Intervyu. Botir Nosirov: "Jamoamiz Aleksandr Xomyakov uchun borini berib o'ynaydi"
17 may 2016 09:01
Yangiliklar
Intervyu. Botir Nosirov: "Jamoamiz Aleksandr Xomyakov uchun borini berib o'ynaydi"
- Botir aka, "Mashal" so'nggi daqiqada g'alaba qozondi. Bunday voqealar rivojini kutganmidingizlar?
- Birinchi navbatda men hozir jamoamiz turnirda egallab turgan joyi umuman o'zimizga mos emasligini aytib o'tishim kerak. Bizga yarashmaydigan joyda turibmiz. "Mashal" bunday sharoitdan kelib chiqqan holda kamida beshlikda yurishi kerak. To'gri, hamma jamoada ham qandaydir ichki muammolari bo'ladi lekin bu asosiy omil emas. Hamma jamoada ham kamchiliklar bo'ladi lekin ularga chidasa bo'ladi. SHuni aniq ayta olamanki bizni klub qolgan jamoalardan yomon ahvolda emas.
- Jamoaning hozirgi holatiga nimalar sabab bo'ldi deb o'ylaysiz?
- Men hozirgi egallab turgan o'rnimizga omadsizlik sabab bo'ldi demagan bo'lar edim. Hamma o'z o'yinidan va kuchidan kelib chiqib joylashadi. Birinchi navbatda jamoa futbolchilarida o'zlariga bo'lgan ishonch yo'qolgan.
- Aynan nima uchun ishonch yo'qolgan deb o'ylaysiz?
- Nima uchun ishonch yo'qolgan? Javobi juda qiyin. Biz birinchi turda 2:0 hisobida g'alaba qozona turib qandaydir 15 daqiqa ichida mag'lub bo'ldik. Biz qanday mag'lub bo'lganimizni aytib o'tirish shart emas va buni butun muxlislarimiz biladi. Mag'lub bo'ldik va tamom. G'oliblarni endi muhokama qilishdan foyda yo'q. Biz "Qizilqum"ga o'yin bo'yicha umuman yutqazmadik. Aynan shu o'yindan so'ng yigitlar o'ziga kelishi qiyin bo'ldi.
- Hali mavsumning kattagina qismi oldinda va umid ham ko'p bo'lsa kerak?
- Yaqinda Aleksandr Xomyakovni bir intervyusini o'qib qoldim. Bizni hali hisobdan chiqarishga juda erta. Haqiqatdan ham bizni hali kurashdan chiqarib qo'ymangizlar. Bizda hamma mehnat qilmoqda va o'z ustida ishlamoqda. Bu vaziyatdan chiqib ketish uchun ikki barobar ko'proq mehnat qilmoqdamiz. Xudo ham aytdiku, sendan harakat mendan barokat deb. Xuddi shunday vaziyat ketmoqda. Qo'limdan kelgan barcha mehnatni qilmoqdamiz. O'zbekiston bo'yicha hamma biladi , "Mashal" Oliy liga klublari ichida eng ko'p mashg'ulot o'tkazadigan jamoadir.
- Natijalardan kelib chiqib murabbiy qanday topshiriqlar bermoqda?
- Aleksandr Xomyakov biz uchun va jamoa uchun borini bermoqda. Yaxshi o'yin uchun barcha usullarni qo'llab ko'radi. G'alaba va muxlislar uchun "Mashal"da eng katta mehnatni bosh murabbiyimiz bajarmoqda. Muxlislarimiz bizni yurakdan qo'llab-quvvatlayotganini his qilishimiz kerakligini doimo uqtirib keladi. Hozirgi vaziyatda nafaqat men, balki butun jamoa Aleksandr Xomyakov obrusi uchun harakat qilmoqdamiz. U inson jamoa uchun borini bermoqda. Nega endi biz u inson sharafi uchun harakat qilmasligimiz kerak ? Barchani hurmat qiladi va biz bunga munosib hurmat qaytarishimiz shart. Buni jamoani hamma azosi doim yuragida saqlashi shart. Bunday qiyin vaziyatdan chiqib ketish uchun qo'limizdan kelganicha harakatni to'xtatmaymiz. Bu murabbiyning ko'rsatmasi.
- "SHo'rtan"ga qarshi o'yin borasida qanday fikrdasiz?
- "SHo'rtan" menda juda ham ajoyib taassurot qoldirdi. Jamoasining bu o'rinda yurishi hammani ajablantirdi. O'yindan keyin o'zim ham o'yladim, nima uchun shunday jamoa bu pog'onada yuribdi deb. Bizni chempionat o'smoqda. Hozir har bir o'yinda oldindan aytib bo'lmaydigan hisoblar qayd etilmoqda. O'smay qoldik degan fikrga qo'shilmayman. "Andijon"dagi o'yinda omad maydon egalariga kulib boqqan bo'lsa, bu o'yinda bizga omad keldi. Ko'p vaziyatlar yuzaga kelgan lekin foydalana olmagan edik.
- O'yinning burilish nuqtasi sifatida nimani aytgan bo'lar edingiz?
- SHu o'rinda men bir narsani aytib o'tishim kerak. Jamoada lider qanday bo'ladi ? Lider jamoani ergashtira oladi va vaziyatda qutqarib qola oladi. Men "Mashal"da Zafar To'raevni haqiqiy lider deb atagan bo'lar edim. Zafar burilish nuqtasini qo'ya oldi va liderligini isbotladi. Qachondir agar Zafarning o'yini chiqmay qolsa biz uni qo'llab yuborishimiz kerak. U haqida faqatgina iliq fikrlarni bildirishim mumkin. Butun jamoa harakat qildi lekin baribir To'raev jamoani olib chiqib keta oldi. Unga rahmat aytmoqchiman. Bu burilish nuqtasini qo'ydi.
- "Mashal" jamoasi etakchilari o'yindan so'ng o'zaro maslahat qilib nima uchun bunday natija bo'lgani muhokama qilinadimi?
- Biz har kuni, har soatda har bir o'yinni muhokama qilamiz. O'zaro xonamizda ham ikki uch kishi bo'lib nima uchun bunday bo'lganini va kim qaerda xato qilganini muhokama qilib chiqamiz. Jamoada muhit alo darajada. Samimiy suhbatlashgan holda vaziyatni muhokama qilib chiqamiz. Har bir oilada muammo bo'ladi va u muammoni ko'chaga olib chiqmoqchi emasmiz.
- Natijalarni bu yo'nalishda ketishini hech kim kutmagan bo'lsa kerak?
- Agar o'sha tashqi omillar sabab "Qizilqum"ga imkoniyatni boy bermaganimizda biz hozir kamida kuchli beshlikda bo'lar edik. Qanday mag'lub bo'lganimizni aytishdan foyda yo'q.
- Bu mavsum Javohir Ilyosov bilan raqobatdasiz? Yosh darvozabon bilan raqobat siz uchun qanday kechmoqda?
- Men Javohirni yosh deb hisoblamagan bo'lar edim. Faqatgina tajriba borasida hozircha yosh bo'lishi mumkin. Javohir baribir qachondir o'ynashi kerak edi va hozir maydonga chiqmoqda. U menga etarlicha raqobatni yuzaga keldirmoqda. O'zini ustida qay daraja ishlayotganini ko'rib turibman. Hozir futbolchi yosh yoki ism rol o'ynamaydi.Kim ko'proq tayyor bo'lsa maydonga chiqmoqda. SHaxsan bizni jamoada hech qachon nomiga va yoshiga qarab hech kim maydonga tushmaydi. Aleksandr Xomyakov ana shunday kam sonli murabbiylardan biridir. Nafaqat darvozabonlar balki boshqa chiziq vakillarini ham buni yaxshigina bilib bo'lgan. Javohir juda ham iqtidorli darvozabondir. Ertasi bor bola. Faqatgina osmonga chiqmay , o'z ustida ishlashni to'xtatmasa katta marralarni zabt eta oladi. Menga juda ham kuchli raqobat yuzaga keltirgan.
Mana "Nasaf"ni olib qaraylik, Eldor Suyunov ham, Sanjar Quvvatov ham O'zbekistondagi eng kuchli darvozabonlardan biri. Oldin ham, hozir ham aytaman. Eldor o'zi kuchli edi , endi Sanjar bilan raqobatda har ikkisi ikki barobar kuchli bo'ladi. Eldor yaxshi maktab ko'rgan va ajoyib insondir. Qobiliyati juda ham kuchli. Sanjar qaysi jamoaga borsa kuchaytiradi. Javohirni ham shu klubga kelganimda mahoratli darvozabon bo'lishini sezganman.
- "Mashal" gol o'tkazish borasida salbiy natija qayd etmoqda. Bunga sabab nimada deb o'ylaysiz?
- Men odatda internetga kirsam doim shunga ezilaman va siqilib ketaman. CHampionat.asia saytiga kiraman va jadvalni ko'raman. Menga eng yoqimsiz narsa mana shu. Biz hozirgacha 15 ga gol o'tkazib yubordik. 9 ta gol urdik. 9 ta o'yinda 15 ta gol bu haddan tashqari ko'pdir. Hozircha bu jadvalga qaramaslikka harakat qilayapman. Istaymanmi, yo'qmi baribir ko'zim tushganda omadsiz o'yinlarimiz qaratishga majbur qiladi. Har kuni qarashga vijdonim qabul qilmaydi.
- "So'g'diyona" bilan oldimizda endi O'zbekiston kubogi uchun o'yin turibdi. Bu o'yin borasida fikrlaringiz?
- Hozir hech bir klub kubok yoki chempionat deb ajratmayapti. Har bir klub imidji uchun maydonga chiqmoqda. "So'g'diyona" bizga juda ham noqulay raqibga aylanib ulgurgan. Hamma muxlislarni xursand qilish uchun o'ynaydi. Biz ham xuddi shunday. Hozir hech bir jamoa shunchaki mag'lub bo'lishni istamaydi. Muxlislar soni ham ortib bormoqda. Mana Buxoroda, Navoiyda , Andijonda qanchalik ko'p muxlislar tushmoqda. Men o'zim "Navbahor"da ham o'ynaganman va muxlislarini hurmat qilaman. "Neftchi" esa muxlislarini yo'qotmoqda. Ular o'tgan mavsum beshinchi o'rinni egallagan edi hozir yaxshi vaziyatda emas.
- Har bir g'alaba futbolchilarga qo'shimcha kuch bag'ishlaydi. O'tgan o'yindagi g'alaba ruhiyatga ijobiy tasir ko'rsatgan deb o'ylaysizmi?
- Xuddi shunday o'ylagan bo'lar edim. Hozir bizga o'xshash vaziyatda 3-4 jamoa turibdi. Kim kuchli xarakter ko'rsatda bundan osonroq chiqib ketadi. "SHo'rtan" bilan o'yinda 1:0 hisobida so'ng bu qaltis vaziyatni ushlab qolish og'ir edi.
- "SHo'rtan" 86-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Bu goldan so'ng sizga ishonchsizlik yuzaga kelgan bo'lsa kerak?
- Bir narsani aytib o'tishim kerak. Andijondagi o'yinni so'nggi 5 daqiqasida omad ochiqchasiga maydon egalariga kulib boqdi. Ikkita birga-bir vaziyatdan foydalana olmadik. SHu o'yin oxirida menda shunday his tuyg'u kechdi. Ey Xudo, bu o'yinga biz rozimiz omadimiz kelmadi, bizga "SHo'rtan" bilan o'yinda omad ber deb duo qildim. 86 daqiqada goldan so'ng biz qo'lni tushurmadik. Oxirigacha harakatni to'xtatmadik. Oldimizda chempionatda "Olmaliq" bilan o'yin turibdi. Bu o'yin juda ham kuchli va qiziqarli bo'ladi.
- Klubda darvozabonlar murabbiyi bilan ishlash qay darajada ketmoqda?
- Misol O'zbekistonda Denis Ivankov eng kuchli murabbiylardan biri deb hisoblayman. Buni barcha biladi. Hozirda bizni jamoadagi Pavel Sinelnekov darvozabonlar murabbiyi va men bilan tengdosh. U murabbiylik borasida juda katta mahoratga ega. U o'yinga qay darajada tayyorgarlik ko'rish kerakligini juda ham yaxshi biladi. Uni prpfessional murabbiy deb bilaman. Uning mashg'ulotlarini meni oldinga intilishga turtki beradi.
"Mashal" matbuot xizmati
Fikrlar