Intervyu. Eldorbek Suyunov Lobanov bilan raqobat, “Million”, janjal va boshqa mavzular haqida
30 avg 2017 17:43
Yangiliklar
Intervyu. Eldorbek Suyunov Lobanov bilan raqobat, “Million”, janjal va boshqa mavzular haqida
- Sizni yana mehmonimiz sifatida ko'rib turganimizdan xursandmiz. Ikki yil ilgari "Goal" loyihasida taklif etganimizda, futboldagi falsafangizni tariflagandiz: Futbolni hayot bilan chambarchas bog'lagandingiz. O'sha payti Eldor Suyunov o'zining eng gullagan davrini o'tkazayotgandi. Hozir esa yangi jamoadasiz. Yangi muhit, yangi joyga moslashib olishingiz qay darajada ketmoqda?
- “Paxtakor”ga o'tish men uchun yangi qadam, yangi chorlov bo'ldi. “Paxtakor”ga ko'nikib ketish yaxshi kechmoqda. Jamoadagi barcha futbolchilarning qo'llab-quvvatlashi natijasida asta-sekin bu erga moslashyapman. Yangi kollektivga ko'nikib boryapman.
- “Nasaf”dan ketish oson bo'lmagani aniq. “Paxtakor”ga o'tishingizga ko'proq nima undadi?
- 7 yil bir jamoada o'ynaganingizdan keyin o'sha jamoaning bir bo'lagi bo'lib qolasiz. Hayotda o'sha jamoa siz uchun muhim rol o'ynaydigan klubga aylanadi. SHu tomonlama olib qaraganda ham, “Nasaf”dan ketish qiyin bo'ldi. “Paxtakor”ga o'tishimning asosiy omillaridan biri bu klubning yangicha davr, yangicha rivojlanish yo'lidagi olib borayotgan siyosati sabab bo'ldi. O'zbekiston futbolida yangi qarash, yangicha siyosat olib borayotgan jamoaga o'tish men uchun qiziq bo'ldi. O'zim ham futbolchi sifatida ob-havoni o'zgartirmoqchi bo'ldim. Bu meni o'sishimga yordam beradi, deb o'ylayman
- "Paxtakor"da Azamovdan boshqa eng yaqin do'stingiz kim?
- Bu erdagi barcha futbolchilar do'stlarim. Bundan avval ham ularni hammasini taniganman
- Futbolda baland pastliklar bo'lishini aytgandingiz. Hozircha yangi jamoada o'z imkoniyatingizga ega bo'lmayapsiz. Zaxirada qolib ketayotganiz qanchalik alamli?
- Yo'q. CHunki hech kim menga “Paxtakor”ga o'tayotganimda asosiy tarkibda o'ynaysan, demagan. O'zim bu narsani bilib, yani zaxirada o'tirib qolishim mumkin yoki asosiy tarkibda o'ynashim mumkinligini bilib kelganman. Murabbiylar menga ham imkoniyat berishsa, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo'ladi.
- Terma jamoadagi va endilikda klubdagi raqobatdoshiz Lobanov yaqinda o'z intervyusida Suyunov men bilan raqobatdan qo'rqadi, men esa o'z joyimni yo'qotishdan qo'rqaman, degandi. Rostan ham Lobanov bilan bo'ladigan raqobat Suyunovni qo'rqityaptimi?
- Lobanov bilan bo'ladigan raqobat meni qo'rqitmaydi. Raqobat hech kimni cho'chitmaydi, shunchaki bu narsa ikkalamizga rivojlanish, kuchayish uchun yordam beradi. Raqobatdan qo'rqadigan odam raqobat yo'q joyda ishlaydi. Raqobatdan qo'rqqanimizda ikkalamiz bitta jamoada o'ynamasdik. Men kelmasdim yoki Lobanov “Paxtakor”dan ketardi.
- Eldor Suyunov o'z vaqtida Demyanenko qo'l ostida maydonga tushgan. SHuningdek, Berdiev, Qosimov, Abramov, Babayan singari mutaxassislar bilan ham ishlagan. Ularni farqli jihati haqida ayta olasizmi?
- Hamma murabbiy har xil. Ushbu murabbiylarning futbolga qarashi, futbolni tushunishi har xil. Men qo'l ostida o'ynagan murabbiylar bir-biriga o'xshamaydi. Hammasining o'zining ustun tomonlari, o'zining yutuqlari bor. Lekin hozir men ularni ustun va yomon tomonlarini sanab o'tsam, bu noto'g'ri bo'ladi.
- SHota Arveladze aslida qanday murabbiy ekan? Futbolchilar bilan bevosita ishlash, ularga qanday yondoshish uslubi haqida gapirib bersangiz...
- SHota Arveladze kuchli, yaxshi murabbiy. Arveladze taktika jihatidan yaxshi mutaxassisligi ko'rinib turibdi. Mashg'ulotlar ham rang-barang, qiziqarli o'tmoqda. Muhimi, mashg'ulotlar foydali o'tmoqda. SHunchaki hozir ushbu mutaxassis kelganiga ko'p bo'lgani yo'q. SHu boisdan ham “Paxtakor” hozircha murabbiy istayotgan, Arveladze xohlayotgan o'yinni ko'rsata olmayapti. Aynan shu sababli natijalar to'liq muxlislar kutganidek bo'lmayapti. Yangi jamoada barcha narsani tezda o'zgartirish juda qiyin. SHota Arveladzega vaqt kerak, deb o'ylayman. Vaqt o'tgan sayin natijalar ham yaxshi bo'ladi. Arveladze ham mahalliy murabbiylarimizdek juda talabchan, mashg'ulotlarda futbolchilar o'zlarining maksimal kuchlari bilan ishlashlarini istaydigan mutaxassis
- Babayan sizni terma jamoada biror marta maydonga tushirmagan. O'rtoqlik o'yinida ham, rasmiy bahslarda ham 1 daqiqa bo'lsada o'ynamagansiz. Babayanga qadar esa terma jamoani deyarli asosiy tarkibida o'ynardiz, Nesterovning eng yaqin raqobatchisi edingiz. Babayan kelgach vaziyat butkul o'zgardi. Buni qanday izohlaysiz?
- Natija uchun Samvel Babayan javob beradi. Babayan kimni kuchli desa yoki kimni loyiq ko'rsa, o'shani qo'yadi. Demak Babayan meni kuchsiz deb bilgan yoki boshqani kuchli ko'rgani uchun o'shanga imkoniyat bermoqda. Bu oddiy xol.
- Ikki yil avval, Futbol keskin kurashlarga boy o'yin. Uchrashuv davomida hissiyotlar, ehtiroslar junbushga kelishi tabiiy. Yodingizda qolgan janjalli o'yin qaysi?, degan savolga "Paxtakor" bilan o'yinni aytgandingiz. Aynan o'sha bahsda hozirgi terma jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan ancha keskin tortishib qolgansiz. O'shanda nimalar ruy bergandi?
- Tortishib qolish yoki bahslashish bu futbolning bir bo'lagi. O'yin payti ehtiroslar junbushga keladi. O'sha payt o'yin jarayonida tortishuv bo'lgan. Hammasi maydonda qolgan. Uchrashuvdan keyin hech qanday gap-so'z yoki tortishuvlar bo'lmagan. Bu tortishuv faqat o'yin payti ehtiroslar natijasida ruy bergan. Babayan terma jamoaga bosh murabbiy bo'lganidan keyin barcha futbolchilarni oldida bizni urishib qolganimizi va endi yarashib olganimizni aytib o'tgandi.
- Xitoy bilan Koreyani nimaning evaziga yutishimiz mumkin?
- Yaxshi, chiroyli o'yin evaziga o'z maqsadimizga erishishimiz mumkin. Muhimi, ularga o'z o'yinini ko'rsatgani imkon bermasdan, biz o'zimizni yaxshi sifatdagi futbolimizni namoyish etishimiz lozim. O'shandagina yutishimiz mumkin. Ko'p narsa omadga ham bog'liq. Hozirgi kunda terma jamoamizga juda ko'p omad kulib boqmoqda. Eronga yutqazib kelganimizdan keyin ham ertasiga Qatar yutib, imkoniyatimizni yana o'z qo'limizga qoldirmoqda. Bu omad. Ikkita o'yin bor va bu bo'lajak uchrashuvlarda g'alaba qozonsak, mundial chiptasi qo'limizda bo'ladi. Bu ham omad. Bo'lajak bellashuvlarda vaziyatlar yaratib va o'sha imkoniyatlardan unumli foydalansak, hammasi yaxshi bo'ladi.
- Hozirgi kunda terma jamoadagi eng optimal sport formadagi futbolchilar deb kimlarni ko'rsata olasiz?
- Odil Ahmedov. Jamoamiz sardori hozirgi kunda juda yaxshi sport formasida. Ahmedov klubda ham etakchilar qatorida. SHuningdek, Marat Bikmaev ham ajoyib kayfiyat bilan futbol o'ynamoqda. Bikmaev ayni paytda “Lokomotiv”ning asosiy futbolchilaridan biri.
- Terma jamoa azosi sifatida ichki muhit haqida nima deya olasiz? So'rayotganimning boisi, hozirgi kunda terma jamoada qandaydir tushunarsiz kayfiyat hukmrondek, nazarimda. Ko'p mashg'ulotlarni kuzatamiz, o'yinlarda ham jamoaning ichki muhiti, umuman kayfiyat sezilmayotgandek. Jamoa yaxshi jipslashmagandek taassurot qoldiradi...
- Jamoada muhit yaxshi. SHunchaki oxirgi o'yinlarda kutilgan natijalar qayd etilmagani uchun shunday tuyulgandir. Terma jamoa safida har qanday futbolchi jonini berib o'ynaydi. Ko'pchilik o'ylaydiki, futbolchilar terma jamoa safida o'zini ayab o'ynaydi, yakka kurashlarda ham oyog'ini asrab harakat qiladi, deb o'ylashi mumkin. Aslida esa bu umuman noto'g'ri. O'zbekiston terma jamoa libosini kiyib chiqqan futbolchi Vatan shani uchun jonini ham ayamaydi. Xalqimiz, yani 32 milliondan ortiq aholi qanchalik Jahon chempionatiga chiqishni istayotgan bo'lsa, futbolchilar ulardan ikki yoki uch karra ko'proq buni xohlashadi. Mundialga yo'llanma olish qiyin. Lekin futbolchilarda ishtiyoq va xohish nihoyatda yuqori.
- Matbuotni faol kuzatib borasiz. Aytingchi, futbolchi sifatida sizga tanqid ko'proq tasir qiladimi yoki maqtovmi?
- Tanqid bo'lsa ham yaxshi. CHunki futbolchini doim maqtayversa, u osmonga chiqib ketishi mumkin. Tanqid bo'lgani yaxshi. Ammo meyorida va asosli tanqid bo'lmog'i lozim. Bizda jurnalistlar tanqid qilishi mumkin va bu to'g'ri. Lekin muxlislar ko'p tanqid qilolmaydi, ular shaxsiyatga tegib, haqoratga, so'kishga o'tib ketishadi. Ularni yozayotgan, aytayotgan gaplari tanqid emas, haqorat va bu noto'g'ri. Misol uchun, muxlis o'z nomi bilan muxlis. Hech qaerda muxlis haqorat qilishi mumkin yoki so'kishi kerak, degan qoida yo'q. Istalgan g'ururli va oriyatli futbolchi shaxsiyatga tekkanida yoki uni onasini qo'shib so'kayotganida javob qaytaradi. Masalan men ham shundayman. Kimdir meni haqorat qiladigan bo'lsa, unda o'zim bilmagan holda unga javob qaytarib yuboraman. Meni shaxsiyatimga tegishsa bu menga yomon tasir qiladi. Tanqidni esa to'g'ri qabul qilaman. Tanqid kelajak mevasi. Tanqid bor joyda o'sish bo'ladi. Lekin faqat tanqid bo'ladigan bo'lsa, o'sha futbolchi men shunday ekanman, deb cho'kib qolishi mumkin. Muhimi, asosli va o'rinli paytda tanqid kerak.
- Ruslan Nuriddinovning intervyusidan keyin Timur Kapadze tahririyatimizga kelib, futbolchilar nomidan etiroz bildirgandi. O'sha voqeliklardan xabaringiz bormi?
- Ha, ushbu voqelikdan xabarim bor. Intervyuni video havolasini tomosha qilgandim, Temur akaning ham chiqishlarini ko'rdim. Menimcha, Nuriddinov hazil tariqasida buni aytgan. Ruslan Nuriddinovga Olimpiyadada biz butun oilamiz bilan ishqibozlik qilganmiz.
- Oxirgi paytlarda futbolimizni, terma jamoani, futbolchilarni har qaysi soha vakillari jiddiy tanqid ostiga olishmoqda. Kezi kelganda so'z ustalari kulgi qilishmoqda. "Million" jamoasi azosi, so'z ustasi Davron Kabulov terma jamoani boshqarishga ham tayyorligini aytdi. Bu siz futbolchilarga qanday tasir qiladi?
- To'g'risi, bu kulugi holat. Boshqa sohadagi inson O'zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy bo'lib Jahon chempionatiga olib chiqaman deyishi kulguli. Davron Kabulov o'zining ishining ustasi. Yaxshi so'z ustasi, qiziqchi. Hamma o'zini ishini qilish kerak. Buyuk murabbiy Valeriy Lobanovskiy aytganidek, futbolni o'z ishining professionallari muhokama qilishi, boshqarishi kerak. Buni almashtirish kerak, uni qo'yish kerak, deyish ham noto'g'ri. CHunki o'sha inson bu vaziyatni tepadan ko'radi. Holatni esa ichkaridan bilmaydi. Barcha soha vakillari o'z ishini qilgani maqul.
- Umuman siz “Million” jamoasining koncertlariga tushib turasizmi?
- Ha, albatta. “Million”ni ham, “Dizayn” jamoasini ham koncertlariga tushib turaman. Ikkalasi ham yaxshi. Menga ko'proq “Million” jamoasi muxlisiman.
- Eldorbek Suyunov o'zini 15 yildan keyin qanday tasavvur qiladi, degan savolga futbol ichida deb javob qaytargandingiz. Aynan kim bo'lishimni bilmadim, ammo futbol ichida qolaman, degansiz. "Nasaf"dagi darvozabonlar murabbiyi, ustozingizDenis Ivankov sizga shunday tarif bergandi: "Eldordek aqlli, teran fikrli futbolchini ko'rmaganman. U nafaqat kuchli darvozabon, balki aqlli, futbolni juda chuqur tushunadi va yaxshi tahlil qiladi. Kelajakda u mendek darvozabonlar murabbiyi emas, balki bosh murabbiy yoki rahbar lavozimida ham bemalol ishlashiga ishonaman". Bu so'zlar Ivanovga tegishli. Rahbarlikni eplashizga ko'ziz etadimi yoki murabbiy sifatida cho'qqilarni zabt eta olasizmi?
- Denis Ivankov meni ustozim. “Mashal”da Denis Ivankov bilan ishlashni boshlaganman. Ivankov kelishi bilan o'ynab ketganman. O'shanda “Mashal-2” safida Birinchi ligada o'ynaganman. 2010 yil esa “Nasaf”ga o'tdim. O'sha payt Zuhurov, Naumov, Kozachenko, G'ayrat Hasanov singari tajribali darvozabonlar bor edi. 2013 yil esa Denis Ivankov jamoaga keldi va 3-turdan menga ishonch bildirildi. “Nasaf”da ham Ivankov kelganidan keyin asosiy tarkibda o'ynab ketganman. Bu tasodif bo'lmasa kerak. Denis Ivankov bilan meni juda katta kuch bog'lab turadi. Bu murabbiyni juda qattiq hurmat qilaman. Ivankov bu gaplarni meni juda yaqin olib gapirgan bo'lishi kerak. Hammaning o'z niyati bo'ladi. Mening ham maqsadim va istagim kelajakda ham futbol ichida qolish. Qo'limdan kelsa bosh murabbiylik qilaman yoki rahbarlik lavozimida klubda ishlarman. Murabbiy bo'lish juda qiyin. Buning uchun nafaqat istak yoki xohish, balki murabbiylik istedod ham juda zarur. Murabbiy har taraflama kuchli bo'lishi talab etiladi. Unda psixoloklarga xos xarakter va yondoshuv ham lozim. Butun bir jamoani jipslashtirish, uni oilaga aylantira olish qobiliyati ham bo'lishi kerak. Kelajakda kim bo'lishimni vaqt ko'rsatadi.
- “Nasaf”da uzoq yil faoliyat ko'rsatgansiz. Butun o'zbek futboli muxlislarini qiziqtiradigan savol: Nega “Nasaf” chempion bo'lolmayapti? Nima to'sqinlik qilyapti yoki etishmayapti?
- “Nasaf” men o'ynashimdan avval ham, men o'ynagan paytda ham va mendan keyin ham juda chiroyli futbol o'ynagan. Istalgan jamoani o'yin jihatidan yutishi mumkin “Nasaf”. Ammo kerakli paytda natija bo'lmay qoladi. G'oliblik ruhi, chempionlarga xos xarakter etishmaydi. “Nasaf”da hamma narsa bor, ijrochilar ham etarli. 2011 yili eng kuchli jamoa bo'lganmiz. Ammo o'shanda ham chempion bo'lolmagan jamoa. G'oliblik ruhi etishmasligi muhim o'yinlarda pand bergan. “Nasaf” muxlislari esa buni noto'g'ri tushunadi. Unday bo'libdi, bunday bo'libdi, tepadan aytilgan degan gaplar umuman noto'g'ri. Jamoa yana O'zbekiston kubogi kabi sovrinlarni qo'lga kiritib tursa, chiqayotgan yoshlarda g'oliblik ruhi shakllanadi va kelajakda “Nasaf” chempion bo'ladi.
- Oliy liga bu yili ancha fayzli o'tayotgandek. Turnir jadvalida jamoalar bemalol joylasha olishmayapti. CHempion bo'lishi kutilayotgan "Lokomotiv"ning 1-o'rnidan tashqari barcha o'rinlar uchun kamida 5tadan nomzod bordek guyoki. Bu nima bilan bog'liq: chempionatimiz kuchaydimi yoki kelishilgan o'yinlar tugadimi?
- Jamoalar kuchi tenglashdi. Kuchli ko'ringan “Nasaf”, “Bunyodkor”, “Paxtakor” kabi jamoalar o'z yoshlariga ko'proq ishonch bildirishmoqda. Tajribali futbolchilarning ko'pchiligi esa “Olmaliq”, “Buxoro” va “Qo'qon-1912” klublariga o'tishdi. Bu esa ularni kuchaytirdi. “Lokomotiv” jamoasi boshqalarga nisbatan tajribali. “Loko” tarkib jihatdan ancha yaxshi ijrochilarga ega va bu ularga kerakli paytda ochko jamg'arib olishlarini taminlamoqda. “Loko”ni turnir jadvalida yuqorilab, boshqalardan ilgarilab ketishiga raqiblar ham sharoit yaratib bermoqda. Mavsum yakunida turnir jadvalida yangi syurprizlar ham bo'lishi mumkin. Menga shaxsan “Buxoro” jamoasi iliq taassurot qoldirmoqda. “Buxoro” ushbu mavsumda juda kurashuvchan va ajoyib jamoaga aylandi. Ayniqsa Buxoroda bo'ladigan o'yinlarda istalgan jamoaga juda qiyin bo'lishi shubhasiz.
-Janubiy Koreyaga qarshi o'yinni stadionda ko'rasizmi yoki uyda televizor qarshisidami?
- Agarda “Paxtakor” jamoasining mashg'uloti o'yin vaqtiga to'g'ri kelib qolmasa, unda albatta stadionga borib terma jamoamizni qo'llab-quvvatlayman. Eldorbek Suyunovni terma jamoaga chaqirishmadi, endi Suyunov ularga beetibor bo'ladi degani emas. Albatta jamoadoshlarim uchun qayg'urib, butun xalqimiz kutayotgan mundial chiptasini qo'lga kiritganimizni nishonlamoqchiman. Bu nafaqat O'zbekiston terma jamoasining, balki butun xalqimizning yutug'i bo'ladi. Jahon chempionatiga chiqishimiz har bir futbolchi va muxlislar uchun foydali. Buni barcha kutmoqda.
- Jahon chempionatiga chiqishimizga ishonasizmi? Ha yoki yo'q?
- Avvalo buni Xudo biladi. Hozirgi kundagi omadimiz bilan, turnir jadvalidagi holatimiz bilan chamalaydigan bo'lsak, ha Jahon chempionatiga chiqishimizga ishonaman. Hammasi o'z qo'limizda.
SHahboz BEG'AMOV suhbatlashdi.
Eldorbek Suyunov Babayan, terma jamoa, "Nasaf" va Lobanov bilan raqobat haqida (VIDEO)
Fikrlar