So’nggi yangiliklar

04:53Рўзиқул Бердиев: "Бугун олти очколик ўйин бўлди, аммо "Пахтакор"ни ҳисобдан чиқариб бўлмайди"  3 01:50Максим Шацких: "Декабрь ойида барчасини сарҳисоб қиламиз. Ўйинни назорат қилдик ва рақибга имконият бермадик"  17 01:40МЮ "Атлетико" собиқ футболчисига қизиқмоқда  0 01:24Мората "Милан"га ўтиши ҳақида гапирди  0 01:07"Наполи" ҳатто Осимхен қолса ҳам, Лукаку билан шартнома имзоламоқчи, аммо 30 млн евродан қимматига эмас  0 00:40"Барселона" "Челси" ўйинчисининг трансфери устида ишламоқда  1 00:20Англия Суперкубоги. "Манчестер Сити" - "Манчестер Юнайтед" 1:1, Брунонинг ажойиб голи ҳисобга олинмади  0 00:15Стерлинг "Ювентус"га ўтиши мумкин  0 00:04РПЛ. ЦСКА 90+1 дақиқада ўтказиб юборилган гол сабаб "Краснодар"га мағлуб бўлди  9 23:45Дибала Саудиянинг учинчи клубидан ҳам таклиф олди, аммо...  1 23:21"Барселона" футболчиси "Ювентус"га йўл оладими?  0 22:53"Ливерпуль" ўз ўйинчисини 20+7,5 млн фунтга сотади  1 22:45Суперлига. "Насаф" - "Пахтакор" 1:0  4 22:22Виталий Левченко: "Тартибли футбол эвазига ғалабага эришдик"   2 22:06Вадим Абрамов: "Гол ўтказилганида хато бутун жамоаники бўлади"  5

“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. X bob Yangiliklar

“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. X bob

Uilson Raj Perumalning "Kelishilgan o'yinlar qiroli" kitobining o'ninchi bobini taqdim etamiz.
Aksariyat mutaxassislar kelishilgan o'yinlarni tashkil etish bilan shug'ullanuvchi kimsalarni bamisoli o'rgimchakka o'xshatadilar. Bunday qiyoslashga ikkilanib o'tirmasdan qo'shilish mumkin. CHunki o'rgimchak tabiat bo'lgan bunday nayrangbozlar butun dunyo bo'ylab to'r to'qiydilar. Afsuski, ularning to'riga osonlikcha tushadiganlar har erda topiladi. Perumal kitobining  navbatdagi boblarida millionlarga qanday ishlagani-yu, eski tanishi Pal bilan qay tariqa hisob-kitob qilib olgani xususida so'z yuritgan.

Bu yurtlarga Kongo terma jamoasini olib keldim. Ularning yo'l xarajatlarini to'ladim, ammo bukmekerlik idoralari hadeganda ushbu o'yinlar uchun stavkalarni qabul qilishni boshlamadilar. Zimbabve terma jamoasi muntazam ravishda shunday yo'llar orqali pullarga ishlardi. Buni yaxshi bilganim uchun ularni 2009 yilning mayida Ummonga olib keldim. Qisqa vaqt oralig'ida 4 million Singapur dollariga ishladim. Tinchgina yashash uchun etadigan pul. Sarmoyani ko'chmas mulklarga yo'naltirsam ham bo'lardi. Ammo hech qachon bunday to'g'ri ishlar bilan shug'ullanmaganman. Men shunchaki bugungi kun bilan yashashga o'rganman.

O'zimdan 19 yosh kichik bo'lgan bir qiz bilan tanishdim. U bilan tez-tez uchrashib turardik. Taklifimdan keyin o'sha qiz turmushga chiqishga hali erta ekanligini aytdi. Qolaversa, aqidamiz boshqa-boshqa edi. Unga uylanish uchun islomni qabul qilmoqchi emasdim. Topish-tutishim ancha o'nglanib qolgani bois Evropadagi top-ligalarda o'tadigan uchrashuvlar uchun kattaroq pul tikishga tushdim. Bir o'yin uchun hech o'ylanib o'tirmasdan 100 yoki 200 ming tikishim mumkin edi. Xuddi 10 yil oldingidek cho'ntaklarimda 3 million dollar bilan o'zim uchun qadrli bo'lib qolgan qahvaxonada o'tirardim. Pullar meni sira o'zgartirib yubormagandi. Oddiy Xondada yurardim va kiyimlarim ham oddiy odamlarnikidan mutlaqo farq qilmasdi. Ishonsangiz, soch oldirish uchun ham oldinlari o'zim qatnagan sartaroshxonaga tashrif buyurishni kanda qilmasdim.

- Uilson, pullaring juda ko'p. Nega zamonaviy urfdagi soatlarni taqib yurmaysan? - deya so'rab qoldi kunlardan birida yaqin tanishim.

- Juda soz, shunday soatni sotib olish payti kelgan ko'rinadi, - degancha unga javob qaytardim.

Roleks rusumidagi soatni sotib olish uchun 20 ming dollar  sarfladim. Bundan tashqari onam olgan kreditni qopladim va oilamning  boshqa qarzlarini to'ladim. Bu stavkalar orqali yiqqan pullarimni foydali ishlarga birinchi bor sarflashim edi. Qolgan pullarni yana o'yinlar uchun tikib yubordim.


FUTBOLCHILAR, MURABBIYLAR VA RASMIY SHAXSLAR MENDAN PUL SO'RARDILAR XOLOS
 
2009 yilning mayida hayotim tubdan o'zgarib ketdi.  Ikki do'stimni Singapur aeroportiga olib keldim. SHoshib turganimiz bois mashinamni  taqiqlangan joyga qo'ydim. Do'stlarim reysga ulgurib qoldilar. Aeroportda biroz tamaddi qilib oldim. Avtomobilimning yoniga qaytsam, atrofida qo'riqchilar aylanib yurgan ekanlar. 150 dollar jarima to'lab qutilib ketsam bo'ladi, deb o'yladim va bundan ortiqcha xavotirga tushmadim. Ketishga harakat qilgan paytimda qo'riqchilardan biri boshimga urdi. Bunday bo'lishini umuman kutmagandim. Qon asta-sekinlik bilan peshonamga sizib tusha boshladi. U meni qo'yib yuborishni istamay, policiya kelishini kutib turdi. Elkam bilan uni turtib mashinaga o'tirdim. Qo'riqchi yurishimga imkon berish niyatida emasligini bildirgancha uning ro'parasiga turib oldi. Uni aylanib o'tdim, shunga qaramasdan qo'riqchi 20 metrgacha ortimdan quvib bordi. Policiya baribir etib keldi.  Meni mashinaning raqamlari orqali qidirib topdilar. Uyda yashamasdim. SHu bois onam policiyachilar qidirib kelganlarini menga gapirib berdi. Policiya mahkamasiga o'z xohishim bilan bordim. Kutilmaganda u erda qo'llarimga kishan solib, meni xizmat vazifasini bajarish chog'ida davlat odamiga qarshilik ko'rsatganimda va hayotiga xavf solganlikda ayblashga tushdilar. Qolaversa, mashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarganim ham etibordan chetda qolmadi. 25 yil davomida haydovchilik guvohnomasiz mashina bosh-qarganman va biror marta ham yo'l harakati qoidasini buzish borasida qo'lga tushmagandim.
Qo'riqchi elkasi bilan tizzasini jarohatlaganim haqida arz qilishdan tashqari mashina bilan bosib yuborishga uringanimni gapirib berdi. Meni qamab qo'ydilar va 20 ming dollar miqdoridagi garov puli evaziga qo'yib yubordilar. Singapurda o'zingiz uchun garov puli to'lay olmaysiz. Buning uchun yordamchi kerak bo'ladi. Megaga murojaat qildim. Bu orada Kang bilan munosabatim yomonlashib ketdi. U bizni kelishilgan o'yinlarning natijasini oldindan malum qilishimizda ayblab, tinmay asabiylashardi. 2009 yil iyun oyining oxirida Bahraynda 17 yoshgacha bo'lgan o'smirlar o'rtasida o'rtoqlik turnirini tashkil etdim. Keniyaliklar bilan kelishib, ularning butun delegaciyasi uchun chiptalar sotib oldim. Kang bilan birga 400 ming dollarga teng bo'lgan xarajatni bo'lishdik. Foydani ham  shu tariqa bo'lishishimiz kerak edi. Afsuski, bukmekerlar bu turnirga stavkalarni qabul qilmadilar va biz pullarni yo'qotdik. SHunda Dan Kangga qo'ng'iroq qildi:
- Uilson sening pullaringni oldimi? U hatto turnirni tashkil etgani yo'q, shunchaki seni aldadi.
Dan hech qanday sabablarsiz men bilan dushmandek munosabatda bo'ldi. Kang esa o'zi fikr yuritish o'rniga do'stiga osonlik bilan ishondi. Endi Kangga suyana olmasdim.

MUSTAQIL RAVISHDAGI FAOLIYAT

SHu bois AQSHda o'tkaziladigan KONKAKAF Oltin Kubogida mustaqil ish yuritishga qaror qildi. Iyun oyida Gaiti terma jamoasi suriyaliklar bilan o'rtoqlik o'yinida kuch sinashish uchun Monrealga etib keldi. O'z odamlarimga 50 ming dollar berib, ularni Kanadaga yubordim.
- Pullarni ayamanglar, - dedim ularga. - Futbolchilarni tunggi klublarga olib boringlar, yangi butsalar va kiyimlar sotib olinglar. Umuman olganda, vaqtni ko'ngilxushlik qilish bilan o'tkazinglar.
Afsuski, ular haddan ziyod oshirib yubordilar. CHunki Gaiti FA prezidenti futbolchilarning shubhali shaxslar bilan juda tez apoq-chapoq bo'lib ketganlarini ilg'ashga ulgurgandi. Oradan bir hafta o'tib KONKAKAF Kubogi boshlandi va men Amerikaga uchib bordim. Birinchi  navbatda grenadalik odam bilan bog'landim. U menga o'zimni oshkor etmaslikni maslahat berdi:
- Kel, kelishilgan o'yinni uchinchi uchrashuvda tashkil etaylik. O'shanda terma jamoamizning kurashni davom ettirishi uchun imkoniyati qolmaydi. Dastlabki ikki bellashuvda esa to'liq kuch bilan o'ynaymiz.
Ular ikki uchrashuvni yutqazishdi. Uchinchi bahsda esa grenadaliklar Bostondan uzoq bo'lmagan joyda Gonduras bilan to'qnash keldilar. Men ham aynan o'sha erga yo'l oldim. Kang bilan aloqani uzganimdan keyin pullarim deyarli tamom bo'lgandi. Moliyaviy ko'makka muhtojlik sezib, Dan va Admir bilan bog'landim. Dan o'ylab ko'rishini aytdi. Admir esa hamkorlik qilishga tayyorligini va tez orada Bostonga etib kelishini bildirdi. Ustiga-ustak telefonimda pul qolmagandi. SHu bois Assalan ismli odamimning telefonidan foydalanishga qaror qildim. Ammo u kutilmaganda telefonini berishni istamadi. Baribir uning telefonini qo'lga kiritdim. Terilgan raqamlarni tekshirar ekanman, Q386 kodini ko'rib qoldim. Bu Admirning raqami edi. Ablah, u o'zimga bildirmasdan ish qilayotgan ekan! Assalan meni sotgandi. U bilan janjallashib o'tirmadim, balki haydab yubordim.
Tez orada Dan bilan Admir Bostonga uchib kelishdi. Gondurasga qarshi o'yin oldidan Grenada terma jamoasining futbolchilari bilan mehmonxonada uchrashdim.
- Jin ursin, oldinroq qaerda edinglar? - deya so'rashdi ular.
- Vakilingiz ikkita  o'yinni to'liq kuch bilan o'ynashingizni, faqat uchinchi uchrashuvda pul tikishimiz mumkinligini aytdi-ku! - deya javob qaytardim.
- U toshini tersin! Axir biz Oltin Kubokni hech qachon yuta olmaymiz. Unga doimgidek AQSH yoki Meksika ega chiqadi. Har safar shunday bo'lib kelgan. Biz biroz pul ishlab olmoqchi edik.
Futbolchilar o'zlari  aytganidek, pul ishlab oldilar. Gonduras Grenadani 4:0 hisobida yanchib tashladi. Yigitlar ikki bo'limda oldindan kelishib olganimizdek, ikkitadan gol o'tkazib yubordilar. Dan sheriklari bilan salkam 2 million dollarga ishladi. Limitlar ancha yuqori edi. 600 ming dollar tikkandim va 1 millionni qo'lga kiritdim. O'sha kuni oqshomda grenadaliklar bilan hisob-kitob qilib, Arizona shtatida joylashgan Glendeyl shahriga yo'l oldim. U erda Nikaragua terma jamoasi bilan kelishib olishim kerak edi. Ular meksikalik va gvadelupalik raqiblariga yutqazib, guruhdan chiqish imkoniyatini butkul boy bergandilar. Nikaragualiklar guruh bosqichining oxirgi uchrashuvida Panama terma jamoasiga qarshi maydonga tushardilar. Futbolchilarni tungi klubga olib bordim.
Ularning orasida faqat bir o'yinchi inglizchani bilardi xolos. U Xose ismli himoyachi edi. Men aynan Xose bilan gaplashib oldim:
- Faqat bir o'yiningiz qoldi. 80 ming dollar beraman. Har biringizga taxminan 15 ming dollardan tegadi. Pullar sizlarni kutmoqda. Faqat telba odamgina bunday imkoniyatni rad etishi mumkin xolos.
Futbolchilar bunday taklifdan quvonib ketdilar. Ular tunggi klubda bundan xursand bo'lib o'yinga tushar ekanlar, vaqti-vaqti bilan nomimni aytib baqirardilar. Nikaragua terma jamoasi kelib to'xtagan mehmonxonadan joy oldim. Futbolchilarga avans tariqasida 40 ming dollar berdim. Dan va Admirga o'yinning qanday natija bilan tugashini etkazdim. Bu uchrashuvga million dollar tikkandim va nikaragualiklar berilgan vazifani alo darajada uddalagan holda 0:4 hisobida imkoniyatni boy berdilar. Salkam 2 million dollar yutdim. Oldinlari Nikaragua haqida hech nima o'qimagan ekanman. Malum bo'lishicha, bu sayyoramizdagi eng qashshoq mamlakatlardan biri hisoblanarkan. Uchrashuv nihoyasiga etganidan keyin ostonamda futbolchi, murabbiylar va hatto FAning rasmiy shaxslari navbatda turardilar. Ularning hammasi yuzlariga ayanchli tus berib, mendan faqat pul so'rardilar. O'zimdagi bor pullarni tarqatib, cho'ntagimda ozgina mablag' qoldirgancha mehmonxonani tark etdim.

(Davomi bor)

J.ZAYNOBUTDINOV tayyorladi.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика