So’nggi yangiliklar

14:13Суперлига. "Олимпик" - "Бунёдкор". Таркиблар маълум  0 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  0 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  4 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  0 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  14 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  2 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  1

G'ulom-Haydar G'ulomov: "Darvozabonlarning kuchli uchligida Eldor Suyunov, Murod Zuhurov va Eldor Tojiboevni ko'rishni istardim" Yangiliklar

G'ulom-Haydar G'ulomov: "Darvozabonlarning kuchli uchligida Eldor Suyunov, Murod Zuhurov va Eldor Tojiboevni ko'rishni istardim"

Bu yilgi O'zbekiston chempionatining oliy liga bahslari o'tgan yillardagiga qaraganda ancha qiziqarli kechdi.

CHempionat yakunlanishiga bir tur qolgan bir paytda hali rasman chempion va kumush medal sohibi aniqlangani yo'q. To'g'ri, Qarshidagi muhim g'alabadan so'ng “Paxtakor” jamoasining chempionlik yo'lidagi imkoniyatlari keskin oshib ketdi. Lekin bu narsa hali rasman o'z tasdig'ini topgani yo'q. So'nggi turda “Andijon” mo'jiza ko'rsatib, peshqadamdan ochko tortib olsa va o'z o'rnida “Lokomotiv” Namanganda “Navbahor”ni mag'lubiyatga uchratsa, “temiryo'lchilar” o'z tarixlarida ilk bor chempionlik shoxsupasiga ko'tarilishadi. Hamma narsa bo'lishi mumkin. SHuningdek, turnir jadvalining quyi pog'onalarida ham “hayot” uchun kurash qizigandan qizigan. Elitada jon saqlab qolish uchun kurash “Buxoro”, “Dinamo”, “So'g'diyona” jamoalari o'rtasida kechyapti. Garchi, ikkinchi davra o'yinlarini juda yomon o'tkazgan bo'lsada, G'uzorning “SHo'rtan” jamoasi kuchlilar safidagi o'rnini bir amallab saqlab qolishga erishdi. U ham bo'lsa, birinchi davrada to'plab olgan ochkolari hisobiga oliy ligada qolishini taminladi. Biz “Lokomotiv”ga qarshi kechgan 27-tur uchrashuvidan so'ng jamoa etakchilaridan biri, o'sha o'yinda yagona javob to'pi muallifi bo'lgan G'ulom-Haydar G'ulomovdan intervyu oldik. 

- G'ulom-Haydar, “Lokomotiv” bilan o'yinda 1:4 hisobida mag'lub bo'ldinglar. Birinchi davradagi uchrashuvda ham o'z maydoninglarda 4ta to'p o'tkazib yuborgandinglar. Ikkinchi davra o'yinida ham shunday holat ro'y berdi. Vaholanki, uchrashuvni yomon boshlamagan edinglar. Nima sababdan ketma-ket gol o'tkazib yubordinglar? 

- Bilasizmi, o'z darvozamizdan to'p olib chiqishdan qo'rqib, ko'pchilik bo'lib himoyaga yotib olganimiz yirik hisobdagi mag'lubiyatimizga zamin yaratdi. Bu birinchi sababi. Ikkinchidan, tan olish kerak, “Lokomotiv” bugungi kunda ham jismonan, ham texnik-taktik jihatdan bizdan ustun. Uchrashuv boshidanoq maydondagi ustunlikni mezbonlarga berib qo'ydik. Himoyaga o'tib olganimiz “Lokomotiv” futbolchilariga qo'l keldi va ular yakunda yirok hisobda zafar quchishdi. Berilgan imkoniyatdan foydalanib, xatto ularning himoyachilari ham hujumlarga faol qo'shilishdi. 

- O'yindan avval qanday ko'rsatma berilgandi?

- Birinchi davradagi xatolarni takrorlamaslik aytilgandi. Yodingizda bo'lsa, birinchi davra o'yinida 0:4 hisobida yutqazib qo'ygandik. O'sha o'yindan xulosa chiqargan holda o' ynashimiz kerak edi. Afsuski, kuchli raqibga kuchimiz etmadi. Ochiq futbol namoyish etganimizda, hisob bundan ham yirik ko'rinishda bo'lishi mumkin edi. 

- Jamoangizning o'yindagi yagona javob to'pini chiroyli tarzda kiritishga muvaffaq bo'ldingiz. Haqiqatan ham, gol juda chiroyli chiqdi...

- Rahmat. Lekin kiritgan golim o'yin natijasiga tasir o'tkazmaganidan keyin uning chiroyliligidan nima foyda? Men uchun jamoaning manfaati ustunroq turadi. Axir futbol jamoaviy o'yinku!


- Ikkinchi davraning so'nggi tur o'yinlarini ancha bo'sh o'tkazdinglar. Bunga nima sabab bo'lyapti?

- Buning sabablari ko'p. Ammo, hozir sabablarni sanaydigan bo'lsam, bu xuddi bahonadek bo'lib qoladi. Hamma vaziyatni ko'rib turibdi. 

- So'nggi ikki tur natijasidan qatiy nazar oliy ligada qoladigan bo'ldinglar. Mavsum avvalidagi vazifa ham aynan shunday edimi, yani kuchlilar saifada jon saqlab qolish?

- Jamoa oldiga 10-o'rinni egallash vazifasi qo'yilgan edi. O'ylashimcha, hali bu o'rinni egallash uchun imkoniyatimiz bor. 

- Bu vazifa jamoaning ichki imkoniyatidan kelib chiqib qo'yilganmidi?

- Xuddi shunday. Lekin shaxsan men bundan ham yuqoriroq o'rinlar uchun kurashamiz deb o'ylagandim. Afsus, xato o'ylabman. Baribir hali tajribam kam shekilli, shunga kaltaroq fikrlabman. 

- “SHo'rtan” bugungacha o'tkazilgan 28ta o'yindan (suhbat 29-tur uchrashuvi oldidan o'tkazilgan, - muallif) 9tasida durang qayd etdi. Bu bilan jamoangiz oliy ligadagi eng ko'p durang o'ynagan jamoa bo'lib turibdi. Bu nimadan darak beradi?

- Bejizga 10-o'rin deyishmagan ekan. Qayd etgan duranglarimizning 60-70 foizi g'alabaga munosib edi. O'zimizning qo'pol xatolar sabab durang natijalar ko'payib ketdi. Ikkita o'yin durang o'ynagandan ko'ra, bitta g'alaba va bitta mag'lubiyat yaxshiroq. Ikki ochkodan ko'ra uch ochko yaxshida.

- “SHo'rtan” oliy ligada qoldi. Keyingi faoliyatingiz haqida o'ylab ko'rdingizmi? Yoki kelasi mavsum ham G'uzorda qolasizmi?

- Hali bu haqida o'ylab ko'rganim yo'q. Mavsum yakunlanganidan so'ng bunga vaqtim bo'ladi. Hozir bu mazuda o'ylash noto'g'ri bo'lsa ham kerak. Hayolingiz bo'linadi. CHempionat yakunlanganidan keyin bir gap bo'lar (kuladi). 

- Lekin baribir hayolingizning bir chetida bu mavzuda bo'ladi. Buni inkor etmasangiz kerak? 

- To'g'ri. Qiziqishlar bo'layotganini eshitgandim. Lekin shaxsan o'zimga hali hech kim taklif bilan chiqqani yo'q. Buni boshqalar aytishdi. Agar rasmiy taklif tushsa, buni boshqalar kabi sir saqlab o'tirmayman. 

- O'sha eshitganingiz qaysi jamoalar edi? 

- Bu shunchaki mish-mishlar.

- O'sha mish-mishlar sizni qaysi jamoa tarkibiga o'tkazyapti?

- Birinchi davradagi gap – “Nasaf”ga. Lekin buni eshitib xursand bo'ldim. Ammo hozircha bu shunchaki qiziqish. 

- Har qanday holatda ham bu yil o'sishga erishdingiz. Bu haqiqat...

- Nolimayman. Hammasi asta-sekinlik bilan bo'lyapti.


- Statistikangiz bilan qiziqib borasizmi? 

- Bunga juda ham qiziqaman. Lekin alamli mag'lubiyatlardan so'ng jahlim chiqqanidan statistikani tashlab qo'yaman. Adashmasam, chempionatdagi gollarim soni uchtaga etdi. Kubokda esa bitta to'p kiritdim. Mavsum avvalida o'tkazilgan PFL kubogida raqib darvozasini to'rt bor ishg'ol qilgandim. Besh marotaba jamoadoshlarim kiritgan gollarga assistent bo'ldim. SHulardan ikkitasida jarima to'pi ishlaganman. Jamoadoshlarim esa jarima zarbasini golga aylantirishgan edi. 

- “SHo'rtan” jamoasining futbolchilardan maoshlar bo'yicha qarzi bormi? 

- Bor. 

- Qarshidagi g'alabadan so'ng “Paxtakor” deyarli o'z chempionlik unvonini saqlab qolishi oydinlashdi. Siz ham shu fikrdamisiz yoki kurash oxirigacha davom etadimi? 

- O'sha Qarshidagi o'yindan oldin men “Lokomotiv” klubining chempionlik yo'lidagi imkoniyatlarini yuqori baholagandim. CHunki, “Nasaf” bu yil ancha yuqori saviyadagi futbol namoyish etgandi. O'z tarixida ilk bor O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritdi. Qolaversa, mavsumning o'z maydonidagi so'nggi o'yinida g'alaba uchun maydonga tushishini taxmin qilish qiyin emasdi. SHulardan kelib chiqib, “Paxtakor” safarda ochko yo'qotadi, deb o'ylagandim. Yashirmayman, “Nasaf” jamoasining muxlisiman. Bilmadim, tarkibida do'stlarim o'ynashgani uchunmi, shu jamoaning g'alabasini kutgandim. Lekin yuz foizlik kafolati bilan aytaman, o'yin haqqoniy ruhda o'tdi. Bu yil “Paxtakor” chempionlik bo'lishga loyiq o'yin ko'rsatdi. Haqli ravishda chempion bo'ladi, bunisi aniq. “Lokomotiv” jamoasiga esa sabr tilayman. “Nasaf”ga esa kelasi yilgi mavsumda omad tilayman. Ular to'g'ridan-to'g'ri OCHLning guruh bosqichida ishtirok etishadi.

- “Paxtakor” Qarshida nimaning hisobiga g'alaba qozondi deb o'ylaysiz?

- Qarshida ochiq va kurashlarga boy o'yin bo'ldi. Birinchi navbatda jamoa kuchli xohish evaziga g'alabaga erishdi. Jamoa futbolchilariga chempionlik masalasi kuchli motivaciya berdi. “Nasaf” esa oldingi turda chempionlik poygasidan chiqib ketgandi. Jamoa O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritgandan keyin shaxsan menda biroz bo'lsada hotirjamlikka berilgandek taassurot qoldirdi. Agar tahlil qiladigan bo'lsak, Qarshidagi uchrashuvda “Paxtakor”ga nisbatan maydon egalarida ko'proq golga tortadigan vaziyatlar bo'ldi. Artur Gevorkyanning ikki marotaba amalga oshirgan jarima zarbalarini eslang. Birinchi vaziyatda to'p darvoza to'sinidan maydonga qaytgan bo'lsa, ikkinchi holatda Lobanov mahorat ko'rsatdi. Mehmonlar uchrashuv davomida to'p nazoratini o'zlarida ushlab turishdi. Lekin golga tortadigan hujumlarni “Nasaf” yuzaga keltirdi. Mezbonlarga omadmi, bilmadim, lekin nimanidir etishmadi. “Paxtakor” esa tajribasi evaziga yaratilgan kichik imkoniyatdan foydalanib ketdi. Bu o'yinda Aleksandr Lobanov uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo'ldi. So'nggi va hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda Lobanov bir necha marotaba o'z mahoratini namoyish qildi. Aks holda, “Paxtakor” Qarshidayoq chempionlikdan umidini uzgan bo'lardi. Xuddi mana shu, yani “Paxtakor”dagi kuchli istak va ishtiyoq “Lokomotiv”da ham bor edi. Lekin bu istak va ishtiyoq “temiryo'lchilar”ga kamlik qildi. CHempionlik masalasi “Paxtakor”ning o'z qo'lida bo'lgani ham jamoaning Qarshidagi g'alabasini taminladi. “Lokomotiv” esa faqat “Nasaf”dan umid qilgandi. Farqi shunda.

- “Lokomotiv” va siz befarq bo'lmagan “Nasaf” jamoalarining egallaydigan o'rinlari ishtiroklariga mos bo'ladimi?

- To'g'risini aytaman, mavsum boshidan “Nasaf” jamoasining chempion bo'lishini kutayotgan edim. SHu tilakni ularga mavsum startida bildirgandim. Afsus, “Nasaf” futbolchilari bu vazifani uddalay olishmadi. Lekin boshqa tomondan afsus qiladigan narsa ham yo'q. Jamoa o'z tarixida ilk marotaba mamlakat kubogini qo'lga kiritdi. Bu bilan qarshiliklar kichik bir tarixni yozishdi. Undan avval, aniqrog'i 2011 yilda “Nasaf” nufuzi jihatidan OCHLdan so'ng ikkinchi o'rinda turuvchi OFK Kubogida zafar quchishgandi. O'ylashimcha, bu juda katta natija. Endi kelasi mavsum chempionlikka ham navbat kelib qolar. Endi “Lokomotiv” haqida fikr bildiradigan bo'lsam, jamoa moliyaviy holatidan kelib chiqib, bu yil chempion bo'lishi kerak edi. Lekin hamma narsani ham pul hal qilavermasligi ayon bo'lib qoldi. “Paxtakor” bu narsani amalda isbotladi. Tan olish kerak, “Lokomotiv” moliyaviy holati bo'yicha O'zbekiston jamoalari orasida eng boyi hisoblanali. SHuning hisobiga ham ular mavsumni 1-o'rinda yakunlashlari kerak edi. SHaxsan men “Lokomotiv”ning chempion bo'lishini kutgandim. O'sha yuqoridagi fikrim, puldan ham muhimroq narsalar bor, bu ishtiyoq, iroda va kuchli xohish. Bu uchchala ko'rinishni namoyish qilgan “Paxtakor” yakunda chempionlikni qo'lga kiritishi deyarli oydinlashdi. To'g'ri, hali jamoa rasman bu nomni qo'lga kiritgani yo'q. Lekin “Andijon” jamoasining Toshkentda qarshilik ko'rsatib, peshqadamdan ochko tortib olishiga shaxsan men ishonmayman. O'ylaymanki, “Paxtakor” etdim deganda yiqilmaydi. So'nggi turni jamoa o'z muxlislari ko'z o'ngida o'tkazadi va mavsumga chiroyli tarzda yakun yasaydi. Xatoga yo'l qo'ymay, g'alaba qozonishsa, ularni chin dildan chempionlik unvoni bilan tabriklayman. Yana bir bor fikrimni takrorlayman, “Paxtakor” bu yil haqli ravishda chempion bo'ladi, agarda so'nggi turda qoqilmasa. Qolaversa, “Lokomotiv”ni ham vodiyda oson o'yin kutayotgani yo'q. “Navbahor” so'nggi turni o'z muxlislari ko'z o'ngida o'tkazadi. Tabiiyki, jamoa faqat ijobiy natija uchun maydonga tushadi. Fursatdan foydalanib, kelasi yili OCHL musobaqasida ishtirok etadigan “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Nasaf” hamda “Bunyodkor” jamoalariga omad va zafar yor bo'lishini tilab qolaman. SHu paytgacha OCHLdagi eng yaxshi natijamizni “Paxtakor” va “Bunyodkor” qayd etgan. Bu jamoalarimiz yarim finalga qadar etib borishgan. O'ylashimcha, endi navbat final va chempionlikka etib keldi.


- Sizningcha, oliy ligani qaysi jamoa tark etadi?

- “Buxoro”. Yakunda 15-o'rinni egallaydigan jamoa esa birinchi ligada 2-pog'onani egalagan jamoa bilan o'tish o'yinida maydonga tushadi. Bu jamoa “Obod” bo'ladimi yoki “Oqtepa”mi, buning farqi yo'q. Oliy liganing 15-o'rindagi jamoasi baribir g'alaba qozonib, kuchlilar safidagi o'z o'rnini saqlab qoladi. Bu mening shaxsiy fikrim. 

- Sizningcha, mavsumning uch nafar eng yaxshi murabbiylari kimlar bo'ladi?

- Birinchi o'ringa Ro'ziqul Berdievni qo'yaman. Tan olish kerak, bu mutaxassis “Nasaf” jamoasining muvaffaqiyatlariga o'zining ulkan xissasini qo'shdi. Anatoliy Demyanenko Qarshida ishlagan paytda Ro'ziqul aka bu murabbiydan juda ko'p narsani o'rgandi. O'z ustida ishladi. Buning natijasida murabbiylikda katta o'sishga erishdi. Bejizga O'zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb ham topilmagandi. Ikkinchi o'ringa Samvel Babayanni munosib deb o'ylayman. “Paxtakor” jamoasining bugungi darajaga etishishida Samvel Vyacheslavlovichning xizmatlari juda katta. Qolaversa, milliy terma jamoada ham yaxshi ish olib boryapti. Fursatdan foydalanib, milliy terma jamoamizga KXDR va Yamanga qarshi o'tkaziladigan o'yinlarda g'alaba yor bo'lishini tilayman. Endi murabbiylarning kuchli uchligiga Baxtiyor Ashurmatovni qo'yaman. Baxtiyor aka yosh mutaxassislardan. “Navbahor” jamoasi yomon natijaga erishmadi. 

- Futbolchilarning kuchli uchligida kimlarni ko'rishni istardingiz?

- SHubhasiz, birinchi o'ringa Igor Sergeevni qo'yaman. Hujumchilar taqchil bo'lib turgan bir paytda “Paxtakor”ning oldingi chizig'ida etakchiga aylangan yosh futbolchining ko'rsatgan o'yinlari haqiqatan ham tahsinga loyiq. Sergeev to'purarlar ro'yxatida Bahriddin Vahobov bilan birga peshqadamlik qilyapti. Lekin “Qizilqum” hujumchisidan farqli ravishda Igorning harakatlari, urgan gollari muhimroq edi. Sergeev terma jamoada ham yaxshi o'ynayapti. SHularni inobatga olib, Igor Sergeevni 2015 yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb bilaman. Ikkinchi o'ringa Sanjar SHoahmedovni loyiq deb xisoblayman. “Lokomotiv”ning bu yilgi eng yaxshi transferi ham aynan SHoahmedov bo'ldi. Yaim himoyachi bo'lishiga qaramay, “Lokomotiv” jamoasining to'purari bo'lib turibdi. Hujumchilardan ko'ra yaxshiroq o'ynadi. Kuchli uchlikka chempionat to'purarligi uchun kurashayotgan Bahriddin Vahobovni loyiq futbolchi deb o'ylayman. “Qizilqum”ning butun mavsumdagi yarim golini shu hujumchi kiritdi. Darvozabonlarning kuchli uchligida Eldor Suyunov, Murod Zuhurov va Eldor Tojiboevni ko'rishni istardim. 

- Oldinda terma jamoamizning JCH-2018 saralash bosqichi doirasidagi KXDR va Yamanga qarshi o'tkazadigan ikkita muhim uchrashuvi turibdi. Bu o'yinlardan nimalarni kutyapsiz?

- Faqat g'alaba kutyapman. Nasib qilsa, Pxenyandagi alamli mag'lubiyat uchun futbolchilarimiz 12 noyabr kuni munosib tarzda revansh olishadi. Qanday natija bo'lishidan qatiy nazar g'alaba qozonish kerak. SHundagina guruh g'olibi sifatida keyingi bosqichga chiqamiz. Bu borada yigitlarga omad tilab qolaman. 


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика