So’nggi yangiliklar

00:23Франция. ПСЖ - "Тулуза" баҳси асосий таркиблари маълум!  0 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  11 23:52Бундеслига. "Бавария" - "Аугсбург" баҳси асосий таркиблари маълум!  0 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  0 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  0 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  6 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  0 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   4 21:35Рўзиқул Бердиев: "Чемпионатда ҳеч қандай мақсад қолмаган"  12 21:09Жамшид Саидов: "Ёш болалардек ўйнадик, рақиб бизни янчиб ташлади"  0 20:57Сергей Лушчан: "Навбаҳор" футболчилари "Нефтчи"га ўтяпти? Балки..."  2 20:33Суперлига. "Навбаҳор" "Қизилқум"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 20:21"Пахтакор" 8 йил олдинги антирекордини такрорлади  2 20:15Суперлига. "Навбаҳор" сафарда "Қизилқум"ни 5:1 ҳисобида мағлуб этди  22 20:00Ямаль "Сельта"га қарши ўйнамайди  2

Intervyu. "Zakaznoy" maqola, Babayan, Lobanov, dangasa jurnalist va boshqa mavzular haqida Yangiliklar

Intervyu. "Zakaznoy" maqola, Babayan, Lobanov, dangasa jurnalist va boshqa mavzular haqida

O'zbek futbol jurnalistikasida o'z o'rniga ega bo'lgan tajribali jurnalist Xayrulla Xoliqov bilan bir qator mavzularda tahliliy suhbat uyushtirdik.


- Dastlab sizdan so'ramoqchi bo'lganim o'zbek futboli jurnalistikasi haqida...
- O'zbek futboli jurnalistikasi haqida gapiradigan bo'lsam, bugungi davra talabi bu tezkorlik bo'lib qoldi. Negadir odamlar aniqlikdan ham ko'ra, ko'proq tezkorlikni orqasidan ko'proq quvadigan bo'lib qolishdi. Maqola, yangilik o'quvchilarga tezroq etib borishini istashadi. Buning oqibatida esa xabarlarda ko'pincha noto'g'ri malumotlar, xatoliklar ketib qolishi mumkin. Bugungi jurnalistlarni men ko'proq aniqlikdan ham ko'proq tezkorlikni orqasidan qo'vadigan insonlar, deb hisoblayman.

- O'zbek futboli oxirgi kunlarda juda ko'p tanqidlar yomg'iri ostida qolib ketmoqda. Sizningcha, bu qanchalik to'g'ri?
- O'zbek futbolida tanqidga uchrayotgan eng asosiy mavzu - terma jamoa. Biz istaymizmi-yo'qmi, futbolga terma jamoamizning ishtirokiga qarab baho beramiz. Terma jamoa yaxshi qatnashsa, muvaffaqiyatli o'ynasa, o'ylaymizki, futbolimiz rivojlanmoqda, hammasi yaxshidek ko'rinadi. Aksincha bo'lsa, terma jamoamiz mag'lubiyatga uchrasa yoki muvaffaqiyatsiz ishtirok etsa, futbolimizni yomonlashga tushib ketamiz. Bu bizga odat bo'lib qoldi. Vaholanki, futbolimizda boshqa qatlamlar ham juda ko'p. Biz esa ularni o'rganmaymiz. Terma jamoamiz tufayli o'zbek futboli juda keskin tanqidlar ostida qolib ketdi, deb hisoblayman.

- Siz o'zbek futbolini ichkaridan yaxshi biladigan kam sonli jurnalistlardansiz. Bugungi kunda Oliy ligamiz, ichki chempionat o'yinlarining darajasi qanday ko'rinishda?
- Meni fikrimcha, Oliy ligamizni saviyasi juda ham baland yoki past emas. CHempionatimiz o'rtamiyona darajada. Oxirgi yillari qanday bo'lsa, hozir ham o'sha holatda. To'g'ri, birinchi davrada kashfiyot jamoalardan biri bo'lgan va hozirgi kunda turnir jadvalida ikkinchi pog'onada borayotgan "Qo'qon-1912" jamoasi yaxshi harakat qila oldi, deymiz. Buni faqat bir jamoadan kelib chiqib ayta olamiz. Umumiy ko'rsatkichni hisobga olsak, Oliy liga saviyasini stadionga kelayotgan muxlislar soni ham belgilab turibdi. O'yinlardan oldin ajiotaj yuzaga kelmayapti. O'yinlar o'tishi kerakmi, kerak va shu tariqa uchrashuvlar o'tib turibdi.

- Bir qator klublarda faoliyat ko'rsatgansiz. Klublarni muxlislar bilan ishlashi bizda qanchalik to'g'ri yo'lga qo'yilgan?
- Klublarning o'z funkciyalari bor. Ular o'z oldiga bitta dastur qo'yadi va o'sha dastur bo'yicha ishlarni amalga oshiradi. O'sha dasturda muxlislar bilan ishlashni ham kiritish kerak, to'g'ri. Jamoa avvalo muxlislar uchun o'ynaydi. Lekin meni fikrimcha, klub muxlislar bilan ishlashga majbur emas. Muxlislar bu futbolni chetdan, atrofdan kuzatadigan insonlar. Tashabbus asosan ulardan chiqishi lozim. Muxlislarni hech kim majburlab bir jamoaga ishqibozlik qildirmaydi. Ularni o'zi qaysidir jamoaga qiziqib muxlislik qildimi, demak ular stadionga tushib ularni qo'llab-quvvatlashi kerak.  
Klubdan asosiy talab qilinadigan ish bu o'yinlarni yoritish, reklama, anonslar, muxlislarni chaqirish. Klubni vazifasi ishqibozlarni o'z uchrashuvlariga qiziqtira olish. O'shandagina stadion muxlislar bilan to'lishi mumkin.

- Oliy ligada stadionlar xo'villab qolgan. Deyarli bo'm-bo'sh. Muxlislarni qanday qilib yana stadionga qaytarish mumkin, deb o'ylaysiz? Nimalarga urg'u bermoq lozim?
- Avvalo o'yin sifati. Keyin ishqibozlar uchun stadionga kelishganida ularga kerak bo'ladigan sharoitlarni yaxshilash zarur.
Masalan odamlar kafe, kinoteart yoki boshqa shunga o'xshash joylarga borganda avvalo qulayliklari va sharoitlariga qaraydi. Futbol ham kamida 1,5 soat davom etadigan sport turi. Masalan ishqiboz stadionga keldimi, o'zi uchun kerakli bo'lgan egulik va ichimlik va shunga o'xshash kerakli narsalarni sotib olish imkoniyatiga ega bo'lishi lozim. Marketing taraflama ishlarni yaxshi yo'lga qo'yish kerak. Aksariyat klublarimiz nima qiladi, taqvim bo'yicha o'yin bor va biz shu o'yinni o'tkazib olsak bo'ldi. Muxlislarga shart-sharoitlar ularni ko'p ham qiziqtirmaydi.
Bizda hozir barcha sohalarda rivojlanish tezkorlik bilan davom etmoqda. Bizning yurtdoshlar yaxshi joylarda dam olishga o'rganib qolishgan. Stadionlarimiz esa ularga kerak qulayliklar bilan maqtana olmaydi.

- Davralar oralig'ida Oliy ligada bir qator jamoalar o'z tarkiblarini keskin o'zgartirib yuborishmoqda. Jahon futboli tajribasidan shuni aytish mumkinki, mavsum o'rtasida tarkib sezilarli darajada o'zgartirilmaydi. Bizda esa aksincha. Bu nimadan dalolat?
Futbolchilarning noprofessionalligimi yoki klublarni tanlagan yo'li noto'g'riligidami?
- Jamoalar nega ko'p futbolchi almashtirishadi? CHunki qishda selekciya ishlari to'g'ri olib borilmagani sababli. Agarda qishda selekciya ishlari to'g'ri olib borilganida, bu kabi holatlar uchramasdi.
Yangi mavsum oldidan ko'plab o'zgarishlar bo'lishi bu normal holat. Ammo davralar oralig'ida bu o'zgarishlar asosan ziyonga ishlaydi.
Ko'plab murabbiylar tanaffusda tarkibimizni kuchaytirdik, yangi kuchlarni qo'shib oldik, deyishadi. Ammo men bu fikrlarga umuman qo'shilmayman. Jamoaga har mavsum o'rtasida 7-8 nafar futbolchini qo'shib, tarkibni kuchaytirdik, deyishlari noto'g'ri. Har gal shunday deyishadi, ammo yakunda ularning bu gaplari o'z tasdig'ini topmaydi. Aks holda har safar tarkibni bu qadar ko'p o'zgartirishmasdi.

- Siz tajribali jurnalistsiz. Ko'p yillardan buyon ko'plab gazeta va nashrlarda ishlab kelasiz. Faoliyatingiz davomida shunday holat bo'lganmi, yani birorta maqola yozib, uni bosh muharrirga ko'rsatganizda, ular bu maqolani chiqara olmasliklarini, tanqidiy ruhdagi ushbu material nashrga maqul kelmasligini aytib inkor qilgan vaziyatlar uchraganmi?
- Bunday holatlar har bir jurnalist faoliyatida bo'lib turadi. Sport ham nozik soha. Rahbarlarni, murabbiylarni shaniga gap tegib qolmasin, degan manoda har bir maqola ko'zdan kechiriladi. Avvallari gazetalarda ishlaganimda bu kabi holatlar ruy bergan, yashirmayman. Avvaliga jahlim chiqqan, ranjiganman. Lekin keyinchalik o'ylab ko'rib, fikrlab, ularni ham to'g'ri tushunganman. Rahbariyat ham bekordan bekorga o'sha maqolani chiqarmagandir, demak nimanidir biladi. Bunga keyinchalik tabiiy hol sifatida qaraganman.

- Jurnalist sifatida sizga ko'proq intervyu olish qiziqmi yoki tahliliy maqola yozishni xush ko'rasizmi?
- Tahliliy maqola yozish uchun avvalo ko'p narsani bilish kerak. O'sha mavzu bo'yicha sizda etarlicha bilim va malumot kerak bo'ladi. Intervyu olish esa birmuncha osonroq. Yani sizda o'sha intervyu olayotgan futbolchi yoki murabbiy haqida etarlicha malumotga ega bo'lsa bas. Umuman olganda, men uchun ikkalasi ham qiziq.
Men shu paytga qadar "Mashal", "SHo'rtan", "Lokomotiv" jamoalarida matbuot kotibi sifatida ishlaganman va ishim yuzasidan intervyular olganman. Ularni asosan maydondagi harakatlarini kuzatasiz. Ammo ular bilan suhbatlashish va intervyu qilishning ham o'ziga xos qiziq taraflari mavjud. O'zingiz uchun ham, o'quvchilar ham yangi qiziqqarli malumotlarga ega bo'lasiz va qahramoningizni bilmagan qirralarini ochib borishingiz mumkin bo'ladi. Tahliliy maqola yozish esa jurnalistni ko'proq fikrlashga undaydi.

- Oliy ligada muxlislar kamayib ketgani haqida aytib o'tdik. Ammo jurnalistlar tashrifi ham juda keskin pasayib ketgan. OAV tomonidan ham Oliy ligaga etibor yo'qolib ketganiga nima sabab bo'lmoqda? Hozirgi kunda ichki chempionatimiz o'yinlariga sanoqli jurnalistlar tashrif buyurishmoqda...
- Futbolni rivojlantirish uchun jurnalistlarni o'rni katta. Bizda afsuski, jurnalistlar o'yin tanlashadi. Xalqaro uchrashuvlarga nisbatan ko'proq jurnalistlar tashrif buyurishadi. Ichki musobaqalarda esa deyarli kelishmaydi. Bizda hozir bir narsa anana bo'lib qoldi, terma jamoa mavzusi boshlanganida barcha qalam tebratishga, maqola yozishga tushib qoladi. Ammo futbolda terma jamoadan boshqa yana bir qancha qatlamlar mavjud. Lekin boshqa mavzularda jurnalistlarning faolligi yo'qolib qoladi. Birinchi liga deyarli yoritilmaydi. Jurnalistlar uchun birinchi o'rinda MTJ, keyin OCHL va eng so'nggi o'rinda Oliy liga. Birinchi liga esa hech kimni esida yo'q. Masalan Birinchi liga haqida ko'rsatuv ham ko'rganim yo'q. Avvallari tur sharhi, degan ko'rsatuv bo'lardi. Hozir o'sha ham yo'q.
Hozirgi kunda sport, xususan futbol jurnalistlarini faol deb hisoblamayman.
O'yin ajratadigan jurnalistlarni xushlamayman. Faqat terma jamoani gapiravergan bilan futbolimiz rivojlanib qolmaydi. Futbolda qatlamlar juda ko'p.

- Oxirgi 2 yil ichida birorta o'zizga manzur bo'lgan tahliliy yaxshi maqola o'qidingizmi?
- Menga mavzuga qanday yondoshishi yoqadi? Tahliliy maqola yozayotganda o'sha sohadagi biror bir mutuxassismi, o'sha mavzuga aloqadar murabbiy yoki shaxsdan ikki og'iz fikrini keltirib berish yoqadi. Va shu atrofida maqolani jonlantirib borish mumkin. Lekin afsuski bizda hozirgi kunda hamma o'z bilganidan kelib chiqib fikrlamoqda. Ammo mavzuga atroflicha yondoshilmayapti. Bu kabi maqolalar kamayib ketdi. Tanqid qildi degani, bu uni zo'r jurnalist bo'lib qoldi degani emas. Menimcha, jurnalist avvalambor reportaj tayyorlashni bilishi kerak. Joylarga borib, 2-3 kishi bilan suhbatlashib, mavzuni o'rganib va o'sha maqola yozayotganida ularning ham fikrlarini bersa, xoh ular to'g'ri yoki noto'g'ri gapirsa. Yakunda esa o'zining munosabatini bildirsa, ana o'shanda yaxshi maqola vujudga keladi.
Jurnalist mavzuni chuqurroq o'rganishi kerak.
Reportaj qilishni bilmagan jurnalist, bu jurnalist emas. Bu oddiy qalamkashga o'xshab qoladi.

- Futbolchilardan ham etirozlar uchrab turadi. Yani Oliy liga o'yinlarini chuqur tahlil qilinmaydi, asosan faqat poytaxtdagi o'yinlar yoritiladi, jurnalistika ham maqtanarli emas, degan haqli etirozlar kuzatiladi. Bu borada fikringiz qanday?
- Bir narsani qayta-qaytar takrorlashim mumkin, futbolda bir sohani boshqa biridan o'tkazib rivojlantirib ketishning ilojisi yo'q. Futbolimizning saviyasi qanday bo'lsa, jurnalistikamizning ham saviyasi shunday. Jurnalistlarning saviyasi qay darajada bo'lsa, futbolchi va murabbiylarimizning ham saviyasi o'sha darajada. Biz hammamiz bitta qozonda qaynamoqdamiz. O'zbekiston sharoitidan kelib chiqqanda, biz bir xil darajada ishlayapmiz. Ko'tarilib ham ketganimiz yo'q, pastga ham tushib ketmaganmiz. O'rtadan sekin qadamlayapmiz. Agarda futbol zerikarli bo'lsa, unda eng kuchli jurnalist ham uni qiziqarli qilib yoritib berolmaydi. O'yin qanday bo'lsa, yozuv ham shunga yarasha bo'ladi. Bu narsalar chambarchas bir-biriga bog'liq. Ko'plar maqtaydi, Angliya matbuoti kuchli deb. CHunki ularda futbol ham kuchli.
Jurnalist o'yindan kelib chiqib yozadi. Uchrashuv zerikarli o'tsa, jurnalist qanday qilib uni jonlantirib yozishi mumkin?

Xayrulla Xoliqov terma jamoa, Lobanov va o'zbek jurnalistlari haqida nima dedi? (to'liq intervyu) VIDEO 

- Siz jurnalist sifatida muqozanatni saqlashga harakat qilasiz. Ayrim paytlar keskin tanqid qilasiz, bazan futbolchi va murabbiylar tarafidan yozasiz. Yaqinda ham saytimizda barchani tanqidlari ostida qolgan Lobanovni himoya qilib, uni maqtab yozdingiz. "Obod" masalasidagi maqolangiz ham muxlislar tomonidan ko'plab etirozlarga sabab bo'ldi. Sizni bunga reakciyangiz qanday bo'ldi?
- Men hech qachon "zakaznoy" (buyurtma) maqola yozmaganman. Men har doim o'zimni fikrimdan, o'z yo'nalashimdan kelib chiqib maqola yozaman. Umrimda jurnalist sifatida "zakaznoy" maqola yozmaganman. Lobanov mavzusiga keladigan bo'lsak, to'g'ri, bu darvozabon juda ko'p tanqid qilindi. O'zim ham o'qidim, kuzatdim, atrofdan qaradim. Xatolari, kamchiliklari nimada ekan, deb o'yladim. Lobanovni men "So'g'diyona"da o'ynab yurgan kezlaridan buyon bilaman. Unda yosh darvozabon edi. Keyin orada bir ko'rinmay ketdi. Qozog'istonda malum muddat o'ynab qaytdi. So'ngra birinchi ligada o'ynadi. "Nukus"ga qaytdi. "Paxtakor" esa "Nukus"dan Lobanovni o'ziga olib keldi.
Lobanovni nima uchun maqtab yozdim? Birinchi navbatda jurnalist hamma yomon desa, hammaga ergashib ketavermaydi. Jurnalist hamma oldinga ketayotganida, kerak bo'lsa joyida bir to'xtab, yaxshilab fikrlab olishi lozim. To'xta, qaerga ketyapman, degan manoda. Hamma yomonlab turgan payti men ham uni tanqid qilganimda, men qahramon bo'lardim. Hamma olqishlardi, to'g'ri yozibdi, degan izohlar to'lardi. Lekin Lobanovni maqtashdan maqsad, oz bo'lsada uni himoya qilmoqchi bo'ldim. Bu birinchidan. Ikkinchidan, Lobanovning o'yin darajasi u qadar past emas. Lobanov terma jamoaga tortmaydi, deb aytolmayman. Boshqalarni saviyasi qanday bo'lsa, Sashaning ham darajasi shunday. Agar terma jamoamiz zo'r o'ynab turib, qolgan futbolchilar o'z ishlarini yaxshi uddalab turganlarida Lobanovning qo'pol xatosi evaziga gollar qo'yib yuborganimizda tanqid qilsak arzirdi. Lekin maydondagilar ham o'ynamaganidan keyin darvozabon ham nima qilsin? Uning vazifasi "ramka"ni ichida ish. SHu uchun ham Lobanovni sal himoya qilib yozdim. Futbolchini hadeb tanqid qilaversak, unda bu narsa Lobanovning karerasiga juda salbiy tasir qiladi. Jurnalist kerak paytda yaxshi baho berishni ham bilishi kerak. Faqat tanqid bilan o'sib qolmaydi. Lobanov faqat tanqid bilan tomi ketib qolib, futbolni tugatib yuborishi ham mumkin.
Murabbiylar ham o'ziga dushman bo'lmasa kerak kuchsiz darvozabonni qo'ysa. Terma jamoa mayli, Babayan "Paxtakor"dan ketganiga ancha bo'ldi. Nega unda "Paxtakor"da shuncha murabbiy almashdi, ularning hech biri Lobanovni zaxiraga olmadi? Yoki ularga ham Babayan Lobanovni asosiyga o'ynatasan deb aytganmikan?
To'g'ri, "Paxtakor"ga Eldor Suyunov keldi va endi raqobat bo'ladi. Ikkalasidan qaysi kuchli bo'lsa, o'sha darvozani qo'riqlaydi. Lekin Suyunov kelguniga qadar Lobanov "Paxtakor"da birinchi raqamli kiper bo'lgan. Qancha adashsa ham, xato qilsa ham Lobanov shu paytga qadar "Paxtakor"da asosiy kiper edi. Agarda zaxiradagi darvozabon undan kuchli bo'lganida murabbiy uni qo'ygan bo'lardi.
Meni bir narsa qiziqtiradi, nima uchun bizlarda Lobanov, Andreev, Hoshimov va Sergeev ko'p tanqid qilinadi. Ularni ustidan kulish avj oldi. Men o'zimcha o'ylab ko'rdim, chunki Babayan unga qadar "Paxtakor"da ishlab kelayotgandi. Natijalar pasayib ketishi, ularni Babayan bilan birga "Paxtakor"dan kelishi bunga sabab bo'ldi. SHu boisdan ular hammaning ko'ziga yomon ko'rinib qoldi. Lekin men ishonch bilan aytaman, agarda Babayan "Lokomotiv", "Bunyodkor" yoki "Nasaf"dan kelganida va u bilan birga kelgan futbolchilar mana shunday o'ynaganida, hozir bizlar o'sha jamoadan kelgan futbolchilarni shunday gapirib turgan bo'lardik. Futbolchilarimizning saviyasi hammasi u qadar bir-biridan baland yoki past emas. Faqatgina Odil Ahmedov qolganlardan bir bosh baland. Ahmedov rostanam qolganlardan kuchli. Men shu futbolchiga tan beraman.

- Ikkinchi davrada qaysi jamoalarning imkoniyatini yuqori baholaysiz?
- Oliy ligada birinchi navbatda juda ko'plab transferlarni amalga oshirgan jamoalardan juda ko'p narsa kutayotganim yo'q. "Lokomotiv" deyarli katta o'zgarishlarni amalga oshirmadi. Demak ular yil avvalida selekciya ishlarini to'g'ri amalga oshirishgan. Katta ehtimol bilan "Loko" chempion bo'ladi. "Paxtakor"dagi o'zgarishlar haqida to'xtaladigan bo'lsam, klubda katta o'zgarishlar ruy berdi. Yangi rahbariyat jamoaga gruziyalik mutaxassis SHota Arveladzeni olib keldi. Ko'pchilikdan eshitdim, Arveladze o'z paytida ajoyib futbolchi bo'lgan ekan. To'g'risini aytaman, men uning o'yinlarini ko'rmaganman. Yoshi katta futbol ishqibozlari esa uning futbolchilik davrini ajoyib xotiralar bilan eslashdi. Lekin biz uning murabbiylikdagi salohiyatini bilmaymiz. SHota Arveladze O'zbekistonda nimaga erishishini vaqt ko'rsatadi. "Paxtakor"ning transferlarini jarangdor, deb hisoblamayman. Legionerlar saviyasini hali ko'rganimiz yo'q. Birinchi liga jamoasiga qarshi nazorat bellashuvidan kelib chiqib ularga baho berib bo'lmaydi.
Qolgan jamoalar ham ikkinchi davrada katta shov-shuv ko'taradi, deb o'ylamayman.
Oliy ligada qolishi aniq bo'lgan "Obod" haqida fikrim quyidagicha, garchi klubga yangi homiylar va yangi bosh murabbiy kelgan bo'lsada, men ulardan yaxshi natijalar kutayotganim yo'q. Bu haqida maqola yozganimda ham o'quvchilar izohlarda bir qator etirozlarni bildirishdi. Homiy keldiyu, endi jamoa o'nglanadi. Nega past natija ko'rsatarkin, degan etirozlar uchradi. Ha, homiy keldi. Lekin jamoa tanaffusda deyarli yig'in qilgani yo'q. O'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazmadi. To'liq tarkib bilan mashg'ulot o'tkazishga ulgurmadi. Bu erda esa ikkinchi davra eshik qoqmoqda. Har qancha pul harajat qilmasin, yig'in qilmagan jamoadan biror narsa kutish qiyin.
Bundan tashqari bosh murabbiy kimligi aniqlanmayotgan "So'g'diyona"dan ham ko'p narsa kutmayapman. Rasman Diyor Fayziev jamoani ikkinchi davraga tayyorlashi haqida aytib o'tildi, ammo Diyor Fayzievda tegishli licenziya yo'q. Ayrim klublarimizning shu kabi ishlarini umuman tushunmayman.

- Bizni oldinda ikkita muhim o'yin kutmoqda. Babayan bilan biz mundial chiptasini qo'lga kirita olamizmi?
- Juda qiyin bo'ladi. Bizda faqat ishonch bor, lekin o'yin yo'q. Suriya, Eronga qarshi o'yinlarimizdan kelib chiqib aytsak, o'yinimiz yo'q! Muxlislarni his hayajonini ko'tarib yuboradigan, odamni to'lqinlantirib yuboradigan o'yin yo'q. Bu erda murabbiy aybdor, chunki natija va o'yinga u javobgar. Ammo futbolchilarimizda ham ayb bor. Agarda ularga Babayan bilan ishlash yoqmayotgan bo'lsa, unda buni oshkora aytishsin. Buni bekitib, bir gap bo'lar deb kelib-ketib yurish bilan ish bitmaydi. Yoki futbolchilar buni oshkora aytishmasa, O'FF rahbariyatiga xat yozishsin. Mayli, buni matbuotga elon qilishmasin. Futbolchilar kelishib, yozib, qo'l qo'yib kiritib berishsin. Bunga chora ko'rishsin. Oldimizda ikkita o'yin qoldi. To'g'risini aytaman, faqatgina mo'jiza bilan mundialga yo'l olishimiz mumkin. Xitoy bilan Koreyani yutishimizga shaxsan men ishonmayman. Agarda ikkita o'yinni yutsak, bu haqiqiy mo'jiza bo'ladi. Rossiyaga boradigan bo'lsak, men futbolchilarga ham, Babayanga ham qoyil qolardim. Nima bo'lgan taqdirda ham biz terma jamoamizga muxlislik qilamiz.

- Deylik, mo'jiza ruy berdi va biz mundial chiptasini qo'lga kiritdik. Keyinchi, Rossiyaga Babayan bilan borish kerakmi? Bu qanchalik to'g'ri bo'ladi?
- Baribir murabbiy almashtirish kerak bo'ladi. Bu meni shaxsiy fikrim. Menga qolsa Oliy ligamizning barcha klublariga chetdan murabbiy olib kelgan bo'lardim. Terma jamoaga ham xorijdan murabbiy olib kelish kerak, deb o'ylayman. Oddiy misol, futboli rivojlangan Yaponiya ham har doim terma jamoaga xorijdan mutaxassis olib keladi. Nega? Demak ular shunchalik rivojlanib ketgan bo'lsa ham o'zining murabbiyining saviyasi Jahon chempionatiga olib chiqishga etmayotgan bo'lishi mumkin. Bizlarga evropa futboli havosini olib keladigan mutaxassis kerak. Bo'lmasa biz o'zimizni atrofimizda, o'zimizni qobig'imizda o'ralashib yuraveramiz.

- Ko'pchilik muxlislar Babayan bilan intervyu tashkil qilmayapsizlar, deya etirozlar bildirishmoqda. Ammo bizning qancha takliflarimizga rad javobini bermoqda Babayan...
- Albatta, intervyu bo'lmayotganini asosiy sababi, Babayanni o'zida. Bizga qolsa hoziroq borib intervyu qilgan bo'lardik. CHunki savollarimiz ancha ko'payib qolgan. Lekin men Babayanni futbolda ancha yillardan buyon bilaman. "Paxtakor"da ishlab yurgan kezlarida intervyu so'rab borganimda, uka, men yil boshida va mavsum so'nggida intervyu beraman derdi. Hozir ham shu principia qolgan bo'lsa kerak. CHunki hech bir nashrga keng qamrovli intervyu berganini o'qiganim yo'q. Millionlab muxlislar Babayanning intervyusini kutib turishibdi.

- "Paxtakor"da ishlab yurgan kezlarida balki yil boshida va mavsum oxirida intervyu bergan bo'lishi mumkin. Ammo bu klub emas, terma jamoa. O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida xalqqa, muxlislarga hisobot ham berish kerak. Umuman terma jamoa bosh murabbiyi sifatida intervyu bermayotgani noprofessionallik emasmi?
- Bu noprofessionallik. Ikkinchi navbatda bu federaciyaning ham aybi. Agarda Babayan intervyu bermayotgan ekan, unda O'FF Babayanni majburlashi kerak. CHunki terma jamoa xalqniki. Xalq bilan Babayan to'g'ri-to'g'ri muloqot qilmasa ham, jurnalistlar orqali muloqot qilishi lozim. Bu birinchi navbatda Babayan va ikkinchi o'rinda O'FFning aybi. Federaciyadagilar unga aytishi kerak, matbuot anjumanlaridan tashqari bir oyda 1-2 marotaba jurnalistlar bilan muloqot qilishizga to'g'ri keladi, qaysi ashrdan sizga murojaat qilishsa, unda intervyu berishiz shart deyishi lozim. Agarda shartga rozi bo'lmasa, unda marhamat joyini bo'shatsin. Boshqa murabbiy keladi. SHunday murabbiy keladiki, u har hafta intervyu berishga rozi bo'ladi.

- Oliy ligamizda so'nggi yillarda kuchli murabbiylar faoliyat ko'rsatmay qo'yishgandi. Bu yili esa Kumikov qaytdi, Qosimov "Bunyodkor"ga o'tdi, Abramov "Neftchi"ni oldi. Ushbu kuchli, tajribali mutaxassislar chempionatimizga yana qiziqishni qaytarishadimi?
- Murabbiylarda gap ko'p. Hozircha Kumikovni qaytgani Oliy ligaga yangicha ob-havo olib kirdi. Qosimovni ham aytgani yangicha muhit yaratdi. Abramov endigina "Neftchi"ni o'z boshqaruviga oldi. Uning ishiga ikkinchi davrada baho beramiz. Murabbiylar o'rtasidagi raqobat bo'lgani yaxshi, bu matbuot uchun avvalo qiziq. Lekin murabbiylardan ham ko'ra ko'proq futbolchilar o'rtasidagi raqobat keskinlashishi istardim. CHunki maydonda baribir futbolchilar harakat qilishadi.

- Futbol jurnalistikasida sizga faoliyati yoqadigan ijodkor kim?
- Men eng ko'p hurmat qiladigan jurnalistlardan biri bu Baxtiyor aka SHirinov. Baxtiyor akada juda ko'p malumot bor, raqamlar, statistika juda ko'p u kishida. Lekin ayni paytda SHirinov "Olmaliq"da matbuot kotibi sifatida ishlamoqdalar. SHirinovni men biroz dangasa deb bilaman. Baxtiyor aka bir qator mavzularda yaxshi maqola yoza oladilar. Ammo negadir hozirda kam ijod qilmoqdalar. Balki yozgilari kelmaydimi, yoki klubda ishlayotganliklari tufaylimi, negadir avvalgidek faol emaslar. Baxtiyor aka raqamlar bilan har qanday mavzuni chiroyli qilib berishlari mumkin. Menimcha, aynan dangasaroq bo'lganliklari uchun maqolalar yozmay qo'ydilar. "Olmaliq"da ishlayotganliklar uchun ham erkin ijod qilolmayotgandirlar. SHuni aytishim mumkinki, Baxtiyor SHirinovni men o'zimga ustozdek ko'raman. U kishidan juda ko'p narsani o'rganganman.

- Siz uchun klubda matbuot kotibi bo'lib ishlash qulaymi yoki erkin ijodkor sifatida qalam tebratish yaxshimi?
- Bunga ham ikkita tomonlama qarasa bo'ladi. Erkin ijodkor bo'lib ishlash keng imkoniyatlarni beradi. Istalgan mavzu bo'yicha maqola yozish mumkin. Klub matbuot kotibining ishi esa chegaralangan. Ular har xil mavzular bo'yicha qalam tebrata olishmaydi. Klub matbuot kotibi sifatida doim o'sha jamoani himoya qilish, uni doim yaxshi sifatlarini ko'z-ko'z qilmog'i lozim. Uning funkciyasi va vazifasi shundan iborat.
O'zim klubda ishlab yurgan kezlarimda MTJ o'yinini va Babayanni ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda tanqid qilganimda, menga O'FF matbuot kotibi Sanjar Rizaev qo'ng'iroq qildi. O'shanda telefon orqali Rizaev menga klub matbuot xizmati xodimi sifatida terma jamoani ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda tanqid qilib yozishga haqqim yo'qligini aytdi. Avvaliga to'g'risi jahlim chiqib ketdi. Hayron bo'ldim, nega unday dedi, deb o'ylab qoldim. Keyin o'ylab qarasam, Sanjar Rizaevni gapida jon bor ekan. O'FF matbuot kotibi to'g'ri aytgan ekan. Rossiyada ham klub matbuot kotiblari terma jamoani o'yinini tanqid qilib chiqishmaydi. Hamma o'z ishini qiladi.
Rizaev o'z ishidan, lavozimidan kelib chiqib, uni ham to'g'ri tushundim. Klub matbuot xizmati xodimlarining ishi o'z klubi haqida yozish. Boshqa ishga aralashish kerak emas ekan. Men buni to'g'ri angladim. Lekin ayni paytda klubda ishlamayapman va erkin ijodkorman.

- "Lokomotiv" klubidan ketishingizni sababi nimada?
- To'g'risini aytaman, ketishimni sababi, bu moliyaviy holat bilan bog'liq. "Lokomotiv"ga ishlashdan oldin "CA"da ishlaganman. "Lokomotiv"dan ketishdan avval Nodirxo'ja Yuldashev bilan suhbatlashganimda, sayt rahbari bemalol "CA"ga qaytib kelishim mumkinligini aytdi va birga ishlashimizni takidladi. "Loko"dan ketishimni sababi bu moliyaviy muammo. Ularni berayotgan maoshi meni qoniqtirmadi. CHunki men ham o'z oilamni boqishim kerak. "CA" sayti taklifi esa menga manzur bo'ldi. Men shu paytga qadar uchta klubda faoliyat ko'rsatdim. SHu vaqt mobaynida hech bir klubdan janjal yoki kelishmovchiliklar tufayli ketganim yo'q. Har doim do'stoni aloqalarni saqlab qolgan holda iliq xayrlashganman.

- Futbol jurnalistikasida ishlayotganizdan, umuman jurnalist bo'lganizdan afsuslanasizmi?
- Balki boshqa ish qilganimda hozirda yanayam yaxshiroq sharoitga ega bo'larmidim. Odam ulg'aygani sari ko'proq moliyaviy tarafni o'ylab qoladi. Buni bekitishni hojati yo'q. Barcha o'z oilasini yaxshi boqishni istaydi. Hayot qonuni bu. Hamma o'z bolalari kelajagini o'ylaydi. Menda ham bazan shunday fikrlar bo'ladi. Yani, boshqa ish qilganimda yanayam ko'proq pul topgan bo'larmidim, deb o'ylab qolaman. Lekin ikkinchi tarafdan, odam o'z sevgan ishini qilgani maqul. Masalan tadbirkorlik bilan shug'ullansam, balki boyib ketgan bo'larmidim. Ammo fakt shuki, men tadbirkorlikka qiziqmayman va bu qo'limdan kelishiga ham ishonmayman. Biznesni ham o'z qonun qoidalari bor. Men shu sohani tanladimmi yoki futbol meni tanladimi, ochig'i bilmadim. Avvalo shu futbolga qiziqqanim tufayli jurnalistikadaman. Futbol meni o'z ichiga juda tez tortib oldi. SHuni aytishim mumkinki, men hozirgi ishimdan mamnunman. CHunki men o'zim yoqtirgan ishni qilyapman.
Futbolda ishlash meni jon-u dilim.

SHuni alohida takidlamoqchiman, biz jurnalistlar avvalo muxlislar uchun ishlaymiz. Men yozgan maqolalarimga bildirilgan fikrlarni o'qib boraman va ularni tahlil qilaman. O'quvchi bu fikri bilan nima demoqchi, deb  o'ylab qolaman. Lekin ko'p hollarda o'z fikrimda qolaman. Men xohlardimki, hamma narsa yurakdan bo'lsa. Ishqibozlar yurakdan muxlislik qilishsa, futbolchilar yurakdan o'ynashsa, murabbiylar chin yurakdan ishlashsa. SHundagina bir natijaga erishish mumkin. Futbolda mayda narsalar bo'lmaydi. Hamma narsa bir-biriga chambarchas bog'liq.

Xayrulla Xoliqov terma jamoa, Lobanov va o'zbek jurnalistlari haqida nima dedi? (to'liq intervyu) VIDEO

SHahboz BEG'AMOV suhbatlashdi.

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика