So’nggi yangiliklar

17:15Тер Штеген – "Барса"да сардорлик учун асосий номзод  0 16:48"Хоразм" бир қатор футболчиларни сафига қўшиб олди  2 16:28"Манчестер Сити" янги мавсум учун захира либосини тақдим этди  0 15:59ФИФА Олимпиада ўйинларидаги воқеаларни текшириш учун эксперт тайинлади  0 15:34Тимур Кападзе: "Мисрнинг кучли томонлари ва имкониятларини яхши биламиз"  9 15:12Иброҳимҳалил ОТЖ лагерини тарк этди, унинг ўрнига бошқа ўйинчини қўшиш мумкинми? Кападзе жавоб берди  23 14:59"Манчестер Юнайтед" Уан-Биссакани Дюмфрисга алмаштирмоқчи  4 14:37Париж-2024. Ўзбекистон Мисрга қарши қандай либосда майдонга тушиши маълум  9 14:15АПЛ клублари "Лион" ҳимоячисига даъвогар  1 13:50Симонс "Лейпциг" ва "Бавария"дан бирини танлади  1 13:23"Арсенал" Евро-2024'да ёрқин ўйин кўрсатган ярим ҳимоячининг трансфери борасида музокаралар ўтказмоқда  1 12:57"Ньюкасл" ҳимоячиси Саудия Арабистони чемпионатига ўтиши мумкин  1 12:29Расман: "Комо" ироқлик иқтидор билан шартнома имзолади  1 12:04"Андижон" янги аъзоси Абинур Нуримбет: "Келажакда Қозоғистон миллий терма жамоаси либосида майдонга тушишни истайман"  3 11:39ПСЖ Франция терма жамоаси дарвозабонига қизиқмоқда  2

Hallo Fußball! Yangiliklar

Hallo Fußball!

Germaniya futboliga befarq bo'lmagan ishqibozlar uchun bugun ajoyib bayram boshlanadi.


Ha, adashmadingiz, bugun Bundesliganing 2016/2017 yilgi mavsumiga start beriladi.

Germaniya chempionatini ko'pchilik "Bavariya" hamda boshqa jamoalar ligasi, deb nomlashni yoqtiradi. Bunga sabab "Bavariya" oxirgi 4 yildan buyon bosh tojni faqat o'ziniki qilib olayotgani va kamida har trasfer bozori paytida asosiy raqibi sanalgan Dortmundning "Borussiya" klubidan etakchi futbolchini sotib olishidir.
Har safar raqibini kuchsizlantirish natijasida o'z tarkibini kuchaytiradigan "Bavariya" mavsum boshlanmasidanoq chempion bo'ladi, degan taxminlar juda avj oladi. Bu esa Bundesliga intrigadan xoli degan xulosani beradi.
To'g'ri, "Bavariya" oxirgi 3 yildan buyon "Borussiya Dortmund"dan futbolchi sotib oladi. Bu yili ham Xummels Dortmunddagi joyini Myunxenga almashdi.

Xummels: "Men shuncha yil Dortmundda o'ynab, bir necha marotaba "Bavariya"ga rad javobini bergandim. Endi uyimga qaytyapman, bu sotqinlik hisoblanmaydi"

Hammasi Mario Gyotceni sotib olishdan boshlangandi. O'shanda dortmundliklar safida porlab chiqayotgan yulduz 2013/2014 yilgi mavsum oldidan "Bavariya"ga o'tdi. Keyingi yili Robert Levandovski "Borussiya Dortmund" muxlislari uchun "sotqin"ga aylandi. Bu safar esa Mats Xummels o'zining sobiq jamoasiga qaytdi.

Mario Gyotce asli myunxenlik sanalgani uchun "Bavariya"ga o'tishga jazm etib, meni vijdonim toza, bu sotqinlik emas, shunchaki o'z shahrimga qaytdim, degandi. Robert Levandovski esa otasini istagini amalga oshirib, "Bavariya" libosidagi 9-raqamni olgandi. Mats Xummels esa o'zi tarbiya topgan klubiga qaytdi.

Bu orada esa Mario Gyotceni "Bavariya"dagi ishlari yurishmadi. Gyotce "Borussiya Dortmund"dan ketganidan so'ng faqatgina JCH-2014 finalidagi oltin-goli bilan yodda qoldi.
Dortmund klubi nihoyat yangi mavsum oldidan daydi o'g'lini ortga qaytardi.

"Borussiya Dortmund"ni har yili kamida bir etakchi futbolchisi tark etadi. CHunki jamoa har safar yuqoriga parvoz qiladi, yangi nomlar kashf etiladi va futbolchilariga talab kuchayadi.

Dortmund klubi avvalgidek o'rtamiyona jamoa emas. Yurgen Klopp "Borussiya"ni top jamoalar qatoriga yurishga o'rgatib qo'ygandi. Tomas Tuxel kelganidan so'ng ham vaziyat o'zgargani yo'q.

Ular yana birga, faqat "Bavariya"da...

Ko'pchilik "Borussiya Dortmund"ni yanada kuchsizlandi, degan fikrlarni bildirmoqda. Ishontirib ayta olamanki, unday emas. To'g'ri, jamoaning himoya qo'rg'onini asl egasi Mats Xummelsni ketgani katta yo'qotish.
Genrix Mxitaryan ham oxirgi yillarda "Borussiya"ni haqiqiy etakchi futbolchilari qatoriga kirib ulgurgandi, ha.
Lekin keyingi yili shartnomasi tugaydigan futbolchini katta pulga pullagan Vactke ushbu transferdan xursand. To'g'rida, jahon futbolida shartnomasi tugashiga bir yil qolgan futbolchini  42 million evro mablag' evaziga sotish, bu shubhasiz klub uchun foydali.
Jarohatlarga moyilligi bor Ilkay Gyundoganning yo'qligi jamoaning o'yiniga katta tasir ko'rsatmaydi. Uning o'rnida o'ynaydigan futbolchilar bu yilgi mavsumda "Borussiya Dortmund"da keragidan ortiqroq topiladi.
"Borussiya Dortmund" har doim yo'qotilgan o'rinlarni munosib to'ldirgan. Bunga misollar etarli. Dortmund uchun bu safargi transfer kompaniyasi har doimgidan ham muvaffaqiyatliroq chiqdi. Klub o'z tarixidagi eng yirik xaridni amalga oshirdi. Yani dortmunliklar 30 million evro evaziga Andre SHyurrleni "Volfsburg"dan sotib olishdi.
Kelajagi bor iqtidor egalari Mark Bartra, Emre Mor, Rafael Gerreyru, Sebastyan Rode, Usmon Dembele kabi futbolchilar manzilda adashishmadi.

"Borussiya Dortmund" jamoasi muxlislari uchun quvonarlisi, endi yana o'sha eski do'stlar Roys va Gyotce tandemini ko'rish imkoniyati bor.

Ular ham yana birga...

Faqat muammo shundaki, Marko Roys jarohatlar girdobida qolganligi uchun hisobdan chiqarilayotgan bo'lsa, Mario Gyotce avvaliga porlab, keyinchalik ko'rinmay qolgan yulduz sifatida qaralmoqda. Bu ikki do'st yana avvalgidek katta ishtiyoq bilan yuqori saviyada o'ynab keta olishadimi? Menimcha, bu savol Bundesliganing yangi mavsumi oldidan ko'pchilikni qiziqtirayotgan bo'lishi aniq. Javobni esa mavsum davomida bilib olamiz.

Bundesligada intriga yo'q, kim chempion bo'lishi aniq, deydigan muxlislar chempionatni kuzatmaslikka qaror qilishga shoshilishmasin.

O'tgan yilgi "Borussiya Dortmund" "Bavariya"ga etarli muammolarni keltirib chiqardi va chempionlik faqatgina so'nggi turlarga kelib aniqlangandi.

Ha, "Bavariya" yangi mavsum oldidan yanada kuchaygani, endilikda katta tajribaga ega juda kuchli mutaxassis - Anchelottining qo'l ostiga o'tgani ularga ustunlik berishi aniq.
Tarkibga ko'p emas, kerakli bo'lgan ikki nafar yangi futbolchilar qo'shib olindi.
"Bavariya" markaziy himoyada Boatengga ajoyib hamrox, terma jamoadagi jamoadoshi Xummelsni opkeldi.
SHuningdek, markaziy yarim himoyada, kerak paytda qanotlarda, umuman universal futbolchi, jahon futbolining bo'lajak yulduzi sifatida qaralayotgan Renatu Sanshesh ham "Bavariya"ga o'tdi. Bu futbolchi yangi mavsumda asosiy tarkibdan muqim joy olmasligi mumkin. Ammo Renatu o'yin davomida zaxiradan maydonga tushib, jamoaning o'yiniga kerakli tezlik va zarur paytda kuch qo'shib bera oladi. Bu Anchelotti uchun raqibni nishonga olish uchun qo'shimcha "o'q".

"Bavariya"da oxirgi yillarda faqat zaxirada o'tirib qolayotgan Rode va Gyotcedan tashqari yana Benatia ham jamoani tark etdi. Benatia "Bavariya"da o'z o'rnini topa olmadi. Klub zaxirada o'tirishni istamagan Benatiani "Yuventus"ga ijaraga berib yubordi.
"Bavariya"da ushbu mavsumda himoya markazida kimlar o'ynashi aniq. SHu bois Benatianing qarorini klub rahbariyati hurmat qilgan holda, uning ketishiga to'sqinlik qilmadi.

"Bavariya" kuchli, kuchaydi, lekin Dortmundning "Borussiya" jamoasi har doim xavfli raqib sifatida qoladi. Oxirgi yillarda "Borussiya Dortmund"ga etishmagan bir jihat, uzun zaxira endilikda Tomas Tuxel qo'l ostida mavjud.
"Borussiya Dortmund" deyarli teng kuchli ikkita tarkibga ega. Har bir poziciya uchun ularda raqobatlashadigan kamida ikki futbolchi bor. Mario Gyotce qadrdon jamoasiga qaytgani bilan osongina asosiy tarkibdan joy ololmaydi. Endi unga ham joy kafolatlanmagan. Usmon Dembele o'zining dastlabki o'yinlari orqali Roys va SHyurrle uchun katta raqobat taqdim etishini ko'rsatdi. Tomas Tuxel endi Dembeleni boshqa poziciyada yoki Roysni boshqa joyda o'ynatsa ham ajablanmaymiz.

Tomas Tuxel uchun yangi mavsumda tarkibni aniqlash yoqimli bosh og'riqlarini keltirib chiqaradi, bu aniq.

"Borussiya Dortmund" vazifa ECHL yo'llanmasini qo'lga kiritish asosiy vazifa ekanligini bildirmoqda. Ammo ular chempionlik uchun kurashishlarini inkor etishmayapti. Bu shunchaki ortiqcha bosimdan xoli bo'lish uchun tanlangan yo'l.

"Bavariya" chempionlikka asosiy nomzod, bunga shubha yo'q. "Bavariya"ga bu yo'lda eng katta to'sqinlik qiladigan va qilishi mumkin bo'lgan jamoa - "Borussiya Dortmund".

Aynan shu ikkala jamoa mavsumdagi eng muhim savolga javob qidirishadi.

Lekin qolgan jamoalar, masalan "Volfsburg", "Bayer", "Borussiya Myonxengladbax", "SHalke" kabi klublar ham ularga muammo tug'dirish uchun bor kuchini ishga soladi.

Draksler anchadan buyon "bo'rilar" safini tark etmoqchi bo'layotganini takidlab kelayotgandi. Drakslerni ketmoqchi bo'layotganiga asosiy sabab o'tgan yili "Volfsburg" ECHL yo'llanmasini qo'lga kirita olmaganligida.
Klub esa uni qo'yib yubormasligini bildirdi. "Volfsburg" rahbariyati Drakslerga jamoadan ketish niyati borligini aytgani uchun jarima qo'lladi. Hozir futbolchi va klub o'rtasida mojaro paydo bo'lgan. Eng qizig'i, endilikda Draksler yana jamoada qolib, ishtiyoq bilan o'ynashi uchun klub qanday yo'l tutishi qiziq.

"Volfsburg" yangi mavsum oldidan jamoaning etakchi futbolchisi sanalgan Draksler bilan keraksiz va juda yoqimsiz muammolar girdobiga tushib qolgani ziyonga ishlashi mumkin. Andre SHyurrledan keyin Drakslerni ham yo'qotishni istamayotgan "bo'rilar" rahbariyati bor imkoniyatni ishga solmoqda.
"Bo'rilar" muxlislari uchun hozircha eng yoqimli va ularni yupantirib turgan yagona holat bu Mario Gomesni jamoaga kelgani.


"Bayer" jamoasining yangi mavsumda CHicharitodan umidi juda katta. O'tgan mavsumning yarmidan jamoaga qo'shilgan CHicharito ko'plab gollari bilan barchani xushnud etgandi.
Bu yili ko'pchilik CHicharitodan yana o'sha sermahsullikni kutmoqda.

Bundesliganing yangi jamoasi "RB Leypcig"ning ishtiroki ko'pchilik uchun katta qiziqish uyg'otmoqda. Bu jamoaning o'rtacha yoshi 23,7ni tashkil qiladi. "RB Leypcig" asosan 24 yoshdan kichik futbolchilarga imkoniyat taqdim etadi.
Bu klubning olib borayotgan siyosati. Lekin Bundesligada bu ish o'zini oqlaydimi? CHunki faqat yoshlik shijoati va ishtiyoq bilan kerakli natijani qayd etish oson ish emas. "RB Leypcig" jamoasiga tajriba futbolchilarning yo'qligi pand bermaydimi? Buni amalda ko'ramiz.
"RB Leypcig" bosh murabbiyi avstriyalik Ralf Xazenxyutlni haqiqiy imtihon kutmoqda.

Bundesliganing ushbu mavsumdagi eng yosh murabbiyi sanalgan 29 yoshli Yulian Nagelsmann boshchiligidagi "Xoffenxaym" nima karomat ko'rsatishi ko'pchilik uchun qiziq bo'ladi.

Germaniya chempionatidagi eng qariya murabbiy bu "Damrshtadt" bosh qo'mondoni Norbert Mayer sanaladi. Mayer Karlo Anchelottidan bir yoshga katta, yani Norbert ayni paytda 57 yoshda.


Bundesligada yangi mavsumda kim to'purar bo'ladi? Nomzodlar ko'p. Masalan Robert Levandovski, Tomas Myuller, Obameyang, Mario Gomes, CHicharito, Xuntelaar kabi hujumchilar ushbu sovrin uchun yaqqol favoritlar qatorida. Ularning safiga Embolo, Gyotce, Pizarro kabi yosh va qariya "snayper"larni qo'shish mumkin.
Robert Levandovski, Myuller va Obameyang uchun bu yilgi mavsumda bundesliganing eski "bo'risi", yani "bo'rilar" safiga kelgan Mario Gomes qo'shildi. Buyog'iga hech kimga oson bo'lmaydi.

Bundesliganing yangi mavsumi ha qachongidan ham qiziqarliroq va voqelarga boy bo'lishi kutilmoqda. Bunga sabablar etarli.

Bu chempionatda nafaqat chempionlik, balki elitada jon saqlab qolish, evrokuboklarga yo'llanma beruvchi o'rinlar uchun ham ayovsiz jang kechadi.

"Borussiya Dortmund"ning tajovuzkor o'yinlari, "Bavariya"ning shiddatkor hujumlariga boy bahslarni tomosha qilish istalgan futbol ishqibozini o'ziga rom eta oladi.
Buyog'iga "Bavariya" klubida yangi bosh murabbiy ish boshladi. "Bavariya" muxlislari endi avvalgi uch yilda bo'lgani kabi maqsadsiz va zerikarli tus oladigan to'p uzatmalar, to'pni nazorat qilishga bo'lgan urinishlar o'rniga chiroyli, hujumkor, tezlikka asoslangan futbol ko'rishlari mumkin. "Bavariya" endi to'p uzatmalarni soniga emas, uning sifatida va foydali effektiga ko'proq urg'u beradi. Buni Anchelotti alohida takidlab o'tdi.

Bir so'z bilan aytganda, "Bavariya" ishtirokidagi o'yinlarda muxlislarni uyqusi kelmasligi tabiiy.

Bundesliganing eng quvnoq jamoasi hisoblangan "Xoffenxaym" jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarni kuzatini alohida maslahat bergan bo'lardim. Bu jamoa nafaqat o'zi hujum qiladi, balki raqibga ham hujum qilish imkoniyatini ko'p taqdim etib turadi. SHu sababli ushbu jamoa ishtirokidagi o'yinlarda asosan ko'proq gollar, chiroyli, tomoshabop o'yin ko'rsatiladi. "Xoffenxaym" natija ko'rsatishni zo'r eplolmasada, ko'proq muxlislarni o'ylab futbol o'ynaydi. Bu yili 29 yoshli Yulian Nagelsmann jamoani qay tartibda o'ynatishini amalda guvohi bo'lamiz. Fakt shuki, o'tgan mavsumda Nagelsmann "Xoffenxaym"ni botqoqlikdan olib chiqib ketgandi va jamoa Bundesligada o'z o'rnini saqlab qoldi.


Ko'p gapirib yubordim, a? Kimga qanday bilmadim-u, menga bundesliga stadionlarida muhit, futbol sifati ko'proq yoqadi. Ushbu chempionatning ichki dinamikasi har doim kishini hayratlantirib kelgan.
Evropaning hech bir chempionatida Bundesligada bo'lgani kabi muxlislar yo'q. Bu erdagi barcha 18ta jamoaning uchrashuvlari stadion to'la muxlislar bilan o'tadi. Bu esa avvalo futbol bezagi.

Muxlislar madaniyati ham bu erda ancha yuqori o'rinda turadi.

Bundesliga o'yinlarining yana bir ajralib turadigan jihati bu hakamlar. Bu erda hakamlar eng ko'p to'xtalish bo'ladigan uchrashuvlarda ham maksimum 3 daqiqa qo'shib berishadi. Asosan esa 1 daqiqa qo'shib beriladi. "Bavariya" ishtirokidagi ko'plab bellashuvlarda, agarda myunxenliklar hisobda oldinda borishayotgan bo'lsa, unda bazan umuman vaqt ham qo'shib berishmaydi. Agarda siz oynai-jahon orqali futbol ko'rayotgan bo'lsangiz va uchrashuvga hakam vaqt qo'shib bermasa, unda bilingki bu Bundesliga o'yini bo'ladi.

"Bavariya" yangi mavsumga shay...

Bugun tunda Bundesliganing navbatdagi karvoni yo'lga tushadi. Karvon uchun may oyidagi so'nggi bekat Dortmund yoki Myunxen bo'ladimi? Bu savolga yaxshisi, chempionatning so'nggi turidan keyin javob olganimiz maqul.

Demak Germaniya chempionatining yangi mavsum ochilik o'yini "Bavariya" hamda "Verder" o'rtasida kechadi.


Italiyalik Karlo Anchelotti bundesligadagi o'zinig debyut bahsini ukrainalik hamkasbi Viktor Skripnik boshchiligidagi bremenliklarga qarshi o'tkazadi.

Bu to'qnashuvda shabhasiz "Bavariya" favorit. "Verder" jamoasi kutilmaganda Germaniya Kubogining ilk raundida quyi liga vakilidan mag'lub bo'ldi va turnirdan chiqib ketdi. Bu esa "Verder" endi bor etiborini, kuch-g'ayratini chempionatga qaratishiga turtki bo'ladi. Viktor Skripnik oldida muhim bahs oldidan yo'qotishlar mavjud. Xususan "Bavariya" hamda "Verder" klubi tarixidan o'rin olgan Klaudio Pizarro jarohati bois eski qadrdonlariga qarshi maydonga tusha olmaydi. Jamoaga yangi kelib qo'shilgan Maks Kruze ham bu o'yinda "Verder"ga ko'maklasha olmaydi. SHuningdek, Filipp Bargfrede, Santyago Garsiya ham bahsni o'tkazib yuboradi. Jamoa etakchisi Zlatko Yunuzovichning ham ishtiroki so'roq ostida turibdi.
Bu yo'otishlarga qaramay, Viktor Skripnik mavsumni yaxshi kayfiyatda boshlash uchun bor kuchimizni ishga solamiz, deb aytib o'tdi. "Verder" "Alyanc Arena"da "Bavariya" muammo tug'dirish uchun harakat qiladi.

"Bavariya"da ham yo'qotishlar yo'q emas. Aren Robben jarohati bois o'yinda ishtirok etolmasligi ancha avval malum edi. Renatu Sanshesh ham bu uchrashuvda o'ynamaydi. Tyago Alkantara va Xabi Alonso jarohatlaridan forig' bo'lishgan va bugungi bahsga to'liq tayyor.

Yangi mavsum yangi qiyofalarni, yangi nomlarni, yangi kashfiyotlarni taqdim etishiga shubha yo'q. Bundesliga o'yinlari orqali haqiqiy futbol zavqini his etish uchun albatta bu o'yinlarni tomosha qilmoq darkor.

Yangi mavsum o'tkazib yubormang!


Bundesliga, 1-tur.

26 avgust.

"Bavariya" - "Verder"

27 avgust.

"Augsburg" - "Volfsburg"

"Gamburg" - "Ingolshtadt"

"Ayntraxt" - "SHalke"

"Kyoln" - "Darmshtadt"

"Borussiya Dortmund" - "Maync"

"Borussiya Myonxengladbax" - "Bayer"

28 avgust.

"Gerta" - "Frayburg"

"Xoffenxaym" - "RB Leypcig"


Bundesligani "www.Aleziya.com" sayti orqali ham kuzatib borishingiz mumkin.

Hallo Fußball!

SHahboz Beg'amov

Reyting: +12   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика