

Kuni kecha Keyrushning o'ziga boshqa ish topgani, endilikda u Jazoir milliy terma jamoasini boshqarishga tayyorligini yozgandik. Bugun esa bu murabbiyga Janubiy Koreya qiziqish bildirayotgani haqida xabar chiqdi.
Endilikda portugaliyalik mutaxassis Janubiy Koreya qiziqishlari doirasiga tushib qolgan. Ma'lum bo'lishicha, J.Koreyaning "Hyundai" kompaniyasi rahbarining o'g'li Chung Mong Gyu murabbiy xohlayotgan maoshni to'lab berishga tayyor. Keyrush qaysi jamoada ishlamasin, yillik maoshi 3,5 million dollar bo'lishini xohlamoqda.
Chung Mong Gyu hozirda Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi prezidenti hisoblanadi va juda katta mablag'ga ega insonlardan biri. Uning orzularidan biri terma jamoaga mashhur murabbiyni olib kelish. Xabaringiz bor, koreyaliklarni jahon chempionatida Shin Tae Yong boshqardi va endilikda assotsiatsiya uning o'rniga boshqa murabbiyni qidirmoqda. Nomzodlar orasida Keyrushdan tashqari Xuan Karlos Osorio bilan Zlatko Dalich ham bor. Lekin Chung Mong Gyu aynan Karlush Keyrush kelishini istayapti.
Aytib o'tganimizdek, Chung Mong Gyuning otasi Chung Ju Yung mashhur "Hyundai" kompaniyasi rahbari hisoblanadi hamda uning boyligi "Forbs" jurnali tomonidan bir milliard dollardan ziyod baholangan.



