JCH-2022. Hammasi bugun boshlanadi... Qosimov futbolchilarga vada berdi
05 sen 2019 15:33
Yangiliklar
JCH-2022. Hammasi bugun boshlanadi... Qosimov futbolchilarga vada berdi
Umid qilamiz-ki, sarbon uni eson-omon manzil sari etaklay oladi.
O'zbekiston terma jamoasi bilan birga Falastindan bevosita jarayonlarni jonli yoritib borishga harakat qilayapmiz. Terma jamoadagilarning har biri xalqimizning uzoq yillik orzularidan birini ro'yobga chiqarish uchun bor diqqat-etiborini bir nuqtaga qaratgan. Mundialga chiqishni hammamiz birdek xohlaymiz. Buning uchun futbolchilarimizni qo'llab-quvvatlab turishga harakat qilamiz. Zero, terma jamoani aynan ular Jahon chempionatiga olib chiqishadi.
Bu safargi yurishni safarda, kamiga suniy maydonda boshlaymiz. Bunday maydonning qator salbiy taraflarini sanab o'tishimiz mumkin. Ammo, mundialda o'ynamoqchi bo'lgan jamoa uchun bu chikora bo'lishi kerak. Buni o'yinchilarning o'zlari ham yaxshi bilishadi. Katta maqsadni oldimizga qo'ydikmi, demak har qanday qiyinchilikni engib o'ta olishimiz kerak.
Taxminiy tarkibimiz
Bugun darvozamizni Eldorbek Suyunov qo'riqlashi ehtimoli katta. Sababi, boshqa kiperlarga nisbatan hurmatni saqlagan holda aytishim mumkin-ki, bugungi kunda mamlakatimizning birinchi raqamli posboni aynan u.
Himoyaning chap qanotida Farruh Sayfievni ko'ramiz. U ham hozir o'z chizig'ida eng kuchlisi. Uning hujumga yaxshi qo'shilishi va ochila bilish qobiliyatidan to'g'ri foydalana olsak katta foyda keltiradigan futbolchi. O'ng qanotimizda esa Davron Hoshimovni ko'rsak kerak. Har holda, Kuper tajriba va jismonan baquvvatroq Hoshimovni tushirish ehtimoli ko'proq. Alijonov to'p bilan yaxshiroq muomala qiladi, texnik imkoniyatlari ham ustunroq. Ammo, bugungi raqib va maydondan kelib chiqsak, uni boshqa safar tarkibda ko'rsak kerak. Boz ustiga u "Paxtakor"da oldinroqda harakatlanishga ko'nikkan. Kuperning himoyalanishga birinchi etiborni qaratishi va qanot himoyachilaridan biri doimo orqani ushlash uchun qolishini inobatga olganda ham bugun Davronni ko'ramiz. Markaziy himoyada esa Anzur Ismoilov va Egor Krimeclar tushsa kerak. Anzur eng tajribali o'yinchimiz va himoyani o'yin payti aynan u boshqaradi. Krimec esa ayni paytda Superligamizning eng kuchli markaziy himoyachisi. Uning uzoq masofaga beradigan paslari sifatli. Har ikki himoyachimiz ham bosh bilan benazir va bu jihatda bugungi raqiblarga hech qanday imkon bermasliklariga ishonamiz.
Ektor Kuper 4-2-3-1 sxemasini yoqtiradi. Terma jamoamiz uning qo'lostida asosan shu uslubda harakatlanmoqda. Maydon markazida Odillarimiz o'yinni boshlang'ich tarkibda boshlashlari deyarli aniq. Hamrobekov so'nggi ikki mavsumda ichki chempionatimizda eng yaxshi ko'rsatkichlar qayd etayotgan tayanch yarim himoyachisi. Uning hozirgi formasidan kelib chiqsak ham kichik Odil bugun 11talikda bo'ladi. Sardorimizga esa alohida to'xtalib o'tirish shart emas. Ularga uchinchi sherik kim bo'lishi esa yaxshigina o'ylantiradigan savol. Ikrom Aliboev, Aziz G'aniev, Sanjar SHoahmedov va Oston O'runovlardan faqat bittasi bugun asosiy tarkibda bo'ladi. Menimcha, bosh murabbiy Aliboev va G'anievdan birini tushiradi. Ikrom hozir "Seul"ning to'laqonli asosiy o'yinchisi bo'lib ulgurgan, o'yin amaliyoti ham etarli darajada. Birgina ikkilantirayotgan jihat, Kuper uni ko'pincha qanotga tushirib kelmoqda. SHu sabab ham Aliboev tanlovida ishonch bilan yozmadim. G'aniev esa jiddiy jarohatdan keyin yana oldingi formasiga qayta oldi. Uning o'yinni o'qiy olishi murabbiyning etiborini ham o'ziga tortdi. Suniy qoplamali maydonda imkon qadar uzoqdan zarbalarni ko'proq beraverish kerak. Bu borada, Ikrom va Azizning imkoniyatlari deyarli teng. Har ikkalasida ham juda yaxshi zarba bor.
CHap qanot vingeri Jaloliddin Masharipov bo'lishiga hech kim shubha qilmasa kerak. Ayniqsa, joriy mavsum u o'zining eng yuqori formasiga chiqdi. O'zi umuman terma jamoaning chap qanotidan havotir yo'q. "Paxtakor"da tandem bo'lib o'ynayotgan Sayfiev va Masharipov terma jamoada ham klubdagidek foyda keltirishlariga umid qilamiz. Murabbiylar ushbu "svyazka"ning imkoniyatlaridan samarali foydalanishadi deb umid qilamiz.
O'ng qanotda bugun Doston Hamdamovni ko'rish ehtimolimiz yuqori. Doston Ibragimov va Quvondiq Ro'ziev variantlari ham bor. Lekin, uch nafar davogar orasida aynan Hamdamov nisbatan tajribaliroq. Boz ustiga, bosh murabbiy uni ko'p bor sinab ko'rishga ham ulgurgan.
Markaziy hujumda kim tushishini esa istalgan muxlis aytib bera oladi. Rossiya chempionatidagi himoyachilarni zir titratayotgan va super formada bo'lib turgan Eldor SHomurodov Falastin himoyasini ham parchalab tashlashiga barchamiz ishonmoqdamiz. Agar terma jamoamiz gol urish borasida muammolarga uchrayversa, zaxiradan Igor Sergeevning tushish imkoniyati yuqori. Har holda, hozir Sergeev yaxshi formaga kirib olgan va klubida ham gollar urmoqda. Temurxo'ja Abduxoliqov esa "Lokomotiv"ga Samvel Babayan kelganidan keyin samaradorlikni tushirib yubordi. Unga keyingi mavsumda yangi chaqiruv zarurdek ko'rinmoqda.
O'zbeksiton MTJning Falastinga qarshi o'o'yin uchun taxminiy tarkibi: 4-2-3-1
Eldor Suyunov - Davron Hoshimov, Egor Krimec, Anzur Ismoilov, Farruh Sayfiev - Odil Hamrobekov, Ikrom Aliboev (Aziz G'aniev) - Odil Ahmedov, Doston Hamdamov, Jaloliddin Masharipov - Eldor SHomurodov.
To'p bilan yaxshi o'ynaydigan Falastin
Terma jamoamizning kechagi kunini onlayn tarzda yoritib bordik. SHu sabab tushdan to mashg'ulotga ketgungacha bo'lgan vaqtni mehmonxona lobbisida o'tkazdik. Bu orada mahalliy jurnalistlar bilan ham suhbatlashishga ulgurdik. Falastin terma jamoasi ham "Millennium"daligi, kamiga kecha o'yindan oldingi matbuot anjumani tashkil etilgani sabab ko'plab mahalliy OAV xodimlari kecha shu erda edi. Ularning aytishicha, ayni paytda Falastin terma jamoasida 15-raqamdagi jamoa sardori Abdullatif Al-Bahdari va 29-raqamdagi 20 yoshli hujumchi Oday Dabbahlar asosiy "figura". Terma jamoa o'yini aynan ularga bog'liq va asosiy xavf ham aynan shu ikki futbolchi evaziga keladi. Men esa markazda to'p tepadigan Muhammad Darveshga ham alohida etibor qaratgan bo'lardim. To'pni raqibdan olib qo'yish va hujumdagi sheriklariga etkazish aynan shu futbolchi chekiga tushadi. Darveshni zararsizlantirish Falastin o'yiniga jiddiy zarba berish bo'ladi, nazarimda. Falastinlik futbolchilar to'p bilan yaxshi o'ynashadi. Bunday raqibni to'psiz qoldirish o'yinini bo'g'ish demakdir.
Har qanday faktorlarga qaramay, O'zbekiston Falastindan bir kalla ustun va buni amalda ham isbotlab qo'yish qoldi. Futbolchilarimizga omad va g'alaba tilab qolamiz. Startni g'alaba bilan boshlasak, maydonni tushgan har bir o'yinchimizning surati galereyamizdan albatta joy oladi. Men jurnalist va fotografman. Demak, futbolchilarimizga moddiy rag'bat vada qila olmayman. Ammo, zo'r kadrlarni vada qilishim mumkin. ;)
Tolibjon Qosimov
Ramallah, Falastin
Fikrlar