Intervyu. Amirjon Safarov: “Puli qanchalik ko'p bo'lsa ham, mahorati bo'lmasa yaxshi futbolchi bo'la olmaydi”
07 apr 2020 20:50
Yangiliklar
Intervyu. Amirjon Safarov: “Puli qanchalik ko'p bo'lsa ham, mahorati bo'lmasa yaxshi futbolchi bo'la olmaydi”
- Amirjon, yaxshimisiz? Hozirda nimalar bilan bandsiz?
- Men yaxshiman, hozirda uyda, oilam bilan birga karantin qoidalariga rioya qilib o'tiribmiz. Hozirda shu ish yani o'yda o'tirish yaxshi va maqul ish bo'lib qoldi. Qolaversa jamoam murabbiylari tomonidan berilgan, o'y sharoitida bajarilishi mumkin bo'lgan mashg'ulotlarni bajarib kelmoqdaman.
- Amirjon Safarov hozirda Tojikiston klubiga o'tganligi haqida xabarlar tarqaldi. Bunga nima deysiz?
- Ha hozirda hammaning og'zida shu gap. Yaqinlarim va o'rtoqlarim ham men bilan bog'lanib, xaqiqatdan ham Tojikistonga ketganligimni so'rashmoqda. Ammo men ularga qolaversa mana shunday mish-mishlarni tarqatganlarga hali men O'zbekistondaman va “Dinamo” jamoasi bilan bir yillik shartnomam bor demoqchiman. Uning ustiga ustak men yangi mavsumda “Dinamo” jamoasi bilan Superligaga qaytish uchun kurashmoqchimiz.
- Keling endi “Dinamo” jamoasining o'tgan mavsum Superligadagi ishtiroki haqida o'z fikrlaringiz bilan o'rtoqlashangiz. Jamoa mavsum boshida yaxshi start olgan edi. Ammo chempionat oxirlariga kelib ketma-ket mag'lubiyatlarni qabul qilib oldi. Bunga sabab nima bo'ldi?
- To'g'ri “Dinamo” jamoasi startni yaxshi boshladi. Negadir mavsumning ikkinchi qismida yosh jamoadoshlarimga tajriba etishmadi. Bilmadim nega birgina mag'lubiyat barjaning ruhiyatini sindirdi. To'g'ri keyinchalik g'alaba qozondik. Lekin kech bo'lgandi.
- Balki bu mag'lubiyatlarga jamoaning moliyaviy tarafdan kuchsizlanganligi sabab bo'lgandir?
- Bu gapingizda ham jon bor. Bu borada jamoa vakillari oz bo'lsada qiyinchilikka duch keldi. Lekin buni mag'lubiyatlarga asosiy sabab deb ko'rsatmagan bo'lardim. Mag'lubiyatlarga birgina sabab bor, u ham bo'lsa jamoadoshlarimning ruhiyati tushib ketgani va ishonchsizlik deb bilaman. Boshqa sabab ko'rmayapman.
- Amirjon Safarovga xorij klublaridan takliflar bo'lganmidi?
- Yashirmayman 2019 yil mavsum yakunlanganidan so'ng ko'plab xorij jamoalardan takliflar bo'ldi. Malayziya, Indoneziya, Vetnam va Tojikiston davlatlari jamoalari men bilan bog'lanishdi. Ammo men “Dinamo” jamoasi bilan shartnomam borligini aytdim va takliflarni rad etdim.
- Amirjon o'tgan mavsumda negadur maydonga aksariyat vaziyatlarda zaxiradan tushdingiz. Bunga sabab nima? Nega murabbiy siz va tajribali hujumchi Baxodir Nasimovning xizmatlaridan 10-15 daqiqa foydalandi?
- Birinchi sabab bunga men mavsum boshida jarohatim borligi bo'ldi. Jarohatim tiklangunicha ko'plab uchrashuvlarni asosiy tarkibda boshlolmadim. Keyin mening asosiy tarkibda maydonga tushmaganimga murabbiyning taktikasi sabab bulishi mumkin. Xullas buni men emas murabbiylar hal qiladi. SHu sababdan buning asosiy sababini bilmadim.
- Siz bir muddat “Nasaf” jamoasida harakat qildingiz. Ushbu jamoa bilan qolgan xotiralringiz bilan o'rtoqlashsangiz...
- Mamlakatimizdagi eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Qolaversa ushbu jamoa har tomonlama mukammal tashkil topgan jamoadir. Kuchli akademiya, kuchli futbolchilar va psixolog Ro'ziqul Berdiev. Xullas kuchli jamoa.
- “Nasaf” jamoasida do'stingiz kim edi?
- Aytyapmanku ushbu jamoa kuchli bo'lishdan tashqari ahil bir oila ham xisoblanadi. SHu sababdan butun jamoa mening do'stim. Buning isbotini, jamoaga kelishim bilan barchaning iliqlik bilan kutib olishi bilan ko'rsa bo'ladi.
- Mana bir necha jamoalarda to'p tepib kelyapsiz. SHu vaqt ichida sizga eng yaxshi tandem bo'la olgan futbolchini eslay olasizmi?
- Ha albatta! Bu futbolchi hozirda murabbiy bo'lib ishlayotgan - Alisher Xoliqov. Ushbu sobiq futbolchi bilan juda ajoyib tandem bo'la olganmiz. 2017 yilgi mavsumda bizga havas qiladiganlar talaygina edi.
- Bu yil jamoangizga Pro-ligada qaysi jamoalar jiddiy qarshilik qiladi deb o'ylaysiz?
- Menimcha “Istiqlol” va “SHo'rtan” jamoalari bizga jiddiy qarshilik ko'rsatsa kerak. Sababi bu jamoalarda birinchidan kuchli futbolchilar bor, ikkinchidan bu jamoalarda tajriba etarlicha bor.
- Sizningcha o'tgan mavsumda sizga raqobat qilgan jamoadoshingiz kim bo'ldi?
- Albatta ikkilanmasdan bu Qadamboy Nurmetov bo'ldi deyman. U bilan ajoyib raqobat qila oldik desam adashmayman.
- Nima deb o'ylaysiz, hozirda o'zbek jamoalari orasida eng kuchli jamoa qaysi biri?
- Mening fikrimcha bu “Nasaf” jamoasi bo'lsa kerak. Sababi yosh va tajriba birlashgan bu jamoada. Albatta bunday jihatlar bilan ko'plab g'alabalarni qo'lga kiritsa bo'ladi. Buni esa “Nasaf” jamoasi isbotlab kelmoqda.
- Futbolchilarimiz orasida kuchsizlarini ayta olasizmi?
- SHu savolingizga javob bermasam maylimi?
- Nega?
- Sababi men birovni g'iybat qilishni yomon ko'raman.
- Demak bunday futbolchilar bor lekin aynan kimligini ayta olmaysiz to'g'rimi?
- SHunday desa ham bo'ladi.
- Keling yana bir dolzarb mavzuda savolni qarshi olasiz. O'zbek futbolida pulning o'rni ustunmi yoki mahoratmi?
- Menimcha mahorat birinchi o'rinda. To'g'ri mablag' ham asosiy bo'lishi mumkin. Lekin mening fikrimcha har qanday mablag'i bor inson ham mahorati bo'lmasa futbolchi bo'la olmaydi.
- Amirjon bu yil Superligada chempionlik uchun qaysi jamoalar kurash olib boradi deb o'ylaysiz?
- Menimcha “Paxtakor”,”Nasaf” va “Bunyodkor” jamoalari chempionlik uchun kurashsa kerak. Sababi bu jamoalarning hozirgi holati shuni ko'rsatmoqda.
- Nega bu jamoalar qatorida “Navbahor” jamoasini qo'shmadingiz?
- Bilmadim “Navbahor”da bu yil ham chempionlik uchun ishtiyoqni ko'rmayapman. Balki bu yil o'zgarishlar o'z mevasini berishi mumkindir ammo bilmadim.
- Sizdan oldin intervyularimizda ishtirok etgan Sunnatullo Abdullajonov tomonidan sizga berilgan savol. Eslay olasizmi so'nggi bor Superliganing qaysi bir jamoalar o'rtasidagi uchrashuvni televideniya orqali tomosha qildingiz?
- Ha esimda. Oxirgi ko'rgan uchrashuv “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalari o'rtasidagi bahs edi. Albatta judayam qiziqarli bo'lgandi. Oxirida “Navbahor” jamoasining g'alabasi esa ushbu uchrashuvda ajoyib yakun bo'lgan edi deb o'ylayman.
- Siz bilan intervyumiz qiziqarli bo'ldi deb o'ylayman. Albatta taklifimizni rad etmaganingiz uchun rahmat va muxlislarga tilaklaringiz bo'lsa marhamat...
- Muxlislarga qolaversa barcha yurtdoshlarimga uyda o'tirishlarini va karantin qoidalariga rioya qilishlarini aytgan bo'lardim. O'shanda biz bu virusni engamiz deb o'ylayman. Keyin esa yashil maydonni sog'inganlar uchun shuni aytardimki, bu baloni engib o'tamiz va kuchli futbolchi bo'lib qaytamiz. Bizni kutishini va buning evaziga murosasiz uchrashuvlarni biz ularga taqdim etishimizni vada bergan bo'lardim.
SHoxrux Meylixolov suhbatlashdi
Fikrlar