"Hujumchi to'purar bo'lishga intilishi kerak. Lekin jamoaviy yutuq shaxsiy sovrindan afzalroq". Mavsum kashfiyotlaridan biri Husayin Norchaev bilan intervyu
02 okt 2020 13:19
Yangiliklar
"Hujumchi to'purar bo'lishga intilishi kerak. Lekin jamoaviy yutuq shaxsiy sovrindan afzalroq". Mavsum kashfiyotlaridan biri Husayin Norchaev bilan intervyu
Bosh murabbiy Ro'ziqul Berdiev iqtidorli yosh futbolchilarga ishonch bildirishdan qochmayapti va ularning katta futbolda o'z o'rnini topishida hissasini qo'shishda etakchi ekanligini isbotlamoqda. Ushbu mavsumda "Nasaf" jamoasi asosiy tarkibida debyut qilgan Husayin Norchaev yosh bo'lishiga qaramasdan o'zini har tomonlama ko'rsatishga harakat qilyapti. Timur Kapadze boshchiligidagi yoshlar terma jamoamizning muhim figuralaridan biri bo'lgan Husayin Norchaevni yaqinda suhbatga chorlab bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- "Nasaf" jamoasida endi etishib chiqayotgan yosh futbolchilardan birisiz. SHunday ekan keling dastlab millionlar o'yinidagi ilk qadamlaringiz haqidagi fikrlaringiz bilan suhbatimizni boshlasak...
- Avvalo menga ishonch bildirib kelayotgan "Nasaf" jamoasi rahbariyatiga va bosh murabbiy Ro'ziqul Berdievga minnatdorchilik bildiraman. Birinchi marotaba 2012 yil otam "Nasaf" klubi akademiyasiga olib kelganlar. Birinchi murabbiyim Dadajon Tagaev va Eldor Moyliev bo'lishadi. Dastlabki futbol alifbosini shu insonlar qo'lida o'rganganman.
- Asosiy tarkibga kirishingiz qanday yuz berdi? Hayajon va bosimni qanday engib o'tdingiz?
- Asosiy jamoaga o'tishim juda tez bo'lgan. Bir muddat o'rinbosarlar jamoasida harakat qilganman va asosiy jamoadan chaqiruv olganman. Jamoamizdagi barcha futbolchilarni yaxshi taniyman. SHu bois hayajonni engishda muammo bo'lmadi. Ular menga maydonda va maydon tashqarisida katta yordam berishgan.
- O'rinbosarlar jamoasi bilan asosiy jamoa o'rtasida farq bo'ladi. Asosiy tarkibga o'tganingizdan keyin o'zingizda futbolchi sifatida qanday o'zgarishlarni sezdingiz?
- Ha, asosiy jamoaga o'tganimdan keyin o'zimda katta o'zgarishlarni sezdim deya olaman. Tajribali futbolchilardan ko'p narsa o'rganishga harakat qilyapman. O'zimga bo'lgan ishonch ortmoqda.
- Futbolchi bo'lishni orzu qilgan har bir bola qaysidir futbolchiga havas qiladi va unga o'xshashga intiladi. Qaysi o'zbekistonlik futbolchiga havas qilasiz va undan o'zingiz uchun nimalar olasiz?
- O'zbekistonda Eldor SHomurodovga havas qilib kelaman. Eldor aka to'pni o'zida yaxshi ushlab tura oladi va qabul qiladi. Boshi bilan yaxshi o'ynaydi. Eng asosiysi golli vaziyatlarni oldindan seza oladilar.
- "Nasaf" jamoasi avvalgi yillarda sovrinli o'rinlardan chetda qoldi. Xo'sh, bu mavsumda jamoa muxlislarga qanday sovg'a ulashishi mumkin?
- Xudo xohlasa joriy mavsumda sovrinli o'rinlardan birini egallashga harakat qilamiz. OCHLga yo'llanmani qo'lga kiritib muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz. Muxlislar stadionlarga qaytishmoqda. Bu albatta yaxshi. Biroq, oraliq masofani saqlab ehtiyotkorlikni yo'qotmaslik lozim.
- O'tgan yili kichik turnirlarda Qashqadaryo viloyati sharafini himoya qildingiz va musobaqalarda ko'plab gollarni urdingiz. Endigi navbat "Nasaf" va milliy terma jamoagami?
- Ha, maqsadim ham shunday. Yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida terma jamoamiz bilan Osiyo chempioni va musobaqa to'purari bo'lishni oldimga maqsad qilib qo'yganman. Timur aka Kapadzeni ishonchlarini oqlashga harakat qilaman.
- Hujumchi uchun to'purar bo'lish qay darajada ahamiyatli? Siz uchun qay biri muhum to'purar bo'lish yoki jamoaviy sovrin...
- Albatta, forvard uchun to'purar bo'lishni ahamiyati katta deb bilaman. Hujumchi qancha ko'p gol ursa shuncha jamoasiga yordam bergan bo'ladi. To'purar yoki sovrin? Futbol jamoaviy o'yin. SHuning uchun jamoaviy qo'lga kiritilgan sovrinni ustunroq qo'yaman. Lekin, hujum chizig'i vakili baribir to'purarlikka ham harakat qilishi kerak. Ikkalasi bir-biriga bog'liq.
- Ro'ziqul Berdievga uchta so'z bilan tarif bera olasizmi?
- Kuchli murabbiy, talabchan va qattiqqo'l.
- Futbolchining o'z o'yinidan ko'ngli to'lishi pasayish belgisimi? Bu borada murabbiylaringiz sizga qanday tavsiya va maslahatlar berishadi?
- O'z o'yinidan qoniqsa ishlashdan to'xtab qolishi mumkin. Har bir futbolchi o'z o'yinini ko'rib xatolari ustida ishlashi kerak. Murabbiylarim shunday tavsiya berishadi.
- Yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionatining qoldirilishi foydami yoki aksincha?
- Turnirni qoldirilgani qaysidir manoda yaxshi. Negaki, hozirda Superligada har 4-5 kunda o'yin bo'lmoqda. Osiyo chempionati qolirilgani sababli ko'proq yig'in o'tkazib etarlicha tayyorlanishimiz mumkin. Futbolchilar bir-birlarini yaxshi o'rganib, o'z o'yinimizni yo'lga qo'yib olishimizga imkon bo'ladi.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar