Intervyu. Tiago Bezerra: "Paxtakor”da futbolchi uchun nima kerak bo'lsa barchasi bor"
05 apr 2018 15:05
Yangiliklar
Intervyu. Tiago Bezerra: "Paxtakor”da futbolchi uchun nima kerak bo'lsa barchasi bor"
Biz o'z vaqtida Turkida o'ynagan yarim himoyachi bilan suhbatlashib uning faoliyati bilan qiziqdik.
- Futbolga qanday kirib kelgansiz?
- Tug'ilganimdan boshlab futbol o'ynashni boshlaganman. Braziliyada juda ko'plab klublar bor, ammo ularning ko'pchiligi professional emasdi. Men yashagan shtatda faqat ikki klub professional edi: "Vasko Da Gama", "Brazilense". Bu jamoalarga qo'shilish juda ham qiyin edi. Sababi raqobat kuchli edi. Qolaversa bu ikki professional klublar mening uyimga juda ham uzoq edi. SHu bois o'zim piyoda borib kela oladigan havaskor klublar safida o'ynab yurganman.
- Ko'plab braziliyalik futbolchilarning yoshligi qiyinchilik va qashshoqlikda o'tgan. Sizda qanday bo'lgan?
- Mening bolaligim akalarimdan ko'ra yaxshiroq o'tgan, kichkinaligimda xatto uyimizda eshik ham bo'lmasdi. Hayvonlar kirib ketmasligi uchun oddiy yog'och qo'yib qo'yardik. Yoshligimda har doim ko'chada futbol o'ynardik, aktiv sport turlari bilan shug'ullanardik. Hozirgi yoshlar esa uydan chiqmay turib Playstation o'ynab ham qo'yaverishadi.
- Turkiyani ikkinchi uyingiz deb aytsak to'g'ri bo'ladimi?
- Ha albatta. O'zim va oilam uchun Turkiyani ikkinchi uyim deya olaman. Turkiyada chetdan kelganlarni yaxshi qabul qilishadi, boz ustiga u erdagi muhit xuddi Braziliya kam qaynoq. SHu bois Turkiya mening ikkinchi mamlakatim deb atashim mumkin.
- transfermarkt.de sayti malumotiga ko'ra ayni paytda sizning transfer narxingiz 500 ming evroga teng ekan. 2015 yil yozida sizga eng yuqori narx belgilangan ekan - 1,2 million evro. O'sha mavsum faoliyatingizdagi eng zo'rimi?
2015 va 2016 yil Turkiya birinchi ligasida bo'lsa ham eng yaxshi mavsumlarimdan biri desa bo'ladi. O'tgan yil yozdan "Paxtakor"dagi davrimni ham faoliyatimdagi eng yaxshilaridan biri deb o'ylayman.
- 500 ming evroga qo'shilasizmi?
Bu narxga qo'shilgan bo'lardim. Sababi o'zim uchun va oilam uchun har olti oyda klub o'zgartirishga majbur bo'ldim. Mana "Paxtakor"da deyarli bir yildan buyon o'ynayapman. Bir jamoada muqim o'ynasangiz transfer narxingiz oshib boraveradi.
- Aynan shu jamoa safida ikki mavsumda 16ta sariq va 2ta qizil kartochka olgan ekansiz. Bu hujumkor futbolchi uchun ko'p emasmi?
- To'g'ri bu ko'pga o'xshashi mumkin, ammo bu o'yin jarayonida sodir bo'ladi. Bazida simulyaciya uchun, bazida qo'llarimni ishlatganim uchun ogohlantirish olganman. O'sha mavsumda raqiblar menga ham qo'pol o'ynashardi. Bu narsadan xavotir olmayman, atayin hakamlarga etiroz bildiradigan yoki kimnidir borib tepadigan futbolchi emasman. SHunchaki o'yin jarayonida bo'lgan vaziyatlarda kartochkalar olganman.
- Qaysi tillarni bilasiz?
- Ona tilim portugal, unga yaqin ispan tilini ham bilaman. Franciyada o'ynaganimda francuz, Turkiyada o'ynaganimda turk tilini o'rganganman. Keyin ingliz tilini o'rgandim. Italyanchada ozroq gaplasha olaman. O'zbek tili turk tiliga o'xshash bo'lgani uchun u qadar qiyinchilikka duch kelmayapman. Ko'chada odamlar nima istayotganimni tushunishadi.
- "Paxtakor"da yarim yildan oshiq vaqt davomida o'ynayapsiz. Klub haqida fikringiz qanday?
- "Paxtakor"ga kelib bu erdagi sharoitlarni ko'rganimda ajoyib syurpriz edi. U qadar yaxshi bo'lishini kutmagandim. Bir futbolchi uchun nima kerak bo'lsa barchasi bor. Toshkentda yaxshi sharoitlarda yashaymiz. Klub prezidenti, murabbiy, oddiy xodimgacha barcha bir maqsad yo'lida birlashgan. Ularning barchasiga minnatdorchilik bildiraman.
- Jamoa bu yil chempion bo'la oladimi?
- Albatta, butun jamoa shuning uchun ishlayapmiz. Futbolchilar, murabbiylar barchamiz mana shu maqsad sari ishlayapmiz. Oldinda qilishimiz kerak bo'lgan ishlar ko'p. Superligadagi barcha klublarni hurmat qilgan holda shuni aytishim kerakki chempionlik uchun aynan "Paxtakor" asosiy favoritlardan biri. Buni shu klubda o'ynayotganim uchun aytayotganim yo'q.
- "Paxtakor"da mahalliy futbolchilar orasida kimlarni alohida ajratib ko'rsata olasiz? Kim qaysi jihati bilan kuchli?
- Jama (Jamshid Iskanderov). U juda ham aqlli futbolchi. Aynan shu hislatini alohida takidlab o'tgan bo'lardim. U birgina harakati, birgina zarbasi, birgina pasi bilan o'yin taqdirini o'zgartirib yuborishi mumkin. Jamoada ko'plab kuchli futbolchilar bor, ammo Jamshidni alohida ajratib ko'rsatgan bo'lardim. Balki menga aynan mana shunday o'yin uslubidagi futbolchilar yoqqani uchundir.
- SHota Arveladzeni qachondan buyon taniysiz? U qanday murabbiy?
- SHotani Turkiyadagi faoliyatidan buyon bilaman. Turkiyada uni futbolchilik va murabbiylik faoliyati uchun juda qattiq ham hurmat qilishadi va sevishadi. "Paxtakor"ga meni chaqirdi va bu erda birga ishlayapman. U professional murabbiy, u to'g'ri inson va to'g'ri odam. Mashg'ulotda o'zingni ko'rsatsang u senga hamisha imkon beradi. SHunchaki mashg'ulotda ishla, o'zingni ko'rsat va imkoniyatni kut. U barchaga bir xil munosabatda bo'ladi. Nafaqat SHota uning murabbiylar shtabidagi mutaxassislarni o'z ishining haqiqiy ustalari deb aytgan bo'lardim.
- Oilangiz haqida malumot bering.
- Oilam men bilan birga Toshkentda yashaydi. Kuni kecha Braziliyaga uchib ketishdi, chunki 82 yoshli bobomning sog'ligida muammo bor edi. Lekin odatda ko'p vaqtimizni Toshkentda o'tkazamiz, o'zimizni xuddi Braziliyadagi xis qilishimiz uchun imkon bor. Bu erda ko'p boradigan joyimiz "Samarqand Darvoza". Ikki farzandim bor, ular Toshkentdagi xalqaro maktabda tahsil olishadi.
- O'zbekiston mamlakatida sizni nima xayron qoldirdi?
- Tozalik. Mamlakatning ozodaligi va tabiatining yam-yashilligi. Bundan tashqari xavfsizlik juda yaxshi ekan. Masalan, mashinalar va piyodalar yo'l qoidalariga yaxshi amal qilishar ekan. Har xolda Braziliya va Turkiya bilan solishtirganda Toshkentdagi mashinalar qatnovi juda ham tartibli. Yana ko'chada bemalol sayr qilish mumkin, hech kim kelib qo'lingizdagi narsani tortib olib o'g'rilab ketmaydi. SHu tomonlama menga O'zbekiston juda ham yoqdi.
- Muxlislarga aytadigan gapingiz bormi?
- Har doim bizni qo'llab-quvvatlang. Xuddi oxirgi o'yinlar singari. Bu mavsumni eng yaxshi saviyada o'tkazmoqchimiz va ularni xursand qilmoqchimiz. Bunda sizlarning ham yordamingiz kerak.
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Ushbu intervyuni o'tkazishda bizga amaliy ko'mak bergan "Paxtakor" klubi matbuot xizmati vakili Behzod Nazarovga minnatdorchilik bildiramiz.
Tiago Bezerra - Braziliya, Turkiya va "Samarqand Darvoza" haqida VIDEO
Fikrlar