So’nggi yangiliklar

13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  0 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  12 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  2 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  5 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  7

Ilhom SHomurodov: Yubiley golni urish - tarixda qolishdir Yangiliklar

Ilhom SHomurodov: Yubiley golni urish - tarixda qolishdir

Oliy liganing 23-turi doirasidagi Nasaf - Navbahor uchrashuvida mezbonlar yirik - 5:1 hisobida g'alaba qozonishdi. Mazkur bahsda Ilhom SHomurodov jamoasi yutug'iga munosib ulush qo'shdi - dubl qayd etdi.


Asosiysi, Ilhom Nasafning milliy chempionatlarimizdagi yubiley - 1000-goliga mualliflik qildi. Aniqrog'i, u hisobni ochuvchi goli bilan klub tarixidan joy oldi. SHu munosabat bilan 24-turdan o'rin olgan Metallurg - Nasaf o'yini arafasida tajribali hujumchini eksklyuziv suhbatga chorladik.


- Ilhom, suhbatimiz avvalida sizni jamoangizning Navbahor ustidan qozongan yirik hisobli g'alabasi, qayd etgan dublingiz hamda yubiley - 1000-gol muallifiga aylanganingiz bilan tabriklaymiz. Aytingchi, namanganliklarga qarshi uchrashuvdan oldin yubiley golni urish haqida o'ylaganmidingiz?   

- Mazkur o'yindan oldin klubimizning oliy ligadagi gollari soni 999tani tashkil etayotganligi va Nav­bahor darvozasiga kiritilajak birinchi to'p 1000-gol sifatida ro'yxatdan joy olishini bilardim. Lekin uchrashuvdan oldin murabbiylarimiz yubiley golni kim urishi ahamiyatsizligini aytib, asosiysi, g'alaba qozonish ekanligini uqtirishgandi. To'g'risi, maydonga tushganimdan keyin 1000-gol esimdan chiqdi. SHohruh Gadoevning to'p uzatishidan foydalanib, namanganliklar darvozasini ishg'ol etgan paytim ham, yubiley gol xayolimda yo'q edi. SHu vaqt jamoamiz sardori Artur Gevorkyan qo'li bilan ishora qilib, 1000 raqamini ko'rsatdi. Tabiiyki, quvonchim o'z-o'zidan ikki hissa oshdi. Axir yubiley golni urish - bu tarixda qolish demakdir.

- Navbahorning 1:5 hisobida dog'da qolishini ko'pchilik kutmagandi. Natijani qanday izohlaysiz? 

- Aslida Navbahor yaxshi shakllangan klub. Deylik, birinchi davrada Namanganda bo'lib o'tgan o'yinda ushbu raqib bilan 1:1 hisobida durang qayd etgandik. Bilishimcha, navbatdagi to'qnashuvda mehmonlarning bir qator asosiy futbolchilari diskvalifikaciya va jarohatlar sababli, maydonga tushishmadi. Misol uchun, namanganliklar safida o'yinchilar etishmaganligi sabablimi, hattoki, hujumchi Ulug'bek Baqoev himoyaga qaytib o'ynashga majbur bo'ldi va kutilmaganda, o'z darvozasini ishg'ol etib qo'ydi. Asosiysi, o'zimizda g'alabaga ishtiyoq kuchli edi. Tezkor gol ham ancha foyda berdi. To'g'ri, vodiyliklar tezda hisobni tenglashtirishdi. SHundan keyin tashabbusni butunlay o'z qo'limizga olib, maydonda chinakamiga hukmronlik qildik. To'g'ri, o'yindan oldin hisobning bunday yirik ko'rinish olishini o'zimiz ham kutmagandik. Lekin ishonchli tarzda g'alaba qozonishimizga shubha qilmagandik.

- Joriy mavsum ortda qolgan 23ta turda 9ta gol urdingiz. Umuman olganda, bu yil namoyish etayotgan o'yiningiz borasida nima deya olasiz?   

- Ochig'i, harakatlarimdan to'liq qoniqmayapman. Axir 23ta uchrashuvda 9ta gol - bu hujumchi uchun ancha past ko'rsatkich. Ha, oldinda yana 7ta o'yin bor va ularda shaxsiy statistikamni imkon qadar yaxshilashga harakat qilaman. Menimcha, bir mavsum davomida 20ta yoki ko'proq gol urgan forvardgina o'z o'yinidan qoniqishi mumkin. Biroq menda ko'plab o'yinlarda to'p kiritish imkoniya­ti yuzaga kelmadi, aniqrog'i, raqib himoyachilari bunga yo'l qo'yishmadi. Ayrim paytlar esa vaziyatlardan samara chiqarolmadim. Bu bir tarafdan, chempionatimizning kuchayganidan dalolat. Bundan tashqari, birinchi davradagi ayrim bahslarda oldingi chiziqda yakka holda harakat qilishimga to'g'ri keldi. CHunonchi, hujumdagi sheriklarim - Kenja To'raev va Azamat Allaniyozov jarohatlanishgandi. Ukrainalik Aleksandr Koblash esa, muntazam maydonga tushmadi va davralar oralig'ida klubimizni tark etdi. Oldingi chiziqda yolg'iz harakatlanish oson emas. Bu ham balki oz gol urganimning sabablaridan biridir.

Umumiy qaraganda, jamoamizning ko'plab futbolchilari jarohatlanishgani sababli, asosan 12-13 nafar o'yin­chi maydonga tushyapti. O'yinlar orasi qisqa bo'lgan paytlar bu ham o'z tasirini ko'rsatmoqda, charchoq alomatlari sezilmoqda. Nima bo'lishidan qatiy nazar, qaytaraman, mavsum yakuniga qadar gollarim sonini oshirishga intilaman.

- Gollaringizga asosan kim assis­tentlik qilyapti?

- Albatta, gol urish oson emas, bu borada jamoadoshlaringiz yordamiga ehtiyoj sezasiz. So'nggi 3 yildan buyon gollarimga asosan klubimiz sardori Artur Gevorkyan assistentlik qilyapti. U o'yinni juda yaxshi his etadi va qulay vaziyatga chiqqaningizda to'pni vaqtida etkazib beradi. Fursatdan foydalanib, Artur to'g'risida yana ikki og'iz so'z: u haqiqiy sardor va etakchi. Qiyin vaziyatlarda o'yin­ni o'z qo'liga oladi, maydonda va uning tashqarisida barcha jamoadoshlaridan zarur maslahatlarini ayamaydi. Umuman, Gevorkyan milliy chempionatimizda legioner nomini oqlayotgan kamsonli xorijliklardan biridir.

- Joriy yil Osiyo CHempionlar Ligasida qatnashgan barcha jamoalarimiz omadsizlikka uchrashdi. Jumladan, Nasaf guruh bahslaridan keyinoq ishtirokini to'xtatdi. Sizningcha, klubingizning OCHLdagi muvaffaqiyatsizligi sababi nima? 

- Birinchisi - omadning etishmaganligi. CHunonchi, garchi kuchli guruhdan o'rin olgan bo'lsakda, nomdor legionerlarga boy raqiblar bilan tengma-teng kurashdik. Lekin ijobiy natija qayd etishimizga ozgina omad etishmadi. Muhimi, ushbu musobaqa saviyasi ancha baland va unda orttirilgan tajriba milliy chempionat bahslarida qo'l kelmoqda. Umid qilamanki, kelasi yili OCHLda boshqacha o'yin namoyish etib, yaxshi natijalarga erishamiz.

- Oldinda Nasafni safarda Metallurgga qarshi kechadigan qiyin uchrashuv kutib turibdi. Qarshida bo'lib o'tgan birinchi davra o'yinida bekobodliklar kutilmaganda, 1:0 hisobida g'alaba qozonishgandi. Bo'lajak uchrashuvda hoynaxoh o'sha mag'lubiyat uchun revansh olishni o'ylayotgandirsizlar...

- Metallurg biz uchun noqulay raqib sanaladi, ayniqsa, o'z maydonimizda. Bekobodliklar so'nggi bir necha yildirki, Qarshidan durang yoki yutuq bilan qaytishmoqda. Joriy mavsum ham o'z maydonimizda Rustam Mirsodiqov shogirdlariga imkoniyatni boy berdik. Eng qizig'i, Bekobodda har safar g'alaba qozonamiz. Bu yil ham ushbu yoqimli anana davom etishi uchun bor ishtiyoq bilan to'p suramiz. Har-qalay, yana yutqazishimizni tasavvur ham qilolmayman.

- Faoliyatingiz davomida ko'plab mutaxassislar qo'l ostida to'p surgansiz. Albatta, Nasafning muvaffaqiyatlarida hozirgi ustozingiz Ro'ziqul Berdievning roli katta. U bosh­qa murabbiylardan nimasi bilan farqlanadi? 

- Bilasiz, Ro'ziqul aka - sobiq futbolchi. U muayyan vaqt xorijlik tajribali mutaxassislar - Viktor Kumikov va Aleksandr Demyanenkoga yordamchilik qildi hamda murabbiylik sinoatlarini o'zlashtirdi. Ro'ziqul aka birinchi navbatda, intizomga etibor qaratib, ichki muhitni yaxshilay oldi. Bu muvaffaqiyatlarimiz garovi bo'lmoqda. U yaxshigina ruhshunos va har bir futbolchining ko'ngliga yo'l topadi. Xullas, biz - futbolchilarni munosib ruhlantirmoqda.

- Hujumchi sifatida aytingchi, ichki chempionatimizda qaysi darvozabonni dog'da qoldirish qiyinroq?

- Lokomotiv posboni Ignatiy Nes­terov darvozasini ishg'ol etish oson emas. Ignatiy ko'p yillar davomida milliy jamoamiz safida o'ynagan va etarli tajribaga ega. U hujumchining keyingi harakatlarini oldindan sezishi bilan ajralib turadi.

- Taniqli futbolchi Otabek SHomurodovning ukasisiz. Demak, futbolni tanlashingizda oilaviy muhit muhim rol o'ynagan.

- Albatta. Oilada besh nafar aka-ukamiz. Otam mahallamizdagi bolalarga murabbiylik qilardilar. To'ng'ich akam - Azamat esa, o'sha payt sobiq ittifoq chempionati 2-ligasida qatnashgan Termizning Avtomobilist (keyinchalik Surxonga aylangan - IF izohi) jamoasida o'ynardi. Afsuski, u mahallamizdagi o'yinlardan birida  oyog'ini sindirib oldi va jiddiy jarohat sababli, futbolchilik kasbidan voz kechishga majbur bo'ldi. Otabek akamni esa ko'pchilik muxlislar yaxshi bilishadi. U milliy terma jamoamiz, Surxon va Neftchi klublarida to'p surgan. Otabek ayni payt Jarqo'rg'onda tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanyapti.

Bolaligimda akalarim o'yinlarini diqqat bilan kuzatardim. SHu tariqa menda ham millionlar o'yiniga o'zgacha havas uyg'ongan. Avvaliga ko'cha-ko'yda to'p tepib yurdim. 6-sinfda o'qiyotgan paytim futbol maktabiga yozilmoqchi bo'ldim. Lekin oilamdagilar bunga qarshilik qilishdi. Bitta oilaga bir nafar futbolchi etadi, seni institutda o'qitamiz, - deyishdi. Lekin futbolga qiziqish kuchlilik qilib, o'z ahdimda qatiy turdim. Natijada otam qo'limdan etaklab, Termizdagi futbol maktab-internatiga olib bordilar. Mazkur maktabni tamomlab, katta futboldagi faoliyatimni viloyatimizning bosh jamoasi - Surxonda boshladim. SHu tariqa o'zbek futbolida SHomurodovlar sulolasi paydo bo'ldi...

- Ushbu suloladan yangi o'yinchilar etishib chiqishmoqda. Misol uchun, jiyaningiz Eldor SHomurodov Bunyodkorda o'ynayapti...

- Eldor - Azamat akamning o'g'li. Takidlaganimdek, otasiga futbolchilik armon bo'lib qolgandi. U endi o'zi etolmagan orzuga farzandi etishayotganidan xursand. Eldor ham futbol muhitida ulg'aygan va bizga havas qilib, shu kasbni tanlagan. Unga har bir o'yindan oldin tegishli maslahatlar berib, tajribam bilan o'rtoqlashaman. Eldor Mashal akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Muborakliklarning asosiy tarkibiga endi-endi kirayotganida, Bunyodkor uning transfer huquqini sotib oldi. Mana, ayni payt qaldirg'ochlarning asosiy futbolchilaridan biri va milliy jamoada ham mendan oldin debyutini nishonlashga ulgurdi (kuladi). To'g'ri, men ham bosh jamoamizdan chaqiruv olganman va o'rtoqlik o'yinlarida maydonga tushganman, ammo rasmiy bahslarda emas. Lekin bundan hali umid uzmaganman. Jiyanim esa bu borada mendan o'zib ketdi. Eldorning muvaffaqiyatlaridan xursandman, albatta. O'z o'rnida takidlash joiz, Bunyodkor akademiyasida Otabek akamning o'g'li Oybek ham tahsil olyapti. Qisqasi, oilamizning futbolchilik sulolasi davom etmoqda va u ishonchli qo'llarda.

- Bolaligingizda qaysi klubga muxlislik qilgansiz va kimning o'yinlaridan boshqacha rohatlangansiz? 

- Hozirgacha Angliyaning Manchester Yunayted jamoasiga mehrim baland. Bilasiz, mazkur klubda bolgariyalik Dimitar Berbatov o'ynardi. Ushbu hujumchi hamda vaqtida Real­da o'ynagan braziliyalik Ronaldoning harakatlaridan zavq olardim. O'zimizdan esa ayni payt Paxtakorda o'ynayotgan, bir paytlari milliy jamoamizning sehr­li tayoqchasi hisoblangan Anvar Solievga ixlosim baland edi. Hozirgi vaqtda esa, Odil Ahmedov ko'pchilik qatori menga ham ibrat bo'lyapti.

- O'tgan yilgi bronza medali sohibi - Nasaf joriy mavsum qaysi medalni ko'zlayapti?   

- Jamoamizda nafaqat o'tgan mavsumdagi natijani takrorlash, balki kumush medalni qo'lga kiritish imkoniyati mavjud. To'g'ri, Lokomotiv bilan oradagi 4 ochkolik farqni yo'qqa chiqarish oson emas. Lekin oxirigacha kurashamiz. Aslida temir­yo'lchilar bilan Toshkentda kechgan bahs­da loaqal, durangga erishishimiz lozim edi. Lekin ichki chempionat va O'zbekiston kubogi doirasida  har 3 kunda deyarli bir xil tarkib bilan maydonga tushib, charchab qoldik. Bu o'yinimizga salbiy tasir qildi, chog'i. Endi asosiy etiborimiz O'zbekiston kubogini qo'lga kiritishga qaratilgan. Axir kubok sohibiga aylansak, kelasi yili OCHLning guruh bahslariga to'g'ridan - to'g'ri chiqamiz. Umuman, kubok finaliga 5-marta yo'l oldik va bu safar imkoniyatni qo'ldan boy bermaslik yo'lida bor mahoratimizni ishga solamiz. Uchrashuvning neytral maydon, yani Jizzaxda o'tkazilishi ham jamoa­mizga qo'shimcha kuch bag'ishlaydi. 17 oktyabrda klubimiz ishqibozlari bizni munosib tarz­da qo'llab-quvvatlashadi, degan umiddaman.

malumot uchun

Ilhom SHomurodov

Tug'ilgan sanasi va manzili: 1984 yil 28 mart, Surxondaryo viloyati Jarqo'rg'on tumani

Futbol bilan 7 yoshidan shug'ullana boshlagan

Birinchi murabbiyi: Odil Hasanov

Termizdagi futbol-maktab internatida tahsil olgan

Ampluasi: hujumchi

O'ynagan jamoalari: Surxon (Termiz) - 2001-2004 yillar; To'palang (Sariosiyo) - 2005-2007 yillar; Mashal (Muborak) - 2008 yil. 2009 yildan Nasafda

Oilali, 2 farzandning otasi

Muxlislik qiladigan klubi: Manchester Yunayted

Yoqtirgan futbolchilari: Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi va Ueyn Runi


Ulug'bek UMAROV suhbatlashdi.

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика