil qolib ketgandim.

 

- Lekin Qozog'istondagi faoliyatingiz ham yomon kechmagan, gollar kiritgansiz...
- Axir hujumchi sifatida bu mening vazifam hisoblanardi.

- Oxirgi marta O'zbekistonga qachon kelgansiz?
- Bunga ancha bo'ldi. Xayrlashuv uchrashuvi o'tkazilgan paytda kelgandim.

- Ummon terma jamoasiga qarshi o'tkazilgan o'sha o'yinmi?
- Ha, o'sha uchrashuvni aytyapman.

- Ishqibozlar faoliyatingiz davomida bir qancha klublar sharafini himoya qilgan holda o'z hisobingizga 206 ta gol yozib qo'yganingizni biladilar. Nima deb o'ylaysiz, bu hujumchi uchun etarlimi?
- Faoliyatim qanday kechgan bo'lsa, afsuslanish uchun biror-bir sababni ko'rmayman. Menimcha, bu yomon ko'rsatkich hisoblanmasa kerak. Albatta, faxriy yoshga etgan paytimda ham o'zim o'ynagan klublarga foyda keltirishim mumkin edi. Lekin vaqt o'z ulushini olmasdan qo'ymaydi, deganlaridek bir kun kelib yoshlarga o'rin bo'shatib berish darkorligini tushunib etdim. SHunda faoliyatimni tamomlab, o'zimni yangi soha – murabbiylikda sinab ko'rishga qaror qildim.

- Maksim Aleksandrovich, O'zbekistonda birga to'p surgan o'yinchilar bilan aloqani ushlab turibsizmi?
- Ha, imkon topilgan zahoti bir-birimiz bilan hol-ahvol so'rab turamiz. Men Vitaliy Denisov, Viktor Karpenko hamda Ulug'bek Baqoev bilan tez-tez qo'ng'iroqlashib turaman. SHuningdek, Mirjalol Qo'shoqovich bilan bog'lanaman. “Lokomotiv”da mamur bo'lib ishlayotgan Baxtiyor bilan ham sms yozishib turamiz. Ko'rib turganingizdek, aloqani ushlab kelyapmiz.  

- O'zbekiston chempionatini internet orqali bo'lsa ham kuzatib turasizmi?
- Ha, albatta. Internet yordamida chempionat bahslari qanday davom etayotganini kuzatib boraman. Bundan tashqari, terma jamoaning qanday o'yin ko'rsatayotganidan ham voqif bo'lib borishga intilaman.  

- Endilikda murabbiy sifatida ish boshladingiz. Ayting-chi, O'zbekistonda ishlash varianti yuzaga kelsa, bu erga qaytgan bo'larmidingiz?
- Ha, takliflarni ko'rib chiqqan holda o'zim uchun begona bo'lmagan yurtga albatta qaytgan bo'lardim.

- Kelajak rejalaringiz bilan o'rtoqlasha olasizmi?
- Endilikda Kiev “Dinamo”sida ishlash orqali murabbiylik borasida tajribamni oshirishga harakat qilyapman. Albatta, menda rejalar bor. Yaxshi murabbiy bo'lib etishgan holda shunga yarasha natijalarga erishishni istayman.

- Akangiz Oleg SHackixni ham hozirgacha eslab yuradilar. Ayni chog'da akangiz qanday ish bilan band? U bilan ko'rishib turasizmi?
- Ishlari chakki emas. Hozir u Moskvada. Tez-tez gaplashib turamiz.

- Uning ishi ham futbol bilan bog'liqmi?
- Yo'q, futbolga bog'liq emas.



- Tushunarli. Maksim SHackix O'zbekiston terma jamoasida 61 uchrashuvda maydonga tushib raqiblar darvozasini 34 marta ishg'ol etgan va hozirgacha bu MTJ miqyosida eng yuqori ko'rsatkich bo'lib turibdi. Boz ustiga, ayni chog'da O'zbekiston terma jamoasida siz kabi sermahsul hujumchilar deyarli yo'q hisobi. Sizningcha, buning sababi nimada?
- Futbolchi qaysi ampluada to'p surmasin kunda o'z ustida ishlashdan to'xtab qolmasligi, mahoratini sayqallashda davom etishi kerak. Buning uchun jamoa bilan amalga oshiriladigan mashg'ulotlar orqali kifoyalanib qolmaslik darkor. SHunda buning samarasi o'yinda ko'rinadi. Nazarimda, O'zbekistonda hujumchilar talaygina. Ularning mahorati ham chakki emas. SHunchaki, ishlash va yana ishlash kerak xolos.

- O'zbekiston terma jamoasining JCH-2018 saralash bahslaridagi ishtirokini kuzatyapsizmi?
- Yuqorida aytib o'tganimdek, internet orqali O'zbekiston chempionati va milliy terma jamoani kuzatib boraman. Adashmasam, terma jamoa bir saralash bosqichidan keyingisiga o'tgan...

- ... endi terma jamoamiz saralashning yakuniy, uchinchi bosqichida qatnashadi.
- O'ylaymanki, O'zbekiston o'zi uchun uzoq vaqtdan beri orzu bo'lib kelayotgan maqsadiga bu safar erishadi. Buning uchun terma jamoa oxirgi saralashni ham avvalgilari kabi kuchli o'tkazishi kerak.

- O'zingiz yaxshi bilgan sobiq futbolchilar – Ashurmatov, Fyodorov, Fayziev, Lushan, SHkvirin, Qosimov ular endi murabbiy sifatida ishlamoqdalar. Faoliyatlari qay darajada chiqayotganidan qiziqib turasizmi?
- Albatta, qiziqib turaman. Adashmasam, hozircha Mirjalol Qo'shoqovich faol ishdan chetda.

- Gapingiz rost, Qosimov anchadan beri murabbiylik qilmayapti.
- Bunday kishilar yana futbolda ishlashlari kerak. Axir Qosimovda bu borada katta tajriba bor. O'ylaymanki, u yana murabbiylik ishiga qaytadi.  

- Etibor berayotgan bo'lsangiz, sizning yoshingizdagi sobiq futbolchilarning ko'pchiligi endilikda bosh murabbiy sifatida ishlamoqdalar.  
- Bu juda yaxshi. Axir yosh murabbiylar avlodining futbolga bo'lgan o'ziga xos qarashi bor. Ularda o'yinni tashkil etish, mashg'ulotlarni olib borish borasida yangidan yangi g'oyalar mavjud. O'ylaymanki, bundan keyin shunday avlodga ko'proq ishonch bildirilsa, foydadan holi bo'lmaydi.



- Maksim Aleksandrovich, sizning o'yinchi sifatida qo'lga kiritgan sovrin va unvonlardan iborat kollekciyangiz juda salmoqli. Faoliyatingiz mobaynida bir necha bor O'zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo'lgansiz. Ukrainada qo'lga kiritish mumkin bo'lgan barcha yutuqlarga erishdingiz: chempionlik, Ukraina Kubogi va Superkubogidagi qator g'alabalar, ustiga-ustak ukrain birinchiligida eng yaxshi to'purar maqomi... SHuncha natijalardan so'ng xayolingizga o'yinchi sifatida erishish mumkin bo'lgan yutuqlarni qo'lga kiritganman, degan fikr keladimi?
- Ha, doim bo'lmasa ham buni eslab turaman. SHunday chog'larda shukr, o'yinchi sifatidagi faoliyatim bekor o'tmabdi, degan o'y xayolimdan o'tadi. O'yinchi uchun ham shunisi muhim. Qolaversa, har qanday futbolchi muxlislarni quvontirish ilinjida to'p suradi. Albatta, bazida bundan ham yuqoriroq natijalarga erishishim ham mumkin edi, degan fikr xayolimdan o'tadi. Ammo o'yinchi sifatidagi faoliyatim shunday kechganidan aslo nolimayman.

- Ukraina chempionatining eng yaxshi to'purari sifatida nom qoldirgansiz. SHuni bilamizki, o'z vaqtida “Dinamo” tepasiga kelgan Yuriy Syomin oldingidan farqli ravishda sizni uchrashuvlarda kam maydonga tushirgan. Lekin buning sabablaridan bexabarmiz. Ayting-chi, nima uchun bunday bo'lgan?
- O'rtamizda deyarli hech qanday ziddiyat bo'lmagan. U bosh murabbiy edi. Aftidan, mening xizmatimga unchalik extiyoj sezmagani bois zaxira o'rindig'iga o'tkazib qo'ygan bo'lishi mumkin.

- Sizda futbol maydonida amalga oshmay armon bo'lib qolgan orzu bormi?
- Ha, bor. Evropa CHempionlar ligasida zafar quchishni va milliy terma jamoa bilan jahon birinchiligida ishtirok etishni juda orzu qilgandim. Baxtga qarshi bu orzu ro'yobga chiqmay armon bo'lib qolgan. Holbuki, bizda buning uchun yaxshi imkoniyat yuzaga kelgandi. Umid qilamanki, bugungi terma jamoa shunday ishning uddasidan chiqa oladi. Bunga kuchi etadi, deb o'ylayman.

- Umuman aytganda, O'zbekiston terma jamoasining 2018 yili Rossiyada o'tadigan jahon chempionatiga yo'l olish imkoniyatini qanday baholagan bo'lardingiz? Boshqacha aytganda, bu boradagi taxminingiz bilan o'rtoqlashsangiz? Samvel Babayan boshchiligidagi hozirgi terma jamoa bu ishni amalga oshira oladimi?
- Futbolda oldindan biror narsa deyish qiyin. Bu savolga Samvel Babayanning o'zi ham tayinli javob aytmasa kerak. CHunki o'yin davomida ko'zga ko'rinmas jihatlar ham uning borishini bir zumda o'zgartirib yuborishi mumkin. Ammo harakat qilsa, maqsadga erishish mumkin. Buning uchun katta ko'lamda ish olib borish darkor. Asosiysi, ko'zlangan maqsaddan og'ishmagan holda oldinga qarab intilish kerak xolos. Uchinchi saralash bosqichi oldidan terma jamoalarning mundialga borish imkoniyati deyarli teng. Biznikilar guruhda qolgan raqiblarini bemalol dog'da qoldirishlari mumkin.

- Terma jamoamiz uchinchi saralash bosqichida Eron, Qatar, Xitoy, Suriya va Janubiy Koreya bilan kuch sinashadi. Ushbu terma jamoalarni esa yaxshi bilasiz.
- Ha, oson bo'lmaydi. Ammo futbolda mag'lubiyatga uchramaydigan jamoaning o'zi yo'q.



- Maksim Aleksandrovich, sizda sertifikat borligini bilardik. Lekin “Pro” licenziyasini olishga qachon ulgurganingizdan bexabarmiz...
- Vaqtni boy bermaslik uchun maydonda to'p surib yurgan kezlarimda parallel ravishda buning uchun o'qishni davom etganman.

- Ushbu licenziyani qo'lga kiritish uchun Ukrainada saboq olganmisiz?
- Ha, Kievda.

- Futbolchi sifatida klub va terma jamoa bilan ko'plab mamlakatlarda bo'lishga ulgurgansiz. Sizni hammadan ko'ra qaysi diyor o'ziga maftun qila olgan?
- Har bir davlat va shaharning o'ziga yarasha jozibasi bor. Masalan, menga Barselona shahri, Italiya va Avstriya davlatlari yoqqan. Faqat uchrashuvlarda ishtirok etish uchun borganimiz tufayli o'sha joylarni bemalol aylanib chiqish uchun etarlicha imkoniyat bo'lmagan. Biroq tatil chog'ida hammasini bemalol o'rganib, tomosha qilib chiqish uchun vaqtingiz bo'ladi.  

- Ayni kunlarda Franciyada davom etayotgan Evropa chempionati bahslarini kuzatib boryapsizmi? Agar sir bo'lmasa qaysi terma jamoaga muxlislik qilmoqdasiz?
- Ha, albatta kuzatib boryapman. Hozircha men Germaniya va Ispaniya terma jamoalariga muxlislik qilmoqdaman. Italiyani ulardan keyin uchinchi o'ringa qo'ygan bo'lardim.

- Ukraina hamda Rossiya terma jamoalarining EVRO-2016 da bu qadar bo'sh ishtirok etishlari mumkinligini kutmagan bo'lsangiz kerak.
- Ha, nimasini aytasiz?! Ushbu terma jamoalarning EVROdagi ishtiroki bu qadar muvaffaqiyatsiz chiqishi mumkinligini kutmagandim. Aftidan buning zamirida milliy chempionatlardagi muammolar yotibdi. O'zingiz o'ylang, mahalliy chempionat qanchalik kuchli bo'lsa, bu hol o'z navbatida milliy terma jamoaga ijobiy tasir o'tkazmasdan qolmaydi-ku! Ukraina misolida ko'rib chiqsak, mahalliy premer-ligada “Dinamo” va “SHaxtyor”ga boshqalar etarlicha raqobat ko'rsata olmaydilar. Ukrainada ushbu ikki grand bilan bellashadigan jamoaning o'zi yo'q hisobi.

- O'yinchi sifatidagi faoliyatingiz uzoq davom etdi. SHu davr oralig'ida ancha yurtlarni kezdingiz. Faoliyatingiz mobaynida o'zingiz bilan yuz bergan kutilmagan va kulgili voqealarni gapirib bersangiz?
- Hammasini eslash qiyin. Lekin safarlar chog'ida kutilmagan holatlarga duch kelib turardim. 



- Masalan, yaqinda SHveycariya terma jamoasi o'yinchilarining futbolkalari bahs davomida yirtilib ketdi. Men shunga o'xshash holatlar haqida so'ramoqchiman...
- Men o'ynab yurgan kezlarda ham futbolkalar yirtilib turardi. Nazarimda, ularni tayyorlash chog'ida sifatsiz materialdan foydalanganlari uchun shunday holatlar yuzaga kelgan. Masalan, ikki bor o'yin chog'idagi yakka kurashlarda mening ham futbolkamni yiritib tashlagandilar.  

- O'zbekcha palovni tayyorlashni bilasizmi? Ukrainada o'zbek taomlari tayyorlanadigan restoran va oshxonalar ko'pmi?
- Ha, palov damlashni bilaman. Uning qanchalik mazali tayyorlay olishimga kelsak, bir narsa deyishim qiyin. Lekin do'stlarim damlagan oshing juda mazali bo'libdi, deyishadi. Ha, Ukrainada o'zbek milliy taomlari tayyorlanadigan oshxona va restoranlar talaygina. Vaqt topib bunday maskanlarga tashrif buyurib turaman.

- Suhbatimiz oxirida o'zingiz yaxshi biladigan o'zbek muxlislariga qanday tilaklar bildirgan bo'lardingiz?
- Nafaqat milliy terma jamoa o'ynagan paytlarda, balki o'zlari ishqibozlik qiladigan klublar maydonga tushgan kezlarda ham ularga stadionlarga tashrif buyurishda davom etishlarini tilab qolaman. Axir futbol – xalq o'yini. U aynan muxlislar uchun o'ynaladi. Ammo Ukrainada bo'lgani kabi Toshkentda ham klublar ishtirokida o'tadigan bellashuvlarga juda oz muxlislar tashrif buyurayotganlari achinarli hol, albatta. Endi muxlislar oldingidan farqli ravishda o'yinlarni tanlamoqdalar. Ular uchun muxlislik qilayotgan klubining kimga qarshi to'p surishi, kuchli raqib yoki autsaydergami, birinchi darajali masalaga aylanib qolgan. Raqib kuchli bo'lsa, stadionga ko'proq ishqiboz tashrif buyuradi. Aksincha holatda esa juda ham oz. Ularga tilagim shuki, bunga parvo qilmagan holda stadionlarga kelishda davom etsinlar. Negaki, futbolchilar aynan muxlislar uchun o'zlarining eng yaxshi o'yinini namoyish etishga intiladilar. Yana terma jamoaga omad tilab qolaman. Istardimki, O'zbekiston terma jamoasi uzoq vaqtdan beri o'zi uchun armon bo'lib kelayotgan mundialda ishtirok etish imkoniyatini qo'lga kiritsin.  

FIRDAVSXON suhbatlashdi.

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика