Ivan Boshkovich: "Futbolchi bo'lishni istagan bola birinchi o'rinda pulni o'ylasa, ko'p narsani yo'qotadi"
19 may 2021 22:55
Yangiliklar
Ivan Boshkovich: "Futbolchi bo'lishni istagan bola birinchi o'rinda pulni o'ylasa, ko'p narsani yo'qotadi"
Xususan, o'tgan mavsumdan boshlab bolalar futboli metodikasida Evropa andozalaridan foydalanish maqsadida klub rahbariyati xorijlik mutaxassislarni ishga jalb etishni boshlab yubordi.
Muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan Ivan Boshkovich taklif qilindi. 2011-2012 yillarda Qarshining "Nasaf" jamoasidagi yorqin o'yinlari bilan ishqibozlar ko'nglidan joy olgan Boshkovich, o'sha mavsumlarda "ajdarlar" tarkibida 51 ta o'yin o'tkazib, 20 ta gol urgandi. 38 yoshli Ivan Boshkovich futbolchi sifatida oxirgi marotaba 2017 yili Serbiyaning "Sutesku" klubida o'ynab, butsalarini mixga ilgandi.
Yaqinda Ivan Boshkovich bilan "Bunyodkor" akademiyasida ko'rishib, bolalar futbolidagi muammolar, "Nasaf"dagi faoliyati va boshqa mavzulardi bir piyola choy ustida suhbatlashdik. Qaysidir manoda Boshkovich bilan intervyu qilishni anchadan beri rejalashtirib yurgandim. Katta intervyulardan oldin odatim qahramonimni o'rganaman. Uning faoliyatiga doir malumotlar bilan tanishaman. Bu ko'pincha uzoq vaqtni oladi. SHu bois bo'lsa kerak, bunday suhbatlarni etiboringizga havola qilish gohida cho'zilib ketadi. Maqsadim – shunchaki intervyu olish emas. O'zim ham nimadir olish va o'quvchilarga nimadir bera olish. Qahramonim bilan gaplashib, evropacha qarashlarni bizning futbolga singdirayotganini sezdim. Gaplarida evropacha fikrlash bor. Quyida suhbatni to'liq hajmda taqdim qilaman.
Zamonaviy futbol taktik tayyorgarlikni talab qilmoqda yoxud himoyaga yotib, qarshi hujumni poylash bilan natijaga erishish qiyin
- Suhbatimizni bugungi kunda "Bunyodkor" klubidagi faoliyatingizdan boshlasak, joriy yilda qanday maqsadlar qo'yilgan? Ayni paytda klubdagi vaziyatni qanday baholaysiz? CHunki o'tgan mavsum Ulug'bek Mirzaev ishdan olingach, malum bir muammolar yuzaga kelgandi...
- "Bunyodkor" akademiyasida o'tgan mavsumdan beri mehnat qilib kelmoqdaman. Faoliyatimga kelsak, yoshlar bilan ishlayapman. Qo'l ostimda 2003, 2004 yilda tug'ligan futbolchilar to'p tepishmoqda. Ularning ayrimlari ikkinchi liga jamoasiga jalb qilingan. Akademiyadagi murabbiylarning yagona maqsadi – birinchi galda asosiy tarkibga, so'ng turli yoshdagi terma jamoalarga futbolchi etkazib berish. Har bir murabbiyning maqsadi shunday. Ushbu klubga meni Ulug'bek Mirzaev taklif qildi. Mazkur taklifdan xursand bo'ldim va o'ylab ko'rib, uni qabul qildim. Ishimdan qoniqish hosil qilishdi va hamkorlikni bu yil ham davom ettirmoqdamiz. Yutuqlarga keladigan bo'lsak, mana hozirda o'rinbosarlar jamoasida 3-4 nafar futbolchim to'p tepyapti. U18ga ham 3 nafar o'yinchim jalb qilindi. Professional futbolchi bo'lib etishish uchun barchada imkoniyat bor.
- 2020 yilning ikkinchi yarimida akademiya qarovsiz qolgandek taassurot qoldirdi. Mana shunday pallada ishlash qanchalik qiyinchilik tug'dirdi?
- Rahbariyatda nima bo'ldi, qanday voqealar yuz berdi xabarim yo'q. Pandemiya boshlangach, nafaqat bizga, balki butun dunyo sportiga qiyin bo'ldi. Ko'p to'xtalishlar bo'lganini hisobga olmaganda mavsumni yaxshi yakunladik. Xudoga shukur, bu yil avvalgidek muammolar yo'q. Barcha murabbiylarga sharoitlar yaratib berilgan. Umid qilamanki, boshqa bunday muammolarga duch kelmaymiz.
- Bolalar futboli bilan tanishib boryapsiz. Ular bilan birga ishlamoqdasiz. Nima deb o'ylaysiz, futbolchining o'tish davrida yo'qolib qolishi va katta futbolga o'ta olmasligining sababi nimada?
- CHernogoriya va Tailanddagi murabbiylik faoliyatimda ko'rib, shunga amin bo'ldimki, futbolchining xarakteristikasi bo'yicha hammaniki turlicha. O'zbekistonlik futbolchilar bo'y va jismoniy tomondan ustun kelolmasligi mumkin. Aynan jismoniy tomondan o'zbekistonlik futbolchilar katta maydonlarda yutqazishmoqda. Osiyoni oladigan bo'lsak, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy ko'proq shu jihat ustida ishlashadi. Lekin boshqa yaxshi jihatlar bor. Masalan tezlik, dribling, texnikaga ega ijrochilar sizlarda ko'p. Ammo bugungi zamonaviy futbol ko'proq taktik tayyorgarlikni ham talab qilyapti. Agarda yaxshi futbolchilar etishtirishni istasak, futbolchidagi taktik bilimni kuchaytirishimiz lozim. SHundagina asosiy jamoada o'ynab keta olishi osonroq kechadi. Mening vazifam mana shu kamchiliklarni o'rganib, bosqichma bosqich bartaraf qilib borish. O'tish davrida muammolar bo'lishi rost. Evropada ham shunday holatlar uchrab turadi. 16-17 yoshdan so'ng hamma ham katta futbolchi bo'lib ketmasligi mumkin yoki biz murabbiylar etibor bermay qolamiz.
- Taktik bilim haqida gapirdingiz. Bugungi kunda futbolchi uchun maydonda fikrlash qanchalik muhim?
- Yuqoridagi fikrimni davomi sifatida shuni aytishim mumkinki, har bir yoshda o'rgatiladigan mahsus dasturlar bor. Yosh toifalarida turlicha yondashiladi. Deylik, mavridi keladi, futbolchiga maydondagi joylashuvi, qaysi nuqtada turishi va qaerda tezlik olishi uqtiriladi. 14-15 yoshda tezlik, kordinaciyaga etibor beriladi. Agarda uning yoshida o'rgatilishi kerak bo'lgan narsani yoddan chiqarib, boshqa mavzuga o'tib ketsak, keyin kech bo'ladi. Texnik tomondan to'p bilan ishlashga muntazam urg'u qaratib kelamiz. Yoshi keladi, jismoniy tayyorgarlik birinchi planga chiqadi. Erta ham, kech ham bo'lmasligi zarur. Yani hamma narsani o'z vaqti bor. Avvalgi yoshda o'rgatilgan narsalarni puxta egallasa, keyingi yoshda qolganlarini o'zlashtira oladi. Yakunida bosqichma bosqich natija talab qiladigan holatga kelamiz. CHernogoriyada murabbiylar aytishadiki, futbolchini olib kelishadi, lekin u taktik jihatdan tayyor bo'lmaydi. Uni hali asosiy jamoaga tayyorlash kerak. Oliy liga murabbiyida yana qaytadan tayyorlab borishga vaqt etmaydi. Katta futbolda murabbiy ortiqcha narsa o'rgatib o'tirmaydi. Kerakli ko'rsatmalarni beradi, tamom. CHunki undan natija so'raladi. Oldiga yutish vazifasi qo'yiladi. Biz murabbiylar har doim izlanishda bo'lishimiz shart. CHunki futbol har kuni o'zgaryapti. Zamonaviy futbolda bitta narsani qoldirib ketish xato. Taktikalar, futbolchilarga yondashuvlar yangilanmoqda. Mashg'ulotlar jarayonini yanada yuqori darajaga olib chiqish ustida bosh qotirishimiz darkor. Kechagi aytgan gapingiz bugungi kunga to'g'ri kelmayapti. 5 yil oldingi futbol bilan hozirgisini o'rasida farq juda katta. Men bu bilan Germaniya yoki Evropaning boshqa mamlakatlarini solishtirmoqchi emasman. Agarda O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqishni istasa, yuqoridagi muammolarni bartaraf qilishi kerak. Futbolchining, murabbiyning o'z ustida ishlashi, bugungi kun futboli talabidir. Futboldagi temp, tezkorlik pressing yanada kuchayib boryati. Himoyaga yotib olib, to'psiz o'ynab, qarshi hujumni kutish bilan biror natijaga erishish qiyin. Xalqaro maydonga chiqishni istasangiz, himoyada imkoniyat kutib o'tirish bilan faqat yutqazasiz.
- Ektor Kuper O'zbekiston milliy terma jamoasida himoyaviy uslubni qo'llamoqchi bo'ldi...
- Har bir uslub o'zgacha. Umumiy o'yin suratini olsak, ikkinchi raqam ostida o'ynash, o'zbekistonlik futbolchilarning xarakteriga mos tushmaydi. CHunki ularning qoni qaynoq. Nega Ispaniya himoyada o'ynamaydi? Boisi to'p bilan yaxshiroq muomala qilishadi. Demak, bu ularga xos uslub. Kuchli raqiblarga qarshi himoyada o'ynash? Menimcha, ko'proq taktika va raqibni tahlil qilishga bog'liq. Futbolchilar birinchi taktikadan ikkinchi taktikaga tezroq o'tishi zarur. SHuningdek, har bir raqibga turlicha taktika qo'llash degan narsalar ham bor. Buning uchun bolalar futbolidan taktikaga urg'u qaratish lozim.
“Bunyodkor”ga keldim degani, futbolchi bo'lib qoldim, degani emas. Intilishda davom etish kerak
- O'zbekistonda "Paxtakor"da faoliyat olib borgan gruziyalik murabbiy SHota Arveladze bu erda bolalar "Real" yoki "Barsa"ni emas, malibu olishni istashadi, degan gapni aytgandi. Oldinlari futbolchi avval futbolni, g'ururini o'ylardi. Hozirgi vaqtda pul birinchi planga chiqib qolgandek. To'g'ri, tirikchilik, oila boqish kerak...
- Gohida vaziyat shuni taqozo etishini tushunaman. Sizga bir gapni aytaman, agarda men futbolni yaxshi ko'rmasam, qanday qilib yaxshi futbolchi chiqaraman, agarda futbolni yaxshi ko'rmaganimda, qanday qilib muxlislarga tanilardim? Futbolchi bo'lishni istagan bola birinchi o'rinda pulni o'ylasa, ko'p narsani yo'qotadi. Men shunday hisoblayman. Har bir bolaning futboldagi orzusi mavjud. U kimgadir intiladi. Agarda intilish bo'lmasa, oddiy futbolchi bo'lib qolaveradi. SHuningdek, futbolchida o'ziga bo'lgan ishonchni orttirish ustida ham ishlash maqsadga muvofiq. Agarda uni boshqa futbolchilar bilan solishtirsak, unga past baho bersak, ruhiy tomondan sinib qoladi. Balki, ertaga u yanada kuchli bo'lib ketishi ehtimoli ham yo'q emas. Demak, gap ruhiy tayyorgarlikka borib taqalmoqda. Sizga aytsam, "Bunyodkor"ga keldim, bo'ldi futbolchiman, yulduzman, deyish katta xato. Bu klub shunchaki rivojlanishi uchun tramplin vazifasini o'taydi. Futbolchi yanada oldinga qarab yurishda davom etishi o'zi va kelajagi uchun foyda. O'sishda davom etish kerak. Futbolchi hech qachon o'zidan qoniqish hosil qilmasin. CHunki to'xtab qolish yomon oqibatlarga olib kelishi barchaga malum. U o'zidan ko'ngli to'ldimi, o'smay qoladi. Akademiyada futbol bilan bir qatorda bolani katta hayotga ham tayyorlab boramiz. Nega? Agarda u tartibli bo'lsa, o'zining vazifalari va principlarini, majburiyatlarini bilsa, mayli, futboldan boshqa sohalarda o'z o'rnini topib ketishi mumkin. Futbol shuning uchun foydali sport turi.
- Bir paytlar Ronaldu bilan "Jar" stadionida birga fint qilgan SHojahon Hasanov tezda tanildi. SHunchalik mashhur bo'ldiki, mashg'ulot vaqtida hali u "syomka"ga, hali bu ko'rsatuvga olib ketaverishardi. Natijada shunday iqtidor erta so'ndi...
- Futbolchi xoh "Barselona"da, xoh "Manchester Yunayted"da o'ynasin, doim tartibga, o'zini tutib yurishga amal qilishi lozim. Jahon yulduzlari Ronaldu yoki Messi, deylik, Sadio Mane hayotda juda oddiy insonlar. Ularning hayotini ko'rsangiz, tartibli, hammasi samimiy. Pul kerak, ehtiyojlarimiz bor hammamizni, lekin ungacha mehnat qilish shart. Hech narsa o'z o'zidan paydo bo'lib qolmaydi. SHuning uchun bo'lajak futbolchilarga ertasi qanday bo'lishini, o'zini qanday tutishi haqida gapiramiz.
OFK kubogi to'purarligini hech narsaga almashmayman yoxud “Nasaf”dagi xotiralar
- Suhbatimizni "Nasaf"dagi yorqin xotiralaringiz bilan davom ettirsak. Istaymizmi-yo'qmi, siz bilan intervyuda 2011 yilgi OFK kubogi haqida so'z ochishga majburmiz...
- "Nasaf"ga kelgunimga qadar CHernogoriyani kichkina jamoasida o'ynardim. O'zbek futboli haqida tasavvurim yo'q edi. Faoliyatimni Evropada davom ettirishni o'ylayotgandim. Umuman, Osiyoga borish rejalarimdan o'rin olmagandi, deya olaman. Transferlar oynasi ochilgach, agentlar O'zbekistondan bir jamoa qiziqayotganini, sharoitlari yaxshiligini aytib qoldi. Anatoliy Demyanenkoning o'zi qiziqayotganini eshitdim. Muxlislar, rejalar, maqsadlar va stadion borasida gapirishdi. Jamoaning Turkiyadagi yig'inida qatnashdim. Etti kunlik ko'rikdan so'ng shartnoma imzoladik. O'sha vaqtda sharoitlar juda zo'r edi. 2011 yil o'zbek futboli uchun esdan chiqmaydigan voqealarga boy o'tgan. Hali ham kechagidek yodimda. OFK kubogida g'olib chiqdik, O'zbekiston chempionatida ikkinchi o'rin va Kubokda finalgacha etib borganmiz. Menimcha, bu "Nasaf" tarixidagi muvaffaqiyatlarga boy o'tgan yagona mavsum hisoblanadi.
- "Nasaf"da moliyaviy holat ancha yaxshi holatda bo'lgan. Hattoki, qoplarda pullar kelgani haqida eshitganman. Sir bo'lmasa, maoshingiz qancha edi?
- Bunga javob bera olmayman. CHunki men professionalikka rioya qilib kelganman. Lekin maosh katta edi.
- Jamoada haqiqiy yulduzlar yig'ilgandi. Deyarli 3 ta tarkib jamlangan desak, mubolag'a bo'lmaydi. Maydonda qaysi futbolchi bilan yaxshi tandem bo'lgansiz?
- Hozirda "Bunyodkor"da to'p tepayotgan Lutfulla To'raev menga ko'p golli paslar berardi. So'nggi uzatmani Pereplyotkins va Gevorkyan berardi. Hujumchilarga nisbatan osonroq edi. Qolgan futbolchilar ham yaxshi saviyada edi. Barchalarini hurmat qilaman.
- Anatoliy Demyanenkoni maydonda turishi va qarashlari, xarakterini Valeriy Lobanovskiyga ko'p o'xshatishardi...
- Ha, ukrainalik murabbiylarning ayrimlarida Lobanovskiyga o'xshash xarakter borligi rost. Anatoliy Demyanenko jamoada avval qatiy tartib va temir intizomni o'rnatdi. Kerakli qoidalar joriy qilindi. Bularning bari jamoaning foydasiga xizmat qildi, deb o'ylayman. Jismoniy tayyorgarligimiz juda yaxshi bo'lardi. Mashg'ulotlar bilsangiz, xuddi o'yindagi kabi qiziqarli va kurashlarga boy tarzda tashkil qilinardi. Natija esa qanday bo'lganini barcha biladi.
- Demyanenkoni ko'p ham gapga usta emasligi haqida o'qiganman. Lekin murabbiy hal qiluvchi bahslarda, finallarda ko'p gapirmasa ham kerakli so'zlarni topa olishi kerak...
- Gapingiz mutlaqo to'g'ri. Eng yaxshi murabbiylar ko'pincha ruhiyatni yuqori notaga olib chiqish uchun zarur gaplarni aytishadi, xolos. Demyanenko notiq emasdi. Agar nimadirni aytish kerak bo'lsa, maydalashmasdan aniq va dangal aytardi.
- O'zbekiston chempionati o'sha vaqtlarda kuchli bo'lganligi xalqaro maydonda ishtirokimizga ham ijobiy tasir qilgan. Deylik, o'sha yillari O'zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogida yaxshi natijani qo'lga kiritgan. Klublarimiz OCHLda munosib ishtirok etardi. 2011 yil "Nasaf" OFK kubogida zafar quchgan bo'lsa, 2012 yil "Bunyodkor" OCHL yarim finaliga qadar etib bordi. Terma jamoamiz Braziliyadagi mundialga yaqin kelgandi...
- Taqqoslash noo'rin, deb bilaman. SHunisi malumki, o'sha vaqtlarda kuchli legionerlar kelgani foyda bo'lgan. Menimcha, o'sha yillarda raqobat bor edi. Kuchli raqobat natijasida sifat yuzaga kelgan. "Nasaf", "Bunyodkor", "Paxtakor" o'rtasida jang kechardi. Hozirda faqat "Paxtakor" yaqqol ajralib qolgandek taassurot qoldirmoqda. Raqobat bo'lmasa, futbolning qizig'i qolmaydi. Bu o'zbek futbolining foydasiga ishlamaydi. "Bunyodkor", "Nasaf", "Lokomotiv" "Paxtakor"ning darajasidek bo'lmasa, chempionatda o'sish kuzatilmaydi. Bu mening shaxsiy fikrim.
- OFK kubogi to'purari sovrinini nimaga almashgan bo'lardingiz?
- Mazkur sovrin va OFK kubogi faoliyatimdagi eng yaxshi natija hisoblanadi. Hech narsaga almashmagan bo'lardim. Garchi OFK OCHL darajasidagi kubok bo'lmasa-da, "Nasaf" tarixiga kirgan.
- Standart vaziyatlarda Artur Gevorkyan bilan tushunib harakat qilardingiz. Aksariyat vaziyatlarda bu gol bilan tugardi. Hozir terma jamoamizda, klublarimizda standart vaziyatlardagi sermahsullik yo'qolib borayotgandek. Legionerlarni hisobga olmaganda...
- Markaziy hujumchi va himoyachilar katta muammoga aylanib qoldi. O'zbekistonga kelayotgan legionerlar aynan shu ikki poziciya vakillari sanaladi. O'zbekistonlik futbolchilar orasida yo'q, deya olmayman. Masalan Eldor SHomurodov. U jimgina bosqichma bosqich shu darajaga chiqdi. Akademiyada iqtidorli futbolchilar ko'pligini ko'ryapman. SHomurodovga o'xshaganlardan yana bir nechta chiqishi mumkin. Qachonki, biz murabbiylar sifatga etibor bersak.
- Agarda O'zbekiston OFKdan chiqib, UEFAga azo bo'lsa, balki futbolchilarimizni Evropaga chiqishi osonroq kecharmidi?
- Mana Qozog'iston. Ularning UEFAga o'tganini biror foydali tomonini, haddan tashqari rivojlanib ketganini ko'rmadim. Ko'p narsa mamlakatning ichidagi jarayonga bog'liq. Yaponiya yoki Janubiy Koreya Osiyoda qolgan. Ular rivojlanishda davom etishyapti. Hammasi O'zbekiston futbol associyaciyasining o'ziga bog'liq. Men yomon demoqchimasman, lekin kundan kunga oldinga intilib borish kerak.
- Evropadagi qaysi murabbiyning ish uslubi yoqadi?
- Futbolchilikni boshlaganimda murabbiy bo'lishni o'ylamagandim. Faoliyatim yakunida buni reja qildim. Tailandda Bozidar Bandovich bilan tanishib qoldim va undan ko'p narsalarni o'rgandim. Oldinlari pozicion va tezkor futbol yoqardi. Gvardiola "Barselona"da yangi darajaga olib chiqqan paytlarda futbol hozirgidek shiddatli bo'lmasdi. Hozirda Gvardiolaning o'zi uslubini o'zgartirmoqda. Faqatgina to'pni nazorat qilish bilan 90 daqiqani o'tkazayotgani yo'q. Qaysidir joyda 3 ta himoyachi bilan, qaysidir pallada 5 ta yarim himoyachi bilan o'ynamoqda. Taktik tomondan rang-baranglik olib kiryapti. Bugungi kunda "Lids"ning o'yini yoqyapti, deyishim mumkin. Marselo Belsaning taktikasi oddiy muxlisni ham befarq qoldirmaydi. To'g'ri, qaysidir manoda ahmoqona yoki tavakkalga asoslangan o'yin bo'lishi mumkin, biroq bu futbolchilarning rivojlanishiga xizmat qiladi. "Lids"dagi ijrochilar 2, 3 yil oldin past darajada, hech kim tanimasdi. Hozirda ular Premer-ligada o'ynamoqda.
- "Nasaf"ning joriy mavsum OFK kubogida g'olib chiqish imkoniyatlari qanday? 2011 yilgi natija takrorlanishiga ishonasizmi?
- Har qanday musobaqada g'olib chiqish qiyin. Oldinlari Quvayt, Iroq klublari ishtirok etardi. "Nasaf"ga muxlislik qilaman, albatta. Jamoa musobaqani juda yaxshi boshladi, lekin ularga oson bo'lmasligi aniq. Oldinda bitta uchrashuv qoldi. Ro'ziqul Berdiev yoshlarni o'ynatishni bilmoqda. Omad tilayman. O'zbekistonga yorug' yuz bilan qaytishlarini tilab qolaman.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.
Fikrlar