So’nggi yangiliklar

02:33ЛаЛига. "Атлетико" жанговар дурангга рози бўлди  0 02:30АПЛ. "Тоттенхэм" Чемпионшип ғолибини мағлуб қила олмади  2 01:58А Серия. "Ювентус" мавсумни йирик ғалаба билан бошлади  2 01:54Илёс Зейтуллаев: "Бу мавсум чемпионлик учун "Насаф", ОКМК, "Сўғдиёна" ва "Пахтакор" курашади"  2 01:13Сергей Лушчан матбуот анжуманида Сардор Рашидов қачон сафга қайтишини айтди  3 23:45Луи Саа: "Роналду МЮга қайтиши мумкин"  4 23:10"Челси" 24 ёшли португалиялик трансферини ҳал қилди  3 22:41"Навбаҳор" - "Бунёдкор" учрашуви охирида қўйилган пенальтида ҳакам тўғри қарор қабул қилдими?  24 22:30"Челси" чақириб олган Галлахер яна Мадридга учяпти. Трансфер амалга ошадими?  0 22:08Россия. Ашурматов ва Раҳмоналиев жамоаси Эсанов клубини таслим қилди, аммо...  1 21:59Аргентина терма жамоасининг асосий юлдузи қайдномага киритилмади  2 21:36Суперлига. "Навбаҳор" сўнгги сонияларда мағлубиятдан қутулиб қолди, "Бунёдкор" 20 дақиқа бир киши кам ўйнади  207 20:44Гвардиола Гюндоган ва "Барселона"га ёрдам бермоқчи  3 20:25Мората ажрашяпти. Альваро хиёнат қилдими?  4 19:49Анри Франция ёшлар терма жамоаси билан шартномасини бекор қилди  0

Koinot bilan bog'langan yagona futbolchi Yangiliklar

Koinot bilan bog'langan yagona futbolchi

Teglar :  SHaka Xislop
Aynan u Britaniyaning 1-kosmonavti bo'lishi mumkin edi, ammo taqdir bu insonga Trinidad va Tobago terma jamoasi darvozabonligini maqul ko'rdi.

O'tgan asrning 90-yillari o'rtalaridan Angliya premer-ligasidagi uchrashuvlar ko'pchilik insonlar tomonidan sevib tomosha qilina boshlandi. O'shanda, ko'plab ixlosmandlarni o'ziga jalb qila olgan klub Kevin Kiganning Nyukasli bo'ldi. Yaqindagina elitaga qaytgan klub yorqin va hujumkor o'yini bilan ko'pchilikni o'ziga jalb qilar, yirik hisobdagi g'alabalarga erishardi. Les Ferdinand, Piter Birdsli, David Jinola, Faustino Asprilya, Filipp Alber... Ingliz futbolidagi bu yorqin nomlarni tomoshabinlar ularning ilk o'yinlarini ko'rganlaridayoq eslab qolishgandi. Nyukaslning darvozaboni ham chin manoda yarim jamoa edi - o'z ishini biladigan, harakatchan, oriq, ammo bo'ydor, bo'yi salkam 2 metrni tashkil qiladigan qora tanli futbolchi, ko'rinishidan Gollivud yulduzi Eddi Myorfini eslatuvchi posbon. O'shanda Angliyada qora tanli darvozabonlar ko'p emasdi, bor-yo'g'i 2 nafar: maqolamiz qahramoni va Devid Jeyms. O'shanda u Liverpulda o'ynardi. Ammo biz yuqorida aytganimizday, SHake Xislop to'g'risida - koinot bilan bog'liq bo'lgan futboldagi yagona inson haqida hikoya qilmoqchimiz.

- Men qandayman? Qora, bo'ydor va quvnoq. Ismim esa ikkita - Nil va SHaka. Onam menga ananaviy ingliz ismini qo'ymoqchi bo'lganda, tomirida zuluslar qoni oqayotgan otam, qabilaning afsonaviy etakchisi ismini qo'ygan. Alal-oqibat, ular kelishishgan va men - Nil SHaka bo'lib qolganman...., - deydi posbon o'zi haqida gapirarkan.   

Afrikalik mashhur qo'mondonning adashi Londonda tug'ildi. SHaka 2 yoshdaligida otasi huquqshunoslik diplomini himoya qildi va vatani - Trinidad va Tobagoga qaytdi. Ammo chaqaloq allaqachon hazrati oliyalari fuqarosiga aylangandi. SHaka maktabda yaxshi o'qigani bois, Amerika universitetlaridan biriga muammolarsiz o'qishga kirdi. Futbol bilan shug'ullanish esa Nil Xislopga oliy o'quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlash va yuqori texnologiyalar bo'yicha muhandis-mexanik diplomini olishga to'sqinlik qilmadi.

Iqtidorli yigitni NASAdagi mutaxassislar ko'z ost­lariga olib qo'yishgan ekanmi, Nil amaliyotni o'tash uchun Kanaveraldagi kosmodromga yuborildi. Yosh ingliz yigiti oldida Britaniyaning birinchi kosmonavti bo'lishday yorqin kelajak turardi. Ammo taqdir taqozosi bilan, muhandis SHakadan futbolchi Nil ustun bo'lib chiqdi.

Amerikaga Aston Villa tashrif buyurdi va jamoa tarkibida bo'lg'usi yulduzning hamyurti - Duayt York to'p surardi. Villa havaskorlar jamoasiga qarshi o'ynadi va York har qancha urinmasin, raqib jamoasiga to'p kiritolmadi. SHundan keyin, Duayt uzoq o'ylab o'tirmay Redingdagi skautlar xizmatidagi do'stiga qo'ng'iroq qildi. Ular bo'lg'usi bortmuhandisning harakatlarini diqqat bilan kuzatishgach, u bilan professional shartnoma tuzishga qaror qilishdi. 23 yoshli SHaka ham qarshi bo'lmadi.

...Hammasi xuddi ertakdagiday bo'lgandi. Angliyaga keldim va shu zahoti Redingning asosiy tarkibidan joy oldim. SHungacha Trinidadda ham, Amerikada ham o'ynagandim, ammo endi hammasi boshqacha edi, - deb eslaydi Xislop.

Ikkinchi divizionda to'p surgan Reding SHaka tarkibga qo'shilgach, birinchiga yo'l oldi va hatto premer-liga yo'llanmasi uchun kurashga qo'shildi. Biroq bari samarasiz ketdi. Qirollarning qora tanli kiperini esa, muxlislaru mutaxassislar eslab qolishdi. Muxlislar Xislopni 2 marta yil o'yinchisi deb topishgan va klubning barcha zamonlar ramziy termasiga kiritishgan bo'lsa, mutaxassislar u bilan til topishishga astoydil urina boshlashdi. Va, nihoyat, 1995 yil yozida Reding rahbariyati Nyukaslning 1,5 mln. funtlik taklifini qaytara olmadi.

Nyukasl 1995|1996 yillar mavsumi davomida Manchester Yunaytedni 12 ochkoga ortda qoldirar va 1927 yilgi natijani qaytarish,  yani chempion bo'lishga juda yaqin edi. Ammo finishga birinchi bo'lib Manchester klubi etib keldi. Bunga Xislop olgan jarohatlar ham tasir ko'rsatmay qolmagandi.

Yozda esa Nyukasl Blekberndan Alan SHirerni - taniqli bombardirni sotib oldi. Yangi futbolchi tashrifi bois Kigan shu paytgacha ish berib kelgan barcha sxemalarni qayta ko'rib chiqishi lozim edi. Ammo chempionat o'rtalariga kelib yangiliklar axtarishdan zerikdi chog'i, o'rnini boshqa bir mutaxassis - Kenni Dalglishga bo'shatishni maqul ko'rdi. SHirerning xizmatlaridan qanday foydalanishni bilmagan murabbiyning o'zi esa, chempionatda Blekbern bilan birinchi bo'ldi. Dalglish ham o'z o'rnida yangi darvozabon - irlandiyalik SHey Givenni asosiy tarkibga jalb qildi.

...Menda SHeyga nisbatan hech qanday xusumat yo'q - u iqtidorli darvozabon, ham ajoyib inson. Ammo darvozada faqat bir kishi tura oladi..., - degan edi Nil vaziyatga baho berarkan.

SHu tariqa bir mavsum yosh Givenga dublyor bo'lgan ikki qizning otasi qadrdon shahri - Londonga yo'l oldi va Vest Xem bilan shartnoma imzoladi.

...Men Xarri Rednap va uning yordamchisi Frenk Lempard yordami bilan baxtli chipta egasiga aylandim. Vest Xemdagi ajoyib muhit, tomoshabinlarning qo'llab-quvvatlashi menga kuch berardi ...

Yangi darvozabonni jalb qilish orqali londonliklar nafaqat kiper muammosini hal qilishdi, balki jadvalning 5-pog'onasiga ko'tarilishdi ham. Xislop 37 o'yinning 16 tasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. SHuningdek, SHakada Angliya termasi tarixida birinchi bo'lib qora tanli darvozabon sifatida qolish imkoni paydo bo'ldi. Glenn Xoddl ham 29 yoshli Xislopni Devid Simenning o'rinbosari sifatida ko'rardi. 1998 yil fevralida SHaka o'z orzusiga juda yaqin keldi ham - u Angliya termasi safida CHiliga qarshi o'tkaziladigan o'rtoqlik uchrashuvi zayavkasiga kiritildi. Ammo o'yinning 90 daqiqasini zahira o'rindig'ida o'tkazdi. 3 oydan so'ng esa, ingliz yoshlari tarkibida shveycariyaliklarga qarshi bo'lgan bahsda tarkibdagi 3 nafar yoshi katta futbolchilarning biri bo'ldi. Keyin... keyin Angliya termasi safida ilk qora tanli posbon sifatida Tabiiy ofat laqabini olgan Devid Jeyms maydonga tushdi.

SHaka shundan keyin ham ingliz termasiga chaqiruvni kutishi mumkin edi, ammo sabr kosasi to'lgandi. Kiper barchasini puxta o'ylab ko'rdi-da... Trinidad va Tobago termasiga - o'zi voyaga etgan, ota-onasiga vatan hisoblangan yurt termasiga yordam berishga qaror qildi.

...Men Evropa chempionati haqida batamom unutishim kerakligini ham, mundialda to'p surish imkoniya­tidan butunlay forig' bo'lishim mumkinligini ham tushunardim, - deydi u. - Ammo qadrdon terma safida maydonga tushish barchasidan ham muhimroq edi...

Xarri Rednapp Vest Xemda ish olib borganda Xislopning poziciyasi muhokamaga muhtoj emasdi. To'g'ri, Kosmonavtni Stiven Bayvoter almashtirgan uchrashuv ham bo'lgandi, ammo Bredfordga qarshi kechgan o'sha fantastik bahsda SHaka oyog'ini sindirib olgani tufayli ishtirok etmaganini ham unutmaslik lozim. Oyoqqa turgach esa, u Rednappning o'rnini qayoqdandir paydo bo'lgan Glenn Reder egallaganini, shuningdek, Rio Ferdinand va Frenk Lempard(kichigi)ni Lids va CHelsiga sotib yuborishganidan xabar topdi. SHuningdek, Reder tashabbusi bilan klubga darvozabon sifatida ancha tajribali bo'lsa-da, ishonchlilik va xotirjamlik jihatidan Xislopdan ancha ortda bo'lgan Devid Jeyms taklif qilingandi. SHunga qaramay, mavsum avvalida Jeyms tizzasini jarohatlab oldi va SHaka asosiy tarkibda maydonga tushishda davom etdi.

Ammo endi jamoa ham, futbolchilar kayfiyati ham boshqa edi. O'sha mavsumda Xislop karerasidagi 2 o'ta omadsiz bahsni o'tkazdi - dastlab Evertondan 0:5 hisobidagi mag'lubiyat, so'ng Blekbernga sharmandalarcha yutqazish - 1:7. Reder quturib ketgan, golkiperni nomunosib faoliyatda ayblashdan ham toymaydigan ahvolda edi. Jeyms safga qaytganidan so'ng, SHaka jamoa­ni almashtirish payti kelganini tushunib etdi va Xarri Rednapp chaqiruvi bilan Portsmutga yo'l oldi.

Yana hammasini qaytadan boshlash kerak edi: endi chempionship deb atalayotgan birinchi divizionda g'alaba, premer-ligaga ko'nikish. 35 yoshli Xislop esa hammani hayratlantirishda - uning xizmatidan voz kechgan klublar va barcha inglizlarni lol qoldirishda davom etardi. So'ng yana avvalgi voqealar takrorlandi - Rednapp o'rnini egallagan Velimir Zaec o'zi bilan grek Kostantinos Xalkiasni olib keldi, francuz Alle Perren esa ko'proq golland Sander Vesterveldga ishonch bildirdi. SHu tariqa, Portsmut chok-chokidan so'kila boshladi. SHaka ketish haqida o'ylab turganida yana Vest Xemdan chaqiruv keldi. 2005 yil yoziga kelib klub tarkibdagi darvozabonlardan ayrilgan, Apton Parkdagi muxlislar esa, sevimli kiperlarining qaytishini talab qilishardi. SHu tariqa faxriy londonliklarga nafaqat birinchilik o'yinlarida, kubok kampaniyasida ham yordam berdi, Vest Xem o'sha mavsumda Angliya kubogi finaligacha etib borish va futbol tarixidagi eng ko'xna sovrin uchun Liverpul bilan bahslashishni uddaladi.

O'sha - 2005|2006 yillardagi mamlakat kubogi faoliyati nihoyasiga etib borayotgan kosmonavt uchun eng munosib sovringa aylanishi mumkin edi. Biroq 35 soniya ko'plik qildi - uchrashuv hakami Alan Uayli sekundomeriga qarayotganida Stiven Jerrard chamasi 35 metrlar uzoqdan darvozani o'qqa tutdi. Bunga qadar yuzlab shunday zarbalarni qaytargan SHaka esa bu safar hech narsa qilolmadi. 3:3 hisobidagi durang, penaltilar seriyasida esa omad Liverpul futbolchilari tarafida bo'ldi.

O'sha uchrashuvdan keyin Xislop va Jerrard yana futbol barrikadalarining ikki tomoniga o'tib olishdi. Germaniyadagi mundialda esa o'z tarixida ilk marta Trinidad va Tobago termasi ishtirok etdi. Ikki trinidadlik katta yoshli taniqli futbolchilar - Duayt York va SHaka Xisloplar esa murabbiy Leo Beenxakker tomonidan zayavkaga kiritildi.

SHaka Germaniyaga zaxiradagi darvozabon sifatida yo'l olgan bo'lsa-da, (Kelvin Jek asosiy kiper hisoblanardi) shvedlarga qarshi o'tkazilgan start o'yinida Beenxakker kutilmaganda Xislopni asosiy tarkibda maydonga tushirdi va adashmadi. Bahsning deyarli yarmini bir kishi kam bo'lib o'ynagan orolliklar o'shanda anchayin yosh bo'lgan Zlatan Ibragimovich jamoasi bilan 0:0 hisobidagi durangga erishishdi. Oldinda esa ularni Angliya termasi kutardi.

...O'sha uchrashuvdan oldin 8 yil avval menga imkon bermagan inglizlarga xato qilganliklarini isbotlashni xohlaganmidim? Ishonsangiz, bu to'g'rida o'ylamadim ham. Birgina istagim jahonning eng kuchli termalaridan biriga munosib qarshilik ko'rsatish va sensaciya qilish edi, xolos...

80 daqiqadan ko'proq inglizlar sobiq fuqarolari darvozasini besamar qamal qilishdi, zero, SHaka o'z ishini bilib qilardi - xuddi Nyukasl yoki Vest Xemdagi kabi. Kiper raqibni juda yaxshi o'qiy olardi. Ammo 83-daqiqada vest-indclar posboni Piter Krauchning o'ta kuchli va aniq zarbasi oldida ojiz qoldi. Qo'shib berilgan daqiqada esa, Jerrard jamoasi g'alabasini mustahkamladi. Keyinchalik malum bo'lishicha, inglizlarga qarshi o'yin SHaka uchun o'ta og'ir kechgan: uning elkasi chiqqan va Paragvayga qarshi o'tadigan kelgusi bahsni o'tkazib yuborishga majbur edi.

Futbol bilan xayrlashishi kutilayotgan 37 yoshli SHaka o'z oldiga yangi vazifa qo'ydi - MLS birinchiligida qatnashish. AQSHga - talabalik yillari o'tgan yurtga otlanarkan, u Dallas tarkibida ham o'zini ko'rsatishga umid qilgandi. Biroq eski jarohatlar izsiz ketmagan ekan. Bir yildan so'ng Xislop qo'lqoplarini mixga ildi.

Yaqinda esa matbuotda SHaka asosiy kasbi - kosmik texnologiya muhandisligiga qaytmoqchi ekanligi to'g'risidagi axborot paydo bo'ldi.

...Bunchalik uzoq tanaffus beiz ketmasligi aniq, - dedi u bu mish-mishlarga javob qaytararkan. - 16 yil davomida ilm-fan ham joyida turmadi. SHu bois, futbolda qolaman.

Endi SHaka Xislop sharhlovchi - ommabop saytlarning birida o'yinlarni sharhlayapti, irqchilikka qarshi faol kurashchi ham. Quvnoqlik va hayotdan lazzat olib yashashni esa unutmagan.

...NASAdalik paytimda menga qizil tugmachani ko'rsang, uni bosma deb o'rgatishgan. SHuning uchun aksariyat hollarda shunday tugmachalarga duch kelganimda ularni bosmayman.

Footballhd.ru - ILYOSBEK tayyorladi

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика