Kunning eng muhim va qiziqarli to'qnashuvi prevyusi
30 avg 2019 18:38
Yangiliklar
Kunning eng muhim va qiziqarli to'qnashuvi prevyusi
Tur ajoyib qarama-qarshilik "Borussiya" Myonxengladbax - "Leypcig" to'qnashuvi bilan boshlanadi. Yulian Nagelsmann qo'l ostiga o'tgan "buqalar" chempionatni muvaffaqiyatli boshlashdi. O'tgan ikki tur davomida jamoa yo'qotishlarsiz 6 ochko ishlagan holda turnir jadvalida peshqadamlar qatorida ketmoqda.
Marko Rouz boshchiligidagi myonxengladbaxliklar o'tkazilgan ikki turda mag'lubiyatga uchrashgani yo'q. Jamoa dastlab o'z uyida "SHalke" bilan durang o'ynagan bo'lsa, keyinchalik mehmonda "Maync"ni dog'da qoldirib, 4 ochko bilan 7-pog'onani band etib turishibdi.
"Leypcig" joriy mavsum oldidan jamoaning asosiy o'zagini saqlab qolgan holda murabbiylik postiga istiqboli yuqori bo'lgan yosh mutaxassis Yulian Nagelsmanni taklif etgan bo'lsa, "Borussiya" asosiy etakchisi Torgan Azarni qo'ldan chiqardi. Myonxengladbax klubi faqatgina "SHalke"dan olingan Breel Embolo xaridi bilan maqtana olishadi xolos.
Yulian Nagelsmann jamoaga kelgach "Leypcig" yosh mutaxassisi uslubiga monand 3 markaziy himoyachi bilan harakatlanishni boshladi. Jamoa o'yin chizgisi o'zgardi. Yuqori pressingga asoslangan, to'pni ko'proq nazorat qilishni xush ko'radigan jamoaga aylangan "Leypcig" barcha raqibga qarshi o'z o'yinini ko'rsatishga intilmoqda.
O'tgan mavsum yorqin o'yin ko'rsata olmagan Marsel Zabicer esa yangi chempionatdagi dastlabki ikki o'yindayoq o'tgan yilgi ko'rsatkichlariga teng samarali harakatni amalga oshirdi. Zabicer o'tgan yili jamoadoshlariga jami 3ta golli uzatmani amalga oshirgan bo'lsa, yangi mavsumdagi dastlabki ikki o'yindayoq bu natijasini takrorlashga ulgurdi. Nagelsmann qo'l ostida markazda hujumga yaqinroq o'ynayotgan Zabicer hozirgi "Leypcig"ning asosiy etakchilaridan biriga aylandi.
Hujumda esa Timo Verner va Yusuf Poulsen tandemi samarali harakatlanmoqda. Yangi mavsumdagi "Leypcig" o'tgan yillardagi "Xoffenxaym" o'yin uslubida yanada jozibaliroq ko'rinmoqda. Nagelsmannda "Xoffenxaym"da etishmagan ijrochilar hozirgi jamoasida nisbatan ko'proq. Bu esa Yulianga yangi jamoasida qo'l kelishi mumkin.
Myonxengladbaxga kelgan Marko Rouz esa joriy mavsumdan boshla o'zining haqiqiy jamoasini shakllantirmoqda. Rouz oldida bu yili jamoani shakllantirib, o'zagini aniqlab olish vazifasi qo'yilgan. "Zalsburg"dan tashrif buyurgan ushbu mutaxassisga "Leypcig" jamoasi begona emas. Har holda o'tgan yillar davomida bir xo'jayinning ikkinchi jamoasini boshqargan mutaxassis hozirgi "buqalar" tarkibidagi ko'plab nomlarni va ularning imkoniyatlarini yaxshi biladi. Rouz Myonxengladbaxga eski jamoasidagi chap qanot himoyachisi SHtefan Laynerni olib kelgan. "Borussiya" Rouz qo'l ostida 4-4-2 klassik taktik sxemani zamonaviy variantida (4-1-2-1-2) o'ynamoqda. Yani romb shaklida joylashgan to'rt yarim himoyachilar orasida bir tayanch yarim himoyachisi, ikki qanotga yaqin o'ynaydigan futbolchi va bir markazda bir xavbek. Hujumda esa jamoaning o'tgan yilgi transferi Plea va joriy mavsumdagi transferiga aylangan Markus Tyuram tandem xosil qilgan.
Qisqa qilib aytganda, bugun ikkita markaziy hujumchi bilan o'ynaydigan turli xil uslubdagi, lekin hujumkor va tajovuzkor o'yinni xushlaydigan jamoalar to'qnashuviga guvoh bo'lamiz.
Har ikkala jamoada yangi davr. "Leypcig" yanada yangi bosqichga, evrokuboklarda ham muvaffaqiyat qozonish uchun kurashadigan jamoaga aylanishga harakat qilayotgan bo'lsa, Myonxengladbax kelajak uchun jamoa tuzishga kirishgan palla. Ikkala jamoada ham yangi murabbiy. Yangicha uslub va turli xil qarashlar. Nom jihatdan bugungi mezbonlar raqibdan ko'ra mashhurroq. Lekin "Leypcig"ning qisqa tarixda qayd etgan natijalari va o'yinlari bilan hozirgi tajribali jamoani ham o'zini hurmat qilishga majbur etmoqda.
Qizig'i, mazkur jamoalarning hozirga qadar o'tkazgan 6 uchrashuvida 4 marotaba "Leypcig" g'alaba qozongan bo'lsa, "Borussiya" hali ham "buqalar"ni mag'lub etishni uddasidan chiqqani yo'q.
"Borussiya" o'z uyida, yangi murabbiy bilan "Leypcig" ustidan tarixiy g'alabani qo'lga kirita oladimi, degan savolga bugun kechasi bo'ladigan ajoyib uchrashuvdan keyin javob olamiz.
Ha-ya, aytgancha, mazkur qiziqarli to'qnashuvni yaqindagina Bundesliganing translyaciya huquqini qo'lga kiritgan "Sport" kanali jonli efirda ko'rsatishni rejalashtirgan.
Tekin maslahat, bu o'yinni o'tkazib yubormang va haqiqiy futbol zavqini his eting!
Borussia Moenchengladbach Breel Embolo - 90' |
1. Bundesliga . 3-tur 31/08/2019, 00:30 3
:
1
Tugadi
|
RB Leipzig Timo Werner - 38', Timo Werner - 47', Timo Werner - 90' |
Stadion: Borussia-Park, 47227 tomoshabin
Bosh hakam: Sven Jablonski
Fikrlar