So’nggi yangiliklar

00:32Расман: "Милан" Павлович трансферини эълон қилди  0 00:01"Атлетико" "Барселона" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  0 23:31ЕЧЛнинг янги формати тасдиқланди: анъавий гуруҳ босқичи ўтмишга айланди, қуръани махсус компьютер ўтказади  7 22:30Аёллар футболи афсонаси Марта ўзининг Олимпиададаги катта эҳтимол билан сўнгги ўйинида қизил карточка олди  1 21:43Расман: АПЛ "Манчестер Сити"ни жаримага тортди  2 21:18Килиан Мбаппе ўзи ўйнаган клубни расман сотиб олди  2 20:49Юрген Клопп қачон мураббийликка қайтиши ҳақидаги саволга жавоб қайтарди  3 20:25Расман: "Насаф" сербиялик вингер трансферини эълон қилди  8 19:46Суперлигада тоза ўйин вақти ошди  6 19:20"Боруссия" "Манчестер Сити" футболчисини сотиб олади  0 18:43Расман: U-20 Осиё кубогида чемпион бўлган футболчимиз легионерга айланди  8 18:18Флик "Барса" ҳақида: "Манчестер Сити"дек иш тутмоқчимиз"  0 17:41"Барселона" Европа чемпионининг трансфери устида ишлашни бошлади  3 16:53"Пахтакор" фахрийлари 11 август куни Минскда "Динамо"га қарши ўйнайди  8 16:11Ўзбекистон терма жамоаси амалдаги Жаҳон чемпионига қарши ўйнайди  9

Tizim izdan chiqqan ekan, nega bu haqda oldin gapirilmagan? Yangiliklar

Tizim izdan chiqqan ekan, nega bu haqda oldin gapirilmagan?

Bugun O'FF rasmiy saytida "dahshat" intervyu chiqdi. Intervyuni saytimizda ham chop etdik. Federaciya xodimi SHovkat Imamov O'FF matbuot xizmatiga intervyu berib, murabbiylarni tayyorlash izdan chiqqani-yu, aksar murabbiylar umuman malakasiz deya gapirgan.

Bu intervyu nima uchun aynan bugun chiqqanini sal tushunmadim. Balki bu O'zbekiston U-23 terma jamoasining kecha Qatardan mag'lubiyatga uchragani uchun bo'lishi mumkin. Faraz qilamiz, kecha O'FF matbuot xizmati vakillari hamma qatori o'yinni ko'rishgan. Mag'lubiyat juda og'ir botgan, yutqazgan bo'lsak-da, nimadir yozish kerak. Ayb kimda? Albatta, murabbiyda! CHunki natija uchun u javob beradi. Mag'lubiyatdan O'FFda ishlab kelayotgan murabbiylar tayyorlash boshqarmasi boshlig'i SHovkat Imamovning ham dili g'ash bo'lgan. SHu bois darhol intervyuga "labbay" deb javob bergan bo'lsa kerak. Aytish mumkinki, intervyu bir zumda olingan va bir nafasda yozilgan. CHunki kechagi o'yin bo'lib o'tganidan beri hali bir sutka o'tmadi.

Endi intervyuni tahlil qiladigan bo'lsak, ochig'i, men SHovkat Imamovning keskin va ochiq gaplariga qoyil qoldim. Ana bo'larkan-u deb yubordim birdan. Hammasini shartta-shartta aytibdi. Murabbiylarni tayyorlash tizimi izdan chiqqanini murabbiylarni tayyorlaydigan boshqarma rahbari aytishining o'ziyoq katta jasorat. Axir o'zi bosh-qosh bo'layotgan boshqarma faoliyatini yomonlay oladigan, buning ustiga matbuotga gapiradigan odamlarni kamdan-kam ko'ramiz.

SHovkat Imamov o'z intervyusini "O'zbekistonda murabbiylarni tayyorlash tizimi izdan chiqqan desak bo'ladi" degan gap bilan boshlagan. Lekin birinchi gapidanoq birdaniga savol keladi: madomiki, izdan chiqqan ekan, avvalo bunga qancha bo'lgan? Qachon izdan chiqishni boshlagan? O'n yil oldinmi, besh yil bo'ldimi, balki kecha izidan chiqib qolgandir. Ikkinchidan, agar izdan chiqqan bo'lsa nega bu haqda matbuotga shu paytgacha ochiq-oydin aytilmagan yoki bo'lmasa aytilmagan bo'lsa-da, yana iziga tushirish choralari ko'rilganmi?

Intervyuni o'qiganingiz sari bir qator mavzular ochilib boraveradi. Emishki, shu paytgacha murabbiylarning darajasi va ularning saviyasi bilan hech kim qiziqmabdi. Eng qizig'i esa oxirgi 11 yilda murabbiylar uchun turli kurslar tashkil etilgan-u, biroq bu kurslarni bitirgandan keyin murabbiyning faoliyati FEDERACIYA tomonidan nazoratga olinmagan. 

Mana shu joyini o'qib "balli" dedim. Intervyu olgangayam, intervyu bergangayam ming rahmat. Necha yildan beri futbol jurnalistikasida ishlab kelayotgan bo'lsam, adashmasam, birinchi marta federaciya xodimining federaciya matbuot xizmatiga federaciyani tanqid qilib gapirganini va bu gaplar OAVga chiqqanini ko'rishim. Aslida shunday bo'lishi kerak emasmi? Federaciya o'z faoliyatini o'zi tanqid qilib tursa buning nimasi yomon? Qaytanga yanada ishlashga undamaydimi? 

Esimda borida aytib olay, o'tgan yil kuzda o'smirlar va yoshlarimiz ham Osiyo chempionatiga chiqa olishmadi. O'shanda ham murabbiylar aybdor bo'lishdi, to'g'rimi? Dilshod Nuraliev bilan Aleksandr Mochinov. Lekin nima uchun o'shanda shu gaplar aytilmadi, shuncha gapi bor ekan nima sababdan SHovkat Imamov ichida saqlab yurdi? Mayli, buni Imamovning oldiga hech kim intervyu so'rab bormagani bilan izohlab qo'ya qolamiz.

Yana intervyuni o'qishda davom etamiz. SHovkat Imamov aytadiki, bugungi kungacha murabbiylar va hakamlarni tayyorlash Respublika maktabining asosiy maqsadi sifatga emas, songa etibor qaratish bo'lgan. CHunki qancha ko'p murabbiy kurslarda o'qisa, maktabga shuncha ko'p pul tushgan. Mana bu "udar" gap bo'libdi. Lekin bilishimcha, siz ham shu maktabda ishlagansiz yoki adashdimmi, ammo eshitganim borki, siz o'zingiz ham murabbiylarga licenziya beradigan bir nechta kurslarni o'tkazgansiz. 

Eh afsus, sifat qolib son ortidan quvilgan ekan, buni ko'ra turib nega atrofdagilarga "Hoy, to'xta!" demagansiz? Yoki bo'lmasa O'FFning oldingi rahbari Mirabror Usmonov oldiga kirib, ahvol chatoq, shunday-shunday bo'lyapti deganmisiz? Balki kirishga harakat qilgansiz-u, lekin u kishi qabul qilmagandir. Xullas, buyog'i bizga qorong'i. Ammo muhimi shuki, sifat qolib songa etibor berila boshlaganini siz bilgansiz, yo'qsa intervyuda bu gaplar aytilmasdi. 

Intervyuni o'qir ekansiz, ko'zingiz quvonchdan porlay boshlaydi. CHunki Imamovning aytishicha, bundan keyin murabbiylarga licenziyani O'FF beradi, demak nazorat va talab kuchayadi. Bu esa faqat yaxshilikka xizmat qiladi. Intervyuda yana shunday gaplar bor: mahalliy murabbiylar o'z ustilarida ishlamay qiyishgan, muntazam bilimlarini oshirib borishmaydi va murabbiy sifatida o'sishga intilishmaydi. SHu bois ham xalqaro o'yinlarda natija bo'lmayapti. Mayli, shunday deya qolaylik, lekin nima sababdan o'z ustida ishlashni to'xtatib qo'ygan murabbiylarga nisbatan biror chora ko'rilmagan?
 
Aytaylik, ularning licenziyasini olib qo'ysa yoki ish faoliyatini vaqtincha to'xtatib qo'ysa bo'lmasmidi? Umuman olganda, murabbiylarning o'z ustida ishlamay qolganini qanday bilsa bo'ladi? Uni kim aniqlaydi? Axir licenziyani sizlar bergansizlar, kerak paytda olib qo'yish sizlarning qo'lingizda emasmidi? 

"Murabbiylarning saviyasi shu paytgacha federaciya tomonidan nazorat qilib borilmagan. Hech kim ularni attestaciyadan o'tkazmagan, o'z kasbiga qanchalik loyiq ekani tekshirilmagan". Demak, o'tgan yillar ichida hech qanaqa ish qilinmapti-da! Faqat licenziya berilgan xolosmi? Bu gapdan shunday mano kelib chiqyapti: oldingi federaciya murabbiylarni umuman nazorat qilmagan, hamma licenziyasini olib o'z bilganicha ishlab yuravergan. Demak, kurslarda o'qishdan maqsad, licenziya olish bo'lgan.

Mavzuga chuqur kirganing sari yangi va yangi gaplar chiqib kelaveradi. Imamov o'z intervyusida yana shunday deydi: "Terma jamoada ishlab ko'rgan bazi murabbiylarning maqsadi terma jamoa g'alabasi emas, balki terma jamoada to'p surayotgan futbolchilarni chel el klublariga sotib pul ishlash bo'lib qolgandi". Mana shu joyi zo'r chiqibdi! Faqat Imamov aynan qaysi murabbiy shu maqsad bilan ishlaganini konkret aytib ketsa chakki bo'lmasdi. SHu gapni aytishiga qaraganda, uning bir bilgani bor. Kim ekan o'sha murabbiy? Xalq ham bilib qo'ysin endi.

Men SHovkat Imamovga qoyil qolganim, u klublar "ichki ishi"ni ham juda yaxshi bilar ekan. Bazi murabbiylarning xorijdan legioner olib kelib, ularga katta oylik belgilashi-yu, keyin o'sha puldan malum qismini "otkat" sifatida o'zlariga olib qolishigacha gapirgan. Nafaqat legionerlar, balki o'zimizning futbolchilardan ham "otkat" oluvchi murabbiylar bo'lgan degan. Lekin kim bular? Nahotki, birortasining ismi bo'lmasa? Endi kimdan shubhalanamiz? Qiziq, Imamov aytgan "otkatchi" murabbiylar hamon klublarda ishlab yuribdimi yo allaqachon futboldan chiqib ketishganmi? Agar SHovkat Imamov ularning ismini oshkor qilishni xohlasa, biz bajonidil eshitishga
tayyormiz.

SHu o'rinda yana bir bor ochiq-oydin gapirgan SHovkat Imomovga ming rahmat. Biz bungacha doim shubhalanib kelgan bir mavzu bo'yicha federaciya vakili dangal gapiribdi. Tez-tez eshitib qolamiz, murabbiy natija ko'rsatish uchun hatto hakamlar bilan til biriktirganini. Biz federaciya bundan bexabar deb yurardik. Lekin Imamov bilar ekan. Rahmat sizga! Uning aytishicha, bazi o'yinlarda hakamlar sotib olingan, bazilarida esa raqib jamoa bilan o'zaro kelishib o'ynalgan. Faqat bu gaplar yana havo kabi ko'rinmas bo'lib qolmasligi uchun bir-ikkita o'yin yoki o'sha murabbiylarning ismi aytib ketilsa, intervyu yanada qiziq chiqardi. 

Muammolar ko'p, lekin echim bormi? Tizim shu paytgacha rasvo bo'lgan deylik, uni qanday tuzatamiz? Muammolar haqida shartta-shartta gapirgan Imamov bundan keyin qanday ishlash kerakligi haqida ham fikr bergan. O'FF matbuot xizmati vakilining "Mavjud muammolarni bartaraf etish uchun qanday chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda?" degan savoliga Murabbiylar tayyorlash boshqarmasi boshlig'i juda chiroyli javob bergan.

Uning aytishicha, bundan keyin murabbiylarga yanada jiddiy talablar qo'yiladi, asosiy etibor songa emas, sifatga qaratiladi. SHuningdek, murabbiylar saviyasi muntazam nazorat qilib boriladi. Murabbiylar malaka oshirish uchun Janubiy Koreyaga borishadi. Qolaversa, yurtimizga bolalar futboli bo'yicha etuk mutaxassislar chaqiriladi. Yaqinda Zavisha Miloslavlevich bilan Kiko Zuniga kelib ketgandi, 17 yanvarda Kris va Puyvelde degani kelarkan. Xullas hammasi zo'r bo'ladi. 

Endi intervyu bo'yicha o'z xulosamni bildirib o'tsam. Men birinchi marta federaciya vakilining avvalgi federaciyani yomonlab federaciya rasmiy saytiga intervyu berganini ko'rdim. Albatta, kechagi mag'lubiyat hammaga qattiq tasir o'tkazgan ko'rinadi. CHunki oldinlari bundan badtar mag'lubiyatlarni ko'rganmiz, lekin hech kim miq etmasdi. Faqat jurnalist va muxlislar bir nimalarni yozib oh-voh chekib qolaverardik. 

Endi bo'lsa, vaziyat o'zgardi, zamon o'zgaryapti. Mag'lubiyatga federaciya xodimlari ham jim qarab turishmayapti. Bu intervyuni o'qib shaxsan menda o'zbek futbolining kelajagiga, ayniqsa murabbiylarni tayyorlash borasida tizimning yaxshilanishiga ulkan ishonch paydo bo'ldi. Ajab, emas, mana shu intervyu sabab murabbiylarni o'qitish va ularga licenziya berish usuli tubdan ko'rib chiqilsa. Faqat O'FF prezidenti Umid Ahmadjonov tunov kuni beshta bolani yosh kichraytirgani uchun butunlay futboldan chetlatgani kabi SHovkat Imamov bilan ham sekin maslahatlashib "otkat" qiluvchi, hakamlar bilan til biriktirgan va raqib jamoadan o'yinni sotib oluvchi murabbiylarning kimligini bilib olib, ularniyam futboldan chetlatsa zo'r ish bo'lardi.

Darvoqe, SHovkat Imamovning intervyusini o'qimaganlar, mana bu link orqali o'qishingiz mumkin.

https://championat.asia/uz/news/185285

Reyting: +21   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика